Referat navro’z-qadriyatlarimiz gultoji
Download 247.04 Kb.
|
NAVROz
REFERAT NAVRO’Z-QADRIYATLARIMIZ GULTOJI Navro‘z – xalqimiz mingyilliklardan beri nishonlab kelayotgan yuksak qadriyatdir. Navro‘z – bu yasharish va yangilanish bayrami. Navro‘z kun bilan tun teng bo‘lgan kun. Navro‘z – bu insonlarni ezgulikka, bunyodkorlikka, mehr - oqibatga chorlovchi qadriyatlarimiz gultoji. Bugun ona diyorimiz yam-yashil libosga burkangan. Qalblarimizga bahoriy yangilanish va yasharish kayfiyatini olib keluvchi ko’klamning mana shunday huzurbaxsh kunlarida dilga yaqin bayramimiz - Navro’zi olamni ajib bir ko’tarinkilik bilan shodiyona qilamiz. Zukko xalqimizning teran ijodiy salohiyati mahsuli bo’lgan Navro’z asrlar davomida sayqallanib, bugun ham o’lkamizga bahor tarovatini baxsh etish bilan birga, hayotsevarlik, saxovatpeshalik, el-yurt birligi, ahillik, mo’l hosil va qut-baraka nishonasi sifatida tarannum etib kelinmoqda. Chinakam ezgulik tantanasi hisoblangan Navro’z ajdodlarimizning dehqonchilik madaniyati an’analari, osmon jismlari bilan bog’liq astronomik bilimlari, mifologik tasavvurlari hamda serhosillik, qut-baraka, yaratuvchilik g’oyasini o’zida mujassamlashtirgan qadimiy bayramdir. Asrlar mobaynida rivojlanib, boyib kelgan bu bayram o’z tarixiy yo’li davomida turli tazyiqlarni ham boshidan kechirgan, albatta. Eng salbiy munosabat, ayniqsa, sobiq sho’rolar davrida sodir bo’ldi: ko’pgina milliy udum va marosimlarimiz, bayramlarimiz qatori Navro’z ham qatag’onga uchradi. Ammo tabiatan o’z ko’ngliga yaqin, yuragidagi hayotiy quvvat kabi e’zozli qadriyatlarini ko’z qorachig’iday asragan xalqimiz, oila davrasida bo’lsa-da, yilboshini nishonlashdan to’xtamadi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach asriy qadriyatlarimizni tiklash borasida olamshumul ishlar amalga oshirildi. Xalqimizning qadimiy an’analarga bo’lgan mehr-muhabbati tufayli asrlar mobaynida dillarga ezgulik nurini baxshida etgan Navro’z qayta tiklandi. Bugungi kunda chinakam xalqona bayram sifatida keng ko’lamda tantana qilinayotgan Navro’z ajdodlarimiz asotirlaridan tortib, istiqlol sharofati tufayli o’zining ijodiy salohiyatini to’la namoyon etayotgan bugungi zamondoshlarimizning badiiy-estetik an’analarigacha bo’lgan butun bir qadriyatlar silsilasini o’zida jamlagan eng go’zal milliy bayramga aylandi. Sirtdan qaraganda bu ayyom ko’klamni qarshilash, dehqon va chorvadorlar, bog’bonu mirishkorlar uchun yangi mehnat mavsumining boshlanishi, tabiatda ham, inson ko’nglida ham yasharish, yangilanishni boshlab beradigan shodiyonaday tuyuladi. Aslida esa u o’z betakror zakovati bilan dunyo tamadduniga ulkan hissa qo’shib kelayotgan xalqimizning yillar davomida shakllangan ko’plab ezgu an’analarini o’zida ajoyib bir tarzda uyg’unlashtirgan milliy qadriyatlar jamlanmasi hisoblanadi. Masalan, mahalla-ko’y, ko’chalar, sayilgohu xiyobonlar obod qilinadigan, ariq-zovurlar tozalanib, yangi bog’lar barpo etiladigan “hashar”, o’zaro mehr-oqibatlilik, keksalarni e’zozlash va yosh avlodga mehr ko’rsatish, o’tganlar xotirasini yodga olish, qo’ni-qo’shni, mahalladosh va hamqishloqlarga mehr-oqibatli bo’lish, el-yurtni birdamlikka chorlash g’oyasini o’zida aks ettirgan bahoriy udumlar, mirishkor dehqonlarimizning qut-baraka va serhosillik timsoliga aylangan ko’klamgi marosimlari, qishda ramziy ma’noda “uyquga ketgan” nabotot olamining uyg’onishi, ya’ni tabiatning barhayotligini tarannum etuvchi halinchak uchish, sumalak pishirish, halim tayyorlash kabi udumlarimiz, shuningdek, varrak uchirish, qo’chqor, xo’roz urishtirish, ko’pkari, uloq, kurash kabi milliy sport o’yinlari, folklor ijrochiligi, milliy hunarmandchilik, xalq musiqasi va tomosha san’ati singari ko’plab boqiy qadriyatlar mavjud. Bu bayram mohiyatini tabiat bilan inson yaxlitligini chuqur anglash, ya’ni ularning kechmishi, buguniyu kelajagi biri-biriga chambarchas bog’liqligi g’oyasi tashkil etadi. -Navro’zning umrboqiyligi va har bir avlod ijodiy salohiyati natijasida sayqallanib kelishining asosiy sabablaridan biri ham ana shu aslida. Shuning uchun ham yilboshi sayillarining har bir udumi, milliy o’yinlar, yangraydigan kuy-qo’shiqlar zamirida bepoyon bug’doyzorlarida bo’liq boshoqlar bamisoli dengiz to’lqiniday shovullagan obod diyor, musaffo osmonida qaldirg’ochlar charx urgan osuda Vatan, bog’-rog’larga burkangan zamonaviy qishloq guzarlarida bolalarning shodon kulgisi yangrayotgan jannatmonand go’shaning oydin istiqboli tarannum etiladi. Qadimiy udum va rasm-rusumlar, o’yin va qo’shiqlar har bir kishini ona-tabiatning go’zal tarovatini asrab-avaylash, har bir giyoh, har bir nihol, har bir jonzotning inson bilan taqdirdoshligini his etib yashash, pirovardida, kelgusi avlodlarimizga gullab-yashnagan ona zaminni meros qilib qoldirishga undayveradi. Zero, abadiy an’analarning betakror namunasi hisoblangan Navro’z insoniyat taraqqiyotini ta’minlagan eng muhim ijtimoiy-madaniy qadriyatlardan biri sifatida nafaqat Sharq, balki butun jahon tamaddunida munosib o’rin egallashining boisi ham ana shunda. Navro‘z (forschada «nav» - yangi, «ro‘z» - kun, «yangi kun» degan ma’noni anglatadi.) - Markaziy Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharqda yashovchi xalqlar fors, tojik, o‘zbek, ozarboyjon, hind va boshqa xalqlarning qadimiy an’anaviy yangi yil bayrami. Navro‘z - sharq xalqlarining mushtarak ijodi. U o‘zida o‘tmish ajdodlarimizning afsonaviy tasavvurlaridan, zamondoshlarimizning qarashlarigacha o‘zida aks ettirdi, insoniyat madaniy taraqqiyotining har bir yutug‘idan doimo kuch -quvvat, olib oziqlandi. Sharq xalqlarining eng hayotbaxsh va qadimiy bayrami Navro‘zning qachon paydo bo‘lgani xususida turli mulohazalar bildirilgan. Narshaxiy Buxorolik dehqonlarning Navro‘zda aytiladigan Siyovush nomi bilan bog‘liq qo‘shiqlari haqida gapirib, «bu gaplar bo‘lib o‘tganiga hozir uch ming yildan ko‘proq vaqt o‘tdi», - deb yozadi. Bahor va mehnat bayramining paydo bo‘lishi haqidagi tarixiy ma’lumotlar davrlar o‘tishi bilan turli o‘zgarishlarga uchrab afsona-yu rivoyatlar qobig‘iga o‘ralgan holda bizning kunlargacha yetib kelgan. Ana shunday afsonalarning aksariyati Navro‘zi olamning vujudga kelishini afsonaviy Jamshid nomi bilan bog‘laydi. Qadimgi Eron afsonalarining birida hikoya qilinishicha, Navro‘z Jamshid podsho bo‘lib, taxtga o‘tirgan kundir. Hikoya qilinishicha, u o‘ziga shohona taxt yasatib, har xil qimmatbaho toshlar bilan jilo berilgan, necha turli dur-javohirlar qadalgan qimmatbaho tojini kiyib, tong mahali taxtga o‘tiribdi. Shu payt quyosh chiqib, oftobning zarrin nurlari Jamshidning toju taxtini yoritibdi. Butun tevarak atrof munavvar bo‘lib ketibdi. Bu g‘aroyib mo‘jizani ko‘rgan ulus ajablanib, Jamshid taxtga o‘tirgan kunni «navro‘z» ya’ni «yangi kun» deb bayram qilishgan ekan. Jamshid bilan bog‘liq boshqa bir rivoyatda aytilishicha uning olovni kashf etishi insonlar uchun mo‘jiza bo‘lib o‘sha kun «Navro‘z» - yangi kun tariqasida bayram qilinadigan bo‘libdi. Firdavsiy ham Navro‘z paydo bo‘lishini Jamshid nomi bilan bog‘laydi. Jumladan Firdavsiy «Navro‘zni qutlug‘ shodiyonalar, bayramlar shohi» deb ataydi, uni ajoyib misralarda ta’riflaydiki, o‘zbekcha mazmuni shunday: Hamal burjiga kirib qolganda oftob, Jahon yorishib ketdi, nurlandi ob. Shu kunni yangi yil - bayram deyishar, Jamshidga sochishar oltinu gavhar. Navro‘zga tayyorgarlik ham insonlarni birlashishiga xizmat qilgan. Bayramga tayyorgarlik jarayonida ko‘chalar tozalangan, ariqlar qazilgan, ko‘chatlar ekilgan, yerga ishlov berilib, hovli-xonadonlar orastalangan. Ana shunday ezgulikka undovchi bayramga nisbatan turli davrlarda turli hukmdorlar o‘z ta’sirini o‘tkazish hollari uchragan. Ajdodlarimiz necha ming yillardan beri nishonlayotgan qon-qoniga singib ketgan e’tiqodini oyoq osti qilish edi. Masalan, olimlarning fikricha, sosoniylar davrida Navro‘zni davlat bayrami sifatida yozda o‘tkazish qoidalashtirilgan edi. Ammo yillar o‘tishi bilan qadimiy an’ana, xalq an’anasi - Navro‘zni bahorda nishonlash g‘olib keldi. Navro‘z har qanday g‘ayri odatiy aralashuvlarni, uni qoliplashtirishga bo‘lgan urinishlarni pisand qilmay, xalqlarimizning ma’naviy hayotidan oziqlanib, yanada boyib, to‘lishib mukammallashib bora berdi. Navro‘zning o‘ziga xosligi uning turli xil o‘yinlari, udumlari, marosimlar va taomlarining borligidir. Navro‘z ayyomida milliy va an’anaviy taomlardan tashqari sumalak, halim, ko‘k somsa, shuningdek, quvvat bag‘ishlovchi turli sharbatlar tayyorlangan. Masalan, ko‘pgina joylarda Navro‘z arafasida o‘rik turshagini ezib, maxsus sharbat tayyorlaydilar. Ilgarilari uylarning tagi poli bo‘lmagan, loysuvoq qilingan poldan sandal atrofida chuqurcha o‘yilgan, qish bo’yi ana shu sandal atrofida o‘tirganlar. Navro‘z kelishi bilan sandallar olinib, chuqurcha ko‘milgan, odamlar «qishdan qutuldik, ko‘klamga yetishdik, qish bo‘yi sandalda o‘tirganimiz uchun butun a’zoyi badanimizdan bodni haydab chiqaradi», - deb o‘ylab, o‘rik turshagidan qilingan sharbatdan ichganlar. Sumalak atamasiga kelsak, bu turkiy so‘z - "Suma" so‘zidan kelib chiqqan. XI asrning buyuk tilshunosi Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining "Devoni lug‘otit turk" asarida keltirishicha, suma – ivitilgan bug‘doy nomi, u quritib tuyiladi. So‘ngra, ugra osh va non qilinadi. Sharbat uchun qilingan undirilgan arpa uchun ham bu so‘z qo‘llaniladi. Demak, sumalak atamasi sharbat uchun qilingan, undirilgan yoki bug‘doy ma’nosini anglatadi. Bundan tashqari sumalak ma’nosini beruvchi "sumani", "soma" atamalari ham mavjudki, bevosita ular ham sumalak atamasi bilan bog‘liqdir. Sumalak inson sog‘ligi uchun qanchalik katta naf keltirishini tibbiyot xodimlari ham ta’kidlashgan. Qishdan charchab, madorsizlangan tana uchun sumalak kuch bag‘ishlashini hamma yaxshi biladi. Sumalakning paydo bo‘lishi haqida turli rivoyat va afsonalar mavjud bo‘lib, «Hasan Husan taomi», «Dehqon va kampir», «Etti go‘dakning risqi», «Sumalak – o‘ttiz malak» va boshqa shu kabi nomlar orqali el orasida tarqalgan. Shu o‘rinda «Sumalak – o‘ttiz malak» rivoyatini keltirib o‘tsak. Sumalak – bibi Fotimaning oshlari ekan. Bir kuni u kishining bolalari och qolibdilar. Ovqat pishirib beray desalar, o‘ylarida qozonga solg‘udek hech vaqo yo‘q ekan. O‘shanda qish chiqib, endi ko‘klam ko‘katlari yer bag‘irlab bosh ko‘targan vaqt ekan. Bibi Fotima hovlisining bir chetiga kuzda bir hovuch don sepgan ekanlar, qarasalar o‘sha ko‘karib, maysalab qolgan ekan. Darrov shu maysadan o‘rib kelib, maydalab qozonga solib, supradan qoqishtirib olingan bir siqim unni ham qo‘shib yaxshilab aralashtirib, ustidan suv qo‘yib qozon tagiga o‘t qalabdilar. Biroz qozonni kovlab o‘tirgandan keyin o‘g‘illariga qo‘shilib bibi Fotima ham uxlab qolibdilar. Ertalab uyg‘onib qarasalar, qozonni o‘ttizta farishta kovlab pishirayotgan emish. Shuning uchun bu taomning nomi sumalak bo‘lib qolgan ekan. Chunki, sumalak- o‘ttiz malak deganidir. Sumalakning inson bilmagan o‘ziga xos sirli jihatlari bor-ki, bularni turlicha talqin qilishadi. Barchamiz bilamiz-ki, sumalakka tuz solinmasligini. Aytishlaricha, tongga yaqin sumalak qaynayotgan qozonni kovlayotgan momolarni uyqu elitib, ular pinakka ketgan paytda osmonu falakdan uchib kelgan maloyikalar qozonga tuz tashlab ketar emish. Sumalakka tuz solinmasligining boisi shunda ekan. Navro'z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi unib chiqqan ko'katlardan, bahoriy taomlar: sumalak, halim, ko'ksomsa, ko'kchuchvara kabi tansiq taomlar pishirilgan. O'zbekistonda mustaqillikka erishilganidan keyin boshqa qadriyatlar qatori Navro'z bayrami ham qayta tiklandi. U hozir mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Har yili mamlakatimizdagi barcha shahar va qishloqlarda bayram sayillari, tomoshalar, boshqa bayram tadbirlari o'tkazilyapti, xayriya tashkilotlari yordamida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, urush va mehnat faxriylari, yolg'iz keksalar, nogironlar holidan xabar olinmoqda, ularni bayram bilan qutlab, turli sovg'alar, xayr-ehsonlar taqdim etilmoqda. Ta'kidlash joizki, Navro'z ayyomi xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayramdir. Navro'z bayramining biror bir din yoki e'tiqodga umuman daxli yo'q bo'lib, ushbu kun azal sharq xalqlarida yangilanish, yasharish bayrami, dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yangi hayot pallasi sifatida ko'rilgan. Navro'z o'tmishda qandaydir diniy mazmunga ega bo'lgan bo'lishi mumkin, ammo u bugunda bunday mazmundan mahrum bo'lib, millati, dini, irqi, ijtimoiy maqomidan qat'i nazar, barcha xalqlarga mansub dunyoparvar insonlarning eng xalqchil ayyomiga aylanib ulgurgan. Hozir 21-martdan to 3-maygacha barcha kunlarni Navroʻz oyi deb bayram qilinadi. Bu kunlarda turli urf-odatlarni eslab, atrof-muhit tozalanadi, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari avj oladi, har xil mevali va mevasiz ixota kuchatlari utkaziladi, gullar ekiladi, turli koʻkatlarni terib, vitaminli taomlar, bugʻdoy undirib, sumalaklar pishiriladi. Qarindosh-urugʻlarni yod olib ular holidan xabar olishga boriladi, ota-bobolarni, oʻtgan avlodlarni xotirlab, qabrlarini ziyorat qiladilar. Bemorlarni Navroʻz taomlari bilan yoʻqlab, koʻngil koʻtaradilar va shundan keyingi kunlardan dala, ishlariga kirishib ketadilar. Musulmon davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo xalqlari Miloddan avvalgi III asrdayoq Navroʻz bayramini Yangi yil tariqasida keng nishonlaganlar. Yangi yil — yilning birinchi kuni boʻlib, dunyodagi koʻpgina xalqlarning eng muhim bayramidir. Yangi yilni kutib olish va nishonlash turli davrlarga toʻgʻri kelgan. Masalan, bizda Navroʻz 21-mart kuni. Ovrupaliklar Yangi yilni 1-yanvarda, moʻgʻul va xitoyliklar Yangi yil-sagalganni fevralda nishonlar ekanlar. Mutaxassislarning asoslangan fikrlariga koʻra, Quyosh ayni shu kuni hayotbaxsh nurlarini tik, yaʼni 90 daraja burchak hosil qilib, sayyoramizning qoq beliga — ekvatorga yoʻnaltiradi. Shu daqiqalarda bahorgi kecha-kunduz tenglashadi va 22-martdan boshlab Quyoshning tik yoʻnalgan nuri shimoliy tropik chizigʻi tomon harakatlanadi. Bu Navroʻzning ilk va qutlugʻ qadami boʻlib, tabiatning jonlanishi bilan kishilarning xoʻjalik faoliyati oʻrtasida uygʻunlik namoyon boʻladi. Jumladan, bobo dehqon ona erga mehr ishlov berishga kirishadi; tabiat oʻt-oʻlanlar, qir-adirlarni gilam singari yashil libosga boʻyaydi… Navroʻz musulmon xalqlarining taqvimida mustahkam oʻrin olgan eng sara bayramlaridan biridir. U inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlikni anglatadigan noyob va ijtimoiy hamda tabiiy hodisadir. Lekin ayni paytda biz kutib olayotgan, yangi yilning birinchi kuni 1-yanvar toʻgʻrisida bunday fikrni aytish mumkin emas, chunki bu marosim taqvimda turgʻunsiz boʻlgan sunʼiy, yaʼni kishilarning xohish-irodasiga bogʻliq holda belgilangan sanadir. Qadim-qadimdan xalqimiz Navroʻz arafasidan boshlaboq, rizq-roʻzimiz manbai ona erga alohida mehr bilan ishlov berib, urugʻ qadagan, mevali va mevasiz daraxtlar oʻtkazish marosimlari tashkil etilgan, xilma-xil tansiq taomlar, pishiriqlar tayyorlangan, turli musobaqalar, oʻyin-kulgular, sayillar va hokazolar boʻlib oʻtgan. Darhaqiqat, oʻz xalqiga qaytarilgan yangi yil — Navroʻz barchaga olam-olam quvonch keltirib, maʼnaviy oziq beradigan taqvimdagi muhrlangan qadimiy anʼanamizdir. Download 247.04 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling