3. “G’aznachilik” fanining iqtisodiy fanlar tizimida tutgan o’rni va ahamiyati
Byudjet tizimi byudjetlarining g’azna ijrosini joriy etish – keng qamrovli masala bo’lib, o’zaro bog’liq bo’lgan qator masalalarni hal qilishni talab etadi, xususan:
Huquqiy jihatdan – byudjet tizimi byudjetlarining g’azna ijrosiga o’tish va amal qilishining qonuniy-huquqiy asosini yaratish va takomillashtirish;
tashkiliy jihatdan – Moliya vazirligi tarkibida maxsus ixtisoslashgan g’aznachilik boshqarmasini, shuningdek, uning hududiy va mahalliy
bo’linmalarini tashkil etish va vakolatlarini shakllantirish; uslubiy jihatdan – g’aznachilik faoliyatining uslubiy asoslarini shakllantirish, hisob va hisobot tizimini qayta tuzish, Yagona g’azna hisob varag’ini, shaxsiy g’azna hisobraqamlarini ochish va yuritish; texnik va texnologik jihatdan – davlat moliyasi bo’yicha katta hajmdagi axborotni to’plash va qayta ishlashga imkon beradigan samarali faoliyat qiluvchi integratsiyalashgan avtomatlashtirilgan tizimni yaratish va joriy qilish, takomillashtirish.
Nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham, metodologik hamda tashkiliy jihatdan davlat byudjetining g’azna ijrosini tushunish hamda bevosita ijro etish ancha murakkab jarayondir. Ana shu jihatlar “G’aznachilik asoslari” fanining ham murakkabligini belgilab beradi. Fan sifatida mavjud bo’lishi uning boshqa maxsus fanlar bilan nazariy jihatdan bog’liqlikda bo’lishini talab etadi. Davlat byudjetining g’azna ijrosi ishtirokchilari: moliya organlari, byudjet tashkilotlari, banklar, g’aznachilik bo’linmalari, mol etkazib beruvchilar va boshqalar faoliyatining xususiyatlari uning boshqa iqtisodiy fanlar bilan mantiqan uzviylikda bo’lishini va bog’liqligini belgilab beradi.
“G’aznachilik asoslari” fani qator maxsus fanlar, jumladan,
“G’aznachilikda moliyaviy nazorat”, “Byudjet ijrosi g’aznachilik tizimi”, “G’aznachilik axborot tizimlari”, “Byudjet tasnifi”, “G’azna ijrosi byudjet hisobi”, “G’aznachilik hisoboti”, “Byudjet tizimi” kabi fanlarni o’zlashtirish uchun nazariy-uslubiy asos bo’lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |