Hazm qilish tizimi og‘iz bo‘shlig‘i, halqum va xaltaga o‘xshash kengaygan ichakdan iborat. Og‘zi og‘iz so‘rg‘ichi chuqurchasida joylashgan. Og‘iz bo‘shlig‘ida qattiq xitindan iborat uchta xitin jag‘i bo‘ladi. Zuluk Shu jag‘lar yordamida hayvon terisini kesib, jarohatdan chiqadigan qonni muskulli halqumi yordamida so‘rib oladi. Zuluklarning so‘lak bezlari tarkibidagi girudin moddasi qonning ivib qolishiga yo‘l bermaydi. So‘lak bezlarining yo‘li halqumga ochiladi.
Zuluklar o‘rta ichagining oldingi qismi bir necha juft yon xaltachalarni hosil qilgani uchun Ular ko‘p miqdorda qon so‘rib olish xususiyatiga ega. Bir marta qon so‘rgan zuluk 2—3 oygacha qon so‘rmasdan yashashi mumkin. Zuluklar so‘rgan qon o‘rta ichakning keyingi qismida hazm bo‘ladi. Ayrim erkin yashovchi zuluklar har xil umurtqasizlar, mollyuskalar, chuvalchanglar bilan oziqlanadi.
Nafas olish tizimi. Zuluklarning odatda nafas olish a`zoi bo‘lmaydi. Ular teri yuzasi orqali nafas oladi. Faqat dengizlarda yashovchi zuluklar jabralar orqali nafas oladi.
Ayirish tizimi. Zuluklarning ayirish tizimi birmuncha o‘zgargan metanefridiylardan iborat. Metanefridiylar zuluklar gavdasining oldingi va keyingi bo‘g‘imlarida bo‘lmaydi. Shuning uchun metanefridiylar soni tana bo‘g‘imlari soniga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, tibbiyot zulugi guvdasi 33 ta bo‘g‘imdan iborat; metanefridiylari esa 17 juft bo‘ladi. Metanefridiylarning tanada joylashgan qismining uchi berk bo‘ladi. Suyuqlik metanefridiy nayiga diffuziya orqali o‘tadi.
Nerv tizimi va sezgi a`zolari. Nerv tizimi boshqa halqalilarnikiga o‘xshash halqum usti va halqum osti nerv gangliysi, halqum atrofi nerv halqasi va qorin nerv zajiridan iborat. Zuluklarning sezgi a`zolari har bir gavda bo‘g‘imida bir juftdan qator bo‘lib joylashgan «qadahsimon a`zolar»dan iborat. Qorin nerv zanjiridan bu a`zolarga nervlar boradi. Ular kimyoviy sezgi a`zoi hisoblanadi. Zuluklar terisi ostida sirtdan qora pigment bilan qoplangan ko‘z qadahchalari joylashgan. Qadahchalar faqat yorug‘likni farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |