Reja: 1 Gitara temperatsiyalangan cholg‘u


Download 19 Kb.
Sana23.12.2022
Hajmi19 Kb.
#1048075
Bog'liq
Asarlarni notaga qarab chalish


Mavzu: Asarlarni notaga qarab chalish
Reja:
1 Gitara temperatsiyalangan cholg‘u
2 Notalar nomlari va alteratsiya belgilari
3 Oktavalar

Musiqa nazariyasi har qanday asbobni chalishni o‘rganishni ancha osonlashtiradi. Sodda qilib aytganda, musiqa nazariyasi musiqani anglashimizga ko‘maklashadigan g‘oyalar to‘plamidir. Musiqa nazariyasi nafaqat asarlarni o‘rganishingizni osonlashtiradi, balki improvizatsiya qilishga va musiqa bastalashga yo‘l ochib beradi.


Boshqa cholg‘ular kabi gitarani ham musiqa nazariyasi va nota yozuvini o‘zlashtirmasdan chalishni o‘rganish mumkin. Ammo o‘zini hurmat qilgan, asbobni chalishga jiddiy yondashadigan har qanday gitarachi hech bo‘lmasa musiqa nazariyasi asoslarini bilishi kerak. Oz sonli akkord va zarbni o‘rganib olib, asbobni chalishni o‘zlashtirdim, deb ayta olmaysiz.
Musiqa nazariyasi asoslarini o‘rganmagan shaxs yillar davomida gitara chalsa ham, mahoratli gitarachi bo‘lib yetisha olmasligi mumkin. Ikkinchi tomondan, asbobni uzoq yillar davomida chalgan shaxs o‘zi bilmagan holda asta-sekin musiqa nazariyasi asoslarini anglay boshlaydi. Ushbu sayt yordamida siz nota yozuvi va musiqa nazariyasi asoslarini ancha oson o‘zlashtirishingiz mumkin. Sayt sahifalarida nota yozuvi va musiqa nazariyasining gitara chalishni o‘rganishda qo‘l keladigan eng muhim jihatlari tushunish oson bo‘lgan tilda berilgan. Tabiiyki, bu mavzularni yanada chuqurroq o‘zlashtirishni istaganlar yetuk manbalardan foydalanishi mumkin.
Musiqa tovushlarining balandligi, cho‘zimi yoki uzunligi va boshqa xususiyatlarini ifodalovchi belgilar notalar deyiladi. Notalardan iborat yozuv esa nota yozuvi deyiladi. Musiqani nafaqat nota yozuvi, balki tabulatura bilan ham ifodalash mumkin. Tabulaturani o‘zlashtirish osonroq bo‘lib, aynan shuning uchun ham nota yozuvidan ko‘ra tabulatura yozuvi gitarachilar orasida kengroq tarqalgan. Shunday bo‘lsa-da, tabulaturaning bir kamchiligi bor – unda tovush cho‘zimi yoki uzunligi ko‘rsatilmaydi.
2. Notalar nomlari va alteratsiya belgilari
Nota yozuvining unikal jihati shundan iboratki, ushbu yozuv yordamida bir vaqtning o‘zida ham musiqa tovushlari balandligini, ham cho‘zimi, ya’ni uzunligini ifodalash mumkini. Nota yozuvining ushbu xususiyatlari haqida quyida batafsil ma’lumot berilgan.
Zamonaviy musiqa amaliyotiga asos qilib olingan musiqiy tizim muayyan balandlikka ega bo‘lgan va o‘zaro muayyan munosabatda bo‘lgan tovushilar qatoridan iboratdir. Tovushlarning o‘z balandligiga qarab joylashishi tovushqator, tovushlarning o‘zi esa bosqichlar yoki pog‘onalar deyiladi. Asosiy pog‘onalar hammamizga tanish bo‘lgan C – D – E – F – G – A – B (do – re – mi – fa – sol – lya – si) pog‘onalaridir.
Gitarachilar orasida pog‘ona va akkordlarning inglizcha (yoki, umuman olganda, g‘arbcha) nomlaridan foydalanish keng tarqalgan. O‘zbek tiliga pog‘onalarining nomlanishi rus tilidan kirib kelgan. O‘zbekcha va g‘arb davlatlarida ishlatiladigan pog‘ona nomlarining mutanosibligi quyidagichadir:
Do — C
Re — D
Mi — E
Fa — F
Sol — G
Lya — A
Si — B
(ayrim manbalarda B o‘rniga H ishlatilgan)
Gitara temperatsiyalangan cholg‘u asbobidir, ya’ni undagi har bir yonma-yon joylashgan parda o‘rtasida yarim ton farq bor. Yarim ton ikki tovush o‘rtasidagi eng yaqin oraliq bo‘lib, gitara dastasida ikki yonma-yon parda o‘rtasida yarim ton farq bor. Ikki yarim ton butun ton hosil qiladi. Hozirgi zamonaviy temperatsiyada 12 pog‘ona bor. Bular quyidagilardir: C – D – E – F – G – A – B (do – re – mi – fa – sol – lya – si) (fortepyano klaviaturasidagi oq klavishlar) hamda mustaqil nomga ega bo‘lmagan (fortepyanoning qora klavishlari) tovushlar.
Mustaqil nomi bo‘lmagan tovushlarga C (do) va D (re) o‘rtasidagi, D (re) va E (mi) o‘rtasidagi, F (fa) va G (sol) o‘rtasidagi, G (sol) va A (lya) o‘rtasidagi hamda A (lya) va B (si) o‘rtasidagi tovushlar kiradi. Ularni yonidagi nota nomi bilan nomlaymiz. Masalan, do va re o‘rtasidagi tovushni balandlatilgan do (do#, ya’ni do-diyez) yoki pastlatilgan re (re♭, ya’ni re-bemol) deb atash mumkin. C# (do-diyez) bilan D♭ (re-bemol) bir xil tovushga ega, ammo gammalar tuzilishidan kelib chiqib, ayrim holatlarda diyez, boshqa holatlarda bemol ishlatish to‘g‘ri bo‘ladi. Tovushlarni diyez bilan ko‘tarish yoki bemol bilan pastlatish alteratsiya deb ataladi.
Bеkar (♮) belgisi diyez va bеmol ta’sirini bekor qiladi. Nota belgilari o‘rniga harfiy belgilar ishlatilganda ruscha va o‘zbekcha manbalarda diyez va bemolning nemischa belgilanishini uchratish mumkin. Bu belgilashda diyez is, dubl-diyez (ikki marta yarim tonga ko‘tarish) isis, bemol es, dubl-bemol (ikki marta yarim tonga pastlatish) eses deb nomlanadi. Masalan, fis – F (fa) diyez, des – D (re) bemol, cisis – C (do) dubl-diyez, geses – G (sol) dubl-bemol va hokazo. Ammo E (mi) bemolni ees emas, balki es; A (lya) bemolni aes emas, balki as, va, nihoyat, B (si) bemolni hes emas, balki b o‘laroq yozish an’anaga aylangan.
3. Oktavalar
Musiqiy tovushlar baland-pastligiga ko‘ra oktavalarga bo‘linadi. Sodda qilib aytganda, oktava bir xil nomdagi tovushlar oralig‘idir. Aniqroq ta’rif beradigan bo‘lsak, oktava deb bir tovush chastotasi ikkinchi tovush chastotasidan ikki marta katta bo‘lgan intervalga aytiladi. Oktava intervali diatonik tovushlar qatorida sakkizta pog‘onani qamraydi. Masalan, bir oktava C (do) notasidan keyingi oktava C (do) notasigacha bo‘lgan masofa bir oktavadir.
Oktavalarni fortepiano klaviaturasi yordamida o‘rganish qulay, chunki klavishlar yordamida ularni solishtirish oson. Qolaversa, fortepiano diapazoni, ya’ni asbobdagi eng past va eng yuqori tovush oralig‘i katta bo‘lib, odatda unda to‘qqiz oktava notalari o‘rin olgan bo‘ladi
Yuqoridagi diagrammada ko‘rsatilganidek, to‘qqizta oktava mavjud bo‘lib, ular quyidagilardir: subkontr, kontr, katta, kichik, birinchi, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi oktavalar. Ayni nota nomi istalgan oktavada ishlatilishi mumkin bo‘lgani uchun ularni bir-biridan farqlash uchun belgilash standartlari qabul qilingan. Ularning orasida eng keng tarqalgani ilmiy hamda nemis olimi Hermann von Helmholtz ishlab chiqqan belgilash standartlaridir. Avval Helmholtz belgilash tizimi bilan tanishib chiqsak. Helmholtzning original tizimida B o‘rniga H ishlatilgan. Inglizcha so‘zlashuvchi davlatlarda esa buning teskarisi ishlatiladi.
Notalar cho‘zimi
Zamonaviy nota yozuvida tovushlarning nafaqat balandligi, balki cho‘zimi yoki uzunligi ham ifodalanadi. Tabiiyki, musiqa tovushlari turli xil uzunlikka ega bo‘lgani kabi, turli xil uzunlikka ega notalar bor. Eng uzun nota butun nota bo‘lib, u ichi bo‘yalmagan oval bilan belgilanadi. Yarim nota butun notaning yarmiga teng kelib, u o‘ng yoki chap tomoniga chiziqcha (shtil) chizilgan oval bilan belgilanadi. Chorak nota butun notaning 1/4 qismiga, ya’ni chorak qismiga teng bo‘lib, tayoqchalik va ichi bo‘yalgan oval bilan ifodalanadi. Nimchorak yoki sakkiztalik nota esa butun notaning 1/8 qismiga teng bo‘lib, chorak notaga o‘xshash belgi bilan belgilanadi, ammo unga bitta „bayroqcha“ qo‘shiladi. O‘n oltitalik nota ikkita, o‘ttiz ikkitalik nota esa uchta bayroqcha bilan chiziladi. Aksar holatlarda yonma-yon kelgan notalar bayroqchalari birlashtirilib, qalin chiziq o‘laroq belgilanadi.
Nota cho‘zimlariga mos keluvchi pauzalar ham maxsus belgilar bilan ifodalanadi. Pauzalar musiqiy tovushlarni bir-biridan ajratish hamda kuyni bezash uchun qo‘llaniladi. Yuqoridagi jadvalda keng tarqalgan nota cho‘zimlari hamda ularga mos keluvchi, ya’ni o‘shanday cho‘zimdagi notalar keltirilgan.
Har bir cho‘zimning ikkita teng qismga bo‘linishi cho‘zimlarning asosiy bo‘linishi deyiladi. Masalan, butun nota ikkita yarimtalik notaga, yarimtalik nota ikkita chorak notaga teng keladi va hokazo. Bundan tashqari, sakkizta nimchorak notaning umumiy cho‘zimi butun notaga mos keladi; to‘rtta nimchorak nota bitta yarimtalik notaga teng va hokazo. Quyida cho‘zimlarning asosiy bo‘linishi aks etgan sxema keltirilgan.
Tovush cho‘zimlarini qo‘shimcha belgilar bilan uzaytirish mumkin. Masalan, nuqta belgisi tovushni yarim baravarga uzaytiradi. Misol uchun, butun nota belgisi yoniga nuqta qo‘yilsa, butun notaga yarim nota uzunligi qo‘shiladi. Boshqacha qilib aytganda, nuqtali butun nota 1,5 butun notaga tengdir. Ikki nuqta esa cho‘zimni yarim va yana chorak marta uzaytiradi. Pauzalar ham tovushlar kabi nuqta va boshqa belgilar yordamida uzaytirilishi mumkin. Quyidagi jadvalda tovush cho‘zimini uzaytirishga misollar keltirilgan.
Nota yo‘li ustma-ust chizilgan 5 ta parallel chiziqdan iborat bo‘lib, ayrim holatlarida nota yo‘lining ustiga yoki ostiga qo‘shimcha chiziqlar qo‘shiladi. Nota yo‘lidan pastda chizilgan qo‘shimcha chiziqlar nisbatan past, ustida chizilgan qo‘shimcha chiziqlar esa nisbatan baland tovushlarni belgilashda ishlatiladi. Nota chiziqlari tartib bilan pastdan yuqoriga qarab sanaladi.
Download 19 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling