Reja: Amir Temur va temuriylar davrida fan va madaniyat


Download 85.03 Kb.
bet1/7
Sana07.08.2023
Hajmi85.03 Kb.
#1665714
  1   2   3   4   5   6   7

9-mavzu: Amir Temur va temuriylar merosidan uzluksiz tarbiya jarayonida foydalanish

Reja:

1.Amir Temur va temuriylar davrida fan va madaniyat.
2.Amir Temur va temuriylar davrida barpo etilgan ma’rifiy maskanlar.
3.Amir Temur ma’naviyat va tarbiya haqidagi fikrlari va amalga oshirgan ishlari.

1. XIII asr boshida mo‘g‘ullar hujumi natijasida o‘ta tushkun ahvoldagi madaniy hayot XIV asrning ikkinchi yarmiga kelib asta-sekin jonlana boshladi.


Samarqand bu davrda Temur davlatining markazi sifatidagina emas, balki Sharq va G‘arbdagi madaniy jihatdan eng rivoj topgan olim fozillari, madrasalari, bozorlari, bog‘u-rog‘lari bilan turli o‘lka vakillarini o‘ziga jalb etuvchi muhim ma’naviy markazga aylandi.
Islom dini bu davrda Amir Temur va Temuriylar siyosatida, mamlakatdagi ma’naviy birlik, madaniy yuksalish, adolatni o‘rnatish va saqlash ishiga qaratildi. Islom dini asosida shakllangan tasavvuf olimlari, ayniqsa, naqshbandiya bu davr ma’naviyatining g‘oyaviy asosi bo‘lib xizmat qildi. Naqshbandiya islomga tayangan holda insonning axloqiy poklikka, mehnatga, intilishga va bilim egallashga keng yo‘l ochib beruvchi g‘oyalarni targ‘ib qilib, ma’naviy-ijtimoiy hayotda muhim ijobiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bahouddin Naqshband, Yoqub Charxiy, Xoja Muhammad Porso, Xoja Ahror kabi naqshbandiya nazariyotchilavri shu davrda yashab ijod etdilar.
XIV asrning ikkinchi yarmi – XV asrda Amir Temur va Temuriylar, Shohrux, Ulug‘bek, Husayn Boyqaro davrlarida Movarounnahr va Xuroson islom doirasidagi mafkuraviy erkinlik, madaniyatga e’tibor ilm-fan, adabiyot, san’atning tez rivoj topishiga olib keldi. Samarqandda rasadxona qurilib, Ulug‘bek ilmiy maktabi shakllandi, aniq fanlar rivojida katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Qozizoda Rumiy, Koshiy, Ali Qushchi kabi olimlarning asarlari butun musulmon olamiga mashhur bo‘ldi. Gumanitar – ijtimoiy fanlar va rassomlik, xattotlik oliy cho‘qqilarga ko‘tarildi. Jomiy, Behzod, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond Xondamir kabi mashxur adib, rassom, tarixchilarning nomlari boshqa o‘lkalarda ham tez ma’lum bo‘ldi. Fors tili o‘z mavqeini saqlagan xolda adabiyotda turkiy tilning roli kuchayib ketdi.
Bu davrda turkiy tildagi she’riyat sultoni Alisher Navoiy ijod etib, o‘zining dostonlari, ilmiy-tarixiy asarlari bilan madaniyat tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Temuriyzoda shahzodalardan biri Shohrux Mirzo davrida Xurosonda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlandi, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Masjidlar, madrasalar, xonaqolar, rabotlar, sardobalar, qishloq va qo‘rg‘onlash qurilib, mazkur qurilishlar vaqf mulklari bilan ta’minlandi. Shohruh Mirzoning mo‘tadil ichki va tashqi siyosati Xurosonda tinchlikning barqaror bo‘lishiga olib keldi. Bu davrda tijorat, hunarmandchilik, dehqonchilik yuqori darajada ko‘tarila boshladi. XIV-XV asrlarda Xurosonda kulolchilik san’ati, sopol buyumlar bilan bir qatorda suv inshootlarida, o’lkan binolar qurilishida ishlatiladigan sopol quvurlar, xilma-xil shakl va ranglar bilan jilolangan sopol koshinlar ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yildi.
Shohruh Mirzo mamlakat istiqbolini ko‘zlab Xitoy va Hindiston hukmdorlari bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga xarakat qildi. Mazkur mamlakat elchilari Samarqand va Hirotda o‘z navbatida G‘iyosiddin Naqqosh raxbarligida Xitoyda, Abdurazzoq Samarqandiy boshchiligidagi elchilar Hindistonda bo‘ldilar. Shohruh Mirzo Hirot madrasa va xonaqoh bino qildirdi. Bu paytda poytaxt Hirot va umuman Xurosonda madaniy va miashiy qurilishlar keng quloch yozadi.
Hirotda bir necha shifoxonalar mavjud bo‘lib, bularning qatorida yana
ikkita “Dorushshifo” quriladi. Bu shifoxonalarning bittasi Shohruhning uchinchi xotini Mulkat og‘o (Mulk og‘o) tarafidan, ikkinchisi esa Shohruhning nabirasi Alouddavla (1417-1460) tomonidan qurdirilgan edi. Mulkot og‘o ham Gavharshodbegim kabi Hirotda “Dorulhadis” nomli xonaqoh, ikkita hammom, Hirotdan 8 farsax narida, Amudaryoga boradigan yo‘l ustida bitta rabot Balx shahrida bir madrasa qurdirdi.
Hirot qadim zamonlardan turli-tuman diniy va ilmiy kitoblarga boy shaharlardan hisoblangan. Shohruh Mirzoning ham ajoyib kutubxonasi bo‘lgan. Bu kutubxonalar qimmatli asarlarga boyligi va xilma-xilligi bilan shuhrat qozongan.
Umuman sohibqiron Amir Temur vafotidan keyin Movarounnahr va Xurosonda Shohruh Mirzoning hukmdorlik davriga nisbatan osoyishtalik hukm surdi. Binobarin, Amir Temur boshlab bergan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot o‘z rivojini topdi.
Bu sulolaning buyuk namoyondalaridan biri Mirzo Ulug‘bek bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan 1994-yil Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda katta tantanalar va xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi. Parijda ham YUNESKO qarori bilan uchrashuvlar va konferensiyalar bo‘lib o‘tdi.
Ulug‘bek 1394-yilning mart oyida Eronning g‘arbidagi Sultoniya shahrida, bobosi Temurning harbiy yurishi paytida tug‘ildi. U Shohruh Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, unga Muhammad Tarag‘ay ismi berilgan, lekin bolaligidayoq u Ulug‘bek deb atala boshlab, bu ism keyinchalik uning asosiy ismi bo‘lib qoldi.
Ulug‘bekning ustozlaridan biri, munajjim Mavlono Ahmad bo‘lganligini taxmin qilish mumkin chunki bu kishi Temurning saroyidagi eng yirik olimlardan bo‘lib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuza olgan. Lekin Ulug‘bekning o‘zi keyinchalik asosiy asari bo‘lmish “Ziji”da faqat Qozizoda Rumiyni “ustozim”deb ataydi. Haqiqatdan ham Qozizoda 1360- yilda tug‘ilgan bo‘lib, 20-25 yillarida ya’ni Ulug‘bek tug‘ilmasidanoq Temurning safiga o‘tadi. Natijada Ulug‘bek umrining ilk davridanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi astronom va matematiklar ta’sirida ulg‘aydi. Shu sababli uning hayotida aniq fanlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulug‘bek yigirma yoshlarida o‘z davrining yirik olimlaridan bo‘lib, uning hokimligi davridagi muhim yangiliklar butun o‘rta asr madaniyati tarixida o’lkan ahamiyat kasb etdi.
Sohibqiron Amir Temur Markaziy Osiyo va unga qo‘shni bo‘lgan yurtlarni birlashtirib, feodal tarqoqlikka barham bergach, Samarqandga tasarruf etilgan barcha mintaqa va viloyatlardan mashxur olim va hunarmandlarni to‘play boshlagan. Uning maqsadi IX – X asrlarda bo‘lgani kabi islom dunyosining ilmiy markazlari sifatida tanilgan Xorazm, Buxoro va Bog‘doddagi “Bayt ul-hikma” ilmiy maktablari an’analarini Samarqandda tiklash bo‘lgan. Poytaxtda Samarqandga kelgan barcha olimlarga ijod qilishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Saroyda Amir Temur huzurida erkin ilmiy bahslar bo‘lib, g‘olib chiqqan olim va shoirlar rag‘batlantirilgan, sinovdan o‘tgan yirik olimlar yangi qurilgan madrasalarga mudarrislikka yuborilgan. Ilm-fanga, ma’rifatga e’tibor balandligi bois o‘sha zamonning ko‘pgina olimlari Samarqandga borishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishgan.1 Shundaylardan biri Markaziy Osiyo falsafiy tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan faylasuf Taftazoniydir. U 1322-yilning safar oyida hozirgi Ashxabod shahri yaqinidagi Niso muzofotidagi Taftazon qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘n olti yoshigacha ilohiyot fanlarini, arab tili, nutq san’ati va mantiq ilmini o‘sha davrning mashxur olimlari Al-Ijiy va mantiqshunos Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniydan (1290-1365) o‘rganarkan, uning birinchi ilmiy asari esa Seraxs (Eron) olimlari orasida mashhur bo‘lib, bu asari orqali madrasa mudarrisi huquqini qo‘lga kiritgan. Shu davrdan boshlab u qariyb 30 yil davomida Movarounnahr va Xuroson bo‘ylab ko‘chib yurib, turli madrasalarda falsafa va mantiqdan dars bergan. So‘ngra Temur davlatiga binoan Samarqandga kelib umrining oxirigacha shu shaharda ijod etib, Temur saroyidagi ko‘psonli ilmiy bahslarda faol qatnashgan. Manbalarda qayd etilishicha, Samarqandda yashagan mashhur faylasuf Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va Taftozoniy o‘rtasidagi ilmiy bahslar juda keskin va qiziqarli o‘tgan.
Taftazoniyning ilmiy merosi o‘rta asrlar fanining barcha sohalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, Qur’on tafsiridan boshqa asarlari arab tilida yozilgan bu asarlardan XIV-XV asrning ikkinchi yarmigacha Movarounnahr va uning atrofidagi madrasalarda o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilgan. Taftazoniy 40 dan ortiq asarlar yozgan.
XV asr boshlarida Movarounnahrda shuhrat qozongan ulkan matematik va astronomlardan biri Qozizodadir. Olimning to‘liq nomi Salohiddin Muso ibn Muhammad ibn Mahmud. Uning otasi Muhammad “Xoja Afandi” laqabi bilan ma’lum bo‘lib, Salohiddinning bolalik yillarida vafot etgan.
Qozizoda Ulug‘bek madrasasida mudarrislik yillarida “sayyid as-sanad” deb tilga olinadigan Sayyid Sharif Jurjoniy nomli bir mudarris bilan muloqotda bo‘ladi. Qozizoda u kishi bilan ko‘p mubohisa va munozara qilardi. Ba’zan shunday bo‘lardiki, bu mubohisalarda ikala shaxs ham bir biriga nisbatan ovozini ko‘tarar va tafovut, muxolifotga borardilar. Shunday hollarda Qozizoda Sayyid Sharifga nisbatan “matematik fanlarda qudratsiz” desa, Sayyid Sharif Qozizodaga “ta’bi matematik fanlarga mag‘lub va falsafiyotga mansub” der edi. Lekin ikkisi ham bir-birining asarlarini tahrir qilar va tortishuvga sabab bo‘lgan masalalarni talabalar oldiga qo‘ygan edilar.
Ulug‘bek Jamshid Koshiydan “Ziji Elxoniy” haqida va Marog‘adagi kuzatishlar haqida ko‘p eshitib, o‘zi rasadxona barpo etish va yangidan astronomik kuzatishlarni boshlashga tashabbus ko‘rsatadi. Rasadxona qurilishini Qozizoda bilan birga Jamshid Koshiy boshqaradi. Qurilish tugatilib, kuzatishlar boshlaishi bilanoq Koshiy vafot etadi. Bundan so‘ng ishlarga ilmiy rahbarlik Qozizodaning zimmasiga yuklanadi. U ham kuzatishlar oxiriga yetkazilmasdan vafot etadi. Endi kuzatishlarni davom ettirish navbati Ali Qushchi keladi va bu ishda katta jonbozlik ko‘rsatib, ustozi Ulug‘bek bilan ishni nihoyasiga yetkazadi.
Ulug‘bek rasadxonasining yetuk namoyondalaridan sanalgavn va Ulug‘bekdek buyuk olimni tarbiyalagan Qozizoda Rumiy qoldirib ketgan adabiy – ilmiy meros bugungi avlodning oltin mulki hisoblanadi.
Jamshid ibn Ma’sud ibn Mahmud G‘iyosuddin al Koshiy (ko‘proq G‘iyosuddin al-Koshiy ismi bilan mashxur). XIV-XV asrda o‘z fanining bilimdonlari – riyoziyotchilar, tabiblar va hunarmandlari bilan shuhrat qozongan Koshonda tug‘ilgan. Uning bobosi Mahmud ibn Yahyo ibn al-Hasan al-Koshiy ham o‘qimishli bo‘lib, 1411-yilda Sherozda riyoziyot va astrologiyaga oid risola – Iskandarning (Amir Temurning nabirasi) goroskopini tuzgan.
Koshiyning Hirot, ayniqsa Samarqanddagi ilmiy-tadqiqotlari, uning matematika va astronomiya sohasida erishgan yutuqlari ,Temuriylar davrida Xuroson va Movarounnahrda madaniy rivojlanish va turli yurtlardan kelgan olimlarning erkin ilmiy faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilganligining yana bir muhim dalilidir.
Bu davrda o‘zbek mumtoz adabiyotida yorqin iz qoldirgan, betakror g‘azallar va qasidalar yaratgan yetuk iste’dod egasi, lirik shoirlardan biri Sakkokiy. U XIV asrning ikkinchi yarmida yoki XIV asrning oxirgi choragida tug‘ilganini taxmin qilish mumkin.
Sakkokiy ijodining gullagan davri Ulug‘bek hukumronlik qilgan davrlarga (1409-1449) to‘g‘ri keladi. Tarixdan ma’lumki, buyuk munajjim va yetuk davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek ma’rifatparvar podshoh bo‘lish bilan birga ilm-fan, san’at va adabiyot ahlining homiysi ham edi. Ana shu fikrdan kelib chiqqan xolda aytish mumkinki, Sakkokiy Ulug‘bekdan panoh topgan allomalar sirasiga kirib, uning ijodiy faoliyati odil podshoh bilan bog‘liqdir.
Mavlono Lutfiy XIV-XV asrlardagi o‘zbek mumtoz adabiyotining atoqli namoyondasi bo‘lib, o‘zining o‘zbek va fors-tojik tillaridagi asarlari bilan Sharqda katta shuhrat qozongan so‘z san’atkoridir. Shoirning hayoti va ijodi haqida zamondoshlari Davlatshoh Samarqandiy, Shamsiddin Somiy, Xondamir, Abulla Qobuliy kabi tazkiranavislarining asarlarida muhim qayd va mulohazalar uchraydi. Xususan, Lutfiyni yaqindan bilgan, u bilan ustoz va shogirdlik rutbasi bilan bog‘langan Alisher Navoiy asarlarida keltirilgan ma’lumotlar g‘oyat qimmatlidir.
Temuriylar saltanati hukmronligi davrida Movarounnahr va Xurosonda badiiy adabiyot ham yangi bosqichda ko‘tarildi. Shu davrda fors-tojik adabiyoti o‘zining yangi rivojlanish pog‘onasiga yerishgan bo‘lsa, o‘zbek adabiyoti Alisher Navoiy, Mavlono Lutfiy, Durbek, Hofiz Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Gadoiy, Sayyid Qosimiy, Yaqiniy ijodlari misolida o‘z taraqqiyotining eng yuksak bosqichiga ko‘tarildi.
Abdurahmon Jomiyning “Haft avrang”, A.Navoiyning “Xamsa”, “Hazoyin ul maoniy” asarlari shu davr adabiyotining shoh asarlari edi. Jomiy yetti dostondan iborat to‘plamiga “Haft avrang” (Yetti taxt) deb nom qo‘yar ekan, Temuriylar sulolasidan yetti (Amir Temur, Xalil Sulton, Shohrux, Ulug‘bek, Abulqosim Bobur, Abu Said, Mirzo Husayn Boyqaro) ni ko‘zda tutgan bo‘lsa, Navoiy o‘z “Xamsa”sini yaxlit holda Husayn Boyqaroga bag‘ishlagan va bu bilan har ikki muallif ham shu davr hukumdorlariga o‘zlarining ma’lum ma’noda minnatdorchiliklarini namoyon etgan edilar.
Temuriylar davridagi adabiy hayotning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri adabiy jarayonning yagonaligi, unda turkiy tilda ijod qiluvchilarning ham, forsiyda qalam tebratuvchilarning ham barobar va faol qatnasha olgani edi. Buni biz A.Navoiynitng “Majolis un-nafois” tazkirasida yaqqol ko‘ramiz.
XV asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va adabiy hayotda yuz bergan ibratli xodisalardan biri Navoiy-Jomiy munosabatlaridir. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqeida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edilar.
Abdurahmon Jomiy g‘oyat sermahsul ijodkor bo‘lib, undan bizga adabiyotning turli janrlariga fan va san’atining rang-barang sohalariga oid boy meros qolgan. Jomiy asarlari o‘z davridayoq Xuroson va Movarounnahr doirasidagina emas, boshqa mamlakatlarga ham keng tarqalgan edi. Ba’zan qo‘shni mamlakat podshohlari, masalan, Sulton Ya’qub uning asarlarini so‘rab maxsus elchilar yuborgan. Uning asarlari o‘z davrida va undan keyin ham ko‘p qo‘lyozma nusxalarda ko‘chirilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida Jomiy asarlarining XV-XVI asrlarda ko‘chirilgan o‘nlab qo‘lyozmalarini uchratish mumkin. Bunday qo‘lyozmalar Rossiya, Afg‘oniston, Eron va Yevropa mamlakatlaridagi boshqa qo‘lyozma fondlarida ham uchraydi. Taniqli sharqshunos Y.E.Bertels “Jomiy monografiyasi”da shoir asarlarining Toshkent kulliyoti asosida shoirning nomini keltiradi.1
Abduraxmon Jomiy Temuriylar davri ilm fani va adabiyotining faxri, Sharq she’riyatini yuksaklikka ko‘targan so‘z san’atkorlaridan biridir. U bir necha asrdirki, Navoiy bilan yonma-yon o‘zbek shoir va adiblariga ham ustozlik qilib kelmoqda va har doim shunday bo‘lib qoladi.
XV asr jahon ma’naviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy bo‘lib uning asarlari turkiy tilning boyishiga yuksak hissa qo‘shdi.
Bundan tashqari Alisher Navoiy Husayn Boyqaro tomonidan muxrdor qilib tayinlangan paytda el xizmatida bo‘ldi. Keyinchalik uni vazir lavozimiga tayinlashdi. Navoiy el-ulus manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, madaniyat ravnaqi, adolat tantanasi uchun foydalanadiki, bularning barchasi pirovard natijada Sulton Husayn davlatining barqarorligi va nufuzini ta’minlaydi.
Hirot bu davrda nihoyatda ko‘rkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, she’riyat, nafis san’at rivoj oldi talabalar uchun “Ixlosiya” madrasasi, darveshlar uchun “Xalosiya” xonaqohi, bemorlar uchun “Shifoiya” shifoxonasi, masjidi Jome’ yoniga Qorixona (“Dor ul xuffoz”) qurildi. Ulug‘ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qo‘lyozmalarni oqqa ko‘chirish, ularni badiiy bezash bilan band edilar. Hirotda yana “Nizomiya”, Marvda “Xusraviya” va boshqa madrasalar barpo etildi.
Fors tilida birinchi “Xamsa” yozganini qayd etmaydi. Nizomiy vafotidan 100 yil o‘tib Hindistonda tug‘ilib o‘sgan forsiyzabon turk o‘g‘loni Xusrav Dehlaviy Nizomiy “Xamsa”siga birinchi bo‘lib tatabbu yozadi va “Xamsachilik” an’anasini boshlab beradi. Dehlaviy “Xamsa”si Nizomiyga ajoyib sharh va undagi mazmunlarning yangicha talqini sifatida o‘zining ham falsafaning ham shuhratini olamga yoydi. Keyingi XIV-XV asrlar mintaqa ma’naviyati “Xamsa” an’anasi ta’sirida rivoj oldi, shoirning salohiyati va iqtidori hech bo‘lmaganda “Xamsa”ning bir dostoniga javob yoza bilish bilan o‘lchanadigan bo‘ldi. Bu jahon ma’naviyati tarixida betakror hodisadir. Turkiy adabiyotda Qutb va Xaydar Xorazmiylar boshlab bergan “Xamsachilik” an’anasi o‘zining kamolini A.Navoiy ijodida topdi.
Navoiy o‘z ijodi bilan o‘zbek adabiyotining so‘nggi rivojini belgilabgina qolmay, Movarounnahr va Xurosonning butun ma’naviy madaniyati taraqqiyotiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Uning asarlari, she’riyati qayta-qayta ko‘chirilib xalq orasida keng tarqalib, shoirlar uchun maktab vazifasini o‘tadi, madrasalarda keng o‘rganildi.
XV asrning ko‘zga ko‘ringan adabiyotshunos olimlarning biri Davlatshoh ibn Abouddaula Baxtish al-G‘oziy as-Samarqandiydir. Uning tarjimai holiga oid ma’lumotlar juda kam bo‘lib, “Tazkirot un-shuaro” (Shoirlar tazkirasi) asarida keltirilgan ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, u yirik harbiy xizmatchi va davlat rabobi oilasida tug‘ilgan. Uni taxminan yashagan yillari 1435-1495 yillarga to‘g‘ri keladi.
Uning “Tazkirat un-shuaro” asarida VII-XV asarlarda yashab ijod qilgan 155 shoir haqida qisqacha, lekin nihoyatda qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Bu asar juda katta davr qariyb sakkiz yuz yil mobaynida Eron va Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan shoir va adiblar faoliyatini tadqiq qabzasiga olgan.
“Tazkirat ush-shuaro” yoki “Tazkirai Davlatshohiy” muqaddima, xotima va yetti qismdan iborat.
Davlatshoh Samarqandiyning mazkur tazkirasi jamoatchilik e’tiborini ko‘pdan beri tortib kelmoqda. 1819-yildan bayon asarning ayrim parchalari Rossiya (V.A.Jukovskiy va F.Erdman), Fransiyada (Silvers de Sasi), Angliyada (E.Broun va A.Falkoner), Turkiyada (Fahim Sulaymon afandi), Germaniyada (Hammer) hamda Gollandiyada chop etilgan. Uning to‘la matni 1887-yili Bombayda Mirza Muhammad, 1901-yili Londonda E.Broun va 1958-yili Tehronda Xoja Muhammad Ramazoniy tomonidan nashr etilgan.
1900-yili birinchi bor Xivada Muhammad Rafe tomonidan eski o‘zbek tiliga (Xorazm shevasida) o‘girildi. 1967-yili B.Ahmedov “Tazkirat ush-shuaro” tazkirasidan Mavrkaziy Osiyo va Xurosonlik 32 va 1981-yili 50dan ortiq shoir hayoti hamda ijodiga oid ayrim parchalarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, “Davlatshoh Samarqandiy” nomli kitobiga ilova qilgan.
Davlatshoh Samarqandiy bilan umrguzaronlik qilgan olimu, davlat arboblaridan bo‘lgan Husayn Boyqaro (1438-1506), Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505) bo‘lib bular XV asrda Xuroson va Movarounnahr madaniyatining madaniyatining rivojiga katta hissa qo‘shgan hamda o‘z asarlari bilan so‘nggi avlodlarga katta ta’sir ko‘rsatgan mashxur allomalardan bo‘lib tarixda qoldi. Ular qomusiy ijodi bilan o‘z davri ma’naviy yuksalishi yo‘lida faol xizmat qildi va nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun Sharoq umuminsoniy, madaniy boyliklarini kuchaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Bu davrda Movarounnahr va Xurosonda XV asrdagi Renessans ya’ni uyg‘onish davri vakillaridan biri, Navoiyning shogirdi, “Sharq Rafayeli”, ulug‘ musavvir va miniatyurasoz Kamoliddin Behzoddir.
Nafaqat musulmon sharqi xalqlari balki butun dunyo xalqlari san’ati tarixida sezilarli iz qoldirgan, uning taraqqiyotiga o‘zining barakali hissasini qo‘shgan zabardast musavvir Kamoliddin Behzod 1455-yilda Hirotda kambag‘al hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Behzod ota-onasidan juda erta ajraldi. Uni bolaligidayoq Hirotning mashxur musavviri Amir Ruhillo (Mirak naqqosh) o‘z tarbiyasiga olib, tutingan otasi bo‘ldi va Kamoliddinga tuz-non berib, kiyim bosh bilan ta’minlab, hartomonlama ilmli qilib voyaga yetkazadi. Yosh Kamoliddin Mirak Naqqosh tarbiyasida, uning Hirotdagi Nigoristonda (san’at akademiyasida) naqqoshlik va miniatyurasozlik hunarining sir-asrorlarini o‘rgandi.
Behzod miniatyura san’ati tarixida maxsus maktab “Behzod maktabi”ni yaratdi.1 Behzod miniatyuralari uning tirikligidayoq va ayniqsa undan so‘ng musulmon sharqida va g‘arbida ham bu san’atning eng oliy yutug‘i deb tan olindi hamda eng qimmatli san’at asarlari sifatida mashxur bo‘lib ketdi.
Behzodning ijodiy merosini o‘rganuvchi mutaxassislar fikricha, uning hozirgacha ma’lum bo‘lgan asarlari taxminan o‘ttizta rasm va rasmlar turkumidan iborat, ulardan eng mashxurlari quyidagilardir:
1. Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga ishlangan miniatyuralar.
2. Husayn Boyqaroning majlislari tasvirlangan muraqqadagi 40dan ortiq go‘zal miniatyuralar.
3. Abduraxmon Jomiyning “Solomon va Ibsol” asariga ishlangan rasmlar.
4. Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”siga ishlangan 33 ta ajoyib miniatyuralar.
5. Sa’diyning “Bo‘ston” asariga ishlangan go‘zal rasmlar.
6. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” asariga chizilgan noyob va benazir miniatyuralar.
7. Abdulloh Xotifiyning “Temurnoma” asariga chizilgan rasmlar.
8. Sa’diyning “Guliston” asarlariga ishlangan nafis miniatyuralar.
9. Abduraxmon Jomiy tasviri.
10. Husayn Boyqaro tasviri
11. Shayboniyxon tasviri
12. Shoh Taxmasp tasviri
13. Shoir Abdulloh Xotifiy tasviri
14. Tuyalar jangi
15. Raqsi darvish (darvishlar raqsi)
16. Samarqandda madrasa qurilishi va hokazolar.
Behzod maktabining hozirgi zamondagi davomchilarini Afg‘onistonda (Ustod Muhammad Said Mash’al), Eronda (Karim Tohirzoda Behzod), O‘zbekistonda (marhum ustod Chingiz Ahmarov) va boshqa sharq o‘lkalarida ham ko‘rish mumkin. Hozirda Sharq va Yevropa mamlakatlarida san’at, rassomchilik tarixini o‘rganishda miniatyura chizish tarixi, xususan, Behzod miniatyura maktabi alohida o‘rganiladi va tadqiq etiladi hamda maxsus maktablarda o‘qitilardi.
Behzod nafaqat Sharq xalqlari musavvirchiligi tarixida, balki jahon rasm san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirgan, o‘zining ajoyib va qimmatbaxo miniatyura durdonalari bilan butun dunyo madaniyati tarixida salmoqli o‘rin olgan buyuk va zabardast san’atkordir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2000-yilda Kamoliddin Behzodning 545 yillik tavallud kuni keng nishonlandi.
Markaziy Osiyoning XIV-XV asr, ya’ni Temur va Temuriylar davrida yashab ijod etgan mohir tarixnavis, yozma yodgorliklaridan biri Amir Temur topshirig‘i bilan yozilgan. “Zafarnoma” asarining muallifi Nizomiddin Shomiydir.
“Zafarnoma”ning yozilish tarixi haqida shuni ta’kidlash lavozimki, Mavlono Shomiyning o‘zi bergan ma’lumotga ko‘ra hijriy 804 yili Amir Temur uni huzuriga chorlab, o‘z yurishlari bitilgan yirik bir asar yaratishga undagan. Sohibqiron o‘sha davrga qadar munshiy va kotiblari tarafidan tuzilgan bitiklar uni qoniqtirmaganligini aytgan. Yozilajak asar bir tomondan avom xalqqa tushunarli, sodda, ravon tilda va ayni paytda ma’rifatli kishilar e’tiboriga ham loyiq tarzda yozilishini o’qtirgan Mavlono Nizomiddin bu ma’suliyatni o‘z bo‘yniga olgan.
“Zafarnoma” tarixiy asar sifatida XIV-XV asrlarda Temur va Temuriylar hukumronligi davridagi Markaziy Osiyo, Oltin O‘rda xonligi, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Misr, Turkiya va boshqa mamlakatlar tarixiga oid voqealarni o‘z ichiga olgan. Asar muqaddimasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan 1360-yilga qadar Markaziy Osiyoda hukmronlmk qilgan Chingiziy hukmdorlar haqida qisqacha ma’lumot berildi. So‘ngra Amir Temurning XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning boshida qilgan yurishlarining batafsil bayoni keltirilgan
Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” asari o‘zida jamlangan tarixiy ma’lumotlarning ishonchliligi XV-XVI asrlardanoq boshqa asarlar uchun bosh manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan. Bu asarlarning barchasini Markaziy Osiyo va Yevropaning taniqli olimlari o‘rganib tadqiq etishmoqda.
Yuqorida nomlari tilga keltirilgan asarlarning barchasi rus, fransuz, ingliz, hamda nemis tillarida tarjima qilinib, ko‘p bora nashr etilgan.
Xullas, XIV-XV asrlarda O‘rta Osiyoda sodir bo‘lgan o‘zaro nizolar, taxt uchun kurashlar bo‘layotgan bir davrda ham ilm-fan, san’at, adabiyot sohalari o‘tgan asrlarga nisbatan ancha rivojlandi va bu davr keyinchalik “Musulmon Renessensi” degan atamaning paydo qilib keldi.
2. 15-asrda Samarqand va Hirotda me’morchilik, naqqoshlik, tasviriy san’at va adabiyot nihoyat darajada taraqqiy etadi. Bu ikki poytaxt shaharlarida ko’plab hashamatli jamoat binolari qad ko’taradi. Temuriy hukmdorlar orasida ayniqsa, Ulug’bek bobosi Temur kabi mamlakatda qurilish ishlariga katta ahamiyat beradi. U hukmdorlik qilgan davrda bir qancha masjid, madrasa, honaqoh, hammom, sardoba va karvonsaroylar quriladi. Mozorot va ziyoratgohlar obod etiladi. Avvalo u Temur davrida qurib bitkazilmagan talaygina binolarni itmomiga yetkazadi. Go’ri Amirning kirish peshtoqi, SHohizinda ansamblidagi ba’zi maqbaralar, SHahrisabzdagi Qo’kgumbaz masjidi, Yassidagi Ahmad Yassaviy qabri ustiga qurilgan binolar shular jumlasidandir.

Ulug’bek, ayniqsa Samarqandni obod qilishga alohida e’tibor beradi. Uning davrida Samarqand shahrining Registon. maydoni shakllandi. U qaytadan rejalashtirilib, maydonga Ulug’bek madrasasidan tashqari peshtoqli va ulkan gumbazli xonaqoh, karvonsaroy, o’ymakor yog’ochlardan ishlangan masjidi Muqatta’ bino qilindi. Ikki yuz o’n gumbazli Ko’kaldosh jome masjidi qad ko’tardi. Bu oliy imoratlardan faqat Ulug’bek madrasasigina bizning davrimizgacha saqlangan. Madrasa me’morlik jihatidan musulmon SHarqida shu turdagi binolarning klassik namunasi hisoblanadi. U ikki qavatli, hujralarining old tovdonlari to’rt qirrali ayvon burchaklarida darsxonalar, g’arbiy tomonida esa masjid joylashgan. Imorat peshtoqi sharq tomonga, Registon maydoniga qaragan. Madrasa peshtoqi, to’rt burchagidagi minoralari va devorlari naqshinkor parchin va koshinlar bilan qoplangan, beqiyos me’moriy ko’rinishga ega.

Ulug’bek davrida yana bir yirik me’moriy majmua-SHohizinda ansambli kompozitsiyasi jihatidan to’la qurib bitkazildi. Uning markaziy qismdagi naqshinokr obidalar orasida ayniqsa, Qozizoda Rumiy maqbarasi me’moriy jihatdan eng ajoyibi hisoblanadi. U peshtoqli, ulkan gumbazli ziyoratxonadan iborat bo’lib, koshinkor va beqiyos jilvali rango-rang parchinlar bilan naqshlangan.

Ulug’bek tomonidan qurdirilgan me’moriy binolar ichida tapxi, matematik yechimlari, naqsh va bezaklari jihatidan eng nodir inshootlardan hisoblangan Samarqand rasadxonasi alohida o’ringa ega. CHunki u SHarqning ko’p asrli ilmu ma’rifat va madaniyati tarixida shuhrat topgan rasadxonalar orasida Movarounnahrda qad ko’targan yakkayu yagonadir. SHarq mamlakatlarida ilmu ma’rifatni, xususan astronomiya va matematika fanlarining rivoji yo’lida rasadxonaning qo’shgan hissasi nihoyatda buyukdir.

Jamoat binolari qurilishi me’morchiligida Registon maydonida bino qilingan Mirzoyi hammomi va karvonsaroyi, «Bog’i maydon»da qad ko’targan «CHilsutun» («Qirk ustun») va «CHinnixona» saroylari, ayniqsa diqqatga sazovor. Tillakori madrasasi o’rnida bo’lgan Mirzoyi karvonsaroyida ko’pincha xorijiy mamlakatlardan kelgan savdogarlar qo’nishgan. Boburning ta’riflashicha, «CHilsutun» va «CHinnixona» saroylari nihoyatda muhtasham va ko’rkam bo’lgan. «CHilsutun» toshlardan farsh qilingan baland tagkursi ustiga ikki qavatli qilib qurilgan, uning burchaklarida ichki aylanma zinapoyali minoralari bo’lgan. Zinapoyalar orqali saroyning yuqori qavatiga chiqilgan. Ikkinchi qavatning markazida chordara uslubida qurilgan xonaning to’rt tarafi o’ymakor tosh ustunli ayvon bo’lgan. CHordara uslubida bino qilingan CHinnixona saroyining devorlari, xususan ularning izora (panelь) qismlari xitoydan keltirilgan rangdor va naqshli chinnilar bilan qoplangan, shu sababli bu oliy imorat shu nom bilan shuhrat topgan. 15-asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr va uning poytaxti Samarqandda hashamatli binolar qurish birmuncha cheklandi. Bu davrda ikki qavatli Xo’ja Ahror madrasasi (1456), Ishratxona (1464) va Oqsaroy (1470-yillar) maqbaralari kabi imoratlar qad ko’tardi.

14-15 asr me’morchiligida imoratlarni o’ziga xos yangi ma’lum maqsadga qaratilgan yechimlar asosida qurish bilan birga, ularni bezashda ham yangi usullar qo’llaniladi. Binolarning peshtoqlari va xonalarning ichki devorlari qabartma rango-rang parchinlar, oq yoki zangori rang ustiga zarhal berilgan islimiy naqshlar, ba’zan esa epigrafik yozuvlar bilan pardozlanadi.



Bu davr me’morchiligi va amaliy san’atida asriy an’analar yanada takomillashtirilib, yuqori darajali ma’naviyatni anglatuvchi o’ziga xos uslub yaratiladi. Bu uslubda bino qilingan imoratlar o’zining uyg’unligi, qismlarining mutanosibligi, rang-barangligi va tantanali manzara kashf ettiruvchi vositalari bilan ajralib turadi. Darhaqiqat, o’zining mukammalligi, yetuk shakli nafisligi va go’zal naqshlari bilan kishini mahliyo etuvchi 14-15 asrlar qurilish san’atining ajoyib durdonalari minglab kishilar mehnatining mahsulidir. Ularda xalq ichidan yetishib chiqqan mohir me’mor, naqqosh va bannolarning aql-idroki, mahorati va qurilish sohasidagi ko’p asrli tajribasi o’z ifodasini topgan. Bu me’moriy obidalarning muhandisu tarrohlari go’zallikning ob’ektiv qonunlarini chuqur bilganlar, o’z ijodlarida davrning g’oyasi va ruhini bera olganlar. Ularning me’moriy usuli, naqshi, o’ziga xos xislat va fazilatlari beqiyos va takrorlanmasdir.

15-asrning 2-yarmida Movarounnahrning ma’naviy hayotida sufiylik tariqatining ta’siri kuchayib.dunyoviy ilmlarga deyarli ahamiyat berilmay, Samarqand rasadxonasidek «Dor ul-ilm» qarovsiz qolgan bir paytda Xuroson shaharlari, xususan uning poytaxti Hirot obodonlashib, u ilm-fan, adabiyot va san’atning markaziga aylandi. Hirotda, ayniqsa, Sulton Husayn Boyqaro (1469-1506) hukmronlik qilgan davrda bir qancha oliy imorat va inshootlar qad ko’taradi. Hirotning obodonlashishi va unda amalga oshirilgan qurilishlarning askariyati o’sha vaqtlarda Sulton Husayn devonida bosh vazirlik lavozimida bo’lgan va nihoyatda davlatmand Mir Alisher Navoiyning nomi bilan ham bevosita bog’liqdir. Navoiyga zamondosh muarrixlarning shahodat berishicha, Xurosonda, xususan Hirot va uning buluklarida Navoiy tashabbusi bilan uch yuzdan ortiq jamoat binolari:masjid, madrasa, maqbara, xonaqoh, hammom, shifoxona, saroy, istirohat bog’lari, rabot va karvonsaroylar haada sug’orish inshootlaridan ariq (kanal), hovuz, ko’prik, koriz, bandlar (suv omborlari) qurilgan. Qurilishlarning ko’pi Navoiyning bevosita homiyligi bilan yoki uning mablag’iga amalga oshirilgan. Mirzo Muhammad Haydarning «Tarixi Rashidi» risolasida qayd etilishicha, Alisher Navoiy-ning har yilgi daromadi o’n sakkiz ming «shohruhiy» dinorga teng bo’lgan. Bu mablag’ning deyarli hammasini u xayrli ishlarga, jumladan jamoat qurilishlariga sarf qilgan. 15-asr muarrixi Xondamirning yozishicha, Alisher Navoiy o’z mablag’iga 52 rabot, 19 hovuz, 16 ko’prik, 9 hammom va bir qancha masjid, mad-rasa, xonaqoh va shifixonalar kabi hayrli imorat va inshootlar qurdirgan. Astrobod shahrida qurilgan Mir saroyi va Jome masjidi, shuningdek Marv shahrida bino qilingan Xusraviya madrasasi shular jumlasidandir. SHu bilan birga Navoiy jangu jadallar va zilzilalar oqibatida vayron bo’lgan ko’pgina jamoat binolarini qayta tiklashdek sermashaqqat ishlarni ham amalga oshiradi. U Hirot va boshqa shahar-qishloqlarda 12 ta masjidni qayta tuzattiradi, jumladan 13 asrda Hirotda bino qilingan Jome masjidi, 1405-1418 yillarida Mashhadda qurilgan Gavharshod masjidi, 11-asr boshida Gurg’on yaqinida o’rnatilgan Qobus minorasi, 11 asrda Marv va Hirot oralig’ida qurilgan Arslonjoziba raboti va ko’pgina boshqa imoratu inshootlar ta’mir etiladi. Binolar majmuotining’ eng ko’rkami va yirigi Navoiy tomonidan Hirot yakinida bunyod etiladi. Navoiy vazirlik lavozimidan iste’fo bergach, Husayn Boyqaro unga Injil anhori bo’yidan yer va suv ajratib beradi. Bu yerda Navoiy hovli joy, bog’cha va katta kutubxona bunyod etadi, ayni paytda bir qancha xayrli qurilishlarni ham boshlab yuboradi. Qurilishning bosh tarhi Navoiy tomonidan taklif etiladi. Binokorlik ishlari Hirotning mohir me’mor, muhandis, binokor va naqqoshlari tomonidan bajariladi. Injil bo’yida nihoyatda naqshinkor «Ixlosiya» madrasasi, uning qarshisida ko’rkam «Xalosiya» xonaqohi qad ko’taradi. «Qudsiya» jome masjidining g’arbida «SHifoiya» davolash uyi, uning qarshisida esa «Safoiya» hammomi, ular qoshida tosh hovuz ham quriladi. Madrasa va xonaqohlarda bir necha ming kishi istiqomat qilib fan, adabiyot va san’at bilan mashg’ul bo’lgan. Xondamirning yozishicha, «Xalosiya» xonaqohida har kuni zaifa va miskinlarni ziyofat qilib, laziz taomlar bilan to’ydirishgan. Yangitdan quriladigan har bir bino yoki ta’mir etiladigan har bir yodgorlikka mukammal me’moriy zeb berish uchun Navoiy qurilishga hamma vaqt ko’plab turli kasbdagi binokor ustalarni: mohir muhandisu me’morlar, koshintaroshu toshtaroshlar, o’ymakor naqqoshlaru muzahhiblar (zarhal tortuvchi) hamda parchinpazlarni jalb qilar edi. Xondamirning «Xulosat ul-axbor» nomli asarida yozishicha, 1498 yilda Hirot Jome masjidini ta’mir etib tiklashda qariyb yuzta hunarmand ustalar qatnashgan. Ta’mirlash ishlari boshidan oxirigacha bevosita Navoiy boshchiligida amalga oshirilgan. «Ko’p kunlar u etagini beliga qistirib, yollangan ishchilar singari ustalarga g’isht uzatardi va boshqa ishlar qilardi. Tez-tez me’mor, usta va kosiblarga qimmatbaho sarupolar kiydirardi va ko’p navozish ko’rsatar va bosha in’omlar bilan xushdilu hursand qilardi. SHunday qilib, uch-to’rt yillik ish olti oy muddat ichida tamomlandi». Navoiy tomonidan ta’mir ettirilgan Hirot Jome masjidi hovlisining uzunligi 114 metr, eni 84 metr bo’lib, oltita darvozasi bo’lgan. Jome masjidi hozir ham Hirotning eng go’zal obidalaridan biri.

Movarounnahr va Xurosonning 15-asr me’morchiligi to’g’risida so’z yuritilar ekan, shuni ta’kidlash joizki, unda hozirgi zamon shaharsozligida infrastruktura deb ataladigan uyg’unlikka erishishga harakat qilingan. Masalan, 15-asrning 80-yillarida Hirot yaqinida Injil anhori bo’yida qurib bitkazilgan ko’rkam imoratlar majmuasida uy-joylardan tashqari, madrasa, xonaqoh, shifoxona, hammom, hovuzlar, savdo rasualari bo’lgan. Dam olish hiyobonlari, bog’-rog’lar esa xushhavo joylarda barpo qilinib, ularga shahar me’morchiligining tarkibiy qismi sifatida qaralgan. Bu davrda jamoat binolarini ismi jismiga monand, ma’nodor, hamda jarangdor nomlar bilan atashga ham katta ahamiyat berilgan. SHuningdek bunday nomlar zaruriyatga qarab, abjad hisobida kurilish yili tarixini ham ifodalashi lozim bo’lgan. Ixlosiya, Xalosiya, SHifoiya, Safoiya, Unsiya, Hudsiya, Nizomiya, Xusraviya va Fanoiya shular jumlasidandir. Masalan, Ixlosiya madrasasining nomi Navoiyning maktabdosh do’sti Sulton Husayn Boyqaroga bo’lgan ixlosini, minnatdorchiligini bildirsa, Xalosiya-ozodlik, SHifoiya-sog’liq, shifo; Safoiya-poklik, soflik ma’nosini anglatgan. Xusraviya madrasasining nomi esa binoning birinchi g’ishtini qo’ygan shahzoda Muhammad Sulton nomini hamda uning qurilish yilini ifodalagan. Movarounnahr va Xurosonning 15-asr me’morchiligida o’zining kompleksligiga va bajargan vazifasi jihatidan jamoat binolari orasida shifoxona va hammomlar alohida o’rin tutadi. Bunday binolar O’rta va Yaqin SHarkda 8-9 asrlardayoq qad ko’tarib, 15 asrda Samarqand, Buxoro, Gurganch, Marv, Hirot, G’azna, Ray, Ham adon va Isfixon kabi SHarqning nufuzli shaharlarida keng tarqalgan edi.

15 asrda me’morchilikning bu sohasida ilk o’rta asrlar an’analari yanada rivojlantirildi. Hirot shahrida shunday shifoxonalardan biri Sulton Abusaidning (1439—1469) katta xotini Milkat og’o tomonidan qurdiriladi. Unga Hirotning yetuk tabiblaridan Mavlono Darvishali mutasaddi qilib tayinlanib, barcha muolaja ishlari unga topshirilgan edi. Bunday jamoat shifoxonasi «Dor ush-shifo» (Davolash uyi) nomi bilan yuritilib, ularga zamonasining bilimdon tabiblari bemorlarni davolaganlar. Dor ush-shifoda maxsus dorixonalar bo’lib, ularda doripazlar bemorlar uchun dori-darmonlar tayyorlab berganlar.

Xondamirning ta’riflashicha, Injil sohilida qurdirilgan «SHifoiya» shifoxonasi «Ixlosiya» madrasasining ro’parasida joylashgan bo’lib, gumbazi naqshinkor moviy koshinlar bilan qoplangan. Devorlari qizil g’ishtdan terilgan. Hovlisida sarhovuz bo’lib, sahnidan mayin tog’ shabadasi mutassil esib turgan. «SHifoiya» shifoxonali tabobat ilmgohi tarzida bo’lib, unda tabib va hakimlar bemorlarni davolashdan tashqari tabobat ilmi bilan ham shug’ullanganlar.

Alisher Navoiyning inoyati bilan o’sha davrda yetishib chiqqan G’iyosuddin Muhammad, Nizomuddin Abdulxay, Darvishali, Muhammad Yusuf, Abdulxay Tuniy, Muhammad Mu’in, Xutbuddin Odam kabi mashhur tabiblar «SHifoiya» da uzoq vaqt faoliyat ko’rsatganlar. Bu davrda Hirot Dor ush-shifosi, ayniqsa, kahhollari (ko’z kasalliklari tabiblari) g’oyat shuhrat topadi. Bir safar hatto Xo’ja Ahrorning Navoiyga yozgan maxsus maktubi bilan Mavlono Fazlulloh davolanish uchun Samarqanddan Hirotga yuboriladi. Xo’ja Ahror kasal bo’lganida esa Navoiy farmoniga binoan Nizomuddin Abdulxay tabib Samarqandga keladi. SHubhasiz, Hirotning 15-asr tabib va hakimlari tabobat sohasida ko’plab ilmiy kitob va risolalar yozganlar. Navoiyning tabobat ilmiga rahnamoligi tufayli Hirotda Dor ush-shifo ochiladi. Unda mashhur Tabiblar faoliyat ko’rsatib, tib ilmi rivojiga o’z hissalarini qo’shadilar. E’tiborli tomoni shuki, shifoxonada davolash va davolanish uchun barcha sharoqtlar mavjud bo’lib, bemorlarga dori-darmonlar, kundalik nonushta va tushlik ovqatlar muhayyo etilgandi. Navoiyning vafotigacha uning tarbiyasida 12 mingga yaqin madrasa tolibi, shoir, olim, muzahhib, musavvir va zargarlar, duradgor va binokor ustalar kamol topadilar.

Xalq salomatligi yo’lida qayg’urgan Navoiy Hirot va uning atrofida, SHifoiya, Ziyoratgoh Darai Zang, Tuvurchi, CHilduxtaron, Tarnob, Panjdeh, Fayzobod, Sa’dobod kabi bir qancha hammom ham qurdiradi.

Navoiyning rejasi va tarhi bilan bino kilingan yirik me’moriy mukammal majmuotlar, uning tashabbusi bilan qurilgan katta-kichik inshootlar ulug’ shoirning me’morchilik san’ati bobida ham boy bilimga ega bo’lganligidan guvohlik beradi. Me’moriy jihatdan bekamu ko’st qurilgan har bir binoni Navoiy oddiygina boshpana emas, balki o’zining jozibasi bilan kishilarga orom va estetik zavq beruvchi san’at asari deb hisoblagan. O’zining bunday fikrini u:

Tarix qilsa muhandisi mohir. Har zamon o’zga shakl etar zohir.


Har kishi g’olib o’lsa savdosi. Daf’i savdo qilur tamoshasi misralarida ifodalagan. Navoiyning me’morchilik va san’at sohasida yetarli bilimga va yuksak badiiy tasavvurga ega ekani, san’atga bo’lgan ixlosu e’tiqodi, shavku zavqi tufayli u asarlarida yaratgan qahramonlarini ko’pincha mohir musavvir, usta binokor, qo’li gul naqqosh, zukko me’mor qiyofasida tasvirlaydi. Navoiy SHarq me’morchiligi va musavvirligi an’analari tarixining zo’r bilimdoni ekanini nafaqat o’zi yaratgan obrazlar misolida, balki hayotiy faoliyatida ham chuqur namoyish eta oldi.
15-asrning madaniy hayotida istirohat bog’lari tashkil etish san’ati ham diqqatga sazovordir Samarqand. Buxoro, Marv, Hirot kabi yirik shaharlar atrofida go’zal oromgohlar barpo etiladi. Bu davrda ham sayrgoh bog’lar asriy an’analarga asosan ikki xil usulda: chorbog’ va qo’riqxona tarzida tashkil etiladi. CHorbog’lar tarhi mutanosiblik (simmetriya) asosida to’g’ri geometrik shakllardan tuzilgan tartibli gulzor va mevazorlardan iborat bo’lib, ko’riqxonalar tabiatning xushmanzara bag’rida barpo etilgan.

Istirohat bog’lari gulzorlar bilan o’ralgan baland saroy va naqshinkor shiyponlar, ularga eltuvchi sersoya so’lim xiyobonlar, zilol suvli ariqlar, markazida girdi va ichi tosh-taxtalar bilan farsh etilgan hamda atrofiga g’ujum va majnuntollar o’tqazilgan to’rt yoki sakkiz burchakli hovuzlardan iborat bo’lgan. Bunday istirohat bog’larini o’z ko’zi bilan ko’rgan Xondamir «bu sharofatli Joy nafis bezaklar va g’aroyib ixtirolar bilan orasta qilingandir», deb ta’riflagan. SHubhasiz, bunday ta’rif Hirotning eng yirik istirohat bog’i «Bog’i Jahonaro» manzarasida o’z ifodasini topgan edi. Bog’i Jahonaroning umumiy maydoni qariyb bir kvadrat kilometrga teng bo’lib, bog’da oldi gulzor, atrofi mevali va manzarali daraxtlar bilan o’ralgan baland saroydan tashqari CHorbog’ va CHorchaman hamda hiyobon ko’rinishida tashqil etilgan to’rtta bog’, ular o’rtasidagi keng hovuzning to’rt tomoniga qurilgan to’rtta naqshinqor shiypon va kamonda nishonga o’q uzib mashq va musobaqa qilishga mo’ljallangan maxsus binot-sadoqxona (tir) joylashgan edi.


3. Amir Temur mamlakatning madaniy, ta’lim – tarbiya tizimini rivojlantirishdagi xizmatlarini asoslang

Qariyb bir yarim asr davomida mo’g’ullar istibdodi ostida xonavayron bo’lgan Movarounnahr xalqi XIV asrning boshlariga kelib mo’g’ul istilochilari zulmidan qutula boshladi. Movarounnahrda kuchli davlat tuzishga bo’lgan intilish g’olib keldi. Mo’g’ul istilochilariga qarshi Buxoroda xalq Mahmud Torobiy boshchiligida qo’zg’oldi, Samarqand va Xurosonda esa Sarbadorlar qo’zg’olonlari ro’y berdi. Natijada Sarbadorlar uzoq muddat hatto hokimiyatni ham boshqarib turdilar. XIV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahrning feodal tarqoqligiga barham berildi, mamlakat mo’g’ul bosqinchilaridan tozalandi. XIV asrning oxiri va XV asrlarda Markaziy Osiyoda feodal munosabatlar yanada rivoj topa boshladi. Sohibqiron Temur va dastlabki temuriylar hukmronlik qilgan davr Movarounnahr tarixida alohida o’rin egallaydi. Markazlashgan buyuk Temur davlatining barpo etilishi bilan Movarounnahrda yana fan va madaniyat, maorif qaytadan ravnaq topa boshladi. Shuning uchun ham XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asr tarixda Sharq Uyg’onish davrining ikkinchi bosqichi deb ataladi. Chunki, bu davr madaniyati o’z tamoyillari, yo’nalishi, iqtisodiy asosi jihatidan IX-XII asr madaniyatining davomi sanaladi. Shu bois XIV asr oxiri va XV asrlarda Movarounnahrdagi Sharq Uyg’onish davri madaniy ravnaqini IX-XII asrlardagi madaniy rivojlanishidan ajratib olib ko’rsatish mumkin emas. XIV asrning uchinchi choragi va XV asrda Markaziy Osiyoda iqtisodiyot, fan va madaniyat o’sdi. Amir Temur hukmronligi davrida jahonning ko’plab shaharlarida Samarqandga hunarmandlar, olimu fozillar, san’atkorlar, muhandislar olib kelindi va ularning boy tajribalari, ijodiy mahoratlaridan ilm- ma’rifat, madaniyat, qurilish jabhalarida keng foydalanildi. Samarqand va Hirotda madrasalar, kutubxona va rasadxona qurildi. Tibbiyot ilmini o’rganishga qiziqish yanada kuchaydi. Riyoziyot, falakiyot, jo’g’rofiya, tarix, 51 adabiyot, falsafa hamda tarbiyashunoslikka oid asarlar yaratildi. Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Umar Xayyom, Sa’diy meroslarini, shuningdek, yunon-rim madaniyatini o’rganishga havas kuchaydi. Shuni ta’kidlash kerakki, Temur va uning izdoshlari, temuriylar davrida fan va madaniyat rivojlandi. Ayniqsa Samarqand va Hirot shaharlari madaniyat, ilmma’rifat markaziga aylandi. Amir Temur saltanatni bino qilish va uni mustahkamlash uchun juda katta xizmat qildi. Ana shunday buyuk xizmatlaridan eng muhimi mamlakatda ta’lim tizimini rivojlantirish sohasiga qaratilganligi edi. Chunki uning e’tiqodiga ko’ra bilimdon va tadbirkor insongina mamlkatning rivojlanishiga hissa qo’sha oladi. Shuning uchun ham sohibqiron bilimli va ishbilarmon, tadbirkor kishilarni tarbiyalashga katta e’tibor beradi. Bu borada ta’lim tizimining o’ziga xos o’rni bo’lishi kerakligini anglagan holda maktab va madrasalar qurdiradi. Saltanat poytaxti Samarqand atrofida o’n ikki bog’ va qasr yaratadi, shahar arki Ko’ksaroy, uning atrofida esa Bo’stonsaroylar bino etadi. Jome’ masjidi, maqbaralar, me’moriy yodgorliklar qurdiradi. Bu ishlarga faqat Amirning o’zi emas, uning atrofidagi yaqinlari ham turli madrasalar qurishga bosh-qosh bo’ladilar. Bulardan Amir Temurning amirlaridan Idigu Temur, mavlono Qutbiddin, umr yo’ldoshi Saroymulkxonim, nabirasi Muhammad Sultonlar ham madrasalar qurdiradilar. Madrasalar ma’lum darajada ixtisoslashgan edi. Masalan, boshqaruv kadrlarni tayyorlash Muhammad Sulton madrasasida, diniy muassasalar uchun kadrlar tayyorlash mavlono Qutbiddin sadr madrasasi, umumiy mutaxassislar, ya’ni ziyoli, imom, olim, maktab o’qituvchisi tayyorlashga Idigu Temur, Saroymulkxonim madrasalari ixtisoslashgan. Lekin ularning hammasida Qur’on, Hadis, fiqh o’rganilgan. Shuningdek madrasalarning ixtisosligiga ko’ra umumi aqliya, umumi askariya, umumi ma’muriyalar ham o’rgatilgani haqida ma’lumotlar bor.


Download 85.03 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling