Didaktik asarlar tahlili (“Kalila va Dimna”, “Chor Darvesh”, “Guliston”(Sa’diy), “To’tinoma” tipidagi asarlar misolida)
Reja:
Didaktik adabiyot haqida
“To’tinoma” asari tahlili
“Chordarvesh” asari tahlili
1.DIDAKTIK ADABIYOT – badiiy ifodalangan pand-nasihat tarzidagi adabiyot. Bunda axloqiy-ta’limiy, ilmiy-falsafiy, diniy bilimlar va g’oyalar badiiy talqin qilinadi. Didaktik adabiyot ildizi xalq og’zaki ijodiga borib taqaladi (masalan, “Qobusnoma”). G’arb va Sharq xalqlari, jumladan, turkiy xalqlar adabiyotida Didaktik adabiyot uzoq tarixga ega. Didaktik adabiyotga doir ilk namunalar Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” asarida uchraydi. O’zbek mumtoz adabiyotidagi Didaktik adabiyotning dastlabki yirik namunalari Yusuf xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyik” dostonlaridir. Bu asarlarda xalqning adolat, ma’rifat, axloq, odob haqidagi qarashlari, pand-nasihatlari she’riy shaklda bayon etilgan. Didaktik adabiyotdan ijtimoiy, falsafiy, ilmiy qarashlarni ommalashtirish vositasi sifatida ham foydalanganlar (masalan, Ibn Sinonpnt tabobatga oid “Urjuza” she’riy asari). Didaktik adabiyotga xos bo’lgan xususiyatlardan Ahmad Yassaviy, Boqirg’oniy Sulaymon, So’fi Olloyor, Huvaydo, Haziniy kabi tasavvuf namoyandalari ham samarali foydalanganlar. 20-asr o’zbek adiblari Behbudiy, Ayniy, Avloniy va boshqalar ijodida pand-nasihatga alohida ahamiyat berilgan. Ularning asarlarida, maktablar uchun qo’llanmalarida ta’lim-tarbiyaga oid Didaktik adabiyot namunalari ko’plab uchraydi.
""Toʻtinoma" — Sharq xalklari orasida keng tarqalgan axloqiyestetik mavzudagi asar. Hindistonda sanskrit tilida xalq ogʻzaki ijodi asosida yaratilgan. Unda toʻtiqushning shahzoda Maymun va uning xotini Xujasta haqidagi ibratli hikoyalari majoziy shaklda badiiy aks ettiriladi. Asar avvalo hindlar orasi da "Shukasaptati" ("Toʻtining yetmish hikoyasi") nomi bilan mashhur boʻlgan. Ziyo Naxshabiy "Toʻtinoma" nomi bn fors tojik tiliga tarjima qilgan (1330). Asarda, asosan Maymun, Xujasta va Toʻtilarning oʻzaro munosabatlari misolida odoblilik, yaxshilik, vafodorlik kabi insoniy fazilatlar ardoqlangan, yomonlik, takabburlik, bevafolik, makkorlik qoralangan. "Toʼtinoma" 52 hikoyadan iborat. Uning bir qancha variantlari yaratilgan.
Toʻtinoma (hikoya) [Ilhom Zoyir]
|
Itni ham gapirtirishga harakat qilishdi, natija chiqmadi. Hozircha parrandalar ichida odamga oʻxshab gapiradigani oʻzim. Gapirganda ham haqiqatni gapiraman. Hech bir zamonda haqiqatga balo urmagan, ammo uni aytganga qiyin boʻlgan. Oʻzimdan qiyos... Ey, oʻzimni tanishtirmabman-ku. Kaminaning ismlari — Artist! Yosh boʻlsam-da, koʻpni koʻrdim: biri undoq, biri bundoq...
Dastlab meni yuz ellik soʻmga (bu eski pulda, yangi pulda bebahoman) savdo xodimi arzandasiga olib berdi. Oʻshanda bor-yoʻgʻi uchta yoki toʻrtta soʻzni arang eplab gapirardim, xolos. Bolasi tushmagur shunaqangi soʻzlarni oʻrgatdiki, oʻzini hurmat qilgan odam bularni eshitsa bormi, yetti qavat poʻst tashlaydi.
Bir kuni bolapaqir meni televizor oldiga oborib qoʻydi: kino berayotgan ekan. Kinosiyam kriminalroq ekanmi, kimnidir sud qilishyapti. Sud zaliga sudyalar kirib kelishayotganda, kimdir — kinoda albatta — «Turinglar, sud kelyapti!» degandi, oʻtirganlar oʻrinlaridan turishdi. Xuddi shu jumla miyamda mixlanib qoldi. Bilasizlar, bitta soʻzni koʻp bor takrorlaymiz. Siz odamlar ham ba’zida bir-biringizga «Toʻtiday bitta gapni qaytaraverma!» deysizlar-ku, toʻgʻrimi? Men ham oʻrgangan jumlamni xohlagan paytimda qaytaraverdim. Katta xoʻjayinga — bolakayning otasiga yurakdan bergan ekan: «pir» etsam, yuragi «shir» etadi. Yana «savdo — nozik ish» deganiga oʻlaymi! Ismlari - Shamsiddin, pamiliyalari — Qaynarov, sevimli mashgʻulotlari — kunlik tushumni qayta-qayta sanash. Uyqulari hushyor, aytganimday — «pir-shir». Bir kuni pul sanab oʻtirganlarida «Turinglar, sud kelyapti!» deya qichqirib yuborgandim, oʻtirgan oʻrnidan sapchib turib, toʻrt tomonga alang-jalang qaradi. Qoʻlidagi pulni shoshganidan pijamasining ichiga solgan edi, pochasidan tushib ketdi. Pulni oyogʻi bilan bosib turib, atrofga quloq soldi, hech bir sharpani sezmagach, pulni olib, qayta sanashga kirishdi. Pul sanash barobarida boʻynini choʻzib derazadan tashqariga qarab-qarab qoʻyadi.
Shu alpozda jumlani yana bir bor takrorlagandim, bir sapchidiyu, koʻkragini changalladi. Koshki koʻkrakda yurak boʻlsa.
Shomda oila kechki ovqatga oʻtirgan edi, yanga issiq ovqatni akaning oldiga keltirib qoʻydi. Shu mahal «Turinglar, sud kelyapti!» degandim, akaginam oʻrnidan turaman deb ovqatni toʻkib yubordi va doʻmboq oyogʻini kuydirib qoʻydi. Shu bahonai sabab boʻldi-yu, kaminani ertasi kuni «Zoomagazin»da savdoga qoʻyishdi.
Doʻkonda ertadan kechgacha mudrab oʻtirsam-da, meni soʻrab keluvchilar unchalik koʻp boʻlmadi. Soʻraganlarga narxim toʻgʻri kelmasdi. Bir oy deganda baxtim ochildi. Soʻzamol kishi keldi-da: «Gapiradigan toʻti kerak», dedi...
Yangi xoʻjayinning turqi-tarovati yoqkmasa-da, qarshilik qilish befoyda. Mening qarshiligim — Oʻtirib qolgan qari qizlarning qarshiligiday gap. Xullas, yangi egamning ismlari — Sotimboy aka. U meni oʻn kun boqdi. Badanimga jir bitib, patlarim jilolandi. Oʻn birinchi kunning shomida eru xotin yasan-tusan qilishdi-da, kaminani mehmonga olib ketishdi.
Uy liq toʻla odam. Avvalida poygakdan joy tegdi. Xoʻrligim kelsa-da, xonish kilayotgan hofizning soziga sel boʻlib, mudrab qolibman. Birdan uygʻonib ketsam, toʻrga qarab ketyapman. Toʻrda esa badavlat kishi oʻtirardi. Sotimboy aka oʻsha kishini quchoqlab choʻlpillatib oʻpdi, tugʻilgan kuni bilan tabriklab, «sovgʻa original boʻlsin, dedim-da», deb meni unga qoʻshqoʻllab topshirdi.
Toʻra Barot deb nom chiqargan bu xoʻjayinim qancha mehrini bermasin, xonadon jinimga oʻtirishmadi. Uyga kunora tanish-notanish odamlar bir nimalarni tashlab ketishadi. Shunaqalar kelganida yangamiz qizarib-boʻzarib ketar, «Voy, ovora boʻlib nima qilardingiz. Eshitgan quloqqa yaxshi emas», derdi. Kishilar esa: «Ovorasi bor ekanmi, akamizning soyai davlatlarida umrguzaronlik qilganimizdan keyin, ilinamizda», deya keltirgan narsalarini qoʻyarda-qoʻymay tashlab ketishadi. Suhbatning davomi xoʻjayin ishdan qaytgandan soʻng avj oladi.
— Yana pora oldingizmi? — dedi yangamiz jerkib.
— Qanaqa pora?! – doʻq urdi xoʻjayin qovoqlarini chimirib. — Bizda «pora» degan gap yoʻq! Bu — sovgʻa! Sen uzumini yeginda, bogʻini soʻrama!
— Nomi yoʻq bogʻdan, deng, — dedi yanga va jimib qoldi.
Men esa «nomi yoʻq bogʻdan» degan gapni ilib oldim. Biz toʻtilar, gapning ma’nosiga uncha yetavermaymiz, «kesim»ini aytib yuborsak, kerak odam «ega»sini topib olaveradi.
«Koʻza kunda emas, kunida sinadi» deganlaridek, uyni taftishchi bosdi. Ana, ol! Hamma yoq ostin-ustin boʻldi. Choʻzilib qolgan yanga betiga suv sepilgach, oʻziga keldi-yu, tildan qoldi. Taftishchilarning soʻroqlariga oʻzim javob berdim. Uyda barcha narsalar nomi yoʻq bogʻdan kelganligini aytdim-da! Javoblarim ishni xalta qildi. Toʻpolondan soʻng, yangaga til bitdi-yu, aka yiqilib tushdi: ishdan ham mansabdan, ham... Saroyday uy huvillab qoldi. Qaraydigan kishi boʻlmagach, meni arzon-garovga sotib yuborishdi.
Toʻgʻri qassobning qoʻliga borib tushdim. Ey, yoʻgʻ-e, yangi egam qassob edi. Qassobning uyiga keladigan goʻshtlarni koʻrganimda, burgut boʻlib tugʻilmaganimga afsus chekardim. Ha, aytgancha, bu hovlida mendan tashqari Olapar degan it bor edi. U semirib ketganidan oʻrnidan turolmas, begonani koʻrsa nomiga boʻlsa-da hurib qoʻyay demasdi.
— Itga suyak-puyak olib kelsangiz-chi! Lahm goʻsht hayf-da, — dedi yanga eriga zorlanib.
— Xotin, — dedi Qassob aka barmogʻini peshanasiga tirab burarkan, - mana bu yering ishlamaydi! Suyak jaraq-jaraq pul-ku! Bu hovli-joy, bu molu davlat nimaning orqasidan? Albatta, suyakning orqasidan-da!..
Gap gap-u, miyamga «suyak» oʻtirib qoldi. Rosti, eru xotin maqtanishni xush koʻradi. Uyga mehmon kelganda, «bu molu davlat halol pulga kelgan», deb maqtanganlarida, tinch turolmadim. «Suyak, suyak!» deyaverdim. Gapimga bir uy odam kuldi. Nimagadir Qassob aka menga ola qaradilar...
«Hamma balo tilingdandur!» deganlari shu. Bu yerdan ham badargʻa boʻddim. Tirik qolganimga shukur qilib, ikki oy doʻkonda qon qaqshab yotdim. Oxiri bittasi «Kuniboʻyi xotinim uyda oʻtirib zerikadi, bola-chaqa yoʻq, ermak boʻlsin», deb sotib oldi meni. Dastlabki kunlarda yangi joyga koʻnikishim ogʻir kechdi.
Fe’liga yarasha Halimbek aka egarda oʻtirolmaydigan yoshda, yangamiz esa yonaman deydi: koʻzlari oʻynoqi. Tagiga yetsam, shu tannozning husnu chiroyiga uchib, akam besh bolayu xotinning bahridan oʻtgan ekan. Suhbatlaridan angladimki, er chars xotinning jilovini hali-hanuz qoʻlga olmagan.
Halimbek aka ishga ketgach, xotin kuniboʻyi oʻzini u yoqqa-bu yoqqa urdi, telefonda soatlab gaplashdi, erini yomonladi. Keyin telefonni qoʻyib, menga diydiyo qildi. Tavba, deb gapiray: menga shunaqangi gʻalati qaradiki, koʻzi teshib yuboray dedi. Uyalganimdan koʻzlarimni olib qochdim.
Shu ayol hayotimga suiqasd uyushtirdi. Tilini tiymaganning holi shu-da! Aytsam, ishonmaysiz. Uyga barvasta erkak kirib keldi. Oʻzi ayolga erkakning begonasi yoʻq, lekin bu erkak umuman begona. U kunoralab yana keldi. Ziyofat quyuq, hiring-hiring joyida. Bir vaqt ayolning: «Koʻchqorvoy oka, quymichimni ezvordingaz-ku!» degan nolasi eshitildi. Oʻsha kuni ayolga yordam berolmaganim uchun oʻzimni rosa koyisam-da, «Qoʻchqorvoy aka» degan ismni eslab qoldim. Halimbek aka ishdan kelganlarida «Koʻchqorvoy aka» deyaverdim. Avvalida u kishi e’tibor bermadi. Yana bir-ikki bor takrorlaganimdan soʻng, er xotinga qarab:
— Buning nima deyapti? — deb qoldi. — Qoʻchqorvoyi kim boʻldi yana?
— Ishxonangizdagi Qoʻchqorvoy-da, — dedi xotin beparvogina.
— Yaxshi, — dedi Halimbek aka parishonxotirlik bilan peshanasini qashib.
— Toʻxta, sen-ku Qoʻchqorvoyni tanishing mumkin, bu uni qaerdan taniydi?
Xotin tipirchiladi. Soʻzlashga soʻz qaxat. Uchqundan alanga chiqib, rosa tomosha boʻldi.
Ertasi kuni xotin meni mushukka yedirmoqchi boʻldi. Qafasni ochgan zahoti amallab qochdim va deraza pardasiga qoʻndim. Shippagini otgan edi, moʻljaldan adashib deraza oynasini sindirdi. Shu oyna koʻzidan chiqib qochdim. Daraxtdan-daraxtga qoʻnib, bolalar bogʻchasiga bordim-da, taqdirimni bogʻcha mudirasi bilan bogʻladim. Opa «bolalarga ovunchoq», deya meni qafasga solib, bir burchakka qoʻydi. Opa bu ishidan keyin bir pushaymonlar yedi, endi joyiga tushmaydi-da. U har kuni uyiga xalta-xalta narsa tashirdi. Keyin oshpazlardan bilsam, yulgʻich «bolalarning nasibasi»ni tashirkan. Shunda: «Ha, yashshamagur! — dedim ichimda. — Seni boplamasammi!»
Ota-onalarning shikoyati sabab, dilimni boʻshatuvdim, ertasiga opaning bu yerdan nasibasi uzildi...
Yangi mudira opa ancha ayyor ekan, sobiq kasbdoshining ishdan ketganligi sababini soʻrab-surishtirib: «Bizning oramizda sotqinlarga oʻrin yoʻq! Birovga vafo qilmagan, bizga vafo qilarmidi!» dedi.
Bu nutq menga qaratilgan edi. Shu kuni doʻkonga ravona boʻldim. Bunga zarracha achinganim yoʻq, faqat bolajonlarning koʻz yoshlari yuragimni ezib yubordi...
Uyida kitobdan boshqa hech vaqosi yoʻq kishiga ergashdim. U har kuni meni gapga soladi. Bilsam, yozuvchi ekan. Boshimdan oʻtkazganlarimni unga aytib berdim...
Kecha yozuvchi bir gazetani koʻrsatdi. Gazetada suratim bilan sarguzashtlarim chop etilgan. Shunda oʻyladim: «Gazetani koʻpchilik oʻqiydi, suratimni koʻradi va men haqimda bilib oladi. Mabodo yozuvchi bilan kelisholmay qolsak, tili bir qarich, ichida gap turmaydigan toʻtini kim sotib oladi? Hech kim! Nimagaki, hamma oʻzidan qoʻrqadi!»
|
"CHOR DARVESH" — Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan ishqiysarguzasht asar. Dastlabki nusxasi 18-asrda Oʻrta Osiyoda forsiy tilda nomaʼlum muallif tomonidan yaratilgan. "CHOR DARVESH"ning syujeti boshqa sarguzasht asarlarga oʻxshab roviy xarakterga ega. "CHOR DARVESH" muqaddima va xotimadan tashqari, 5 qismdan — Rum moliki Ozodbaxt va toʻrt darveshning sarguzashti tasviridan iborat. Ozodbaxt befarzand edi. Kunlardan bir kun taxt vorisi — farzand dogʻida yurgan Ozodbaxt kabriston ziyoratiga borib, toʻrt darveshga uchrab suhbatlashadi. Ulardan ikki nafari Ozodbaxtga oʻz sarguzashtlarini hikoya qiladi. Shundan soʻng podsho darveshlarni saroyga eltib, ziyofat beradi va qolgan ikki darveshning koʻrgankechirganlarini tinglaydi. Qissaxonlik ayni qizigan paytda saroy xodimi podshoh xotinlaridan biri farzand koʻrganligi haqida xushxabar keltiradi. Ozodbaxtning farzand koʻrishi, qissalar oxirida darveshlarning murodmaqsadlariga erishishi tafsilotlari "CHOR DARVESH"ning syujetini tashkil qiladi. Qissa ichida qissa shaklidagi bu asarda mardlik va jasorat, insonsevarlik va ilm-maʼrifat, yuksak axloq-odob targʻib etilib, xoinligu pastkashlik, nopokligu taʼmagirlik, boylikka ruju qoʻyish, xudbinlik qattiq qoralanadi. Farang, Rum, Shom podsholarining qizlari ayshishrat, rohat va farogʻatdan chin muhabbat yoʻlida sadoqatni, insonsevarlik, adolatpeshaligu haqiqatparvarlikni afzal biladilar, sodiq doʻst uchun jonfidolik qiladilar. Darveshlar siymosida ham ana shu xislatlar mujassam. Barcha sarguzasht qissalar singari "CHOR DARVESH" ham nasr nazm aralash tarzda bitilgan. 19-asrda "CHOR DARVESH" Bombay, Toshkent shaharlarida toshbosma usulda bir necha bor chop etilgan. "CHOR DARVESH"ning oʻzbekcha (Xiromiy dostoni), qozoqcha (Shodi Toʻra dostoni) hamda "Bogʻu bahor" nomida urducha (Mir Ammon Dexdaviy qissasi) variantlari ham yaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |