Tragediya(yun. Tragos – echki(taka), ado - qo’shiq)da asosan ilohiy kuchlar va mifologik qahramonlar o’rtasidagi murosasiz kurashlar falsafasi, yuqori tabaqa vakillari (podshohlar, shahzodalar, qo’mondonlar, dohiylar, yo’lboshchilar, boshliqlar, yetakchilar)ning fojialari aks etgan.
Drama(yun. drame-harakat) atamasi keng ma’noda – dramatik turni, tor ma’noda – drama janrini bildiradi. Drama, V.Belinskiy asoslaganidek, tragediya bilan komediya o’rtasidagi janrdir, u ma’shum falokatni ham, yumoristik va satirik kulguni ham talab qilmaydi. Balki hayot hodisalarini yuqori darajali tarzda, jiddiy holatda tasvirlaydi. Dramaning qahramoni ko’pincha hayotdagi oddiy kishilar, ularning dramatizmga to’la qismatlaridir. Ularning taqdirlarida ro’y beruvchi jiddiy konfliktlarning oqilona bartaraf qilinishidir. Agar tragediya qahramoni noilojlikdan halok bo’lsa, uni taqdir boshqarsa, drama qahramoni o’z irodasiga, xarakteriga muvofiq yakun topadi, uni tipik sharoit mantig’i to’liq asoslaydi.
Tragikomediya (tragediya va komediyaga xos xususiyatlarning birlashuvi) janrida inson fojeasini kulguli voqealar orqali ko’rsatish yetakchilik qiladi. Sharof Boshbekovning “Temir xotin” asarida “lovullab yonayotgan ayolning dod-faryodi, yetim qolgan bolalar yoki dardu alam girdobiga irg’itilgan ota-onalarni ko’rmaysiz. Yuraklarni qon qiluvchi sud jarayoni ham yo’q” (Sh.Boshbekov), unda qishloq ayolining uqubatli, og’ir hayoti kulguli (yumoristik va ba’zan satirik) voqealar (masalan, Alomat nomli temir-robotning taqdiri) orqali tasvirlanadi (ko’rsatiladi). Dramaturg o’z asarini “Jiddiy komediya” deb ataydi va “umuman inson fojeasi haqida komediya yozish” mumkinligini ham ta’kidlaydi. Bu ta’kidlar bitta xulosani isbot etadi, ya’ni sof adabiy janrlar bo’lmaydi, ularning barchasi hamkorlikda, o’zaro bog’liqlikda yashaydi.
Melodrama(yun.melos-ohang, kuy, drama-harakat), dastavval, musiqali drama asari sifatida yuzaga kelgan va undagi qahramonlar kuy jo’rligida so’zlashganlar (Shu sababli hozir ham Italiyada melodrama opera ma’nosida qo’llaniladi). Unga J.J.Russo “Pigmalion”(1762) asari bilan asos solgan. Bugungi kunda “kuchli ta’sir kuchiga ega bo’lgan, favqulodda voqealarga, tendensioz ahloq va keskin intrigalarga boy dramatik asarlar” (N.Hotamov, B.Sarimsoqov)ni melodrama deb yuritish rasm bo’lgandir. Ayniqsa, “Otalar so’zi aqlning ko’zi” teleko’rsatuvlarida bu janrlarning ko’plab namunalari ko’rsatilmoqda. Melodrama janrida ko’plab kinofilm (masalan, amerikaning “Arvoh”...)lar yaratilgan, ularda qatnashuvchi xarakterlarning holat va xatti-harakatlariga uyg’un holda musiqa chalinib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |