Reja: Fanning maqsad va vazifalari


Download 19.7 Kb.
bet1/3
Sana14.03.2023
Hajmi19.7 Kb.
#1267412
  1   2   3
Bog'liq
1-mavzu


  1. mavzu: Jahon etnologiyasining fanining predmeti, maqsad va vazifalari

REJA:

  1. Fanning maqsad va vazifalari

  2. Etnologiya fanining manbalari va tarixi



Etnologiyaning paydo bo‘lish tarixi. Har qanday fanning fan sifatida shakllanishi insonlar ehtiyoji bilan ma’lum ma’noda bog‘liqdir. Shubhasiz, bu holat etnologiya fani uchun ham taalluqlidir. Insoniyatning tarixiy taraqqiyoti davomida yashagan barcha etnoslar o‘ziga xos turmush-tarzi, urf-odatlari va an’analari bilan bir-biridan ajralib turgan. O‘tgan ming yilliklar mobaynida yig‘ilgan bilimlar shundan dalolat beradiki, yer sharida garchi turfa xil rasm-rusmlar va urf-odatlarga ega xalqlar yashashlariga qaramay, ularning barchasi tabiatning ajralmas bir qismi tarzida rivojlanganini va aynan tabiiy-geografik hamda xo‘jalik munosabatlari bilan bog‘liq holda o‘ziga xos etnomadaniy an’analarga ega bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Eng qadimgi davrlardan boshlab kishilar nafaqat o‘zlarining balki tevarak atroflarda va uzoq yurtlarda yashovchi el-uluslar, ularning madaniyati, an’ana va marosimlariga qiziqib, ular to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishga harakat qilganlar. Antik davr mualliflari ko‘plab empirik materiallarni yig‘ishga, turli-tuman xalqlarning xo‘jalik va madaniy belgilariga qarab tasniflashga intilganlar. Lekin o‘sha davr mualliflari asosan jangchilar, sayyohlar, elchilar va boshqa mamlakatlarda turli maqsadlarda bo‘lgan kishilarning xotiralari yoki bo‘lmasa o‘zga yurtlar to‘g‘risidagi turli-tuman rivoyatlarga asoslanib ma’lumotlar berganliklari bois ham ularning bizgacha qoldirgan ma’lumotlari ko‘pincha umumiy yoki mavhumiy xususiyat kasb etgan.
Etnologiya-xalqlar to‘g‘risidagi mustaqil fan sifatida XIX - asr o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Mazkur fanning aynan shu davrda paydo bo‘lishining o‘ziga xos sabablari mavjud. Avvalo, bu davrda dunyo qit’alari orasida iqtisodiy, madaniy aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, turli xalqlarning mustamlaka tuzum ta’siriga tushib qolishi va mustamlakachi davlatlarni o‘z mustamlakalarini osonlik bilan boshqarishga intilishi u yerlarda yashovchi mahalliy xalqlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishni talab qilar edi.
Qolaversa, o‘sha davrda buyuk geografik kashfiyotlarning amalga oshirilishi natijasida dunyoning turli mintaqalari orasida o‘zaro etnomadaniy taraqqiyotdagi o‘zaro farqlarni, boshqa ellarda yashovchi etnik guruhlarning o‘ziga xos etnopsixologiyasi va ularning etnik o‘zlikni anglash mexanizmi, tarixning ma’lum davrlarida u yoki bu xalqning tutgan o‘rni, sivilizasiyalar va madaniyatlar taraqqiyoti hamda tanazzulida etnik omilning o‘rni kabi muammolarni paydo qildi.
Ana shu muammolar va savollarning yechimi tarzida qator yangi nazariyalar va konsepsiyalar yaratildi. Bu esa etnologiyaning dastlabki ilmiy maktablari va yo‘nalishlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik mazkur ilmiy maktablar va yo‘nalishlar asosida xalqlar to‘g‘risidagi maxsus fan - etnologiya shakllangan. Etnologiya fanining nomi ham boshqa ko‘plab ijtimoiy-gumanitar fanlar kabi yunoncha- etnos (xalq) va logos (fan) so‘zlaridan olingan bo‘lib, «xalq to‘g‘risidagi fan» degan ma’noni bildiradi1. Etnologiyaning asosiy tadqiqot ob’yekti bo‘lgan «etnos» so‘zi ilk bor qadimgi grek tilida uchraydi. Taxminan mi­loddan avvalgi VI-V asrlarda bu so‘z kelib chiqishi grek bo‘lmagan urug‘ va qabilalarga nisbatan qo‘llanilgan. Aynan shu ma’noda bu ata­ma rim madaniyati va lotin tilida ishlatilgan.
XVIII asrning oxirlariga qadar etnos tushunchasi nihoyatda chegara­langan tarzda iste’molda bo‘ldi. Faqat XIX asrdan e’tiboran bu ter­min ilmiy adabiyotlarda «xalq» («narod») ma’nosida kengroq qo‘l­lani­la boshlagan.
XIX asrgacha "etnologiya" iborasi maxsus fanga nisbatan emas, balki onda-sonda turli etnografik jarayonlarni tavsiflash maqsadida ishlatilgan.
Darvoqe, «etnologiya» termini fanga ilk marotaba 1784 yil A.Shavann tomonidan olib kirilgan. Lekin ushbu fanning taraqqiyoti biroz keyingi davr bilan bog‘liq bo‘lib, fransuz olimi Jan Jak Amper tomonidan 1830 yilda "antropologik" (ijtimoiy) fanlarning umumiy tasnifini ishlab chiqish jarayonida xalqlar va ularning madaniyati to‘g‘risidagi yangi fanning nomlanishi tarzida maxsus izoh berilgan. Keyinchalik mazkur termin Yevropa davlatlariga juda tezlik bilan yoyilgan. Umuman etnologiya mustaqil fan tarzida bir qator etnologlar jamiyatlarining (jumladan, 1839 yil Parijda Fransiyadagi etnologlar jamiyati, 1842 yil AQSHda tashkil topgan Amerika etnologlar jamiyatining) tuzilishi bilan rasman tasdiqlangan2. Biroq, shundan keyin turli ilmiy maktablar va yo‘nalishlar o‘rtasida mazkur fanning fanlar tizimidagi o‘rni, tadqiqot mavzusi borasidagi masalalar borasida keskin munozaralar yuzaga keldiki, bu bahslar bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda. Mazkur bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan muammolar orasida fanning mazmuni va nomlanishi borasidagi masala alohida o‘rin tutadi.
Bugungi kunga kelib ayrim mamlakatlarda mazkur fan «etnologiya», yoki «etnografiya» deb nomlansa, qator g‘arb mamlakatlarida ushbu fanni «madaniy antropologiya» yoki «ijtimoiy (sosial) antropologiya» deb yuritish an’anaga aylangan. Ma’lumki, yaqin o‘tmishda sobiq Ittifoqda elshunoslik fani «etnografiya» deb nomlanib, mazkur sohada ilmiy tadqiqotlar olib borgan institut va ilmiy tadqiqot markazlari ham shu atama bilan yuritilar edi. Biroq o‘tgan asrning 90-yillaridan e’tiboran ushbu fanga nisbatan «etnografiya» atamasi bilan birga «etnologiya» atamasi ham qo‘llaniladigan bo‘ldi.

Download 19.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling