Reja: Iqtisodiy islohotlarning bosqichlari va undagi belgilangan vazifalar
Download 88.53 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2. O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni rivojlantirish yo‘lidagi chora-tadbirlar. 3. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar va fermer xo‘jaliklarining tuzilishi.
7-mavzu: Iqtisodiy islohotlar, xususiy mulkchilikning shakllanishi. O‘zbekistonda bozor munosabatlarining rivojlanishi. Agrar islohotlarning amalga oshirilishi: yutuqlar va muammolar. Reja: 1. Iqtisodiy islohotlarning bosqichlari va undagi belgilangan vazifalar. 2. O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni rivojlantirish yo‘lidagi chora-tadbirlar. 3. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar va fermer xo‘jaliklarining tuzilishi. 4. O‘zbekiston Respublikasida bozor munosabatlariga o‘tishning huquqiy asoslarini yaratilishi. O‘zbekistonning hayoti deyarli 130 yil mobaynida Rossiya imperiyasiga, Sovet tuzumiga, hokimiyat tepasiga kelib-ketib turgan rahbarlarning g‘ayriinsoniy siyosatiga, jamiyatdagi hukmron partiya tutgan yo‘lga bog‘liq bo‘lib keldi. Sovet Ittifoqi o‘z mohiyati bilan unitar imperiya bo‘lib, boshqaruvning faqat ma’muriy-buyruqbozlik usullaridan foydalandi. Undagi rahbarlik vazifasi geografik, siyosiy, iqtisodiy va etnik jihatdan Rossiya qo‘lida mujassamlashdi. SHunga binoan, markaz bilan etnik chekka joylar (shu jumladan O‘zbekiston ham) o‘rtasidagi munosabatlar asosan imperiyacha shaklida bo‘lib, ya’ni markazga mutloq bo‘ysunish holatida bo‘lib keldi1. Mustabid tuzum davrida davlat mamlakat boshqaruv tizimidan tortib, odamlarning kundalik turmushiga daxldor bo‘lgan barcha katta-kichik masalalarni hal etishni o‘z zimmasiga olgani uchun ham mamlakat taraqqiyoti sustlashib, xalq turmush darajasi kundan-kunga pasayib bordi. Davlatlashtirilgan iqtisod defitsitli iqtisodga aylandi. Mustaqillik arafasida eng zarur tovarlarning ilgari sezilmagan taqchilligi paydo bo‘ldi va shiddat bilan kuchayib bordi. Defitsit zamonaviy tovarlar u yoqda tursin, hatto kundalik ehtiyoj tovarlarni ham qamrab oldi, inflyasiya jarayoni kuchaydi. Iqtisodiyotdagi ob’ektiv qonuniyatlarning ko‘r-ko‘rona inkor etilishi ishlab chiqarishning o‘sishiga salbiy ta’sir qilib, tangliknikeltirib chiqaruvchi omillarning zo‘rayib borishiga sharoit tug‘dirdi. Mulkka nisbatan davlat monopoliyasining o‘rnatilishi, tovar-pul munosabatlaridan oqilona foydalana bilmaslik, uning o‘rniga ma’muriy taqsimlashga asoslangan partiya-davlat boshqaruv tizimining cheksiz hukmronligi xalqning bunyodkorlik xislatlari yo‘lida to‘g‘anoq bo‘ldi.Natijada, sobiq ittifoqda yillar davomida shakllangan xo‘jalik aloqalarining uzilishi ishlab chiqarish darajasining nihoyatda pasayib ketishiga olib keldi. Ittifoq tarkibidagi davlatlar ichida ayniqsa O‘zbekiston o‘zining bir yoqlama iqtisodiyoti bilan mavjud vaziyatdan chiqib ketishi ancha qiyin edi. CHunki respublikada ko‘p yillar davomida shakllangan xalq xo‘jaligi tarkibi, ya’ni unda paxta yakka hokimligining o‘rnatilgani, xomashyo resurslarining ittifoq ehtiyojlari uchun ayovsiz ishlatilishi, texnologik jihatdan oxiriga etkazilmagan va ishlab chiqarishning xomashyo yoki yarim tayyor mahsulotni tayyorlashga moslashtirilgani, aksariyat sanoat, hatto oziq-ovqat mahsulotlarining chetdan keltirilishi va boshqa bir qator sabablar respublikaning markazga qaramligini mustahkamlab, import mahsulotlarga ehtiyojning ortishiga olib keldi. Mashina-uskunalar u yoqda tursin, O‘zbekiston sharoitida etishtirish va tayyorlash mumkin bo‘lgan iste’mol mahsulotlarining asosiy qismi ham (masalan, don va go‘shtning 70, kartoshkaning 60, shakarning 100 foizi)2 respublikaga chetdan olib kelinardi. Hatto O‘zbekistonning o‘zida zaxiralari to‘lib-toshib yotgan osh tuzi ham tashqaridan keltirilardi. Respublikada yuzaga kelgan bunday holatni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tahlil qilib, jumladan shunday degan edi: “Bir necha o‘n yillar davomida respublikada ssenariysi uzoq markazda to‘qilgan qarorlar amalga oshirildi, “kampaniya”lar o‘tkazildi. O‘zbekistonning chinakam manfaatlari, o‘ziga xos sharoiti va imkoniyatlari pisand qilinmadi. Natijada xalq xo‘jaligining nuqsonli, bir tomonlama xomashyo tuzilmasi shakllandi. Respublika ayrim xomashyo turlarini, yoqilg‘i, asbob-uskunalar va texnologiyanigina emas, balki hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlarini, xalq iste’moli mollarini chetdan keltirishga majburdir”3. Boz ustiga, bu davrga kelib markaz o‘zining ko‘plab nuqsonlarini yashirish va mamlakatdagi mavjud etishmovchiliklarni o‘z bo‘ynidan soqit qilish maqsadida, oziq-ovqat, xalq iste’mol mollari va moddiy resurslar bilan ta’minlashni ittifoqdosh respublikalar zimmasiga majburan yukladi. Bu hol azaldan shakllangan xo‘jalik aloqalarining buzilishiga, tovar ayriboshlash tadbirlarining natura (mahsulot bilan ayirboshlash) shakliga o‘tishga olib keldi, mintaqaviy xo‘jalik yuritish g‘oyasini vujudga keltirdi va g‘ayriintegratsion jarayonlarga turtki bo‘ldi. Yillar davomida to‘planib qolgan va hal etilmagan ana shu ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar oxir-oqibatda respublikada tanglik holatini yuzaga keltirdi. “Bugun ochiq aytaversak ham bo‘ladi, - deb aytgan edi bu haqda keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov, - 1991 yilning oxiri va 1992 yilning boshida ko‘p narsalarda uzilish bo‘lib, juda og‘ir ahvolga tushib, naq ocharchilik ostonasida turar edik”.4 O‘zbekistonni bu iqtisodiy tanglikdan taraqqiyot yo‘liga chiqarish uchun, mamlakat iqtisodiy tizimini yangilash kerak edi, vaziyat eski mustabid-rejali iqtisoddan yangi bozor iqtisodiga o‘tishni taqozo etardi. SHunday o‘ta og‘ir vaziyatda, Islom Karimov O‘zbekiston rahbari etib saylanganining ertasi kuniyoq, 1989 yil 24 iyulda, hukumat majlisida nutq so‘zlab, respublikada vujudga kelgan o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ob’ektiv baho beradi va uning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilib, shunday mantiqiy xulosa chiqaradi: “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi”5. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining bu xulosasida O‘zbekistonning istiqboli uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni engib o‘tish, bu borada butun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekani yaqqol ifodalangan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida O‘zbekistonning sharoiti va manfaatlari hisobga olingan holda yangi dasturlar qabul qilindi. O‘zbekistonning yangi tarixida birinchi dastur 1990 yil oktyabr oyida O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining uchinchi sessiyasida qabul qilindi, u “O‘zbekiston xalq xo‘jaligini barqarorlashtirishning asosiy yo‘nalishlari va bozor iqtisodiga kirib borishning tamoyillari”, deb nomlanadi. Download 88.53 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling