Reja: Jamiyat va tarixning o‘zgaruvchanligining falsafiy jihatlari
Download 138.5 Kb.
|
Tarixiy jarayonlar
Tarixiy jarayonda jamiyatning madaniy va ma’naviy qadriyatlari. Jamiyat va tarix falsafasi Reja:
1. Jamiyat va tarixning o‘zgaruvchanligining falsafiy jihatlari. 2. Tarix falsafasining tuzilishi va funksiyalari. Demokratik davlat va fuqarolik jamiyatida nodavlat tashkilotlarning tutgan o‘rni. 3. Sivilizatsiya tushunchasining tahlili va turli yondashuvlar tasnifi. 4. Qadriyat tushunchasining tavsifi va mohiyati. Qadrlilik va qadrsizlanish, ularning ijtimoiy xarakteri. 1. Jamiyat va tarixning o‘zgaruvchanligining falsafiy jihatlari. Ma’lumki, har qanday ijtimoiy hodisaning mohiyatini va uning jamiyatning rivojlanish jarayonidagi o‘rnini faqat u butun jamiyatning rivojlanish jarayoniga bog‘lab, ya’ni umumiy tarixiy jarayon doirasida o‘rganilgan taqdirdagina tushunish mumkin. Bundan muqarrar tarzda butun insoniyat tarixiga tegishli bo‘lgan savollar kelib chiqadi: tarixiy rivojlanishning biron-bir maqsadi mavjudmi; jahon tarixi qaysi yo‘nalishda harakatlanadi; tarix biron-bir muayyan mazmunga egami? Bu savollarning barchasiga falsafaning «tarix falsafasi» degan nom olgan bo‘limi javob beradi. Hozirgi darsliklarda tarix falsafasining predmetini, uning tuzilishi va funksiyalarini yoritishga lozim darajada e’tibor berilmaganini hisobga olib, mazkur bo‘limni ayni shu muammolarning tahlilidan boshlaymiz. Bilimning integral shakli sifatida falsafa jamiyat, tarix va inson haqidagi muayyan-ilmiy tasavvurlarni sintez qiladi. U gumanitar fanlar – psixologiya, san’atshunoslik, semiotika, san’atga murojaat etadi. Tarix falsafasining asosiy vazifalaridan biri – o‘zgaruvchan va murakkab ijtimoiy dunyoda hayot mazmuniga doir mo‘ljallarni topish, insoniyat mavjudligining har bir muayyan davrida uning oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilashdir. Har bir inson va kishilik hamjamiyati hayotining burilish davrlarida uning oldida hayot mazmuni nimada degan savol ko‘ndalang bo‘ladi. Tarixning mazmun va mohiyatini anglab etish borasidagi ilk urinishlarga qadimgi faylasuflarning asarlarida duch kelish mumkin. Tarix ularning talqinida oldinma-ketin yuz beradigan voqealar majmui sifatida namoyon bo‘lgan. Tarix tavsifi ancha to‘liq bo‘lgan, ba’zan bo‘yab ko‘rsatilgan, lekin ularning hikoyatlari tarix haqida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini bermagan. Diniy an’ana tarixning butunlay boshqacha talqinini taklif qildi. O‘rta asrlarda ilohiy taqdir asosiy tarixiy kuch sifatida e’tirof etildi. Tarixiy voqealarning ichki mantiqi alohida mazmun kasb etdi: Xudo nafaqat tarixiy jarayonni boshqaradi, balki adashgan insoniyatga gunohlardan forig‘ bo‘lish, jannatdagi boqiy hayotga erishish yo‘lini ko‘rsatadi. Avreliy Avgustin o‘zining «Ilohiy shahar haqida» asarida boqiylik va muvaqqatlik, ilohiylik va dunyoviylikning birligi to‘g‘risida so‘z yuritadi. Uning fikricha, Iso Masih insoniyatga boqiylik sari yo‘l ko‘rsatgan. Tarixning mazmuni – boqiylikka eltuvchi yo‘ldan borishda, inson hayotining mazmuni esa – Xudoga xizmat qilish, gunohlardan forig‘ bo‘lishdadir. Ibn Xaldun tarixning mazmuni haqida mulohaza yuritar ekan, uni, inson hayotining mazmuni kabi, tarix tugaganidan keyingina aniqlash mumkinligini qayd etadi. Ammo, shunga qaramay, tarixning mazmuni haqida erkinlik, ijod tushunchalariga tayanib so‘z yuritish mumkin, deb hisoblaydi. Tarixning harakatida Ibn Xaldun ob’ektivlashuvning inson ustidan hukmini kamaytiradigan, uning erkinligi va ijodining tantanasini qaror toptiradigan jarayonlarni aniqlashga harakat qiladi. Tarixda mazmunning mavjudligi haqidagi tasavvur, shuningdek O‘rta asrlar falsafasi ilk bor ta’riflab bergan insoniyatning taraqqiyoti g‘oyasi ancha yashovchan bo‘lib chiqdi: u turli yo‘nalish va oqimlarga mansub faylasuflar tomonidan muayyan falsafiy ta’limotlar nuqtai nazaridan u yoki bu tarzda talqin qilingan. Tafakkurning tantanasi g‘oyasi insoniyat tarixining mazmuni sifatida Gegel tomonidan ham asoslangan. U tarixga mutlaq ruh, olamiy Aql taraqqiyoti sifatida yondashgan. Gegel fikriga ko‘ra, mazkur taraqqiyot o‘zining alohida vazifasini ado etishi lozim bo‘lgan ayrim xalqlar ruhi orqali amalga oshadi. Uning fikricha, tarixiy jarayon «aqlga muvofiq», ya’ni tasodiflardan yoki ayrim shaxslarning o‘zboshimchaligidan qat’iy nazar o‘ziga yo‘l ochadigan ob’ektiv qonuniyatlar bilan belgilanadi. Tarixning mazmuni mutlaq ruh o‘zini o‘zi anglab etishidadir, deb qayd etadi Gegel. Tarixning mazmunini aniqlash borasidagi keyingi izlanishlar amalda muayyan ideal tajassumi sifatidagi tarixning mazmuni haqidagi tezisning ko‘rinishlari hisoblanadi. Idealning mazmuni har xil, hatto qarama-qarshi bo‘lishi mumkin: texnokratik illyuziyalar, ommaviy iste’mol jamiyati ideali, axborot jamiyati ideali, xususiy mulk va ekspluatatsiyasiz umumiy tenglik jamiyati va h.k. Tarixning mazmunini aniqlash yo‘lidagi izlanish rang-barang ekanligiga qaramay, uning har bir talqini aholi muayyan qismining orzu-umidlariga mosdir. Tarixning mazmuni tushunchasining eng teran talqinlarini XX asr faylasuflari – K.Yaspers taklif qilgan. U jahon tarixining mazmunini davrlarning umuminsoniy aloqalarga asoslanadigan mazmun jihatidan bog‘lanishida ko‘radi. Mazkur bog‘lanishning mavjudligini tarixning mazmunini aks ettiradigan dunyoviy vaqt o‘qi kafolatlaydi. U Sharq va G‘arb madaniyatlarining umumiy asosi hisoblanadi. Yaspers jahon tarixida tillarning vujudga kelishi, mehnat qurollari ixtiro qilinishi, olovdan foydalanishga kirishilishi kabi to‘rt bosqichini farqlaydi:. Vaqt o‘qining boshlanishi Hindiston, Xitoy, Yunoniston, Markaziy Osiyo, Eron buyuk madaniyatlari deyarli bir vaqtda vujudga kelgan miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oralig‘idagi davrga mos keladi. Evropada fan-texnika davrining boshlanishi mazkur madaniyatlarning davomi (ma’lum ma’noda esa ularning ziddi) bo‘lgan. To‘rtinchi bosqichda insoniyatning birligi vujudga keladi. Bu davrda jamiyat insonga munosib bo‘lgan asoslar va tamoyillarga muvofiq rivojlanadi. Totalitarizmdan butunlay voz kechishga asoslangan huquqiy davlat mazkur birlikning kafili hisoblanadi. Tarixning mazmuni – umuminsoniy madaniyatni va vaqt o‘qining avvalida shakllangan an’analarni saqlash va rivojlantirishdadir. Bugungi kunda jamiyatning globallashuvi munosabati bilan tarixning mazmuni haqidagi masala yana kun tartibidan o‘rin olmoqda. Zamonlar va xalqlar aloqasini, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni qaror toptiradigan, ajdodlarning ma’naviy merosini saqlash va ko‘paytirishni, hozirgi avlodlarning erkinligi va ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan qadriyatlar tizimiga qarab mo‘ljal oluvchi g‘oyalar yana muhim ahamiyat kasb etmoqda. XIX asrda falsafadan sotsiologiya ajralib chiqa boshladi. Mazkur fan jamiyatni tushunishga nisbatan falsafiy yondashuvlarni asosan tan oladi va ayni vaqtda o‘z predmeti va tadqiqot metodlariga ega. Ijtimoiy tadqiqotlarning ob’ektivligiga erishish lozim, degan g‘oyani himoya qilgan O.Kont (1798-1857) fan sifatidagi sotsiologiya asoschisi. U sotsiologiyani ikki qismga ajratadi: birinchi qism ijtimoiy statikani, ya’ni ijtimoiy tizimlarning mavjudlik shartlarini va ularning amal qilish qonunlarini, ikkinchi qism esa – ijtimoiy dinamikani, ya’ni jamiyatning rivojlanish va o‘zgarish qonunlarini o‘rganadi. Ijtimoiy statika – odam organizmining tuzilishiga o‘xshab ketadigan jamiyat «anatomiyasi»dir. Kont jamiyatda oila, din, davlat kabi muhim institutlarni farqlaydi. U jamiyat rivojlanishining uch bosqichi qonunini ta’riflaydi. Mazkur bosqichlar insoniyat aqliy rivojlanishining uch bosqichiga mos keladi: teologik bosqich (u qadimgi davr va ilk O‘rta asrlarni qamrab oladi va XIII asrda tugaydi), metafizik bosqich (XIV-XVIII asrlar) va pozitiv bosqich (XIX asrda boshlanadi). Sotsiologiyada organik yo‘nalish asoschisi Gerbert Spenser (1820-1903) jamiyatga individlar birlashmasi sifatida yondashadi. Uning fikricha, eng moslashuvchan jamiyatlarning yashash uchun kurashini ijtimoiy taraqqiyotning asosiy qonuni deb hisoblaydi. U iqlim, tabiiy sharoitning ijtimoiy jarayonlarga ta’sirini o‘rgangan. E.Dyurkgeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan tarixni uning o‘ziga xos xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan. E.Dyurkgeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat borliqning alohida sohasi bo‘lib, u o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishga qodir emas. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib topadi: birinchidan, u moddiy va ma’naviy qadriyatlarni, ikkinchidan, ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar ekan, Dyurkgeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik (axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Maks Veber (1864-1920) o‘z sotsiologik qarashlarida Rikkertning borliq va ongning o‘zaro aloqasi zamirida sub’ektning qadriyatga bo‘lgan muayyan munosabati yotadi, degan g‘oyasiga tayangan. Shunga muvofiq Veber tahlil qilinayotgan materialning iqtisodiy, diniy va axloqiy qadriyatlar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash lozim deb hisoblagan. XX asrda M.Veber ilgari surgan tarixiy jarayonning teng huquqli omillari ta’siri haqidagi g‘oyasi asoslab berildi. Ijtimoiy rivojlanishning hozirgi bir qancha nazariyalari texnika, sanoat, axborot tizimlari, kommunikatsiya, globallashuv kabi omillarni birinchi o‘ringa qo‘yadilar. N.Jo‘raev (1952) fikricha, vaqt o‘tgan sari insoniyat tafakkuri kengayib, ijtimoiy fanlar taraqqiy topib borishi natijasida tarix falsafasi atrofidagi mulohazalar kengayadi. Uning predmeti va ob’ektiga aniqlik kiritiladi. SHu ilmiy haqiqatdan kelib chiqib, N.Jo‘raev hozirgi zamon tarix falsafasining quyidagi vazifalarini belgilaydi: - insoniyat tarixi rivojlanish qonuniyatlarini, ularning manbalari va mohiyatini o‘rganish; - insoniyat tarixini, jumladan, milliy tarixni ham hozirgacha ta’sirini o‘tkazib kelapyotgan kommunistik mafkura asosidagi ilmiy metodologiyada mavjud bo‘lgan tamoyillardan voz kechib, milliy istiqlol g‘oyasi asosida o‘rganish va davrlashtirish muammosini hal etish; - sivilizatsiyalar va madaniyatlar yuzaga kelishining yaxlit tizimini ishlab chiqish, ular inqirozi sabablarini chuqur tahlil etish; - tarixiy jarayonning umumiy shaklini tahlil etish, ularni o‘tmish, bugun, kelajak tizimida mantiqan o‘rganish hamda insoniyat istiqboli haqida tasavvurlarga aniqlik kiritish; - tarixiy taraqqiyot omillarini diniy va dunyoviy qonunlar nuqtai nazaridan o‘rganish, nazariy jihatdan baquvvat ilmiy va amaliy asoslangan xulosalarni ishlab chiqish; - qadriyatlar tizimini hozirgi zamon talablari nuqtai nazaridan tadqiq etish va baholash; - insoniyat tarixida to‘plangan moddiy, ma’naviy va madaniy qadriyatlarning tarixiy tahlili orqali mantiqiy va falsafiy asoslarini o‘rganish; - tarixni anglashning yangi yo‘nalishlarini hozirgi zamon falsafiy tafakkur mezonlari asosida belgilash hamda unga tayangan holda ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini aniqlash orqali, tarixning murabbiylik rolini oshirish; - yaxlit insoniyat taraqqiyoti omillarini va manbalarini o‘rganish, shu asosda jahon tarixiy taraqqiyot istiqbollarini belgilash; - tarix fani predmeti va metodologiyasini hozirgi zamon talablari asosida qayta ishlab chiqish hamda tarixni tadqiq etishning turli yo‘nalishlarini, jumladan, siyosiy tarix, iqtisodiy tarix, din tarixi, san’at tarixi, etnogenezis va boshqa yo‘nalishlar bilan mushtarak holda kompleks tadqiqotlarni olib borish orqali, inson, insoniyat va uning tarix yaxlit mohiyatini ochib berish[1]. Ana shu vazifalarni hal etishda tarix falsafasi va tarix fanining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Uning fikricha, bir qarashda tarix falsafasi va tarix fani bir-biridan ayri yo‘nalishdek ko‘rinadi. Zotan, real jarayonga, real voqelikka, insoniyat tarixida qaysidir hodisaga tarixchi tarix ko‘zi bilan qarasa, faylasuf faylasuf ko‘zi bilan qaraydi. 2. Tarix falsafasining tuzilishi va funksiyalari. Demokratik davlat va fuqarolik jamiyatida nodavlat tashkilotlarning tutgan o‘rni. Tarix falsafasining hozirgi konsepsiyalari orasida gnoseologik yo‘nalish (tanqidiy tarix falsafasi), ontologik konsepsiya, aksiologik konsepsiya, tarixning texnokratik konsepsiyalari alohida o‘rin egallaydi. Formatsion va sivilizatsion yondashuvlar tarixiy jarayon yo‘nalishini ayniqsa, to‘liq va teran aks ettiradi. Ayrim tadqiqotchilar ko‘rsatilgan yondashuvlarga muvofiq monadaga doir yondashuvni taxmin qiladilar. Insoniyat azal-azaldan jamoa bo`lib yashaydi. Er sayyorasi uning abadiy makoni, umumiy Vatanidir. Quyosh tizimidagi ana shu mitti sayyorada yashayotgan odamlar oilasini jamiyat deb atash odat tusiga kirgan. Demak, umumbashariy ma`noda jamiyat odamzodning umri, hayoti o`tgan hamma davri, joy va hududi bilan bog‘liq barcha o`zgarish va jarayonlarni ifoda etadi. Shu bilan birga, biror davlat hududidagi odamlar hayoti, tsivilizatsiyaning muayyan davrlaridagi turmushga nisbatan ham ushbu tushuncha qo`llanadi. Har qanday holda ham, u umumiy tushuncha bo`lib, ayrim odam va alohida shaxs jamiyat a`zosi deb ataladi. Jamiyat — tabiatning bir qismi, ya`ni ijtimoiy borliq bo`lib, odamlar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o`rtasida amal qiladigan juda ko`plab munosabatlar yig‘indisi, degan turlicha ta`riflar ham bor. Jamiyat muttasil ravishda rivojlanuvchi, takomillashib boruvchi murakkab tizimdir. Har bir yangi davrda jamiyat mohiyatini bilish zarurati vujudga keladi. Milliy mustaqillik tufayli jamiyat mohiyatini yangicha idrok etish ehtiyoji paydo bo`ldi. Prezident Islom Karimovning qator asarlarida jamiyat mohiyatini yangicha tushunishning uslubiy asoslari yaratildi. Jamiyatning vujudga kelishi. Kishilarni oila bo`lib, jamoa bo`lib uyushishga nima majbur qilgan, degan masala qadim zamonlardanoq ulug‘ mutafakkirlar e`tiborini jalb etgan. Bu masalani diniy tushunish — uni ilohiy kuch, xudo bilan bog‘lab izohlashdir. Insonning moddiy ehtiyojlari oziq-ovqatlar, kiyim-kechak, uy-joy, transport vositalari, o`zini himoyalash, zurriyot qoldirish kabilardan iboratdir. Ma`naviy ehtiyojlarga olamni bilish, o`zlikni anglash, dunyoqarash, donishmandlikka intilish, bilim, san`at, g‘oya, mafkura go`zallik bilan, ma`naviy kamolot yo`lidagi intilishlar kiradi. Insonning asl mohiyati moddiy ehtiyojlarni madaniy shakllarda qondirilishida yaqqol namoyon bo`ladi. Jamiyatning moddiy hayotiga quyidagilar kiradi: - kishilarning yashashi, shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur bo`lgan iqtisodiy shart-sharoitlar; - oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, yoqilg‘i, kommunikatsiya vositalari; - moddiy ne`matlar ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste`mol qilish; - ishlab chiqarish jarayonida kishilar o`rtasida amal qiladigan iqtisodiy munosabatlar majmui; - moddiy boyliklar, tabiiy zaxiralar. Jamiyatning ma`naviy hayotiga olamni tushunish, jamiyat va inson to`g‘risidagi qarashlar, nazariyalar, ta`limotlar, g‘oyalar, mafkura, ijtimoiy ong shakllari, ta`lim-tarbiya, axborot vositalari, madaniyat, ilm-fan muassasalari va boshqalar kiradi. Jamiyatning moddiy va ma`naviy hayotini boshqarish, kishilar o`rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda turli siyosiy institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, tashkilotlar, turli uyushmalar) muhim o`rin tutadi. Jamiyatni boshqarishning siyosiy-huquqiy jihatlari ham muhimdir. Kishilar tamonidan siyosiy va huquqiy bilimlarning chuqur o`zlashtirilishi jamiyatning barqaror yashashi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyat taraqqiyoti to`g‘risidagi nazariyalar. Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi Hegel jamiyatning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbax din bilan bog‘lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan. Frantsuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma`naviy taraqqiyotining uch bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan. K. Marks jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy kurash va inqilobiy o`zgarishlar bilan bog‘lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai nazardan tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun`iy ravishda mutlaqlashtirgan va ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida ijtimoiy inqilobni amalga oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday nazariyaning bir yoqlama va xato ekanini ko`rsatdi. Jamiyat taraqqiyoti ko`p bosqichli jarayon ekani to`g‘risidagi qarashlar AQSh faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko`ra jamiyatlar taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida tsivilizatsiyali yondashuv g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko`ra har bir xalq o`zining betakror, noyob, o`ziga xos va o`ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o`ziga xos modelini yaratadi. Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham xos. Har bir inson o`z oldiga qo`ygan maqsadlariga erishish uchun osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo`lgani kabi, jamiyat ham o`z oldiga qo`ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka ehtiyoj sezadi. Barqarorlik - jamiyat taraqqiyotining tadrijiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko`rsatish imkoniyatidir. U turg‘unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg‘unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma`naviy tizimning tanazzuli alomatidir. Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o`tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishi kishilar psixologiyasidagi salbiy o`zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo`qolishida, g‘oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo`lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o`z ifodasini topadi. Taraqqiyotning o`zbek modeli - jamiyatning tadrijiy rivojlanish kontseptsiyasi sifatida. Ijtimoiy rivojlanishning o`zbek modeli insoniyatning rivojlanish borasidagi ilg‘or tajribasiga, milliy davlatchilik tajribalarimizga va xalqimiz mentalitetiga tayanadi. Ijtimoiy rivojlanish borasida xalqlar odatda ikki yo`ldan — inqilobiy va tadrijiy yo`ldan borgan. Insoniyat tajribasi ijtimoiy rivojlanishning keskin inqilobiy o`zgarishlar yo`li nomaqbul va yaroqsiz ekanini, jamiyatning tadrijiy (evalyutsion) taraqqiyoti barqaror — tabiiy rivojlanish yo`li ekanini ko`rsatdi. O`zbek modelning asosiy tamoyillari quydagilardir: - iqtisodning siyosatdan ustuvorligi; - davlatning bosh islohotchi ekanligi; - qonun ustuvorligi; - kuchli ijtimoiy himoyalash; - bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich, tadrijiy yo`l bilan o`tish. O`zbek modelining o`ziga xos xususiyatlari davlatchilik asoslarining, milliy qadriyatlarning qayta tiklanishi, o`zlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, milliy mentalitetimizga xos xususiyatlarining tiklanishi va rivojlanishi, demokratik qadriyatlarning rivojlantirilishi va inson huquqlarining kafolatlanishi va boshqalarda o`z ifodasini topmoqda. Jamiyat va oila. Jamiyat va oila mohiyatan bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Oilada jamiyatning tub mohiyati o`z aksini topadi. Shu ma`noda, oilani kichik jamiyat deyish mumkin. Har bir jamiyat a`zosi oila bag‘rida voyaga etadi, ijtimoiy munosabatlarni o`zlashtiradi va insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga, mehnatga tayyorlash oilaning muqaddas vazifasidir. Oilani mustahkamlash jamiyat barqarorligi va qudratining muhim shartidir. Shu boisdan ham davlat oilani o`z himoyasiga oladi. Mustaqillik yillarida o`zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimiz xususiyatlariga mos bo`lgan yangi alifboga o`tish uning mavqeini oshirish va yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa, o`z navbatida, ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta`sir ko`rsatdi. Davlatning jamiyat hayotidagi o`rni va ahamiyati. Davlat - jamiyatni boshqarish, tartibga solish, ijtimoiy barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan alohida bir muassasadir. Davlat umuminsoniy qadriyat, insoniyat ma`naviy taraqqiyotining muhim yutug‘idir. Jamiyat ma`naviy salohiyatining yuksalib borishi bilan siyosiy boshqarish shakllari va usullari ham takomillashib boradi.O`zgargan tarixiy sharoitda davlatning mohiyati, mazmuni va vazifalariga yangicha yondashish zarurati vujudga keladi. Mustaqillik yillarida milliy davlatchilik an`analarining tiklanishi bilan davlatning tashkilotchilik, bosh islohotchilik faoliyati yangicha mazmun va ahamiyat kasb etdi. Fuqarolik jamiyatini barpo etish — O`zbekiston taraqqiyotining bosh maqsadi. Fuqarolik jamiyati kishilarning yuksak axloqiy-siyosiy va huquqiy madaniyatiga asoslanadigan demokratik jamiyat taraqqiyotining yuqori bosqichidir. Bunday jamiyat erkin uyushmalarning ko`pqirrali aloqasi bo`lib, davlat qonunlarini hurmat qilib bajaruvchi jamiyat tarkibiga kiruvchi elementlarning nisbiy mustaqilligiga asoslanuvchi, turli ziddiyat va ixtiloflarni qonun doirasida o`zaro kelishuv, sabr-toqat va muzokaralar orqali hal etishga asoslanuvchi jamiyatdir. Fuqarolik jamiyati umuminsoniy tamoyillar, milliy davlatchilik xususiyatlari, o`ziga xos turmush tarzi va hayot falsafasi negizida qaror topadi. O`zbekiston milliy mustaqilligining dastlabki yillaridanoq yurtimizda fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ydi. Fuqarolik jamiyatida davlatning qator vazifalari fuqarolarning o`z-o`zini boshqarish organlari qo`liga o`ta boshlaydi, mahalliy hokimiyat organlarining vakolati kengayadi. Fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish kishilarning yuksak siyosiy va huquqiy madaniyati, ijtimoiy-siyosiy faolligiga tayanadi. Mamlakatimizda mahalla hokimiyat organlarining tashkil etilishi, ular vakolatining kuchaytirilishi xalqimizning o`z-o`zini boshqarish, idora etish madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla kishilarda yaxshi insoniy fazilatlarini kamol toptirish, o`z-o`zini boshqarish, demokratik qadriyatlarni ro`yobga chiqarish maktabidir. Urf –odat, rasm-rusm, an`ana va marosimlarning ma`naviyat bilan o`zaro ta`siri shundaki, oqilona jamiyatning taraqqiyot darajasiga mos keladigan an`ana va marosimlar ma`naviyatni boyitishga, rivojlantirishga xizmat qiladi. Ma`naviyat falsafasi uning tarkibi, mazmuni va mohiyatini tahlil qilishdan tashqari, uning ijtimoiy hayotdagi o`rnini tahlil etishni ham taqozo qiladi.Jamiyat taraqqiyotida ma`naviyatning o`rni naqadar muhimligini shundan ham bilib olsa bo`ladiki, bu taraqqiyot o`zaro uzviy bog‘liq ikki jarayon, ya`ni moddiy ishlab chiqarish va ma`naviy boyliklar ishlab chiqarishning birligidan iborat. Fan falsafasi. Jamiyatning ilmiy salohiyatini oshirish. Fan ilmiy bilimlar tizimidir. Fan o`zining ilmiy tushuncha uslublari va metodologiyasiga ega bo`lgan, olamni bilish va o`zlashtirishning maxsus usuli, ilmiy bilimlar tizimidir.Fanning mohiyatini, inson va jamiyat hayotidagi o`rnini bilishda uning quyidagi xususiyatlarini e`tiborga olish muhimdir: - inson faoliyatining o`ziga xos turi; - alohida ijtimoiy institut sifatida fan ilmiy bilimlar yig‘indisi; - insoniyatning ma`naviy salohiyati, olam, tabiat, jamiyat va inson to`g‘risidagi tasavvur va qarashlarni shakllantiradi; - olamni o`zlashtirish va o`zgartirish vositasi hisoblanadi. Fanga olam va odamning mohiyatini bilishning yagona vositasi deb qarash, uni ijtimoiy ongning boshqa shakllariga qarshi qo`yish ham butunlay xatodir.Fan taraqqiyoti insoniyatga faqat qarovonlik, yaxshilik keltiribgina qolmay, cheksiz musibat va mahrumliklar ham keltirishi mumkin.Terrorizm butun insoniyat hayotiga jiddiy tahdid sola boshladi. Ilmiy kashfiyotlarning salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun ijtimoiy – falsafiy tafakkurga “fan etikasi”tushunchasi kirib keldi.Olimlar va tadqiqotchilar ilmiy kashfiyot oqibatlari uchun mas`uliyatni his etishi, fan taraqqiyotining falsafiy muammolarini oqilona hal etishga intilishi hozirgi davrning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Download 138.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling