Reja: Jamiyatning ijtimoiy tarkibiy tuzilishi, sotsial stratifikatsiya va sotsial mobillik tushunchalari


Download 54.84 Kb.
bet1/2
Sana16.06.2023
Hajmi54.84 Kb.
#1498073
  1   2
Bog'liq
madaniyat


Ijtimoiy tuzilmalar sotsiologiyasi
Reja:
1. Jamiyatning ijtimoiy tarkibiy tuzilishi, sotsial stratifikatsiya va
sotsial mobillik tushunchalari.
2. Yoshlar sotsiologiyasi tushunchasi.
3. Deviant xulq-atvor sotsiologiyasi tushunchasi.

Jamiyat – kishilar hayotiy faoliyatining tarixiy rivojlanish shakli bo’lib, o’z tuzilishi jihatidan murakkab tizimni tashkil qladi. Bizning hozirda yashab turgan jamiyatimizni sotsial tizimning muayyan konkret shakli sifatida, uning funktsional va rivojlanish qonuniyatini, har bir bo’lakchalarinig o’ziga xos tomonlarini, o’zaro munosabatlarini ilmiy jihatdan o’rganib, to’g’ri boshqarish muhim ahamiyatga egadir. Chunki, o’z vaqtida keyingi oqibati oldindan sotsiologik asosda tahlil qilinmagan va oldi olinmagan nuqsonlar jamiyat taraqqiyotining salbiy oqibatlariga olib keladi.


Sotsiologiya tarixda jamiyat – o’z ijtimoiy ehtiyojlarini qondiruvchi kishilar birligi sifatida tushunilgan. Shu bilan birga, jamiyat ayrim kishilarning birligiga emas, balki ijtimoiy munosabatlar majmuasi hamdir.
Sotsiologiya jamiyat to’g’risidagi ta‘limot bo’lib, ijtimoiy tizimlar rivojlanish va funktsional qonuniyatlari, harakatlantiruvchi kuchlarini o’rganuvchi fandir. U turli ijtimoiy hodisalar, jamiyat va tabiat o’rtasidagi aloqadorlikni, shuningdek, shaxs kishilarning ijtimoiy hulqi, uning elementlari va rivojlanish qonuniyatlarini o’rganadi.
Avvalo biz jamiyatni sotsiologik nuqtai-nazardan quyidagicha o’rganamiz:
1) Jamiyatning tuzilishi va tarkibi o’rganiladi (ya‘ni jamiyat qanday kishilardan iborat, ular qancha va qanday sinf yoki tabaqalarga mansubligi ko’iladi);
2) Jamiyatda istiqomat qlayotgan kishilarning hatti-harakatlari nimalardan iborat (ya‘ni, ularning o’zaro munosabatlaridagi xarakterlari ko’riladi). Bunda biz jamiyatda istiqomat qilayotgan kishilarning faoliyatlarini tasodifiy emas, balki aynan o’sha jamiyat qonuniyatlari asosida rivojlanib borishini ta‘kidlashimiz kerak.
Jamiyatdagi kishilarning qanday tabaqalarga taqsimlanishi, ushbu jamiyatning qanday kishilardan iborat ekanligi, jamiyat ichki faoliyatida kishilarning o’zlarini qanday tutishlari va o’zaro munosabatlarning qay darajada ekanligi, alohida bir kishilarning hatti-harakatlarini qanday kuchlar boshqarib turishligi –kishilarning o’zaro munosabtlaridagi xarakterining o’zagini tashkil etadi.
3) Jamiyat taraqqiyoti uning rivojlanishi nuqtai-nazaridan o’rganiladi. Dunyodagi barcha hodisalar vaqtlar o’tishi bilan o’zgaradi. Taraqqiyotning misli ko’rilmagan sur‘atlar bilan rivojlanib borishi jamiyatdagi o’zga ikkinchi yoki uchinchi bir qadriyatlar bilan qorishitirib yubormoqda. Kechagi avlodning yashash tarzi bugungi avlodnikiga mos kelmay qolmoqda, bugungi avlodniki esa ertangi avlodning yashash tarziga mos kelmaydi. Shuning uchun jamiyatni to’liq tushunish uchun nafaqat uning tuzilishi va rivojlanishini, balki uning o’tmishini, ya‘ni tarixini ham sinchiklab o’rganish, bu jamiyatning qanday tarkib topganligini, qanday shakllanganligini, rivojlanganligini bilish jamiyatni to’liq tushunmoqlikka imkon yaratadi.
Jamiyat ijtimoiy hodisaning umumiy va murakkab sistemasidir. Ijtimoiy faoliyatning belgilangan sotsial statusiga ega bo’lgan, o’zida ijtimoiy me‘yor va qadriyatlarni aks ettirgan, individual sifatlarga /shaxsning ijtimoiy belgisi, qiziqishlari, qadriyatlar yo’nalishi, shaxs motivlari va hokazo/ ega bo’gan shaxslar jamiyatning elementi hisoblanadi.
Jamiyat umumiy tabiiy-tarixiy tizim sifatida o’zida ishlab chiqarish kuchlari va iqtisodiy munosabatlarning ijtimoiy, mafkuraviy, siyosiy strukturalarining organik birligini tashkil etadi. Kishilarning turli ijtimoiy guruhlarining o’zaro birligi yoki jamiyat tizimining tabiiy-tarixiy xarakterini belgilashda muhim omil hisoblanadi. Jamiyatning har bir sohasi ishlab chiqarish taraqqiyotida ma‘lum bir funktsiyalarni bajaradi: iqtisodiy munosabatlar – ijtimoiylashuvini /sotsializatsiya/, siyosiy munosabatlar – ijtimoiy boshqaruvni /elementlar nazorati/, mafkuraviy munosabatlar – ma‘naviy ishlab chiqarish funktsiyasini va b.
Sotsiologik nazariya barcha ijtimoiy tizimlarni 1) sotsietal; 2) ijtimoiy munosabatlarda ko’radi. Sotsietal tizimlarga jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va mafkuraviy munosabatlari kiradi. Ularning har biri bir-biri bilan aloqada bo’lgan aniq bir strukturaga ega bo’ladi. Jamiyatning sotsietal tizimi – ierarxik qaramlikni tashkil etadi, ya‘ni iqtisodiy munosabat bunda belgilovchi omil bo’lib, ijtimoiy, siyosiy va mafkuraviy munosabatlar uning ishlab chiqrailuvchisi bo’ladi.
Sotsietal tizimlar o’z tarkibiga ko’ra quyidagicha joylashtiriladi: 1/ iqtisodiy; 2/ ijtimoiy; 3/ siyosiy; 4/ mafkuraviy;
Sotsietal tizimlarning bir-biri bilan o’zaro uzviy aloqada bo’lishi dialektik xarakterga ega. A.Smit «Dunyodagi barcha narsalar mehnatning mahsulidir, mehnat taqsimoti natijasida har bir individ o’zi uchun ishlaydi va boshqalar uchun ishlashga ham majbur bo’ladi, u boshqalar uchun ishlaganda, aksincha, o’zi uchun ham ishlaydi» deydi. Shuning uchun aynan shu tizimda ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlari, bazis va ustkurma, ijtimoiy ong kabi falsafiy kategoriyalar ishlatiladi.
Sotsiologik nuqtai-nazardan jamiyat – bu kishilarning, birlikda yashash va o’zaro bir-biri bilan ijtimoiy aloqada bo’lib, o’z faoliyatlarida bir-biriga ta‘sir ko’satuvchi uyushmasidir.
Jamiyat tashkil topishi uchun eng kamida ikki kishi bo’lishi kerak, bu jamiyatning oddiy ko’rinishi bo’lib, uning murakkab shakllarini shakllantirib boradi, ya‘ni oilaning qurilishi bu oddiy jamiyat, bu jamiyatda A.Smit ta‘rifi bo’yicha jamiyat a‘zosi ham o’zi uchun, ham o’zga bir kishilar uchun ishlaydi, murakkab jamiyatning shakllanishiga o’z hissasini o’z oilasi bilan birga qo’shadi. Bu misollarni yana partiyalar tuzilishida, diniy yoki zamonaviy guruhlarning paydo bo’lishida ko’rib borishimiz mumkin, qaysidir bir dinning rivojlanishi natijasida dindorlar jamiyati oddiylikdan murakkablik sari boradi, partiya tashkilotlari va guruhlar tuzilishida ham aynan shunday sotsietal tizim munosabatlarini ko’rib borishimiz mumkin.
Jamiyatning «ijtimoiylik» tizimi unsurlar sifatli munosabatlarini hodisalar ham jarayonlarda aks ettiradi. «Ijtimoiylik» tizimining asosiy unsurlarini ijtimoiy jamoalar tashkil etadi, ya‘ni bular sinflar, millatlar, professional, demografik, hududiy va siyosiy guruhlardir. «Ijtimoiylik» tizimining elementini kishilar tashkil etadi. Bunda har xil ijtimoiy jamoalarga birlashgan kishilar bir-birlari bilan o’zaro aloqadorlikda bo’ladilar. Ushbu aloqadorlik jarayonida kishilar ma‘lum bir individga va ma‘lum bir mehnatga ta‘sir o’tkazadilar.
Jamiyatni tushunish va jamiyat to’g’risidagi fikrlar O.Kontning sotsiologik nazariyasida ham aks ettirilgan. O.Kont, D.Yum, A,Smit, Russo, Sen-Simonlarning jamiyat to’g’risidagi nazariyalarini rivojlantirdi. O.Kont sotsiologiyada psixologiya, siyosiy iqtisod, etika, falsafa tarixi fanlarining tushuncha va metodologiyasi sintezlashtiriladi.
Jamiyat – o’zaro munosabatda bo’lgan «zarrachalar», «elementlar», «atomlar»ning /avtomatik/ harakatda bo’gan mexanizmi deb qaraladi.
Individ hatti-harakatlari va qiziqishlarini O.Kont abstraktsiya deb hisoblaydi.
Ijtimoiylikning ajralmas unsuri sifatida inson emas, oilani olib, oila jamiyatning ijtimoiy organizmining birligini tashkil etadi.
Bu yerda kishilarning o’zaro aloqdorligi /«assotsiatsiya» emas, balki ajralmas birligi hukmronlik qiladi, deb Kont o’z fikrlarini davom ettiradi./
Jamiyat to’g’risidagi qarashlarini G.Spenser /organitsistik jamiyatni tabiatning organizmi analogi deb qarab, ijtimoiy hayotni biologik qonuniyatlarning belgisi sifatida qarash/ ta‘limot nuqtai-nazaridan olib qaraydi. Jamiyatning taraqqiyoti biologiyaning yangi yutuqlari bilan shakllanib, rivojlanib boradi. «Jamiyat a‘zolari jamiyat farovonligi uchun xizmat qilishi emas, balki jamiyat jamiyat a‘zolari farovonligi uchun xizmat qilishi kerak» deb Spenser individualizm organitsistik kontseptsiyasiga yondoshadi, - insonni sotsiologiyaning eng asosiy muammosi sifatida olib qaraydi. Jamiyat tabiat fenomenining umumlashmasi sifatida, uning taraqqiyoti /evolyutsiya/ differentsial bo’laklar va funktsiyalarning tabiiy jarayoni sifatida qaraladi. Individualizmning ahloqiy-ijtimoiy muammosi yangi muammo bo’lib, differentsiallashgan jamiyatda individ kam ishtirok etadi, evolyutsiya unga tug’ilgan muammoni yechishga ruxsat etib turadi.
XIX asrda «jamiyat» tushunchasi yangi ma‘no bilan boyitildi. Jamiyat taraqqiyotining mexanik strukturasi organik strukturasi bilan birgalikda olib qaraladi. Muammoni yechish yo’lini sotsiologlar jamiyatning ikki yo’nalishini tarixiy nuqtai-nazardan o’rganib, ikki qarama-qarshi tendentsiyani: an‘anaviy va zamonaviy jamiyat turlarini bir-biri bilan solishtirib o’rganadilar. Bunday jamiyat yo’nalishini Tyonnis va Dyurkgeym «status» va «kontrakt» /shartnoma/ dixotomik g’oyalarini ilgari surgan holda o’ganib chiqadilar. Tyonnis o’zining «jamoa» va «jamiyat» dixotomiyasida organitsistik metodologiyani mujassamlashtirgan. Uning kontseptsiyasida individning umumiylikka yoki individlarning ichki umumiylikka munosabatlari to’g’risida so’z boradi. Erkinlik yoki «mohiyatan» yoki «saylangan» bo’lib, «mohiyat erkinligi» birligi /samost/, «organizm va organik bo’laklarga xos» birlikni tashkil etadi, har bir ushbu birlikni aks ettiradi va jamoa gemanshaft uchun yashaydi. Aksincha, har bir ijtimoiy munosabtlar yuqori turuvchi, qaramog’ida ma‘lum bir kuch va imkoniyatlarga ega bo’lgan sun‘iy individni namoyon qilib, natijada jamiyat ijtimoiy umumiylik nuqtai-nazaridan fikr yuritadi. Jamiyatni ikki xil tushunish to’g’risidagi dixotomiyada, ya‘ni keng ma‘noda «jamoa»ni jamiyatga qo’shib va tor ma‘noda «jamoa» ni jamiyat tarkibidan chiqarib, Tyonnis turli xil ijtimoiy aloqa va ta‘limotlarni tahlil qildi. Tyonnis davlat tushunchasini jamiyat bilan o’zaro aloqadorlikda ko’radi, tarixiy taraqqiyot jarayonida barcha yirik rivojlangan davlatlar «birlik» tendentsiyasi sari intilib boradi deb qaraydi. Bu bashoratmi yoki bilishmi, har qalay hozirgi kunda Yevropa iqtisodiy ittifoqini tuzish uchun rivojlangan davlatlarning o’zaro muzokaralr olib borib, ba‘zi bir muvaffaqiyatlarga erishganini hisobga oladigan bo’sak, bu nafaqat Tyonnisning, balki sotsiologiya fanining jamiyatni o’rganishdagi haqiqiy yutug’i deb hisoblash mumkin.
Mana shu dixotomiyani Tyonnisdan keyin Dyurkgeym ham qo’llab-quvvatlab, uni rivojlantirdi. Agar Tyonnisni jamoaning organizm bilan mos kelmasligi qiziqtirib, jamiyatni tasavvur qilishda u ijtimoiy birlik dixotomiyasiga amal qilgan bo’lsa, Dyurkgeym ijtimoiy aloqaning organik va mexanik turlarini bir-biriga qarama-qarshi qo’yadi va jamiyatni bir qadar ijtimoiylikning tabiiy va organik turi deb e‘lon qiladi. Dyurkgeym jamiyatdagi birlikni «tiniq ahloqiy hodisa» deb talqin qilib, jamiyatning ahloqiy mustahkamligini o’z tadqiqotlarining asosiga, markaziga qo’yadi. Mexanistik va organistik birlikni farqlash uchun ikki xil xulosaga keladi: 1/ guruhlarning barcha a‘zolari ozmi yoki ko’pmi ma‘noda e‘tiqodlar va hissiyotlarning jamlanmasini tashkil etadi, natijada kollektiv turini hosil qiladi; 2/ jamiyat – bu turli maxsus funktsiyalarning tizimidir.
Organik birlikning mexanik birlikdan farqi shundaki, u mehnat taqsimoti natijasida vujudga keladi. Mehnat taqsimoti ijtimoiy birlikning oliy funktsiyasi sifatida ahloqiy funktsiyalarni vujudga keltiradi, «shaxs individualligi»ning vujudga kelishi va rivojlanishini ta‘minlaydi.
Jamiyat va uning rivojlanish qonuniyatlari to’g’risida ko’pgina sotsiologlar o’z ta‘limotlarini yaratganlar, jamiyat to’g’risidagi nazariyalarni boyitib, o’zlarining ulkan hissalarini qo’shganlar. Bular Zimmel, Parsons, Lumi, Chikago maktabi namoyandalari va boshqalar.
Sotsiologiyada jamiyatning quyidagi yo’nalishalri mavjud: 1/ mexanitsistik. 2/ organitsistik. 3/ kulturologik.
1. Jamiyatning mexanitsistik yo’nalishi XIX asrda vujudga keldi. Mexanitsistik yo’nalishda klassik mexanika kontseptsiyasi, olamni mexanik talqin qilish, jamiyat rivojlanishi qonuniyatlarini asosan fizik va mexanik qonuniyatlar asosida deb bilish bilan asoslanardi. Mexanitsizm tarafdorlari, T.Kern jamiyat strukturasini va undagi jarayonlarni noorganik olam bilan solishtirib, shuning asosida jamiyat qonunlarini yaratishga harakat qildilar. Tabiiy fanlarning rivojlanishi natijasida mexanitsizmda yangi «energetik» va «termodinamik» degan terminlar paydo bo’ldi. Mexanitsizm namoyondalari asosan aniqlikka rioya etishni o’z vazifalari deb bilib, miqdor va statistik metodlarga suyanib jamiyat qonuniyatlarini belgilaydilar.
2. Jamiyatning organitsistik kontseptsiyasi XIX asr oxiri XX asr boshlarida vujudga kela boshlagan. Bu ta‘limotga ko’ra, jamiyatni organizm bilan aynan bir narsa deb qarash tashkil etadi. Jamiyatni unsurlarning bo’laklardan agregati deb qarab, organizm, nisbiy avtonomiyalardan iborat bo’lgan, amma yagona tamoyillarga asoslangan jamiyat dinamikasini yaratadi. Organitsistik jamiyat kontseptsiyasining namoyondalari O.Kont, G.Spenser, E.Dyurkgeym va boshqalar.
3. Ijtimoiy axloq normalari va qadriyatlarning tarixiy murakkablashishi natijasida ushbu ijtimoiy tizim madaniyatni vujudga keltiradi. Madaniyat – ijtimoiy-tarixiy amaliyot jarayonida insoniyat yaratgan va yaratayotgan, hamda jamiyat taraqqiyotida tarixan erishilgan bosqichni xarakterlaydigan moddiy va ma‘naviy qimmatdorliklar majmui. Moddiy madaniyat – texnika ishlab chiqarish tajribasi, ishlab chiqarish jarayoni vujudga keltirilgan moddiy qimmatdorlik majmuidir. Ma‘naviy madaniyat – fan, san‘at va adabiyot, falsafa, axloq, maorif va boshqalar sohasida ma‘naviy qimmatdorliklar majmuasidir. Madaniyatning vujudga kelishini naturalistlar /tabiatshunos/ insoniyatning tabiiy tabiatida deb biladilar. Boshqa bir guruh sotsiologlar insoniyatning ahloqiy taraqqiyotida, ahloqiy tomonida bo’ladi deb bildilar. Madaniyat tushunchasidan kelib chiqqan holda kulturologik jamiyatning vazifasi kollektivning maqsadli tuzilish darajasini qiyoslab, uning dinamikasini yoritish, «ijtimoiy» fakt ekanligini ko’rsatishdan iboratdir. «Kulturologik» jamiyat har qanday ijtimoiy faoliyatga asoslangan maqsadli komplekslarning aspektiga diqqat bilan qaraydi. Kulturologik jamiyatning funktsiyasi o’zaro aloqadorlikni sistemali ravishda izohlab, sharhlab beradi.kulturologik jamiyat to’g’risida M.Veber, G.Zimmel, F.Tenburk, V.Lipp, Y.Vays va boshqalar o’z sotsiologik qarashlarida fikrlar bildirganlar.
Ijtimoiy hayot nisbatan mustaqil, barqaror, funktsional va rivojlanish qonuniyatlariga ega bo’lgan ijtimoiy tizimlar birligidan iboratdir.
Ijtimoiy tizim – murakkab ichki tuzilishga ega bo’lib, tartibli, bir butun, o’ziga xos ijtimoiy aloqadorlik va turli ijtimoiy munosabatlar birligini tashkil qiladi. Har qanday ijtimoiy tizim o’zining tarkibiy tuzilishiga ega. Jamiyatning ayrim tarkibiy tizimlari, masalan: iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma‘naviy, ijtimoiy turmush, fan va boshqa shu kabi sohalarida, to alohida olingan insongacha bo’lgan ijtimoiy tizimlar shular jumlasidandir.
Ijtimoiy tizimlarning rivojlanishi tabiiy-tarixiy jarayon tarzida boradi. Har bir ijtimoiy tizim boshqasining, yuqori darajadagi tizimning tarkibiga kiradi. O’zi esa quyi, kichik tartibdagi tizimlarni o’z takribiga oladi. Jamiyat hayotida biron bir ijtimoiy tizim alohida ravishda boshqalaridan, ijtimoiy muhitdan ajragan holda yashay olmaydi.
Har bir ijtimoiy tizim o’zgarmas va abadiy emas. Ular tarixiy taraqqiyoti davomida doimo o’zgarib, rivojlanib boradi. Ichki, tashqi funktsional va ziddiyatli munosabatda bo’ladi. Har qanday ijtimoiy tizim o’zining tarkib topish, rivojlanish, gullab-yashnash va tanazzuliga ega bo’ladi.
Ijtimoiy tizimlarga tarixiylik xos bo’lib, tarkibidagi element va mayda tizimlarning o’zaro aloqadorligi, ziddiyatliligi – ularning rivojlanishi mohiyatini belgilaydi. Tashqi o’zaro aloqadorlik ham ijtimoiy tizimlararo munosabatlar asosini tashkil qiladi.
Alohida olingan inson va jamiyat hayotidagi barcha ijtimoiy jarayonlar tizimi o’rtasidagi munosabatlar o’zaro ierarxik tuzilishga egadir. O’zaro ierarxik tuzilish ularni boshqarish imkonini beradi.
Ijtimoiy tizimlar maqsadga yo’nalganligi, moslashuvchi, ochiq, o’zini qayta tiklash, funktsional va rivojlanish kabi o’ziga xos xususiyatlarga ega. Har bir ijtimoiy tizim tashqi ijtimoiy muhit bilan doimiy aloqadorlikda bo’ladi. Kishilar, ijtimoiy voqelik, jarayonlar va g’oyalar ijtimoiy muhit elementlari sifatida namoyon bo’ladi.
Hozirgi yangi ijtimoiy munosabatlarning tarkib topishi jarayonida ijtimoiy muhit sotsiologik jihatdan tahlil qilish masalasi muhim ilmiy ahamiyatga egadir.
Ijtimoiy tizimlar o’zlarining ijtimoiy vazifalari, funktsiyalari bilan o’zaro farq qiladi. Ular muayyan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ahloqiy va boshqa qonuniyatlar asosida faoliyat ko’rsatadilar.
Parsons fikricha, ijtimoiy tizim, eng avvalo, faoliyatli tizimdir. Masalan, iqtisod, siyosat, huquq kabi o’zaro ta‘sirida bo’luvchi ijtimoiy tizimlar ahloqqa, ma‘naviyatga faol ta‘sir ko’rsatadilar.
Har qanday ijtimoiy tizimlarda ikki tipdagi funktsional vazifa va rivojlanish qonuniyatlari amal qiladi. Ularning funktsional va rivojlanish xususiyatlari ikki omil – ichki va tashqi omillar bilan belgilanadi. Ichki omillarga birinchi navbatda tizim va uning komponentlari, komponentlarning o’zaro munosabati kiradi. Tashqi omillarga ijtimoiy tizimlarning tashqi muhit bilan aloqadorligi kiradi.
Ijtimoiy tizimlarning tashqi muhit bilan o’zaro aloqadorligi ularning asosiy mavjudlik va yashash sharti hisoblanadi. Tashqi ijtimoiy muhit muvozanatini saqlashi va o’zgarishini hisobga olish bu ijtimoiy tizimlarning funktsional vazifa o’zgarishi va rivojlanishini sotsiologik tadqiq qilishda birinchi darajali ahamiyatga ega.
Demak, sotsiologiyada ijtimoiy tizimlarni ichki va tashqi jihatdan tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Jamiyatning moddiy ishlab chiqarish jarayoni bu – sotsiologiyada ijtimoiy tizim sifatida olib qarab o’rganiladi. Moddiy ishlab chiqarish tizimi – ijtimoiy hayot sohasi bo’lib, kishilarning moddiy ne‘matlar ishlab chiqarish faoliyat bilan bog’liq. Moddiy ishlab chiqarish – jamiyatning iqtisodiy asosi bo’lib, iqtisodiyot bilan bog’liq bo’lgan barcha tizimlar va ular o’rtasidagi munosabatlarni o’z ichiga oladi.
Siyosiy tizim – jamiyatni boshqarish bilan bog’liq bo’lgan tizim hisoblanadi. Bu tizim tarkibiga barcha siyosiy tashkilotlar: davlat, huquqiy organlar/ sud, prokuratura, militsiya, qamoqxona va boshqlar/, siyosiy munosabatlar kiradi.
Ideologik munosabatlar ham ijtimoiy tizim sifatida ma‘naviy hayot qirralarini o’z ichiga oladi. Uning tarkibiga ma‘naviy munosabatlar va ular bilan bog’liq bo’lgan tashkilotlar: madaniy muassasalar, fan, mafkura, qadriyatlar kiradi.
Jamiyatning ijtimoiy tuzilishi bu ijtimoiy tizimlar va ularning elementlari o’rtasidagi ijtimoiy aloqalar turini tashkil qiladi. Ijtimoiy munosabatlar mafkurasini ifodalaydi hamda turli ijtimoiy guruhlar, mehnat taqsimoti, ijtimoiy institutlar xarakterini aks ettiradi.
Jamiyat, uning tizimlari o’ziga xos tarkibiy tuzilishga ega bo’lib, ularning asosiy komponenti inson hisoblanadi. Kishilar ijtimoiy hayotining turli sohalarida – iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma‘naviy, oila turmushda faoliyat ko’rsatadilar. Ularning asosida esa ijtimoiy tarkiblar tuziladi. Ijtimoiy tizimlarning murakkabligi, tarkibidagi elementlarning soni ko’pligi bilan emas, balki, asosan, bu elementlar o’rtasidagi o’zaro aloqa va munosabatlar xarakteri bilan belgilanadi.
Har qanday ijtimoiy jarayonlar inson faoliyati bilan bog’liq muayyan ijtimoiy birlik sifatida uyushgan kishilarning katta-katta guruhlari: (sinflar, millatlar, milliy-etnik, ijtimoiy-demografik; nisbatan kichik tizimlar: o’quv-tarbiyaviy, oila-turmush va boshqa guruhlar; ijtimoiy tashkilotlar, birlashmalar, ittifoqlar) – jamiyatning ijtimoiy tarkibini tashkil qiladi. Ular tarixiy rivojlanish bosqichlarida turli ijtimoiy asoslarda shakllanadilar. Yashash sharoitiga, rivojlanish xususiyatlariga, ijtimoiy ehtiyojga, manfaatlarga va muayyan maqsadga ega bo’ladi. Ijtimoiy tizimlar zanjirida turli o’ziga xos halqaga ega bo’ladilar. Ichki tashkiliy tuzilishi, xarakteri, funktsional va rivojlanish darajasi, turmush tarzi, faoliyat shakli va usullari bilan qadriyatlar tizimi, norma, g’oyalari, qarashlari va boshqa jihatlari bilan farq qiladilar.
Jamiyatning ijtimoiy tarkibini konkret – tarixiy davr kesimida olib qarash talab qilinadi. Chunki, turli tarixiy davrlar ijtimoiy tarkibi o’zaro sifat va xususiyatlari bilan farq qiladi.
Jamiyatning ijtimoiy tarkibini sotsiologik jihatdan o’rganishda uni uch ma‘noda: eng umumiy, maxsus keng va xususiy tor ma‘noda olib qarash zarur.
Umumiy ma‘nodagi ijtimoiy tarkib – jamiyatning bir butun tarkibini tashkil qiladi.
Ikkinchi maxsus keng ma‘nodagi ijtimoiy tarkibga ijtimoiy-tarixiy birlik majmuasi va ular o’rtasidagi aloqa, munosabatlar kiradi. Bu tarkib milliy-etnik, ijtimoiy-demografik, mutaxassislik va boshqa shu kabi kishilar guruhlarini o’z ichiga oladi.
Tor, xususiy ma‘nodagi ijtimoiy tarkib tushunchasiga mehnat jamoalari, hududiy birlik, nisbatan tez o’zgaruvchan guruhlar kiradi.
«Sotsiologiyaning umunazariy muammolari» asarida amerikalik sotsiolog T.Parsons jamiyat tarkibiy tuzilishining funktsional modelini ishlab chiqdi. Unga muvofiq, har qanday ijtimoiy tizim quyidagi to’rtta tarkibiy ierarxik darajadan iborat:
«Birlamchi» yoki «texnik» daraja ijtimoiy tizim elementlarining bevosita aloqadorligini ifodalaydi.
Boshqaruv yoki «menedjerial» daraja, birlamchi darajadagi ijtimoiy tizimlar elementlarining o’zaro aloqadorligini tartibga solib turadi. Bu daraja tashqi tarkibiy aloqalar bo’g’inlari bilan munosabatlar o’rtasida vositachilik rolini bajaradi. Ijtimoiy tartibni nazorat qiladi, kuzatadi, kishilarning moddiy jihatdan ta‘minotini boshqaradi.
«Institutli», daraja yanada umumiyroq, masalalar bilan shug’ullanadi. Bunga turli boshqaruv institutlari va rahbariyat, ma‘muriy idora organlari, ularning vakillari kiradi.
Oliy darajadagi, umudavlat darajasidagi jamiyat tashkilotlari. Bunga davlat, hokimiyat, huquqiy va boshqa tashkilotlar kiradi. Ular quyi darajalar ustidan nazorat qiladi va ularni tartibga keltiradi. Parsons sotsiologik maktabi qarashicha, jamiyat hayotidagi funktsional tizimlardan iborat. Bu maktab vakillari dinning jamiyat hayotidagi funktsional ahamiyatiga ham baho berganlar. Din – jamiyatning «bir butun» holda bo’lishiga xizmat qiladi- deb ateizmga jamiyatning bir butunligini buzuvchi, nomutanosibligini keltirib chiqaruvchi omil sifatida qarashgan.
Sotsiologiyada ijtimoiy birlik tushunchasi ostida jamiyat ijtimoiy tarkibidagi barcha tizim va elementlarni tushunish mumkin. Ular o’zaro xarakteri, ijtimoiy ko’lami va jamiyat hayotida tutgan o’rni bilan farq qiladi.
Sotsiologiyada jamiyat hayotini o’rganishda ijtimoiy tashkilotlar, institutlar kabi tushunchalardan ham foydalaniladi.
Sotsial institut /lotincha – institutum, ruscha lug’aviy ma‘nosi - ustanovleniya/ o’zbekcha ma‘nolarda, birinchidan nizom, qoidalar yoki ularning to’plamini, ikkinchidan, mahkama, muassasalarni bildiradi. Sotsial institut tushunchasi sotsiologiyaga huquqshunoslik fanidan kirib kelgan. Yurisprudentsiyada sotsial institutlar deyilganda,- ijtimoiy-huquqiy munosabatlarni idora qiladigan huquqiy normalar /merosxo’rlik, mulkka egalik, oila va nikoh institutlari/ tushuniladi.
Sotsial institutlarni konkret tashkilot va guruhlardan farqlash lozim. Yuzaki ko’rinishda, sotsial institut muayyan vazifani bajaruvchi odamlar, muassasalar, idoralar majmui sifatida gavdalanadi. Mazmuniga ko’ra esa, sotsial institut shaxslarning konkret vaziyatlarda amal qiladigan maqsadga muvofiq, rasmiy va norasmiy, barqaror, standartlashgan tamoyil, normalar, o’rnashmalarini bildiradi.
Sotsial institut, qisqacha ta‘rifda, odamlar sotsial tashkillashgan va regulyatsiya qilinadigan faoliyatlarini anglatadi. Sotsial strukturaga kiruvchi har bir sotsial institut muayyan ijtimoiy ahamiyatdagi vazifalarni ado etish uchun tashkil topadi, har bir sotsial institut faoliyat maqsadi, unga erishishni ta‘minlovchi konkret funktsiyalar, ushbu institutga xos bo’lgan sotsial pozitsiya va rollar, shuningdek, maqsadga muvofiq, kerakli hatti-harakatlarni rag’batlantiruvchi deviant /og’ma/ hatti-harakatlarga qarshi qaratilgan taziyiqlar /sankatsiyalar/ tizimi tavsiflanadi.
Jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ma‘naviy, hukukiy va halqaro sohalariga xos bo’lgan sotsial institutlarni ajratib ko’rsatish mumkin. Siyosiy institutlar muayyan hokimiyat mavjudligini, iqtisodiy institutlar esa moddiy ne‘matlarning ishlab chiqarilishining taqsimlanishini ta‘minlaydi. Jamiyatning muhim institutlaridan biri – oila hisoblanadi. Uning faoliyati /ota-onalar, ota-onalar va bolalar o’rtasidagi tarbiya usullari/ huquqiy va ijtimoiy normalar bilan belgilanadi. Bundan tashqari jamiyatda bir qator ijtimoiy-madaniy institutlar /maorif, sog’liqni saqlash tizimlari, madaniy-tarbiyaviy muassasalar, fan, din institutlari/ amal qiladi.
Sotsial institutlar sotsial muhit bilan o’zaro ta‘sirda bo’ladi. Bu o’zaro ta‘sir normal tarzda, shuningdek, normaning buzilishi sharoitida ham bo’lishi mumkin. Har qanday real jamiyatda normativ tartibotga bo’ysunmaydigan anomik hodisalar bo’lish tabiiydir.
Amal qilish doirasi va vazifalariga qarab sotsial institutlarning quyidagi ko’rinishlarini ajratib ko’rsatish mumkin:
Relyatsion institutlar. Bu institutlar jins va yoshdan tortib to kasb-mashg’ulot turi va qobiliyati mezonlariga asosan jamiyatning rolga oid tarkibini aniqlab beradi;
Integrativ /uyg’unlashtiruvchi/ sotsial institutlar. Bu institutlar bir butun tuzumga jamiyat manfaatlarini qondirishga mas‘ul bo’lgan sotsial rollarni ifodalaydi;
An‘anaviy sotsial institutlar.bu institutlar odat, marosimlar va qarindosh-urug’chilik tomonidan qat‘iy belgilangan normalar bilan bog’liqdir.
Madaniy sotsial institutlar. Din, san‘at, adabiyot bilan bog’liq;
Sotsial institutlarning bajaradigan asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
a/ jamiyat a‘zolarini takror ishlab chiqarish, qaytadan tiklash;
b/ sotsializatsiya /individga ijtimoiy ahamiyatli bo’ladigan qadriyat va normalarni yetkazishning turli xil shakllar/;
v/ tartibga rioya qilish va ahloqni saqlab turish;
Jamiyat taraqqiyotning har bir bosqichi unga mos bo’lgan muayyan sotsial institutlar amal qilishini taqazo etadi. Hozirgi zamon tsivilizatsiyasi tomon qadam tashlayotgan mustaqil mamlakatimizda yangi maqomga monand bo’lgan sotsial institutlar shakllanishi jarayoni ro’y bermoqda. Bular iqtisodiy sohada – bozor iqtisodiyoti amal qilishiga xizmat qiladigan sotsial institutlar, siyosiy sohada – demokratik hokimiyat turli bo’g’inlari faoliyatini ta‘minlovchi sotsial institutlar, jamiyat barcha jabhalariga yangi jamiyat tarziga hozirlovchi turli xil sotsial institutlardir. Prezident I.A.Karimov izchil tadbiq qilayotgan kontseptsiyaga muvofiq, yangi sotsial institutlar an‘anaviy sotsial institutlarga mutlaqo qarama-qarshi qo’yilmasdan, balki jamiyatimizning o’tmishi, hozirgi va kelajagi vorisligini ta‘minlashga xizmat qiladigan, jamiyatdan begonalashmagan, mamlakatimiz mintaqasiga mos keladigan sotsial institutlar faoliyatiga yo’l ochib berilmoqda.
Sotsial institutlari singari sotsial tizim amal qilishini ta‘minlaydigan ijtimoiy strukturaning asosiy «hujayra» laridan biri sotsial tashkilotlardir. Sotsial institutlardan farqli ravishda, sotsial tashkilotlar odamlarning ish jarayonida muayyan vazifalarni bajarishdagi ixtiyoriy yoki majburiy uyushmasi tushuniladi.
Sotsial tashkilotning boshqa sotsial guruhlashuvlardan farqi uni tashkil etuvchi individlar qat‘iy ravishda muayyan sotsial rol va pozitsiyalarni ijro etishlaridadir. Sotsial tashkilotlar individlarning ehtiyoj va manfaatlarining ma‘lum bir qat‘iy me‘yorda qondirilishiga xizmat qiladi.
Sotsiologiyada maxsus yo’nalish sotsial tashkilotlar ikki bo’ladi: rasmiy va norasmiy tashkilotlar ajratiladi. Rasmiy tashkilot maxsus ma‘muriy apparatga ega bo’ladi. Bu ma‘muriy apparatning asosiy vazifasi – tashkilot mavjudligini ta‘minlash. Bunday individ birinchi navbatda shaxs emas, balki maxsus sotsial rolni ijro etuvchi tashkilotning bo’lagidir. Tashkilot nechog’lik katta va murakkab bo’lsa, ma‘muriy apparat ham shu darajada murkkab vazifalarni bajaradi. Tashkilotning byurakratlashuv darajasi ma‘muriy muammolarni hal qilish uchun sarflanadigan kuchlar bilan tashkilot maqsadiga erishish uchun sarflanadigan kuchlar miqdorlarining nisbatiga bog’liqdir. Ayrim hollarda ma‘muriy maqsadlar tashkilotning asl maqsadlarini mutlaqo chetlashtirishlari ham mumkin. Bunday hol tashkilotda jamiyatga emas, balki o’z-o’ziga xizmat qlishga «beparvolik»ka olib keladi.
Sotsial tashkilotlarda qat‘iy byurokratik tamoyillarga asoslangan tashkiliy ierarxik /tashkilot a‘zolarining bir-biriga nisbatan bosqichma-bosqich rasman tobelikda/ munosabatlardan tashqari norasmiy munosabatlar ham mavjuddir. Bu munosabatlar qat‘iy ma‘muriy qoidalar tizimi sharoitida tashkilot samaradorligini oshiradi va quyidagi ijobiy vazifalarni bajaradi: ish vazifasiga ko’ra bo’ysinuvchi individlar va mansabdor shaxslar o’rtasida vujudga kelishi mumkin bo’lgan ziddiyatlarni yumshatadi, tashkilot a‘zolarining birdamligini mustahkamlaydi, shaxsiy qadr-qimmat hissini saqlab qoladi.
Sotsiologiyada tashkilotlarni tahlil qilishda uch asosiy yondoshouvni ajratib ko’rsatish mumkin: ratsional, tabiiy v neratsional yondashuvlar.
Ratsional yondashuv nuqtai nazaridan tashkilot «asbob» aniq qo’yilgan maqsadlarga erishish vositasi deb qaraladi. Tashkilot bu holda bir-birlarini almashtirishlari mumkin bo’lgan, lekin bu bilan tashkilotning butunligiga, yaxlitligiga daxl etmaydigan alohida mustaqil bo’laklar yig’indisi, majmui deb qaraladi. Ratsional yondashuv ko’p hollarda tashkilotda mavjud bo’lgan norasmiy munosabatlarni inobatga olmaydi.
Ratsional yondashuv farqli o’laroq, tabiiy yondashuv tarafdorlari tashkilotni «tabiiy butunlik», o’ziga xos organizm sifatida o’rganadilar. Bu organizm uchun tabiiy o’sish, o’z mavjudligini davom ettirish va tizim muvozanatini saqlab qolishga intilish xosdir. Bu nuqtai-nazarga ko’ra, tashkilot qo’yilgan maqsadlariga erishgandan keyin ham o’z mavjudligini davom ettirishi mumkin. Asosiy vazifa tashkilotdagi muvozanatni ta‘minlashdir. Tashkilotga tabiiy yondashuvda norasmiy munosabatlarga ko’proq e‘tibor beriladi.
Har ikki yondashuvning ijobiy tomonlarini qo’shishga intilish natijasida yangi yondashuv – tashkilotning neratsional modeli vujudga keldi. G’arb sotsiologiyasida Blau, Gouldner va boshqalar ratsional va tabiiy yondashuvni qo’shishni, tashkilodagi ratsionallik va norasmiy munosabatlarni uyg’unlashtirishni yoqlab chiqishdi.
Ingliz sotsiologlardan biri A.R.Radkliff-Braun jamiyatni faoliyatdagi tirik organizm sifatida qarab, uning tarkibiy tadqiqi ijtimoiy birliklar funktsiyasi tadqiqidan ajralmas, deb hisoblaydi. U jamiyatning quyidagi asosiy tarkibiy tuzilishini boshlang’ich asos sifatida olib qaraydi:
Jamiyat mavjud bo’lishi va yashashi uchun uning a‘zolari o’rtasida minimal birdamlik bo’lishi zarur; ijtimoiy hodisalarning funktsiyasi ijtimoiy guruhlar o’rtasida birdamlikni, hamjihatlikni yaratish, tutib turish va shunga xizmat qlishdan iborat.
SHundan kelib chiqib, ijtimoiy tizimlarning qismlari, elementlari o’rtasida o’zaro munosabatlarning minimal darajagacha birligi va muvofiqligi saqlanishi zarur.
Jamiyatning har qanday tipi inson faoliyatining turli ko’rinishlari va tarkibiy jihatlarini namoyon qiladi, hamda ularning muvofiqligini saqlab turadi._
Radkliff-Braunning yuqorida ko’rsatilgan kontseptsiyasini har qanday ko’rinishdagi ijtimoiy tarkib va ijtimoiy voqelikdagi tartibli tizimga tadbiq qilish imkoniyati bor.
Jamiyat ijtimoiy tarkibiy tuzilishini o’rganishga tarkibiy-funktsional yondashish ijtimoiy tizimlarining nafaqat oshkora funktsiyalarini, balki oddiy munosabatlarda ko’zga tashlanvermaydigan yashirin, salbiy xarakterdagi funktsiyalarini o’rganishni, ularni bartaraf etish yo’llarini, neytrallashtirish imkoniyatlarini izlab topish vazifasini ham ichiga oladi. Ijtimoiy rivojlanishning tarkibiy funktsional ziddiyatlagini aniqlash, tadqiq qilish masalasi ham ijtimoiy munosabatlar sotsiologiyasida muhim o’rin tutadi. Sotsiologik tadqiqotlar orqali bunday ziddiyatlarini hal etib borish jarayonida olingan har qanday sotsial ob‘ektning ichki tuzilishiga putur yetkazmaslik, ijobiy funktsiyalarini saqlab qolish juda ham muhimdir.
Har bir ijtimoiy guruh, ayrim olingan shaxs, ham jamiyat ijtimoiy tarkibida o’z o’rniga ega bo’ladi. Shaxs o’zining jinsi, yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi, ma‘lumoti, mutaxassisligi, oilaviy ahvoli, millati va boshqa shu kabilar bilan muayyan ijtimoiy tarkibiga kiradi.
Jamiyatning ijtimoiy tarkibi – ijtimoiy guruhlar, ularning ijtimoiy hayotdagi o’z mavqei bilan farq qiluvchi tomonlari majmuasidan iboratdir. Juda qadim zamonlarda jamiyat turli guruhlardan iborat bo’lgan. Masalan, qadimgi Hindistonda jamiyat yuqori tabaqa – braxmanlar, o’rta tabaqa – kshatriylar/jangi toifasi/ va shudralar /qora xalq/dan iborat guruhlarga ajratilgan. Qadimgi yunon faylasufi Aflotun eramizdan avvalgi IV asrda jamiyat a‘zolarini 3 guruhga ajratib ko’rsatgan: faylasuflar /yuqori tabaqa bo’lib, davlatni boshqaruvchilar sifatida/, harbiy jangchilar va quyi tabaqa – qullar.
G’arb sotsiologiyasida jamiyat ijtimoiy takribi sotsial stratifikatsiya tushunchasi asosida o’rganiladi. Stratifikatsiya / lotincha strato – qatlam va fatsio – bajarish ma‘nosini anglatadi/ g’arb sotsiologiyasining asosiy tushunchalaridan biri va maxsus sohasi bo’lib, jamiyat ijtimoiy tarkibining ijtimoiy tabaqalarga, guruhlarga ajratilganini, jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni ifodalaydi.
Sotsial stratifikatsiya nazariyasi marksizm sotsiologiyasining sinflar va sinfiy kurash nazariyasiga zid bo’lib, jamiyatning sinflarga bo’linishi sababi mulkiy munosabatlarda ekanligiga tabiiy-tarixiy qonuniyat sifatida qaraydi. Bu sinflarni ijtimoiy qatlamlar va guruhlarning ma‘lumoti, psixologik jihatlari, turmush sharoiti, ijtimoiy bandlik, daromadi va shu kabi xususiyatlari bilan farqlaydi. Sotsial stratifikatsiya nazariyasida bir xil, bitta alomati bilan o’zaro farq qiluvchi guruhlarni o’rganishda «bir o’lchovli stratifikatsiya» bilan, ko’plab xususiyatlari orqali farq qiluvchi guruhlarni «ko’p o’lchovli stratifikatsiya» dan ajratib ko’rsatiladi.
Sotsial stratifikatsiya nazariyasi dastlab E.Dyurkgeym, G.Spenser, F.Giddings, P.Sorokinlarning ilmiy faoliyati natijasida shakllandi va rivojlandi. E.Dyurkgeym o’zining «ijtimoiy mehnat taqsimoti» (1893) asarida shunday yozadi: «O’z-o’zidan, tabiiy kuch asosida kishilar layoqatiga ko’ra farq qilinadilar. Boshqacha bo’lishi mumkin emas. Shunday qilib, har bir individning layoqati va ularning holati o’rtasida uyg’unlik tarkib topadi»._ P.Sorokin ham «Sotsiologiya tizimi» asarida sotsial stratifikatsiya xususida shunga o’xshash fikr bildirgan.
Sotsial stratifikatsiya nazariyasi amerikalik sotsiolog T.Parsons tomonidan yanada rivojlantirildi. «Stratifikatsiya, - deb yozadi T.Parsons, - ijtimoiy tizim tarkibiy ziddiyatining asosiy yuzaga keltiruvchisi»._
Hozirda B.Barber, D.Bell, V.Vilchek, R.Darendorf, G.Mireal, O.Toffler, A.Turen, L.Uorner kabi yirik Amerika va G’arbiy Ovrupo sotsiologlari sotsial stratifikatsiya nazariyasining rivojlanishi o’z hissalarini qo’shganlar.
Sotsial stratifikatsiya nazariyasining namoyondalari hozirda g’arb mamlakatlarida jamiyatni burjuaziya va proletariatdan iborat antoganistik sinflarga bo’linganligini rad etadilar. Uning o’rniga jamiyat «yuqori», «o’rta» va «quyi» sinflar va ijtimoiy qatlamlarga bo’linganligi to’g’risidagi kontseptsiyani ilgari suradilar. Masalan, G’arbiy Germaniyalik sotsialog R.Darendorf jamiyatni boshqaruvchi va boshqariluvchilar toifasiga ajratib ko’rsatadi. O’z navbatida boshqaruvchilar toifasi ikki guruxdan: mulkdor boshqaruvchilar va mulkdor bo’lmagan boshqaruvchilar – ma‘muriy byurokrat menedjerlardan iborat, hisoblaydilar. Boshqariluvchilar toifasi ham ikki guruhdan: yuqori – «ishchi aristokratiyasi» va quyi – malakasi past darajadagi ishchilardan iborat. Bu ikki ijtimoiy toifa o’rtasida «yangi o’rta sinf» mavjud bo’lib, u boshqaruvchilar va ishchi aristokratiyasining qo’shilishidan shakllanmoqda, deb fikr bildiradi.
Sotsial stratifikatsiya nazariyasi hozirgi zamon sotsiologiyasida differentsiatsiyaning murakkab tarkibi va tizimlarini o’rganishda muhim ahamiyatga ega.
Jamiyatning ijtimoiy tarkibi turli ijtimoiy birliklar o’rtasida o’zaro muonsabatlarni ham ifodalaydi. Masalan, ijtimoiy-sinfiy, guruhlararo /sinflar, ijtimoiy guruhlar tabaqalar, qatlamlar/, ijtimoiy-demografik /yoshlar, o’rta yoshlilar, keksalar, ayollar, erkaklar/, ijtimoiy-etnik /millatlar, halqlar/, ijtimoiy-professoinal /kasbga qarab: o’qituvchilar, injenerlar, tibbiyot xodimlari, temirchilar, kosiblar va shu kabi/ va ijtimoiy-hududiy /mintaqa, shahar, qishloq, tuman, mahalla aholisi/ shular jumlasidandir.
Jamiyat ijtimoiy tarkibidagi ijtimoiy guruhlar o’zaro moddiy ne‘matlarning taqsimoti va iste‘mol qilish darajasi bilan farq qiladi. Bu darajalarni sotsiologiya doirasida o’rganish davlatning ijtimoiy siyosat yuritishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ular o’rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Demak, sotsiologiyada ijtimoiy guruhlar hududiy, tarmoqli /soha/ va ijtimoiy mavqe kabi yo’nalishlarda tadqiq qilinadi. Masalan, markaziy shaharlarda, poytaxtda yashovchi aholi turmush sharoiti tuman markazlari va qishloq sharoitida yashovchi aholi turmush sharoitidan keskin farq qiladi. Shu jihatdan, ayrim markaziy shaharlar aholisining turmush darajasi, iste‘mol darajasi, madaniy va maishiy imkoniyatlari ayrim viloyat shahar va qishloqlarining aholisining turmush darajasi yuqori. O’z navbatida, har bir hududiy birlikda yashovchi aholi tarkibi ham o’zaro soha va mavqei darajasi, iste‘mol darajasi, madaniy va maishiy imkoniyatlari bilan farq qiladi. Yuqori qatlamdagilarning turmush darajasi quyi qatlamdagilardan baland bo’ladi. Bu esa kishilarning, ijtimoiy guruhlarning quyidan yuqori darajaga tabiiy ongli intilishiga olib keladi.
SHu o’rinda g’arb sotsiologiyasida keng o’rganiladigan sotsial mobillik tushunchasi xusuida to’xtalib o’tish talab etiladi.
Sotsial stratifikatsiya nazariyasiga asos solgan va uni yanada rivojlantirishga o’z hissalarini qo’shgan, yuqorida nomlari keltirilgan g’arb sotsiologlari sotsial mobillik to’g’risida ham o’z fikrlarini bildirganlar.
P.Sorokin o’zining “Inson. Tsivilizatsiya. Jamiyat” asarida alohida bobni sotsial stratifikatsiya va sotsial mobillikka bag’ishlagan. “Sotsial mobillik” tushunchasi sotsiologiyaga birinchi bor 1927 yilda P.A.Sorokin tomonidan kiritilgan. Uning qarashicha, sotsial mobillik kishilarning ijtimoiy pog’onalardan ikki yo’nalish bo’yicha harakat qilishidir. Birinchisi, vertikal yo’nalishda bo’lib, unda yuqori va past darajalarga qarab, ikkinchisi esa gorizontal yo’nalishda bo’lib, unda bir ijtimoiy darajadagi o’zgarishni anglatadi. Frantsuz sotsiologlari P.Bertu va R.Burdonlar ham sotsial mobillikning jamiyat hayotining rivojlanishidagi muhim ahamiyatini ko’rsatib berganlar. Keyingi yillarda rus sotsiologlaridan akademik T.I.Zaslavskaya va professor R.V.Rivkinalar ham sotsial mobillikning Rossiya ijtimoiy hayotidagi ahamiyatini tadqiq qilmoqdalar.
Sotsial mobillik deb ayrim shaxs yoki guruhlarning jamiyat tarkibidagi o’z o’rnini, mavqeini o’zgartirishiga aytiladi.
Sotsial mobillik ijtimoiy rivojlanish qonunlarining amal qilishi bilan bog’liq bo’lib, ayrim shaxs va guruhlarning ijtimoiy mavqeining quyiga yoki yuqoriga o’zgarib borishini ifodalaydi.
Sotsial mobillik vertikal va gorizontal tartibda bo’lishi mumkin. Vertikal sotsial mobillik – ijtimoiy mavqe tizimida yuqori yoki pastga qarab o’zgarib borishidir. Gorizontal sotsial mobillik – individ yoki guruhning ijtimoiy daraja bo’ylab o’zgarishini ifodalaydi. Sotsial mobillikda asosiy va asosiy bo’lmagan, ikkinchi darajali zaruriy va tasodifiy, ommaviy va xususiy kabi ko’rinishlar va yo’nalishlar mavjud.
Bir avlod bo’yicha, ikki /ota va bolalar/, uch /bobo, ota va bolalar/, avloddagi ijtimoiy pozitsiyaning o’zgarishini ifodalaydigan sotsial mobillik ham amal qiladi. To’laqonli demokratiya sharoitdagina soitsal mobillik uchun imkoniyat yaratiladi. Siyosiy istibdodga asoslangan g’arb mamlakatlarida esa sotsial mobillik uchun sharoit bo’lmaydi. AQSH va demokratik tuzumga asoslangan g’arb mamlakatlarida jamiyatning tabaqalashtirilgan to’siqlari olib tashlanib, ijtimoiy erkinlik uchun keng imkoniyatlar yaratilib borishi bilan ijtimoiy guruh va ayrim shaxslarning sotsial mobillik darajasi ham ortmoqda.
Sotsial mobillikda ma‘lumotning, o’z kasbini puxta egallash va tadbirkorlikning ahamiyati katta. Hozirgi bozor munosabatlariga o’tish jarayonida, eski ma‘muriy – buyruqbozlikka asoslangan tuzumning yemirilib, yangi ijtimoiy munosabatlarning shakllanib kelayotganligi natijasida sotsial mobillik jamiyatimiz a‘zolarining faolligining, ijtimoiy munosabatlarning kuchayuvida stimul bo’lib xizmat qiladi. Shuningdek, u shahar bilan qishloq, aqliy mehnat bilan jismoniy mehnat o’rtasidagi aloqadorlikni kuchaytiradi.
Sotsial mobillik kontseptsiyasiga ko’ra, demokratik tuzum sharoitida kishilar o’zlarining shaxsiy qiziqishlari, tirishqoqliklari bilan jamiyat ijtimoiy tarkibidagi mavqelarini yaxshilab borish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Jamiyat taraqqiyotida uning tarkibiy tuzilishi, funktsional aloqadorlik o’zining «tabiiy qonunlari», evolyutsion rivojlanishi, ijtimoiy sohalarining bir maromdagi mutanosibligi asosidagina rivojlanib borishi zarurligini hayot ko’rsatadi. Endilikda sotsial revolyutsiyalar davri o’tdi. Insoniyat yuqori intelektual taraqqiyot bosqichiga qadam qo’ymoqda. Ijtimoiy taraqqiyotning bu bosqichi yangi, o’ziga xos qonuniyatlar asosida borishi turgan gap.
Jamiyat ijtimoiy tarkibi sotsiologiyasining yana bir yo’nalishi – mamlakat xalq xo’jaligida band bo’lgan ijtimoiy guruhlar tarkibini o’ganish hisoblanadi. Aholini uy-joy bilan ta‘minlanganlik darajasi, ish haqi darajasi, maishiy xizmat turlari va ularning xizmat turlari va ularning xizmat ko’satish darajasi kabilar ijtimoiy bandlik tarkibiga ta‘sir qiluvchi omillar hisoblanadi.
Soha /tarmoq/ yo’nalishdagi ijtimoiy tarkibga mutaxassislik, ta‘lim darajasi kabilarni aniqlash nazarda tutiladi. Unda ijtimoiy mavqe nomenklatura printsipiga asoslaniladi. Bu ijtimoiy tarkib izchil ierarxik tuzilishga ega. Unda pastdan yuqoriga qarab faollik ko’rsatish amal qiladi. Uning har bir darajasi o’zining moddiy mazmuniga ega. Shuning uchun ham kishilarda faol intilish xususiyati bo’ladi.
Mansab lavozimidan foydalanib, o’z vazifasini suiste‘mol qilish hollarini ham o’rganish muhimdir. Chunki, uning o’sish yoki kamayish darajasi ijtimoiy tarkibning boshqa sohalariga jiddiy ta‘sir ko’rsatadi. Korruptsiya, poraxo’rlik, sub‘ektivizm, xizmat lavozimlarini sotib olish va sotish hollari ijtimoiy tarkibning sog’lom rivojlanishiga to’sqinlik qiladi, uni ichidan yemiradi va jamiyatni chirishga, yemirilishga olib boradi.
Ijtimoiy tarkibda hududiy yo’nalish ham mavjud bo’lib, u mintaqaviy, viloyat, shahar, qishloq, mahalla kabi hududiy birliklarni o’z ichiga oladi. Bu tarkibiy birliklarda ayrim olingan hudud doirasida sotsiologik tadqiqot olib borish talab qilinadi. So’nggi yillarda bu masalaga jiddiy qaralmoqda. Ayniqsa, shahar, qishloq, mahallaga oid muammolarni o’rganish zarurati ortmoqda.

Hozirgi zamon jamiyatning ko’rinishlari.


1. Farovonlik /mo’l-ko’lchilik/ jamiyati. G’arb sotsiologiyasida hozirgi kapitalistik davlatlarning qiyofasi ifodalanib, « umumiy rohat-farog’at» va «iste‘mol qilish jamiyati» degan jamiyat nazariyasi vujudga keldi. Ushbu nazariyaga ko’ra iqtisodiyotning o’sishi va yangi texnologiyaning ishlab chiqarishga tadbiq etilishi natijasida iste‘mol mahsulotlarining ko’plab realizatsiya qilinishi natijasida jamiyatdagi har bir kishining baxtli va nizolarsiz hayot kechirishi ta‘minlanadi. Hozirgi kunda shunday davlatlar fikrimizcha, rivojlangan kapitalistik davlatlarda, ayniqsa, Skandinaviya davlatlari hayotida asta-sekin namoyon bo’lib bormoqda.


2. Iste‘mol qilish jamiyati. Unchalik nazariy, empirik va amaliy ahamiyatga ega bo’lmagan tushuncha. Amerika sotsiologlari tomonidan XX asr 40-50 yillarida jamiyatning har bir a‘zosining hayot darajasini yaxshilash maqsadida paydo bo’layotgan tasavvurlarning keng yoyilishi natijasida vujudga kelgan nazariya. Moddiy tomondan kam ta‘minlangan kishilarning ijtimoiy jihatdan talab muammolarini qondirish uchun ushbu nazariya ishlab chiqildi. Individual iste‘mol ijtimoiy ongda insonparvarlikning yorqin ifodasi sifatida namoyon bo’ldi, o’z navbatida bu iqtisodiy monopolizatsiya va davlat tomonidan boshqarib turishni mustahkaladi. Iste‘mol qilish tamoyilning taraqqiy qilishi natijasida kapitalizmning nafaqat evolyutsion tomonlarini, balki ko’p miqdordagi iste‘mol ehtiyojlarini oshira borib, iste‘mol qilish tamoyiliga modalar reklamasi va marketing munosabatlarini ham kiritdi. Iste‘mol qilish tamoyilining ommaviylashuvi jahon miqyosida harbiy-siyosiy konfrontatsiyaning bir muncha barqarorlashuviga ham yordam berdi.
3. Ochiq va yopiq jamiyat. Sotsiologiyaga K.Topper tomonidan kiritilgan bo’lib, taraqqiyotning turli bosqichlarida turli jamiyatlarning madaniy-tarixiy va siyosiy tasvirlanishi ifoda etiladi. Ochiq jamiyat – demoraktik jamiyat bo’lib, tashqi muhit sharoitlarida oson o’zgaruvchi va moslashuvchi, tanqidni yorib o’tmoqqa moslashgan jamiyat, yopiq jamiyat esa dogmatik – avtoritar rejim asosida bo’lib, sehrli /magik/ tafakkur, dogmatizm va kolektivizm tamoyillari bilan xarakterlanadi. K.Poper yopiq jamiyatlarga o’zining siyosiy va ijtimoiy kelib chiqishidan turlicha bo’lgan davlatlarni kiritadi, bularga Spartak, Prussiya, chor Rossiyasi, natsistlar Germaniyasi, Sovet Ittifoqini kiritadi. Ochiq jamiyat olamni ratsional anglash va krititsizm, individualizm tamoyillari bilan xarakterlanadi. Ochiq jamiyatga u qadimgi Afina va g’arb rivojlangan davlatlarini kiritadi. Ochiq va yopiq jamiyat kontseptsiyasi hozirgi zamon davlatlarining mafkuraviy siyosiy va ijtimoiy –psixologik nuqtai-nazardan o’rganish uchun asosiy omillardan biri hisoblanadi.
4. Industrial /sanoat/ jamiyat. Ana‘naviy jamiyat kategoriyasidan ajralib turuvchi, g’arb sotsiologiyasida rivojlangan jamiyatning kelib chiqishi va tabiati to’g’risidagi ikki asosiy kategoriyaning biri. Ushbu terminni birinchi bo’lib, Sen-Simon ishlatgan, uni O.Kont, G.Spenser, E.Dyurkgeym va boshqalar rivojlantirganlar. Qaysi jamiyatda sanoat ishlab chiqarish iqtisodiy tashkilotning boshqaruvchisi shakli bo’lsa, bu tashkilot xususiy shaxslar qo’lida bo’lsa, bu tadbirkor xususiy boshqaruvchisi bo’ladi, u mehnat jarayoni va ishchilarni boshqarib boradi. Sanoat ishlab chiqarish korxonalarini, menedjer-administratorlar nazorat qiladilar. Sotsiologlar ushbu tamoyilni bir necha xilda talqin qiladilar.
a/ Hozirgi davr dunyosining tarixiy o’zgarishi natijasida, ya‘ni an‘anaviy agrar jamiyatdan «industrial» sanoat jamiyatiga o’tilishi va mashina sanoati, mehnat intizom, erkin savdoda milliy xo’jalik sistemasining va umumiy bozorning tashkil etilishi modernizatsiya nazariyasi bilan chambarchas bog’liqdir.
b/ Industrlashgan jamiyatlarning qanchalik ko’p bo’lishi ularning shunchalik industrlashgan tartibning qonuniga muvofiq baxslashishi, raqobat qilishi kuchayadi.
v/ «An‘anaviy» jamiyatdan sanoat jamiyatiga o’tilishi natijasida tarixan progressiv harakat boshlanadi, ya‘ni an‘naviy nasliy irsiyat xususiyatlari yo’qoladi, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotining demokratlashuvi natijasida inson qonunlari tenglashadi, qobiliyat jihatidan genetik ravishdagina insonlarning notengligi vujudga keladi va hakozo.
5. Postindutrial jamiyat. Amerikalik sotsiolog D.Bell tomonidan ishlab chiqilgan kontseptsiya. Postindustrial jamiyat kontseptsiyasining nazariyasiga ko’ra jamiyat taraqqiyoti uchta bosqichda o’rganiladi:
1/ industrial jamiyatgacha bo’lgan davr; 2/ industrial sanoat jamiyati davri; 3/ postindustrial jamiyat davri. Industrial jamiyatgacha bo’lgan davrda asosiy omil qishloq xo’jaligi munosabatlari, cherkov va armiya jamiyatning asosiy sotsial instituti hisoblanardi, bu davrdan industrial-sanoat jamiyatiga o’tilgach, sanoat korporatsiyalar va firmalar jamiyatning asosiy omili bo’lib qoldi, postindustrial jamiyat davrida esa universitetlar asosiy joyi bo’lgan nazariy bilimlar sanoat va ishlab chiqarishning bir joyga tuplanib qolishida asosiy rol o’ynaydi. Bu jamiyatda D.Bellning fikricha, kapitalistlar hukmronligi yo’qolib, uning o’rnini yuqori bilimga ega bo’lgan malakali hukmron elita egallaydi. Industrial jamiyatda asosiy nizo mehnat va kapital orasida bo’lsa, postindustrial jamiyatda asosiy nizo bilim va chuqur bilimga ega emaslik o’rtasida boradi.
Jamiyat tuzilishiga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi:
Totalitar jamiyat. Siyosiy boshqaruvchida zo’ravonlikka asoslangan tizimdir. Totalitar so’zining ma‘nosi, lotincha totus – umumiy, butun, jamiki degan ma‘noni anglatib, jamiyatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, mafkuraviy va hatto boshqaruvchi rahbar elitaning maishiy hayotini yakka lider /«fyurer», «duche», «kaudilo» va h./ tomonidan o’rnatilgan harbiy-byurokratik apparat tomonidan boshqarilishi tushuniladi. Totalitarizmning asosiy ijtimoiy kuchi shahar va qishloqlarda aholi tabaqasining sinfiy qiyofasini yo’qotishi bo’lib, ijtimoiy amorf holatiga ega bo’lmagan barcha ijtimoiy tabaqa va guruhlarning turmush tarzida muayyanlik va mulkka egalik to’g’risida hato fikr tug’diradigan tuzumdir. Totalitarizm taraqqiyot jarayonini ko’rsatadigan lyumpenizatsiya darajasi, jamiyatning ijtimoiy hayotini harbiylashtirib borishi natijasida «favqulotda holat» tamoyilini amalga oshirib boradi. Totalitar jamiyatning harbiylashgan munosabatlarining byurokratlashuvi natijasi surunkali ravishda harbiy kuchlarni ishlatishga olib keladi. Totalitarizmning g’oyaviy manbai, ijtimoiy munosabatlarini barcha sistemalarini ko’rsatma tamoyillarni loyihalashtirilgan mushohada yo’lini kimningdir «namunali» bo’lgan utopik kontseptsiyasiga asoslanadi. Totalitar tuzumga Jentile, Gitler, Mussolini, Stalin va bir qancha diktatorlarning idealogiyasini misol qilib ko’rsatish mumkin.
Avtoritar jamiyat. /lotincha auctor – boshlovchi, asoschi, ijodkor, avtor, fikr, nigoh, hokimiyat, huquq va h./ demokratik bo’lmagan siyosiy rejimga asoslangan va siyosiy ongning avtoritetga, umuman hokimiyat avtoritetiga bo’lgan munosabatlarni aks ettiruvchi shaklidir. Avtoritarizm jamiyati qandaydir bir vaziyatda, nodemakratik yo’l bilan, totalitarizmning ba‘zi bir elementlarini qabul qilgan holda, boshqa hech qanday «avtoritet»ni tan olmay, ushbu avtoritetlarga totalitaristik «urush e‘lon qilib» vujudga keladi. Avtoritarizm patologik, ya‘ni normal holatini yo’qotgan /o’zini boshqalardan ustun qo’yish, maqtovlarga mahliyo bo’lish/ avtoritetga agressiv muxlislik, o’rta sinor namoyondalariga xos bo’lgan ong shaklini aks ettiradi. Avtoritarizm o’z ta‘limotidan kelib chiqib ko’rinmas qobiq ostida fashistik va diktatorlik rejimlariga zamin yaratadi.
Demokratik jamiyat /grekcha demos –xalq va kratos – kuch, hokimiyat/ hokimiyat shakllaridan biri, bo’lib, uning xarakterli tomoni ozchilikning ko’pchilikka bo’ysunishi tamoyili hamda fuqarolarning erkinligi va teng huquqliligi e‘tirof etilishidir. Bunda fuqarolarning huquqlari jamiyat hayotining ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlaridan qat‘iy nazar qonun oldida tengliklari ta‘minlanadi. Demokratik jamiyatda konstitutsiya ishlab chiqariladi, parlament va boshqa vakillik muassalari tuziladi, fuqarolarning umumiy saylov huquqi va siyosiy erkinliklari /so’z erkinligi, vijdon erkinligi va boshqalar/ ta‘minlanadi. Demokratik jamiyat uchun xarakterli narsa – unda parlamentning mavjudligidir, ya‘ni unda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatning roli tobora oshib boradi.

Mustaqil O’zbekiston respublikasining ijtimoiy tuzilishi.


Jamiyat o’zining tarkibiy tuzilishi jihatidan o’zaro chambarchas bog’liq bo’lgan tomonlar, jabhalar, bir butun ijtimoiy tizim tarkibidagi nisbatan katta-kichik tizimlar, ijtimoiy guruhlar va ular o’rtasida sodir bo’ladigan ijtimoiy munosabatlarni o’z ichiga oladi. Ularning har biri o’z taraqqiyoti davomida bir-birlariga muayyan, salmoqli ta‘sir ko’rsatadi.


Mustaqil O’zbekiston davlatning halqaro maydonda nufuzli mamlakatga, barcha sohalarda rivojlangan jamiyatga ega bo’lish darajasiga ko’tarilishi, uning ana shu o’zaro funktsional ta‘sirida bo’luvchi tomonlari, tarkibiy bo’laklari holatiga, xarakteriga bog’liq.
«O’zbekistonda, deb ta‘kidlaydi Respublikamiz prezidenti I.A.Karimov, - uning yeri, tabiatiga, bu yerda yashayotgan xalqlarga muhabbat, o’lkaning taixi, madaniyati, an‘analarini teran bilib olishga intilish, respublikaning qudrati va yutuqlaridan faxrlanish, xalqimiz qismatiga tushgan qiyinchiliklar uchun qayg’urish ko’p millatli o’zbek jamiyatining muhim jipslashtiruvchi asosi hisoblanadi»._
Respublikamiz jamiyati ijtimoiy tarkibini sotsiologiya fani doirasida o’rganish, eng avvalo, nazariy-metodologik jihatdan asoslashni talab etadi.
Hozirgi davr sotsiologiyasi jamiyat hayotini o’rganishda undagi ijtimoiy tarkibning sotsiologik nazariyasi bo’lishini talab qiladi. Mustaqil O’zbekiston ijtimoiy tarkibi nazariyasi hozircha ishlab chiqilgani yo’q. Ijtimoiy tarkibidagi siyosat, iqtisodiyot, ta‘lim-tarbiya, huquq, fan kabi ijtimoiy sohalarning nazariyalarini ishlab chiqish zarur. Bozor munosabatlariga asoslangan g’arb sotsiologiyasi erishgan yutuqlaridan foydalangan va O’zbekiston jamiyatning o’ziga xos jihatlaridan hisobga olgan holda ularni ishlab chiqish sotsiologiya fanining eng muhim vazifalaridan biridir.
Jamiyatning, jumladan, O’zbekistonning qanday ijtimoiy guruhlardan tuzilganligini o’rganishdan maqsad, ijtimoiy guruhlar va ular o’rtasidagi munosabatlar jamiyat taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchlaridir. Ularning harakatisiz jamiyat rivoji bo’lmaydi.
Jamiyat taraqqiyoti ijtimoiy guruhlar xarkteriga va o’zaro aloqadorligiga bog’liq. Ijtimoiy guruhlarning xarakteriga uning tarkibida yashovchi oila, maktab, davlat, partiyalar, iqtisodiyot, fan, madaniyat, matbuot, sog’liqni saqlash kabi sohalarning rivojlanishi o’zaro mos ravishda bo’ladi.
Jamiyat mafkurasi va guruhlarning faoliyati uning tipini, ijtimoiy-siyosiy va davlat tuzilishini belgilaydi. «O’zbekiston respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi»._ – deb Asosiy qonunda ko’rsatilgan.
Mustaqil O’zbekiston jamiyatning ertangi kun ijtimoiy-iqtisodiy tuzumiga bugun asos solinmoqda. Shuning uchun jamiyat ijtimoiy tarkibini o’rganish real hayotimizni, kundalik turmushni yanada to’laroq bilishga xizmat qiladi.
Mustaqil O’zbekistonda bozor munosabatlarining tarkib topib borishi, xususiy va boshqa mulk shakllarining qonuniy deb e‘lon qilinishi bilan kishilarning, ijtimoiy guruhlarning faolligi ortmoqda. Har bir kishi o’zidagi qobiliyat, omilkorligi, tadbirkorligi va ishbilarmonligi bilan ijtimoiy taraqqiyot ko’lamiga ta‘sir ko’rsatishiga imkon tug’ildi.
Jamiyat ijtimoiy tarkibida har bir shaxs qaysi ijtimoiy guruhga va undagi hududiy, tarmoq /soha/ va ijtimoiy mavqe yo’nalishiga mansubligi bilan xarakterlanadi. Balardan tashqari yana shaxs jinsi, yosh jihati, ommaviy ahvoli, ijtimoiy kelib chiqishi, milliy mansubligi, ma‘lumoti, ilmiy darajasi kabi parametrlar bilan ham o’rganiladi. Hozirgi bozor munosabatlariga o’tish davrining iqtisodiy qiyinchiliklari ijtimoiy guruh va ayrim shaxslar qanchalik moddiy imkoniyatga egaligi, jamg’arma mablag’i miqdori kabi tomonlari o’rganishni ham talab etadi.
Hozirgi ijtimoiy munosabatlarda jamiyatimiz uchun mutlaqo yangi bo’lgan asoslar yaratilmoqda. Xususiy mulkchilikka asoslangan ko’p ukladli, dunyo sari ochiq yuz tutgan iqtisodiyot paydo bo’layotir. Shuning uchun ham yangi iqtisodiy va taqsimot munosabatlari sotsiologiyasini ishlab chiqish sotsiologiya fanining asosiy vazifalaridan biri bo’lib qolmoqda.
Hozirda mehnatning mazmunini chuqur va har jihatdan o’zgartirmay turib, jamiyatimiz ijtimoiy tarkibida sifat o’zgarishi ga erishib bo’lmaydi. Buning uchun, eng avvolo, mehnatga yangicha munosabatni tarkib toptirish, yangi texnologiyani yaratish, fanni yanada mustahkam taraqqiy ettirish, munosib malakali kadrlar tayyorlash, maorifni tubdan yangilash kabi kechiktirib bo’lmaydigan vazifalar amalga oshirilmog’i lozim.
Respublikaning asta-sekin bozor munosabatlariga o’tib borishi davrida prezident I.A.Karimov tomonidan belgilangan besh tamoyilga asoslangan tarzda siyosat yurgizilmoqda. Bularning birinchisi: iqtisodiyotning siyosatdan ustun bo’lishi, uni har qanday mafkuradan ozod qilish lozimligi;
Ikkinchisi: iqtisodiyotni boshqarishda, ayniqsa, bozor iqtisodiyoti qurilayotganda, yangi tuzum barpo etilayotganda davlat boshqaruv tizimini
qo’ldan chiqarmasligi, ya‘ni davlat asosiy islohotchi bo’lmog’i lozimligi;
Uchinchisi: qonunlarga barcha baravar rioya etishini ta‘minlash;
To’rtinchisi: kuchli ijtimoiy siyosat yuritish;
Beshinchisi: bozor iqtisodiyotida shoshqaloqlikka yo’l qo’ymay bosqichma-boqich o’tish zarurligi.
Taqsimot munosabatlari jamiyat hayotini, ayniqsa, uning iqtisodiy jihatdan rivojlanishida muhim o’rin tutadi. O’zbekistonda mulkchilikning turli shakllarining joriy qilinishi va ularning davlat himoyasiga olib kelmoqda. Bu esa, o’z navbatida, jamiyat iqtisodiy rivojlanishini ta‘minlashga xizmat qilmoqda.
O’zbekiston o’z milliy puliga ega bo’lishi munosabati bilan iqtisodiy va taqsimot munosabatlariga sezilarli ta‘sir ko’rsata boshladi. O’zbekiston ichki bozorini to’ldirish – davlat siyosati darajasida olib borilmoqda, ammo hozirda hamdo’stlik mamlakatlari o’rtasida iqtisodiy integratsiyaning vaqtincha buzilganligi oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy taqchillik, ayniqsa, xalq iste‘mol mollarining tanqisligi iqtisodiy va taqsimot munosabatlariga sezilarli ta‘sir ko’rsatadi. Uning oqibatida kishilarning turmush darajasi anchayin pastladi.
O’zbekiston davlatning bu sohadagi siyosati «milliy boylikning qo’llanishini, respublikaning mustahkamligini, odamlarning munosib turmush va ish sharoitlarini ta‘minlaydigan qudratli, barqaror va jo’shqin rivojlanib boruvchi iqtisodiyotni barpo etish» dan iborat buyuk maqsadni ko’zlamoqda.
Jamiyatning ijtimoiy tarkibida ijtimoiy-sinfiy munosabatlar ham muhim o’rin egallaydi. Sovet sotsiologiyasida sinfiy munosabatlar, sinfiy kurash masalalariga juda keng o’rin berilib, bu munosabatlar ijtimoiy tarkibidagi boshqa barcha elementlar, munosabatlar ichida eng muhim va belgilovchi hisoblangan. O’tgan davrda, asosan, ikki sinf – ishchilar va dehqonlar sinfi va intelligentsiya qatlami mavjud deb ko’rsatilib, jamiyat ijtimoiy tarkibidagi boshqa guruhlar /masalan, yuqori tabaqa chinovniklari, mafiya guruhlari va shu kabilar/ning ahamiyati mutlaqo tilga olinmas edi.
Ishchilar sinfi ko’p qirrali ijtimoiy birlik hisoblanadi. Uning ichki tarkibi demografik /jinsi va yoshi bilan/, professional-tayyorgarligi bilan /mehnatning mazmuni va xarakteri bilan/, hududiy / ijtimoiy –hududiy birlik bilan/, etnik /milliy farq/ va madaniy-ma‘lumoti bilan farq qiluvchi tarkibiy tuzilishga ega.
Hozirda O’zbekiston davlati miqyosida milliy ishchilar sinfining tarkib topishi uchun shart-sharoit yaratilmoqda. Jahon talablariga javob bera oladigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun moddiy zamin tayyorlanmoqda. Chet el firmalari bilan qo’shma korxonalar yaratilmoqda. Yaqin kelajakda yuqori texnologiyaga asoslangan sanoat ishlab chiqarishning malakali ishchi-injenerlar guruhi shakllanadi.
Ishchilar sinfi rivojlanishi istiqbollariga ularni miqdoriy jihatdan ko’paytirish bilan erishib bo’lmaydi. Unda mehnatning intellektual mazmunini boyitish, zamonaviy shart-sharoitlarni barpo qilish zarur. Amalga oshirilishi kerak bo’lgan bunday tadbirlar qishloq xo’jaligi dehqonlari hamda intelligentsiya qatlami uchun ham taaluqli.
Jamiyatimiz ijtimoiy tarkibida dehqonlar sinfining o’rni kattadir. Hozirda mustaqillik sharofati bilan O’zbekiston hukumati dehqonlar mavqeini ko’tarishga alohida e‘tibor berilmoqda. Ularning turmush darajasini oshirishda katta ishlar olib borilmoqda. Uy-joy qurish uchun bepul yer ajratildi, moddiy yordam ko’rsatilmoqda. Ekinzor yerlar ijaraga berilmoqda. Fermerlarning soni ortmoqda. Yetishtirgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini shaharga olib kelib sotish uchun imkoniyatlar yaratildi. Ularning oladigan yillik daromadlari ortdi.
Dehqonlar sinfi ichida tabaqalanish jarayoni tez sur‘atlar bilan bormoqda. Ularning tarkibida ishbilarmon, tadbirkor, fermer xo’jaliklari paydo bo’ldi. Ijarachilar guruhi ham borgan sari qishloq xo’jaligida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi iqtisodiy munosabatlarning tarkib topib borishi bilan qishloq ishchilar sinfi shakllanishiga moddiy zamin yaratilmoqda. Boshqacha qilib aytganda, qishloqqa sanoat kirib kelmoqda. Bu esa qishloq xo’jaligida mavjud ortiqcha ish kuchini ish bilan ta‘minlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytiradi.
Jamiyat ijtimoiy tarkibida ziyolilar qatlami ham salmoqli o’rin tutadi. Intelligentsiya aqliy mehnat mutaxassislari bo’lib, ijtimoiy-professional guruhlardan iborat bo’ladi. Uning tarkibiga ilmiy, ishlab chiqarish – texnik, madaniyat, ma‘rifat, tibbiyot, harbiy va boshqaruv apparati xodimlari kiradi. Ziyolilar tarkibini yana shahar va qishloq, ijtimoiy bandlik sohalari bo’yicha /ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish sohasida/, mehnatning ijodiy xarakteri darajasi bilan, malaka va boshqa jihatlari bilan farqlash mumkin.
Sotsiologiyada milliy munosabatlar iqtisodiy, siyosiy va ma‘naviy-mafkuraviy munosabatlardagi o’zaro uzviy aloqadorligi nazarda tutilgan holda konkret etnik muhit doirasida olib qarab o’rganiladi. Shuningdek, millatlararo munosabatlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga ta‘siri va ularning ijtimoiy oqibatlari o’rganiladi. Shu jihatdan, O’zbekistonning ko’p millatli davlat bo’lganligini e‘tiborga olgan holda, unda istiqomat qilayotgan millatlar va xalqlarning ijtimoiy turmushi, o’zaro aloqasi va shu kabi munosabatlarni sotsiologik tadqiq qilish muhim ahamiyatga ega.
Jamiyat ijtimoiy tarkibiy tuzilishining ijtimoiy-demografik munosabatlari, asosan, aholining jinsiy tuzilishi, yoshi, oilaviy va genetik jihatlarini o’z ichiga oladi.
Har qanday davlat ijtimoiy siyosatining tarkibiga demografik siyosat ham kiradi. Demografik munosabatlarga mamlakat aholisining qatlamlari mansub. Ijtimoiy-demografik tarkibga statistik jihatdan o’rganiladigan aholi o’rtasida tug’ilish, o’lim, nikoh, oilaviy qo’ydi-chiqdilar, shahar va qishloq aholisining migratsiyasi, hududiy migratsiya kabilar kiradi.
O’zbekiston ijtimoiy-demografik jihatdan nihoyatda murakkab tuzilishga egadir. 51 foizi xotin qizlar, 9,6 mln. aholi 16 yoshgacha bo’lgan bolalar va o’smirlardan iborat. Farg’ona vodiysi aholisining zichligi juda katta. Andijonda har bir kvadrat kilometr maydonga 485 ta odam to’g’ri keladi. Bunday demografik holat jamiyat hayotining boshqa barcha sohalarida ham turli maummolarni keltirib chiqarishi tabiiy.
Aholining yosh jihatidan tarkibiy tuzilishini o’rganish mamlakatning nafaqat mehnat va ishlab chiqarish potentsialini aniqlashga, balki uning rivojlanish dinamikasini aniqlashga ham xizmat qiladi. Bu jahatdan O’zbekiston ba‘zi Ovrupo va Yaponiya mamlakatlariga nisbatan «yosh» mamlakat hisoblanadi.
Aholi tarkibining jinsiy tuzilishini o’rganish ham muhim ahamiyatga ega. Bu mamlakat ishlab chiqarishini tashkil etish, ayollar uchun mehnat turlarini tashkil etish va ish bilan ta‘minlashda muhim ahamiyatga ega. Xotin-qizlar ijtimoiy ahvolining o’ziga xos xususiyatlari ularning mehnat bilan bandligi, mehnat turi, oilaviy, turmush sharoiti va shu kabilarda aks etadi. Ularni og’ir jismoniy mehnatdan xalos qilish masalasi hozirda eng muhim masalalardandir. Prezident I.A.Karimovning tashabbusi bilan ilgari surilayotgan sog’lom avlod uchun kurashish millat kelajagini ta‘minlashning eng muhim masalasidir.
Aholining oilaviy tarkibi soni, moddiy turmush darajasi, daromadi, oilaviy munosabatlarni va shu kabi masalalarni o’z ichiga oladi. Oilani oziq-ovqat va iste‘mol mollari bilan ta‘minlash muammolari davlat ijtimoiy siyosatining asosiy maqsadini ifoda etadi. Oilaviy tarkibni sotsiologiyaning maxsus sohasi – mikrosotsiologiyada ham chuqur tadqiq qilish maqsadga muvofiqdir.
Sotsiologiyada aholining genetik tarkibini o’rganish borgan sari moddiy ahamiyatga ega bo’lmoqda. Unga aholining tabiiy va migratsion harakati kiradi. O’zbek millati boshqa millatlarga nisbatan o’z tug’ilib o’sgan joyiga ko’proq bog’langan bo’ladi.
O’zbekistonda genetik tarkibiy o’rganishga hozircha yetarli e‘tibor berilmagan. Uning ijtimoiy-demografik munosabatlardagi ahamiyati katta.
Ijtimoiy-demografik munosabatlarni aniqlashda mamlakat miqyosida o’tkaziladigan aholini ro’yhatga olish muhim ahamiyatga ega. Aholining ro’yhatga olinishi, ayniqsa, hozirda, bozor munosabatlariga o’tish davrida yuzaga keladigan ko’plab ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy turmush sohalaridagi muammolarni hal etishda ahamiyati katta.
Qishloq aholisining ijtimoiy tarkibi jamiyat ijtimoiy tarkibining muayyan bo’lagi hisoblanadi. Qishloq aholisining ijtimoiy munosabatlarining muhim belgilari: yagona mehnat, yer, mulkiy boshqaruv munosabatlarini o’z ichiga oladi. Hozirda qishloq aholisining tarkibida ham tabaqalashuv jarayoni kuchaymoqda. Ayniqsa, qishloqqa sanoatning kirib kelishi, savdo-sotiqning rivojlanishi va boshqa omillar oqibatida qishloq aholisi turli guruhlardan iborat birlik sifatida rivojlanmoqda.
Xulosa qilib aytilganda, mamlakat ijtimoiy tarkibini sotsiologiya fani doirasida o’rganish, uning rivojlanish istiqbollarini, o’ziga xos xususiyatlarini, mavjud ijtimoiy muammolarini tadqiq etishda va zarur ilmiy-amaliy tadbirlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga egadir.



Download 54.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling