Reja: Kirish "Dastur ul-muluk" asarining tuzilish tarkibi va saqlangan nusxalari
Download 44.53 Kb.
|
Xo`ja Samandar Termiziy “Dastur al-mulk” asari 15varro
- Bu sahifa navigatsiya:
- Dastur ul-muluk” asarining tuzilishi va tarkibi
Xo`ja Samandar Termiziy “Dastur al-muluk” asari Reja:
Kirish “Dastur ul-muluk” asarining tuzilish tarkibi va saqlangan nusxalari «Dastur ul-muluk» asarining qisqacha mazmuni «Dastur ul-muluk» asarida Buxoro xonligining ijtimoiy-siyosiy hayoti yoritilishi Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar Kirish Markaziy Osiyo tarixida Buxoro xonligining XVII asrdagi ijtimoiy-siyosiy ahvolini, shuningdek, Buxoro bilan Xiva xonliklari o’rtasidagi siyosiy munosabatlarni chuqurroq o’rganishda “Dastur ul-muluk” asarining tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini aniqlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. “Dastur ul-muluk” asari Orta Osiyoning XVII asr adabiyotining qiziqarli boyligi hisoblanadi. Ammo u nafaqat etika-didaktik adabiyotining asari sifatida, balki Buxoro xonligining XVII asr so’nggi choragidagi muhim voqealar o’z aksini topgan tarixiy manba sifatida ham ahamiyatga egaligini aniqlash lozim. Xoja Samandarning “Dastur ul-muluk” asarining tarixiy qismi biz uchun ikki munosabatlarda muhim: bir tomondan, unda boshqa manbalardagi ma’lumotlarni to‘ldiruvchi O‘rta Osiyoning XVII asr oxiri tarixi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, ikkinchi tomondan, unda o‘sha davr Buxoro aholisining turmush tarzi hamda urf-odatini yorituvchi asl faktlar keltirib o‘tiladi. Tadqiqotning tarixiy manbasini Buxoro xonligidagi Ashtarxoniylar sulolasi davrini yoritish tashkil etadi. “Dastur ul-muluk” asarining tuzilishi va tarkibi 1890-yil sobiq Fanlar Akademiyasining Osiyo muzeyida A. L. Kunning to’plamlari orasida Xoja Samandar Termiziy asarini o’z ichiga olgan qo’lyozma ham mavjud bo’lgan. K. G. Zaleman birinchi bo’lib Kun to’plamidagi qo’lyozmalar ro’yxatini nashr qilganida ushbu asarni qayd etdi. Zaleman asar, muallif nomi va vaqtini ham keltirib o’tdi. O’shandan keyin asar tadqiqotchilar e’tiborini o’ziga tortmadi. Sababi asar nomi va tuzilishi (boblar ro’yxati) uning etika-didaktik mazmundagi asar deb qaralishiga sabab bo’lgan. M. A. Salohiddinovaning so’zlariga ko’ra, bu asar tadqiqiotchilarni SSSR FA sharqshunoslik institutining fors va tojik qo’lyozmalari qisqa katalogini tuzish vaqtida qiziqtiradi, chunki asarning uchdan ikki qismini tarixiy mazmundagi ma’lumotlar tashkil etadi. 1964-yil Eron filologiyasi bo’yicha IV Butunittifoq ilmiy konferensiyasida “O’rta Osiyo tarixi bo’yicha yangi manba” mavzusida ma’ruza o’qildi. Ushbu ma’ruzada “Dastur ul-muluk” ning muallifi haqida qisqa ma’lumotlar berilib, asarning tarixiy manba ekanligini tushuntirishga harakat qilindi. Xojaning “Dastur ul-muluk” asari xorijiy sharqshunoslarning ham tadqiq etish, o’rganish mavzusiga aylangan. Chunonchi mashhur chex sharqshunos olimasi Irti Bechka: “ XVII asr O’rta Osiyo tarixini o’rganishda Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari muhim tarixiy manba hisoblanadi”, - deb yozgan edi. “Dastur ul-muluk” asari Orta Osiyoning XVII asr adabiyoti boyligi hisoblanadi. U nafaqat etika-didaktik asar sifatida, balki Buxoro xonligining XVII asr so’nggi choragidagi muhim voqealar o’z aksini topgan tarixiy manba sifatida ham ahamiyatlidir. “Dastur ul-muluk”ning kirish qismida berilganidek, muallif bu asarni avvalo 21 bobdan tuzmoqchi bo’lgan, etika-didaktik mazmundagi 20 bob hamda Subhonqulixon boshqaruvi va uning hukmronligining birinchi o’n yilligi voqealari haqidagi so’nggi 21-bobni qo’shmoqchi bo’ldi. O’z navbatida muallif mazkur bobni 4 qism (maqola)ga bo’lmoqchi edi. Keyinchalik yozish davomida Xoja Samandar bir necha marta asarning dastlabki rejasini o’zgartirdi. Unga yana bir bob – “Ishq-muhabbat haqida” nomli bob qo’shdi va uni 20-bob sifatida kiritdi. Ko’zda tutilgan “Olamning o’zgaruvchanligi to’g’risida” nomli 20-bobni esa oxiriga joylashtirdi va u 22-bobni tashkil etdi. 21-bobni esa oldindan mo’ljallangan 4 qismga qo’shib kengaytirdi. Shu tariqa asar 22 bobni o’z ichiga oladi.Asarning 22 bobidan ilk 20 ta bobi hamda so’nggi 22-bobi etika, axloq va odob masalalariga, 21-bob esa asosan muallif davridagi tarixiy voqealar haqidagi hikoyalarga bag’ishlangan. Shu tarzda asar uning mazmuniga ko’ra ikki qismga: etika-didaktik va tarixiy qismga bo’linadi. Etika-didaktik qismi deyarli oldingi etika-didaktik asarlardan kelib chiqqan holda tuzilgan. Ikkinchi tarixiy qismi esa muallifning shaxsiy kuzatuvlari asosida yozilgan. “Dastur ul-muluk”ning muqaddimasida muallif tomonidan foydalanilgan manbalar ro’yxati berilmagan va ular faqatgina ko’chirilayotgan vaqtda tilga olinishi mumkin. Asarda quyidagi mashhur mualliflarning asarlaridan ko’chirmalar keltiriladi: taniqli so’fiy shayx Abu Sa’id ibn Abulxayr al-Mayxoniy, Nizomiy Ganjaviy, Jaloliddin Rumiy, Sa’diy Sheroziy (muallif uning “Bo’ston” va ”Guliston” asarlaridan keng foydalanadi), Husayn Voiz al-Koshifiy (uning “Anvar-i Suhayli” asari misolida), Abdulloh Habushani Jomiy Xatifiy, Muhammad ibn Sulaymon Fuzuliy va muallifga zamondosh: Nozim Xoroviy, Muhammad Ali Tabriziy Isfag’oniy Soib, Mir Obid Nasafiy Said, Fozil Valiy, Hasanbek Ra’fiy, Muhammad Shavkat Buxoriy. Shuningdek, muallif “Axloq” deb tilga oladigan asarni ham misol qilib ko’rsatadi. Tarixchilar tomonidan aniqlanishicha, bu nom ostida Xoji Yusufga tegishli “Ilm al-axloq” asari yashiringan. Yuqorida sanab o’tilgan manbalar orasida asosan uchtasi keng qo’llanilgan: 1) Husayn Voiz al-Kashifiyning “Anvar-i Suhayli”; 2) Xoji Yusufning “Ilm al-axloq” va 3) Sa’diyning “Bo’ston”i. Xoja Samandar boshidagi ikki asardan ko’plab hikoya va fikrlarni “Dastur ul-muluk”ga qo’shadi. Muallifning tilga olingan manbalarga nisbatan ularni qo’llash nuqtai-nazaridan yondashishini qayd etish ham qiziqarlidir. Odatda boshqa mualliflarning she’rlari Xoja Samandar tomonidan o’zgartirishsiz o’zlashtirib olingan, nasriy matni esa ko’p hollarda qisqartirishlarga uchragan. Hozirgi vaqtda muallif tomonidan foydalanilgan manbalarning to’liq doirasi haqida ishonch bilan aytib bo’lmaydi. Shu sababli muallif tomonidan o’zlashtirib olingan yoki muallifning asl matnlari asardagi etika-didaktik qismning qancha ulushini tashkil etishini aniqlab bo’lmaydi. Biroq ko’plab she’rlari muallif so’zlari bilan yonma-yon keladi:”…aytganlaridek”. Demak bundan bilsa bo’ladiki, she’rlarning hammasi bo’lmasa ham ko’pchiligi Xoja Samandarga tegishli bo’lmay, boshqa mualliflarga taalluqlidir. Yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, “Dastur ul-muluk”ning etika-didaktik qismi muallif tomonidan o’zidan oldin o’tganlarning asarlaridan keng o’zlashtirilgan. Ammo ma’lumotlarni terish hamda o’zlashtirilgan qismlar o’rtasidagi uyg’unlashuvi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va bunday san’at asari nafaqat muallifning zamondoshlari, balki undan keyin yashab o’tganlarga manzur bo’lgan. Buni quyidagi fakt ham tasdiqlaydi: ”Gulshan ul-muluk” tarixiy asarning muallifi – Muhammad Yoqub mirzo ibn Muhammad Doniyolbiy otaliq “Dastur ul-muluk” yozilganidan 130 yil o’tgach, o’z asarining oxiriga Xoja Samandar asarining etika-didaktik qismidan katta parcha joylashtiradi. Mazkur qism biz uchun XVII asr oxiri O’rta Osiyo adabiyotining etika-didaktik yodgorligi sifatida muhim. O’zbekiston tarixini o’rganishda Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari katta ahamiyatga ega. Asarda o’zaro kurashlar, oily martabali mansabdorlar orasida keng tarqalgan buzuqlik, poraxo’rlik, zulm va mehnatkash xalqning og’ir ahvoli haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud. “Dastur ul-muluk”da o’zbeklarning etnik tarkibi haqida ham muhim dalil va ma’lumotlarni uchratish mumkin. Uning 21-bobini tashkil etuvchi ikkinchi katta qismida, yuqorida aytilganidek, muallif davridagi voqealar bayoni o’z aksini topadi va qolgan boblardan farqli mustaqil, asl hisoblanadi. Bu qismda muallifning biror manbadan foydalanganligi (she’rlardan tashqari) to’g’risida gapirilmaydi. Malihning so’ziga ko’ra, Xoja Samandardek oliy ma’lumotli inson tarixiy adabiyot bilan tanish bo’lmasligi mumkin emas. Biroq u o’z zamonasining voqealarini yozishda foydalanishi mumkin bo’lgan manbalar bo’lmagan. Haqiqatan, Xoja Samandar tomonidan tasvirlangan davr o’z aksini topgan Muhammad Aminning “Muhit at-tavorix” va Muhammad Yusuf Munshining “Tarixi Muqimxoniy” kabi mashhur tarixiy asarlar “Dastur ul-muluk”dan keyin vujudga kelgan. Dastur ul-muluk”da quyidagi siyosiy voqealar bayon etilgan: Xiva xoni Anushaxonning Buxoro xonligining markaziy shaharlariga bosqini (1092/1681, 1095–1097/1683–1686), Subhonqulixonning Balxga ikki marta yurishi (1096/1685 va 1104/1693), Subhonqulixon qo‘shinining Xurosonga Bolo-Murg‘ob qal’asini egallash uchun yurishi (1100/1688-89), isyonkor rahbarlarning Subhonqulixonga qarshi g‘alayoni va shu bilan bog‘liq Xiva xoni Anushaxonning o‘g‘li Erengxonning Qorako‘l shahrining tumanlariga hujumi. Mazkur voqealar yuqoridagi “Muhit at-tavorix” va “Tarixi Muqimxoniy” tarixiy asarlarida o‘z aksini topgan. Biroq, Xoja Samandar bu asarlarda yozilmagan ko‘plab aniqliklarni keltirib o‘tadi. Shuningdek, Xiva xoni Anushaxonning Buxoroga 1092/1681-yili bosqini hamda uning Abdulazizxon tomonidan bu shahardan quvg‘in qilinishi nafaqat “Dastur ul-muluk”da, balki “Tarixi Muqimxoniy” va “Muhit at-tavorix”da juda batafsil yoritilgan. Ammo bu vaqtda Abdulazizxon huzurida bo‘lgan Xoja Samandar keltirib o‘tgan ma’lumotlaridan biz Buxoroning xorazmiklarning hujumiga qarshi yaxshi himoyalanmaganligini hamda Abdulazizxon tarafida bo‘lmish kurash ishtirokchilari haqidagi ko‘plab ma’lumotlarni, shu bilan birga yuqoridagi tarixiy asarlarda bo‘lmagan bir qator aniqliklarni bilib olishimiz mumkin. Download 44.53 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling