Reja: Mahalla Vatan ichra kichik vatandir
Download 12.51 Kb.
|
Mening mahallam-mening faxrim-fayllar.org
Mening mahallam-mening faxrim Mening mahallam-mening faxrim. Reja: 1. Mahalla – Vatan ichra kichik vatandir. 2. Mahalla – ulug` qadriyatlarimiz beshigi. 3. Bobom – mahallamiz faxriylaridan. 4. Buvimga o`xshashni havas qilaman. Biz, barchamiz, mahalladan qarzdormiiz. Qadim qadriyatlar beshigi o`zing. Farzandlarning fazl-u kamoli o`zing. Qayga borar bo`lsam, mudom qo`llabon. Onam zor-zor kutgan eshigim o`zing. (o`z ijodimdan). Mahalla… Shu birgina so`z zamirida butun olam ezguliklari, urf –odat va an`analari, qaynoq tafti mujassam. Mahallam mening uchun mehri beminnat onam misoli. Onam har tong boshim silab uyg`otib, yaxshiliklarga undasa, mahallam ulug`-ulug` maqsadlar sari qo`limdan tutib hamdam bo`ladi. Onaizorim oq yuvib oq taragan bo`lsa, mahallam mana shu oqlikni yuragimga ko`chirgan Ka`bam desam xato bo`lmaydi. Boisi, kindik qonim to`kilgan bu zaminim oq niyatlarni ko`nglimga tugishni o`rgatgan. Birovning haqqi hech qachon birovniki bo`lmasligini, xalqimizdagi sabr-u qanoat tushunchalarining qanchalik qon-qonimizga singib ketganligini ko`nglimga qadagan. Azaldan Vatanni ulug`lab, uning uchun jonini fido qilgan ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz bizga yurtni sevishni, uni ardoqlashni o`rgatib kelishgan. Shuning uchun ham Vatan ona so`zi bilan doim birga qo`llanadi. Vatanim – onam... Shu Vatan ichra vatanim deya ulg`laganim esa mening mahallamdir. Vatanim mening uchun barcha ezgu ishlarga undovchi ostonam bo`lsa, mahallam qo`llaguvchi hamdamimdir. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta mahalla tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o`rni va maqomi belgilab qo`yilgan”. Bu maqom hali-haligacha o`z o`rnini saqlab, kundan kunga yuksalib boryapti. Birgina bizning mahallamiz misolida oladigan bo`lsak, barcha kishilar ahil, inoq yashashadi. Bu, albatta, mahalladoshlarimizning birdamligidan. Barcha insonlar holidan, ayniqsa, keksalarimiz, mehrga muhtoj kishilasrni tez-tez yo`qlab, ularning yumushlariga biz, mahallamiz bolalari, qizlar yordamlashib, og`irlarini yengil qilamiz. Ularning arzimaz yumushlarni bajarganimizda uzundan uzoq duo qilishlari, avvalo, yurtimizga tinchlik tilashlari meni doim to`lqinlantiradi. Axir shu emasmi buyuk baxt. Axir shu emasmi kelajakka ishonch. Azaldan xalqimizda “Oltin olma duo ol, duo oltin emasmi” maqoli bejizga aytilmagan. Bu oltinga teng duolar bizlarni katta-katta marralarga undaydi. Har gal vatanimiz yoshlarining fan va sport sohasida erishgan yutuqlari, qo`lga kiritgan medallari haqida eshitganimda yoki ko`rganimda qalbim hayajonga to`lib, ko`zimda yosh aylanadi. Keksalarimizning qilgan duolari ijobatini ko`rgandek bo`laman. Biz, yurt farzandlarining bunday marralarga erishishi uchun oilamizda, mahallamizda berilayotgan e’tiborning samarasi deb bilaman. Oilalamizda keksa bobolarimiz har bahor yoshgina nevaralarini yetaklab ko`chak ekish uchun bog`ga yo`l oladilar. Bu oddiy odat zamirida qanchadan qancha ma’no bor. Yosh go`dak jajji qo`llari bilan niholni ushlab, bobosining qilayotgan harakatlarini kuzatib turadi. Bu orqali uning qalbiga ko`chak bilan birgalikda ezgulik urug`i qadaladi. U bolakay ulg`ayganda ham yoshligida o`rgangan odatini har bahor takrorlayveradi. Buvilarimiz keksa bo`lishlariga qaramay qo`llariga igna-ip olib kashtalar tikishadi. Yoshgina jajji qiz nevaralari esa ularning atroflarida girdikapalak bo`lib, tikishga urinishadi. Bu oddiygina urinish ulardagi fazilatlar eshigini ochadi. Qizlarimiz qo`liga igna olishi bilan sabr atalmish yuksak tuyg`uni o`zida shakllantirib boradi. Sababi, kashtachilik, tikish-bichish kishidan alohida mehr, sabr-toqatni talab qiladi. Shu birgina ish bilan buvilarimiz bizlardagi hayot mashaqqatlari oldida sabrimizni mustahkamlashni o`rgatadilar. Shunday yuksak odatlarni ko`rganimda beixtiyor yurtboshimizning aytgan so`zlari qulog`im ostida jaranglaydi: “Azaldan o`zbek mahallasi milliy qadriyatlar maskani bo`lib kelgan. O`zaro mehr- oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kimsalar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to`y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko`pchilik bilan bamaslahat otkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo`lish kabi xalqimizga xos urf-odat va an’analar, avvalombor, mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan”. Mustaqillik yilarida esa mahallaning bu azaliy qadriyatlari, xususiyatlari qatoriga ko`pgina yangi vazifalar, majburiyatlar kelib qo`shildi. Mahallaning jamiyatdagi o`rni, mavqeyi, vakolatlari kengaytirib berildi. Har bir mahalla o`z oqsoqoliga (raisi), maslahatchi va posbonlariga ega bo`ldi. Bu mahallaning Vatan ichra kichik Vatan ekanligining isboti emasmi? Mahalla o`zini – o`zi boshqaruvchi jamiyat tarkibidagi kichik bir davlat bo`ldi. Bu mustaqilligimiz bergan ulug` ne’mat emasmi? Mahalla raislari mahalladoshlarining bergan ovozlari bilan saylana boshlandi, Bu haqiqat bizga erkinlikning bergan mevasi emasmi? Bu kunlarga yetgunimizcha qancha qurbonliklar berdi xalqimiz. Qanchadan qancha bobolarimizning qonlari nohaq to`kilmadi, deysiz? Urushga Vatanining sha’nini saqlash, himoyalash uchun necha-necha yosh yigitlar, otalarimiz safarbar qilinmadilar deysiz? Bobom ko`pincha urush davridagi, qahatchilik kunlaridagi bo`lgan voqealarni, eshitgan va ko`rgan-bilganlarini bizlarga so`zlab berganlarida, “bu kunlarga, tinch zamonamizga shukr, bolam” deya bot-bot takrorlaydilar. Bobomning har bitta yuzlaridagi ajin ko`rgan azoblarining belgisi deb o`yga tolaman ba’zan. Haqiqatan ham, bobomning ko`rgan mashaqqatlarini, yoshlik chog`laridayoq ham o`qib, ham ishlab kun ko`rganliklari, ota-onalariga ko`mak berish uchun har qanday og`ir ishlardan ham qaytmaganliklari men uchun jasoratli inson qiyofasini yaratib beradi. O`z davrlarida chekkan azoblari, mashaqqatlari uchun bugungi kunda shunday sharofatli kunlarga erishdik. Bir kuni biz, sho`x nabiralarining ko`cha-ko`yda qo`limizda non yeb yurganimizni ko`rgan bobom darrov yonlariga chaqirib, tushgan nonning ushoqlarini bittalab terib ko`zlariga surdilar-u, bir voqeani so`zlab berdilar. Bobomning bu holatlarini ilgari ko`rmagandim. Bobomning nazarimda yuzlaridagi ajinlar yana bittaga ko`payganday bo`ldi xayolimda. Biz bunday sho`xligimizdan qattiq ranjigan bo`lsalar-da,hech bizga qattiq gapirmadilar. Aytishlaricha, bolalik paytlarida kun kechirish juda og`ir bo`lgan ekan. Otalari ertadan kechgacha temirchilik qilib, kishilarga mehnat qurollari yasab berar ekanlar. Gohida otalariga yordam berish uchun ustaxonaga borsalar, gohida esa onalariga ko`maklashish uchun kolxozning yerlariga ishlashga oshiqar ekanlar. Hatto tunda ham oyimning qandaydir tikish ishlari bilan band bo`lib, tun yarmisigacha mijja qoqmay chiqqanlarining guvohi bo`lganman, deydilar. Shunday kunlarning birida yarim tungacha mijja qoqmagan oyim, erta tong qorong`usida tandir yoqib non yopishga urinardilar. U davrning nonlarini bu kunlardagi, siz uvol qilayotgan nonlar bilan solishtirib bo`lmaydi bolam. Garchi biz yeyayotgan nonlar qop-qora bo`lsa ham, ko`zimizga surtar edik. Chunki, birinchi sinf bolasi bo`lganimda men ham akalarim va mahallamizdagi o`rtoqlarimga qo`shilib boshoq tergani borar edim. O`rilgan bug`doyning ostida tushib qolgan butun va yarim boshoqlardan qancha ko`p topsak, shuncha quvonardik. Kolxozimiz raisi har bir bolaning etagiga boshoqlardan mehnati evaziga solib berardilar. Uyga kelganimda oyimning meni suyib peshonamdan o`pib, “yasha bolam” deyishlarining o`zi men uchun katta mukofot edi. Otam non ushog`ini ko`zlariga surib o`ziga shukur deb qayta-qayta aytardilar. Kuni- kecha maktabimizda “Xotira va qadrlash kuni” arafasida tumanimizda yashayotgan 70-80 yoshni, hatto undan ham ulug`roq yoshlarni qarshi olgan otaxonlarimiz bilan uchrashuv tashkil qildik. Shu uchrashuvda urush qatnashchisi bo`lgan Halim otaning xotiralarini eshitib, bobolarimizning qanchalik og`ir kunlarni matonat bilan yengganliklarining yana bir bor guvohi bo`ldim. Otaxon “Bolalarim, sizlar eng yaxshi zamonda yashayapsizlar. Bizning kunlarimizni aslo ko`rmang. Jigarbandlarim, men nochorlikdan kunjara yeb yosh umri xazon bo`lgan kishilarni ko`rganman. U kunlarni dushmanimga ham ravo ko`rmayman. Dilbandlarim, bu kunlar eng tengsiz kunlar. Siz eng yaxshi zamon farzandisizlar. Bu kunlar uchun qancha qonlar to`kdik, qancha qurbonliklar berdik. Bolalarim, bu kunlar qadriga yetinglar. A’lo o`qib, o`zbek xalqining farzandi ekanligingizni dunyoga ko`rsating”. Bu so`zlarni shunchaki oddiygina tinglab bo`lmasdi. Butun vujudim, qalbim larzaga keldi. Ko`zlarimda yosh aylandi va bobomning “O`ziga shukur, yaratganiga shukur” deb ko`p takrorlaydigan so`zlari yodimga tushdi. Yaratganim o`zingga shukur, dorilomon kunlaring uchun. Madadkorim o`zingga shukur, tinchlik berib suyganing uchun. Neki qilsak, sen uchun kamdir bizga bergan non tuzing uchun. Suyanganim, boringga shukur, bizni shunday asraganingchun. Vatanim- onam deya doim alqab kelamiz. Chunki Vatanni mehribon onajonlarimiz-u, duogo`y buvijonlarimiz timsollarida ko`ramiz. Har gal buvimni ko`rgani borganimda peshonamni silab, bagirlariga bosib, neki asrab qo`yganlari bo`lsa dasturxonga oladilar. Men uchun atay tikib qo`ygan ko`ylaklari-yu, yostiqchalarni menga ilinadilar. Shu onda xayolimdan bir savol o`tadi. Buvijonimning bunday iltifotlari uchun nimalar qilsam, kongillari ko`tariladi. O`zlaridan so`raganimda, “Bolam, tez-tez kelib tursang bo`lgani”, deydilar. Qo`shni ayollar buvimning oldilariga tez-tez chiqib turadilar. Ba’zilari tikish sirlarini o`rganish uchun, ba’zilari esa maslahat olgani yo`qlab turishadi. Kimki nima maqsadda chiqmasin, buvimlar hech qachon noumid qilib qaytarmasdilar. Ayollarga doim sabr-qanoat haqida so`zlab, doim “Qizlarim, hech qachon mehnatdan qaytmang. Ozingizning mehnat qilib topganingiz, eng beminnat, eng shirin luqma. Sabr bilan qancha intilsangiz, shuncha boylikdan-da ulug` ne’matlarni qo`lga kiritasizlar. Bolam, qaynonangizning har bitta aytgan gaplariga “xo`p” deng. Hech qachon oyingizga qarshi bormang. Sizni qizim deb borini tutgan ayolni ardoqlang, kam bo`lmaysiz. Axir, bu dunyo qaytar dunyo. Nimaiki qilsangiz, ertaga o`zingizga qaytadi, bolalarim”. Bu hikmatga teng so`zlar doim har bir qizlarimizga hamroh bo`lsa, ularning kelajagi oydin, oilasi jannat bo`ladi. Men bu so`zlarni tinglab beixtiyor bobom va buvjonimdan faxrlanib ketaman. Ularga doim Yaratgandan sog`lik-salomatlik, umr tilayman. Fikrim so`nggida shuni xulosa qilib aytmoqchimanki, keksalarimiz bizning farishtalarimiz. Ularning duolari bizning yo`ldoshimiz. Mening bobom va buvim mening faxrimdir. Men doim ular bilan g`ururlanaman. Umr yo`limda doim mash`alam bo`ling, Yo`llarimni yoritguvchi chirog`im bo`ling. Hayot so`qmoqlarida madad berguvchi, Duogo`yim, asraguvchi tumorim bo`ling. http://fayllar.org Download 12.51 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling