O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tashkil topdi. Uning maqsadi tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatini himoya qilish, jamiyat hayotini yanada erkinlashtirishdan iborat. O‘zLiDePning „XXI asr“ haftalik gazetasi nashr etilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi-ning 2010 - yil qarori bilan O‘zbekiston liberal demokratik partiyasining 53 kishidan iborat deputatlar fraksiyasi ro‘yxatga olingan. 1995- yil may oyida jamoatchilikning tashabbusi bilan O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakati tashkil etildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. Adliya vazirligi mazkur harakatni 1995- yil 9-iyunda ro‘yxatga oldi. Harakatning asosiy maqsadi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millatlar va elatlarni jipslashtirish, ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklarini kafolatlash, mamlakatda millatlararo totuvlik, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlashdan iborat. O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakatining oliy organi qurultoy bo‘lib, u 4 yilda bir marta chaqiriladi. Unda rahbar organlar saylanadi. O‘zbekiston “Xalq birligi” harakati tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tuman kengashlari hamda boshlang‘ich tashkilotlari ish olib bormoqda. “Xalq birligi” harakati Respublika Baynalmilal madaniy markazi hamda 100 dan ortiq milliy-madaniy markazlar bilan bahamjihat faoliyat yuritmoqdaki, bu turli millat va elat vakillari birligini mustahkamlashda ijobiy rol o‘ynamoqda. O‘zbekiston “Xalq birligi” harakatining “Birlik” va “Edinstvo” haftalik gazetalari nashr etilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 1996- yil 17 - apreldagi farmoniga muvofiq respublika yoshlarining “Kamolot” jamg‘armasi nodavlat xayriya jamoat birlashmasi sifatida tashkil topgan edi. “Kamolot” jamg‘armasining vazifasi yoshlarning manfaat va ehtiyojlarini o‘rganish, ularni qondirish yuzasidan dasturlar tuzish va davlat ko‘magida hayotga tatbiq etishdan iborat edi. Ammo “Kamolot” yoshlar jamg‘armasi bunday vazifalarni bajara olmadi, yoshlarning haqiqiy ma’nodagi yetakchisiga aylana olmadi. Prezident Islom Karimov 2001- yil 24 - yanvarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan yoshlar masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda yoshlarning chinakam suyanchi bo‘la oladigan yangi tashkilot tuzish g‘oyasini ilgari surdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |