Olimlar o‘tkazilgan qator tadqiqotlar asosida ana shunday omillarning to‘rt guruhini ajratganlar:
ota-onalar o‘rtasida murosaning yo‘qligi, oilaviy o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasida aniq belgilangan ahloqiy tamoyillarning mavjud emasligi;
ota-onalarning ruhiy nosog‘lomligi va qonunbuzarligi;
yashash sharoitlarining yaxshi emasligi, bolaning to‘laqonli o‘sishi, dars tayyorlashi, jismonan chiniqishi uchun sharoitlarning yetarli emasligi;
maktab sharoitining talab darajasida emasligi;
mahalla xududida oila obro‘sining yaxshi emasligi, notinch, noqobil oila maqomiga egalik;
global axboratlashuv sharoitida turli axborot manbalari, jumladan, Internet tarmog‘i orqali bola ongiga yetib kelayotgan turli ma’lumot, ig‘vo, uydirma, mish-mish, oila qadriyatlariga zid axloq namunalari va boshqalar oxirgi yillarda bola ijtimoiylashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy omillar jumlasidandir.
Yuqoridagi holatlar ayniqsa, globallashuv davrida oila institutining bola sotsializatsiyasi va ijtimoiy tarbiyasidagi o‘rni nechog‘li sezilarli ekanligini isbotlamoqda.
Ijtimoiy tarbiyaning asl ma’nosi ham, vazifasi ham boladagi ijtimoiy faollikni oshirish orqali, undagi ijobiy fazilatlarni kamol toptirishdir. Odatda oilada ijtimoiy faollikni oshirish bola irodasini chiniqtirish orqali amalga oshiriladi. Chunki ko‘pincha ota-onalar bolalarining aqlli, farosatli bo‘lib yetishlariga e’tibor berib, uning ruhiyatini hamda jismoniy quvaatini oshirishga, irodasini mustahkamlashga bee’tibor qoladilar. Buning oqibatida bola turmush suqmoqlarida tez qoqiladigan, turli ijtimoiy vaziyatlarda qiyinchiliklarni yenga olmaydigan, ruhiyati mo‘rt bo‘lib katta bo‘ladi. Shuning uchun ham oilaviy ijtimoiylashuvda bolaning ijtimoiy bilimdonligi, ijtimoiy ko‘nikmalar va ularni oshirishga qaratilgan choratadbirlarga alohida urg‘u beriladi.
Mutaxassislar oilaviy sotsializatsiyaning bosqichlari, funksiyalarini tafovutlash bilan birgalikda uning har birida o‘ziga xos ijtimoiylashuv usullari ustivor bo‘lishini ham ta’kidlaydilar. Masalan, rus sotsiologi N.Andreyenkova ijtimoiylashuv jarayonini ikki katta bosqichda tasavvur qiladi. Uning birinchi bosqichi – individning ijtimoiy mavjudot sifatida shakllanishini ta’minlovchi hayot bo‘lagini o‘z ichiga olib, u inson hayotining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |