Reja: O’rxun- enasoy yodgorliklarining topilishi haqida


Download 32.39 Kb.
Sana24.11.2021
Hajmi32.39 Kb.
#176946
Bog'liq
Orxun- Mus ish MM


Mavzu: O'rxun- Enasoy bitiktoshlarining har biri ustida maxsus kuzatish olib borish.

Reja:


1.O’rxun- Enasoy yodgorliklarining topilishi haqida

2.To’nyuquq bitigtoshi to’g’risida

Mazkur obidalarning topilishi O'rxun hamda Enasoy daryolarining havzalari bilan bog'liq. Garchi bunday qadimiy obidalar keyinchalik Sibir va Mo'g'ulistonning boshqa joylaridan, Sharqiy Turkiston, O'rta Osiyo, Kavkaz, Volga- bo'vi, hatto Sharqiy Yevropadan ham topilgan bo'lsa-da, tarixda bu nom muqim o'rnashib qoldi. O’rxun-Enasoy yodgorliklarining topilishi va o'rganilishi XVIII asrdan boshlanadi. Rus xizmatchisi Remezov bu haqida dastlabki xabarni beradi. Shved zobiti Iogann Strallenberg, olim Messershmit yodgorliklarni Yevropa ilm ahliga ilk marta taqdim qilgan edilar. Dastlab, O'rxun, Selenga va To'li daryolari atrofidan — Shimoliy Mo'g'ulistondan toshga bitilgan obidalar topildi. Ular O’rxun yodgorliklari nomini oldi. Enasoy daryosi qirg'oqlarida topilgan yodgorliklar ham shu nom bilan ataladi. Yodgorliklar topilganidan keyin ularni o'qish, o'rganish muammosi ko’ndalang bo'ldi. Ammo bu ish deyarli bir yarim asr mobaynida hech kimning qo'lidan kelmadi. Nihoyat, 1893- yildagina ularni o'qish uchun dastlabki qadam qo'yildi. Shu yili daniyalik olim Vilgelm Tomson va rus olimi V. Radlovlar yodgorliklardagi barcha harflarni o'qidilar. Shundan so'ng ularni jiddiy o'rganish boshlandi. O'rxun-Enasoy obidalari «tosh bitiklari» deb ham yuritiladi.. Buning sababi ko'pgina yodgorliklarning qabr toshlariga o'yib yozilganidadir.

Qadimgi turkiy obidalarning asl manbalari topilgan joylar: O'rxun va Enasoy daryolari atroflari, Turfon (Sharqiy Turkiston), Osiyo va Yevropaning ko'pgina joylaridir. Shunga ko'ra ularning Mo'g'uliston, Germaniya (Berlin, Marburg, Mayns), Rossiya (Sankt-Peterburg, Qizil, Minusinsk), Xitoy (Turfon, Urumchi, Miran Suchjoy, Pekin), Buyuk Britaniya (London), Fransiya (Parij), Shvetsiya (Stokgolm), O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'izistonda saqlanishi kuzatiladi. Ma'lumki, turkiy xalqlar o'z davlatiga ega bo'lgan eng qadimgi dunyo qavmlaridan biridir. O'rxun-Enasoy obidalari ana shu tarixni badiiy tarzda hikoya qiladi. Ular O'rta Osiyodan boshlab Dunaygacha bo'lgan ulkan hududda o'z davlatlarini idora qilishgan. Yodgorliklar, asosan, VI—VIII asr voqealarini aks ettiradi. V—VI asr o'rtalarida dunyo xaritasida Turk xoqonligi degan mamlakat yuzaga kelgan. Bu mamlakat O'rta Osiyo, Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Oltoy o'lkalaridagi turli qabila va xalqlarni birlashtirgan edi. Bu yerlar geografik jihatdan nihoyatda qulay, buning ustiga Yevropa va Sharqiy Osiyoni bog'lab turuvchi «Buyuk ipak yo'li»ning ustida edi. Shuning uchun ham turkiylar yashaydigan manzillarga qiziqish katta bo'lgan. Turli qabila va elatlarning doimiy hukmronlikka intilishi odatdagi hol edi. Bundan dushmanlar ham foydalanishga harakat qiladilar. Tashqi dushmanga qarshi hamkorlikda kurashish qabila va elatlarning birlashishiga olib keldi va 545- yilda Turk xoqonligi yuzaga keldi. Bu xoqonlik VI11 asrgacha hukmronlik qildi. Tosh bitiklarning katta qismi ana shu xoqonlikning o'ziga xos badiiy solnomasidir. Ularning hajmi anchayin ulkan. Jumladan, «To'nyuquq» bitiktoshi 2 ta ustunga yozilgan. Ularning biri 170, ikkinchisi 160 sm dan iborat. Bu yodgorlikni Yelizaveta Klemens 1897- yili Shimoliy Mo'g'ulistonda eri Dmitriy Klemens bilan birgalikda izlab topgan. Bitiktosh Ulan-Batordan 66 km janubi-sharqdagi Bain Sokto manzilida bo'lgan va hozir ham shu yerda saqlanadi. «Kultegin» bitiktoshi marmardan, ishlangan, balandligi 3 m 15 sm, qalinligi 41 sm, tub qismi 1 m 24 sm bo'lib, yuqoriga tomon torayib borgan. Yodgorlikni rus ziyolisi N. M. Yadrinsev (1842-1894) 1889- yili Mo'g'ulistonning Kosho Saydam vodiysidagi Ko'kshin-O'rxun daryosi qirg'og'idan topgan. U Ulan-Batordan 400 km janubda, Qora Balg'asun shahri xarobalaridan 40 km shimolda joylashgan. Yozuvlar o'ngdan chapga va yuqoridan pastga qarab bitilgan.

«Bilga xoqon» bitigini ham N. M. Yadrinsev topgan. U Kultegin bitiktoshidan 1 km janubi-g'arbga o'rnatilgan. Uning bo'yi 3 m 45 sm, eni 1 m 72 sm, qalinligi 72 sm, bitiktosh ag'darilib, uchga bo'lingan va ayrim satrlari nurab, yozuvlari ham zarar ko'rgan. U 80 satrdan iborat. «Bilga xoqon» bitiktoshida «Kultegin» bitiktoshidagi 41 satr takrorlangan. Yodgorliklarni butun dunyo turkiyshunoslari ilmiy jihatdan o'rganmoqda. V. Tomson va V. Radlovlardan keyin S. H. Malov, S. G. Klyashtorniy, I. V. Stebleva, H. O'rxun, I I Tekin, Najib Osim, G. Aydarov, o'zbek olimlaridan A.Rustamov, G'.Abdurahmonov, N. Rahmonovlar o'rganishgan. Yodgorliklar hozirgi o'zbek tiliga bir necha marotaba o'girilgan. A. P. Qayumov «Qadimiyat obidalari» kitobida, G’.Abdurahmonov va A. Rustamovlar «Qadimgi turkiy til» kitoblarida o'sha yodgorliklardan namunalar keltirishgan.

Runiy yozuvdagi yodgorliklar faqat toshga bitilgan emas. Ularning qog'ozga, turli buyumlarga yozilgan namunalari ham bor. Masalan, «lrq bitigi» («Ta'birnoma») qog'ozda yozilgan. Uni vengr olimi A. Steyn Sharqiy Turkistondagi Dunxua manizilidan topgan (1907- yil). Run yozuvlari Talas vodiysidan ham topilgan. U hozirgi Avliyoota va Taroz shahri yaqinida bo'lgan qoyalardagi yozuvlardir. Shuningdek, kumush ko'zachalarga yozilgan runiy yozuvlari Sibir o'lkasidan ham topilgan. ErmiTaj (Sankt-Peterburg)da saqlanayotgan 2 ta ko'zacha shu haqda ma'lumot beradi. Minusinsk muzeyida esa teriga yozilgan runiy bitiklar mavjud, Oyna, qayish to'qasi, qog'ozga yozilgan boshqa runiy yozuvlar ham ko'p. Turfon (Sharqiy Turkiston)dan Le Kok tomonidan topilgan runiy yozuvlar orasida cski fors tilidagi bitiklar ham mavjud. Vena (Avstriya) muzcyida saqlanayotgan oltin idish- tovoqlarda ham runiy yozuvidagi yodgorliklar bo'lib, ular bajanaq(pecheneg) tilida yozilgan. Yog’ochga yozilgan run bitiklari namunalari Ermitajda saqlanadi, Yodgorliklar qaysi mavzularda bahs yuritadi? Bu mavzularning badiiy tahlili qay tarzda kechadi? Ularning ahamiyati nimada?



So'zni «To'nyuquq» bitiktoshidan boshlaylik. To'nyuquq — shaxs nomi. U ikkinchi turk xoqonligiga asos solgan Eltarish xoqonining maslahatchisi va sarkardasi bo'lgan. To'nyuquq: «Turk Bilga xoqon davlatida bu bitikni yozdirdim»- deydi. Bilga xoqon Eltarish xoqonning o'g'li edi. Bitiktoshdagi voqealar To'nyuquq tilidan hikoya qilinadi: «Men — Dono To'nyuquq erurman. Tabg'ach davlatida tarbiyalandim. Turk xalqi tabg'ach davlatiga bo'ysunar edi...» So'ng turkiylarning o'z erkini qo'ldan berib qo'yishlarining sababi aytiladi: «Turk xalqi boshboshdoqlikka, o'zibo'larchilikka, beparvolikka yo'l qo'ydi... o'zining xoni bilan birga bo'lmadi». Mustamlaka azobi, o'zga xalqlar yetkazgan zulm yodgorlikda qisqa va lo'nda, ammo nihoyatda ta'sirchan tarzda ifodalanadi: «...Tabg'achga taslim bo'lganligi uchun tangri, o'l degan shekilli, turk xalqi o'ldi, yo'q bo'ldi, tugadi. Turk Sir xalqi yerida birorta ham urug' qolmadi». Ana shunday musibat xalqning birlashmog'ini, yakdillik bilan harakat qilmog'ini taqozo etar edi. Yodgorlikda To'nyuquq xalq yetakchisi, dono maslahatchisi, kuchli va botir sarkarda sifatida namoyon bo'ladi. U yetti yuz kishini birlashtirib, «shad» degan unvon oladi. Bu turk xoqonligidagi eng oliy darajadagi unvonlardan biri edi. To'nyuquq Bo'gu Tarxon hamda Eltarish xoqonlar bilan birga mamlakat mustaqilligi, el-yurt farovonligi, yurt „ osoyishtaligi, chegaralar daxlsizligi uchun tinimsiz kurash olib bordi. U bu kurashlarning oldingi safida edi. Ammo dushmanlar ham tinch o'tirmadi. Ular kuchlarni birlashtirish payiga tushishdi. Tasvir davomida vaziyatning keskinlashib borishi, buning natijasida To'nyuquq shaxsiyatidagi kuchli nuqtalarning tobora kengroq ochilishini kuzatish mumkin. Xususan, buyuk sarkardalarga xos bo'lgan tavakkalchilik, dovyuraklik, jasorat, jur'at, ba'zan nihoyatda keskinlik, cho'rtkesarlik, ayni vaqtda bosiqlik, vazminlik xislatlari bu tasvirlarda aniq ko'rinib turadi. U katta tajriba egasi sifatida namoyon bo'ladi. («Xoqonim muvaffaqiyat qozongani uchun, men o'zim muvaffaqiyat qozonganim uchun davlat ham davlat bo'ldi, xalq ham xalq bo'ldi, o'zim chol bo'ldim, ulg'aydim».) To'nyuquq bahodir va jasoratli shaxsgina emas, ayni paytda o'z atrofidagilarning mustahkam jipsligini ta'minlaydigan, yagona maqsad yo'lida xalqni birlashtirishning uddasidan chiqadigan boshliq sifatida ham namoyon bo'ladi. U odamlarning ko'nglidan kechayotgan o'ylarni nozik darajada his etadi. Shu bilan birga, ularning qalblariga ta'sir etish yo'llarini ham yaxshi biladi. Shunga ko'ra, u Vatan va yurt taqdirini, xalqining kelajagini o'z qardoshlariga buyuk xavotir bilan yetkazganida oz sonli qo'shini harakatga keladi. Natijada ko'p sonli dushman tor-mor bo'ladi.To'nyuquq buyuk vatanparvar shaxs timsolidir. Uning o'z vatani, xoqoni, qo'shini, xalqi bilan faxrlanishi, ularning borligidan o'zini baxtiyor sezishi yodgorlik matniga puxta singdirilgan. Hatto dushmanning «xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi donishmand ekan» degan bahosida ham shu ruh mavjud. To'nyuquqning xotirjamligi esa «xalqning tomog'i to'q edi» jumlasi orqali ifodalangan. Dushmanning turkiylar ustiga hujum uyushtirish haqidagi yovuz niyatini eshitgan To'nyuquq «tun uxlagim kelmadi, kunduz o'tirgim kelmadi» deb nido qiladi. Bu o'rinda uning o'z taqdirini xalq bilan yaxlit holda tasavvur qilishini yaqqol ko’ramiz.

To'nyuquq ma'naviyatidagi eng asosiy nuqta shunday ifodalanadi: «Bu turk xalqiga qurolli dushimanni keltirmadim, yalovli otni yugurtirmadim». To'nyuquq obidasi vatan haqidagi madhiyadir. U voqeiy yoki badiiy asar bo'lishiga qaramay, unda hayot haqiqati, tarixiy haqiqat o'z aksini topgan. Turkiy qabila va elatlarning o'zaro talashib-tortishishlari ham, tashqi dushman bilan bo'lgan ayovsiz kurashlar ham aslida tarixiy haqiqatdir. Eltarish, Bo'g'u, Bilga xoqonlar ham tarixiy shaxslardir. Asardu tilga olingan ko'plab qabila, urug'lar tarixda mavjud bo'lgan, ularning bir qismi hozir ham alohida xalqlar va millatlar tarkibida yashab kelmoqda. Yodgorlikda murojaat, undov, chaqiriq yetakchilik qiladi. To'nyuquq tabiatida tushkunlik, ikkilanish mutlaqo ko'rinmaydi. Uning harakatlarida, so'zlarida o'ziga hamda butun xalqiga buyuk ishonch balqib turadi. Xuddi shu holat uning g'alabalariga asosiy omil bo'ladi. «To'nyuquq» bitiktoshi — kompozitsion jihatdan yetuk asar. Unda o'ziga xos boshlanma, voqealar rivoji, xotima mavjud. Shu kompozitsiyaning o'zida ham katta badiiylik bor. Bu maqsad to'laligicha amalga oshgan. Yodgorlikning til xususiyatlari e'tiborga loyiq. U VIII asrdagi adabiy til namunasidir. Asar tilidagi ko'plab so'zlar hozirgi o'zbek tilida aynan qo'llaniladi. Bir qism so'zlarda ozgina tovush o'zgarishlari yuzaga kelgan, yana bir toifa so'zlar esa bugungi iste'moldan chiqib ketgan. Yodgorlikda o'rni-o'rni bilan so'zlarning ko'chma ma'nolarda qo'llanishi seziladi. Shuningdek, majoz, matal, maqollardan foydalanish kuchli: «Tabg'ach, O'g'uz, Xitoy — bu uchovi qamal qilsa, qamalda qolajakmiz. Unda vujudining ich-u tashini — mol-u jonini topshirgan kishiday bo'lamiz. Yupqa yig'in tor-mor qilishga oson emish, ingichka yig'in uzishga oson emish. Yupqa qalin bo'lsa, tor-mor qiladigan bahodir emish, ingichka yo'g'on bo'lsa, uzadigan bahodir emish». Asarda oltinga «sariq», kumushga «oq», tuyaga «egri» singari epitetlar — sifatlar qo'llangan. Undagi asosiy tasvir vositasi alliteratsiyadir. Alliteratsiya — tovushlar uyg'unligi, asosan, bir xil tovushlarning takrorlanishi natijasida yuzaga keladigan ohangdorlikdir. Unda unli va undosh tovushlar takrorlanishi mumkin.O'ngra qitaynyig' O'lurtachi terman, Bani O'g'uzug' O'lurtachi— o'q terman.So'z takrori ham yodgorlikda ko'p uchraydi: Tabg'ach qag'an yag'imiz erti O'n o'q qag'ani yag'imiz erti. Asardagi o'ziga xos tasvir usullaridan yana biri voqea- hodisalarga muayyan yondashish bilan izohlanadi. Ko'pincha bir necha voqea-hodisalar yoki ular bilan bog'liq detallar ketma-ket sanaladi: «Turk budun o'lti, alqinti, yo'q boidi». Bu yerdagi ketma-ket sanoq voqea zamiridagi dahshatli musibatni, kuchli fojiani juda yorqin namoyon etadi. Yoki: «Tabg'ach, bardanayin teg. Qitayn, o'ngdalayin teg. Ban yirdantayin tegayin». (Tabg'ach, sen o'ngdan hujum qil! Xitoy, oldindan hujum qil! Men chapdan hujum qilay!) Bu o'g'uzlar orasidan kelgan kuzatuvchi nutqidan parcha. U o'g'uzlar fikrini ifodalamoqda. Bu yerdagi sanoq dushman tomonidan solinayotgan tahdid va xavf-xatar doirasining nechog'lik kattaligini tasavvur etishga imkon beradi. Bularning hammasi To'nyuquq bitiktoshining yuksak vatanparvarlik ruhi bilan sug'orilgan qadimiy nodir badiiy asar ekanligini yana bir marta tasdiqlab turadi.

O'rxun-Enasoy obidalarining asosiy qismi turkiy xoqonliklar tarixining badiiy solnomasidir. Ularning dastlabkilari yuqorida aytilganidek. qabrlarga qo'yilgan toshlardan iborat bo'lgan. Masalan, «Bilga xoqon» bitigi ham Yo'llug'tegin qalamiga mansub. Bitikda «Kultegin» va «To'nyuquq» obidalariga xos bo'lgan an'ana — qahramonlik va vatanparvarlik g'oyasini ulug'lash asosiy o'rin tutadi. Yodgorliklarda inson shaxsi va ayniqsa, uning erki bilan bog'liq masalalar teran badiiy tahlil qilingan.

Bitikdagi voqealar Bilga xoqonning yoshiga bog'liq holda davriy izchillikda ifodalangan. Qahramon o'n yetti, o'n sakkiz, yigirma ikki, yigirma olti, yigirma yetti, o'ttiz, o'ttiz bir, o'ttiz uch. o'ttiz to'rt, qirq yoshidagi voqealarni eslatadi. Aslida bu voqealar butun boshli bir xalq turkiylar tarixidagi nihoyatda jiddiy burilishlar haqida hikoya qiladi. Voqealar Bilga xoqonning o'n yetti yoshida tang'ut tarafga lashkar tortishi bilan boshlanadi. Mana g'alaba ifodasi: «Tang'ut xalqini yengdim, o'g'lini, bor narsasini, yilqisini, mol- mulkini oldim". Bu Bilga xoqonning dastlabki g'alabasi edi. Matn mavzusi harbiy sohaga aloqador. Shuning uchun asosiy fikr davlat, qo'shin, harbiy salohiyat ustida boradi. Yodgorlikda turli- tuman joy, qabila nomlari tilga olingan.Bular matnga haqqoniylik, rostgo'ylik ruhini singdirib turadi, so'zlovchining fikrlarini dalillaydi. Matnda olti chub sug'dak xalqi. tabg'ach, basmil, idiqut, chik xalqi. qirg'iz, qorluq, to’qqiz o'g'uz, turk tatabi — turgash kabi qabila va urug' nomlari; Bo'luchi, Beshbaliq, Tamg'uduk bosh, To'g'u baliq, Antarg'u, Chush, Azganti kadaz, Mag'i Qo'rg'on, Idarbosh, Ko'gman yish, So'nga yish, Oltin yish singari joy nomlari; Kam, Irtish, Tug'la (To'li) singari daryo nomlari uchraydi. Bular aslida tarixan mavjud nomlardir. Ana shu holat yodgorlikni tarixiy uslubda yaratilgan asarlar sirasiga kiritish mumkinligiga dalolat beradi. Asarda alohida badiiy tafsilotlarni qatorlashtirish, muallif nutqida sanoq ohangi yetakchilik qiladi. Masalan, qabila nomlari (basmil, idiqut),muqaddas tushunchalar (tangri, muqaddas yer-suv, otam xoqon ruhi), qarindoshlik atamalari (bolasini, bekasini), kishi tanasining a'zolari (sochini, qulog'ini, yonog'ini kesdi) va boshqalar. Bilga xoqon obidasida ham — parallelizmlar, qiyoslashlar asosiy o'rin tutadi. «Yigirma ikki yoshimda Tabg'ach tomon lashkar tortdim. Chacha sangunning sakkiz tumanlik qo'shini bilan urushdim. Qo'shinini o’ldirdim». (Qadim Yaponiyada ham So'g'un — samuray, bahodirlik unvoni — tahr.) «Yigirma olti yoshimda chik xalqi qirg'iz bilan dushman bo'ldi. Kam daryosini kechib o'tib, qirg'iz tomon lashkar tortdim. O'rnandajang qildim. Qo'shinini tor-mor qildim. Az xalqini taslim etdim». «Yigirma yetti yoshimda yana qirg'iz tomonga lashkar tortdim. Nayza botimi qorni yorib, Ko'gman (Sayan) yishga ko'tarilib, qirg'iz xalqini uyquda bosdim. Xoqoni bilan Sunga yishda jang qildim. Xoqonini o'ldirdim. Davlatini o'shanda oldim. O'sha yili Turgash tarafga, Oltin yishni oshib o'tib, Irtish daryosini kechib, yurish qildim. Turgash xalqini uyquda bosdim. Turgash xoqonining qo'shini o'tday, bo'ronday keldi. Bo'luchida jang qildik. Xoqonni, yabg'usini, shadini o'shanda o'ldirdim. Davlatini o'shanda oldim». Uchta parcha matnda ketma-ket kelgan. Ular yigirma ikki, yigirma olti hamda yigirma yetti yosh bilan bog'liq.

Ulardagi voqealar tizimini guruhlash mumkin:

a) qahramonning muayyan yoshi;

b) voqea sodir bo'lgan joy;

d) voqeaning mohiyati;

e) natija.

Dastlabki parchada bu 22 yosh bilan bog'liq, voqea sodir bo'lgan joy esa tabg'achlar tomoni. U yerda Chacha Sangun degan mashhur sarkarda bilan jang qilinishi voqea mohiyatini anglatadi. Natija esa qo'shin bilan urushib, uni o'ldirish bilan yakunlangan.Keyingi bosqich yigirma olti yosh bilan aloqador. Bu yerda voqea sodir bo’lgan joy Kam daryosidan keyingi Urpandir. Voqea mohiyatini jang tashkil qiladi. Natija ham o'xshash: qo'shin tor-mor qilingan, Az xalqi taslim bo'lgan. Oxirgi parcha ham xuddi shu xilda tuzilgan. Faqat tafsilot anchagina kengaytirilgan. Voqea mohiyati va natijaga ko'proq e'tibor berilgan. So'zlar takrori yodgorlikdagi asosiy tasvir vositalaridan biridir: Men o 'n to 'qqiz yil shad bo 'lib turdim, O'n to'qqiz yil xoqon bo'lib turdim, Davlatni tutib turdim. Shu misolimizda o'n yettita so'z ishtirok etgan bo'lsa, ulardan oltilasigina bir martadan qo'llangan, xolos. Ammo so'zlar takrori matnda g'alizlik tug'dirmagan, aksincha, muallif fikrining ta'kidlanishiga, alohida urg'u bilan ko'rinishiga yordam bergan, Bularning barchasi yodgorliklarning juda katta ma'rifiy hamda badiiy- estetik ahamiyatga ega ekanligini ko'rsatib turibdi.

Yozning qoq chillasi, eskilar so‘zi bilan – o‘roq oyi. Shunday esa-da, dala-tuz yam-yashil. Mo‘g‘uliston o‘rtalig‘idagi tuzu qirlar ila o‘rmon, qurama tog‘lar tutashib ketgan Bayn So‘kto‘ o‘lkasi ana shunday manzarali, bahavo joy. Bu tuproqda qutlug‘ bir ziyoratjoy bor. U Ikkinchi turk xoqonlig‘i davrida davlat arbobi, qo‘mondon va donishmand o‘tgan To‘nyuquq mangutoshidir. Chet ellik musofirlar, olimlar ziyorat uchun bu yerga tez-tez kelib turadi. Qadimda, Chingizxon davlat qurguniga dovur bu yerlar turk xoqonliqlari va ellariga qarashli edi.

Topib borish yo‘li shunday: ulovda Ulan-bator(o‘zbekchasi O‘g‘lon botir)dan chiqib Janubi-Sharqqa yo‘l olasiz. Sakson chaqirimlarcha narida so‘lim bir go‘sha bor. U yerni Milliy bog‘ atashadi.

Mo‘g‘uliston yerlari o‘ziga yarasha. Bizdagi singari qishloq va kentlar bir-biriga ulanib ketgan emas, ora-chora cho‘pon va yilqiboqarlarning o‘tovlari ko‘rinib qoladi. Yaylovlarida har qadamda yilqi uyuri, qo‘y va echki suruvi, uy-qoramol podasi, o‘rkachli tuyalar. Yilqi va sigirlarining tanasi yaltiraydi(havosining tozaligi va o‘t-o‘lanning mo‘lligidan bo‘lsa kerak). Qo‘rg‘onlarida daraxt yo‘q hisobi, eshik va ko‘ylarga daraxt ekish odat emas. Lekin soy yoqalari, quzg‘ay yerlarda o‘sgan yovvoyi yig‘ochlarga ko‘zingiz tushadi. Ekinligi oz. Qishloqisining tirikchiligi asosan chorvadan. Kishisi sodda va samimiy. O‘tovidan chiqib yumush bilan kuymalanayotgan onasining yonida yap-yalang‘och o‘ynayotgan jo‘juqqa ko‘zingiz tushib qoladi orada. Dala-tuzda hatto qo‘lga o‘rgatilgan lochin yo qirg‘iyni tutib turgan qushchisini ham ko‘rasiz. Yaylovdagi oddiy mo‘g‘ulning bundayin hayot tarzini tomosha qilishning o‘z gashti bor.

Boshkentdan uzoqlashganingiz sari yaylovlar tugab, tog‘lar, archalar bilan qoplangan o‘rmonlar boshlanadi. Bexos qadimgi bitiglarda ta’rif etilgan manzaralarni eslaysan kishi; o‘sha chog‘lar bunday o‘rmonli tog‘lar yish deb atalgan. Yo‘l yoqasidagi qoyalarni ko‘rib, hayratlanasan: qayusi ulkan bir toshbaqa ko‘rinishiga kelib qolgan, qayusi tangriga topinib turgan odam boshini eslatadi. Ko‘k turklar bu tuproqlarni ona-yurt tutgani, bilga To‘nyuquq o‘z tirikligining so‘nggi yillarini shu yerlarda o‘tkazganini endi tushunib yetdim.

To‘nyuquq yodgorlik majmuasiga ham ana shu yo‘ldan boriladi. Milliy boqqa yetmay turib, so‘lga – tekis yaylov tomon burilib ketiladi. Asfalt yo‘q, mashinalar kirib-chiqaverib, o‘ziga yo‘l ochgan. Ancha ichkari kirilgach, ziyorat yeri keladi.

Darvoqe, ushbu majmua xoqonliklar zamonidan qolgan boshqa yodgorliklardan ancha chetda. Kul tigin va Bilga xoqon bitiglari tiklangan joy bilan bu yerning orasi 360 chaqirim. Sarkarda qarigan chog‘da davlat ishlaridan chetroq, tinch bir manzilni tanlagan bo‘lsa ajabmas.

To‘nyuquq asli Tabg‘ach(Xitoy)da tug‘ilib, tarbiya topgan. Tabg‘achning ish yo‘rig‘iga ko‘ra, turk o‘g‘lonlari bu yerda tarbiyalanib o‘z yurtiga jo‘natilar edi. Yosh To‘nyuquqqa ham shunday yo‘l tutildi. Lekin u otalar yurtiga kelib, tabg‘achga xizmat qilish o‘rniga milliy-ozodlik harakatlariga qo‘shilib ketdi. U uch xoqon – Eltarish, Bo‘gu, Bilga xoqon yurtni boshqarganda ularning kengashchisi va qo‘mondoni bo‘lgan. “O‘shanda kengashchi ham mening o‘zim edim, urushuvchisi ham men edim”, deya xotirlaydi bu to‘g‘rida muallif. Ayniqsa, Eltarish va Bilga xoqon davrida uning obro‘si va mavqei yuqori edi. To‘nyuquq yurt tinchligi, mamlakat kuch-qudratini oshirish yo‘lida ko‘p yaxshi ishlarning boshida turdi, xoqonliqning tiklanishi va el chegaralarining kengayishiga munosib ulushini qo‘shdi. U yirik arbob bo‘lishi bilan birga, tarixchi, qadimgi turkiy adabiyotning yirik namoyandasi, zamonasining atoqli faylasuflaridan edi. Otiga qo‘shilayotgan bilga so‘zi uning unvoni bo‘lib, “bilimdon, alloma” degan ma’noni bildiradi. Ulug‘ donishmand, xoqon kengashchisi bo‘lgani uchun u shunday unvonga erishgan. Xitoy manbalarida u tang sulolasi davrida o‘tgan atoqli arboblar, ulug‘ donishmand va sarkardalar qatoriga qo‘yiladi.

Endi yodgorlikning ta’rifiga o‘tsak. Ulkan majmua: o‘rtada ikki bitigtosh; tevaragida ko‘hna maqbara vayronalari, usti nuragan haykal va balballar, turli bezaklar ishlangan palaxsa-palaxsa toshlar, ustunlarning tagliklari yotibdi. Vayronaning bir yog‘ida, kun chiqarga bir oz yurilsa, yaqin ikki yuz qadam chamasi qatorasiga yerdan chiqib qolgan turli ko‘rinishdagi toshlarga, balbal va ustunlarga ko‘zingiz tushadi. Maqbaraga kirish yo‘lagi shu yoqdan bo‘lgan ko‘rinadi.

Bitigning yozilgan va maqbaraning tiklangan sanasi aniq emas. Ba’zi olimlar u 712 – 716 yillar orasida yozilgan, ayrimlar – 720, boshqa birlari 725 – 726 yillari bitilgan, deya taxmin qiladilar. Hatto ushbu yozuv Kul tigin bitigiga javob tariqasida bitilgan, degan qarashlar ham bor. Nima bo‘lganda ham, uning tarixi Bilga xoqon zamoniga boradi. Bu to‘g‘rida bitigning yakunida: “(Ushbu bitigni) turk Bilga xoqon elida yozdirdim men bilga To‘nyuquq”, deya qayd etilgan.

Bitig muallifi To‘nyuquqning o‘zidir. Matn uning tilidan berilgan. U 62 satrli bo‘lib, bir-biriga qaratib tiklangan ikki to‘rt qirrali toshga yozilgan: yarmi birinchi bitigga bitilib, qolgani ikkinchisida davom etadi. Matn yuqoridan quyiga qarab o‘qib tushiladi. Xatini ko‘k turk bitiglari ichida eng chiroyli va tartiblisi desa bo‘ladi.

Bitigda To‘nyuquq o‘zining o‘sib-ulg‘ayishidan boshlab, Eltarish boshliq ulus ozodligi harakatlariga qo‘shilib, mamlakatni bosqinchilar zulmidan qutqarishi, o‘z qahramonliklari, mamlakat chegaralarini kengaytirish, yurt erki, ulus tinchligi va farovonligi yo‘lida olib borgan kurashlarini, ezgu ishlarini hikoya qiladi. Unda xoqonliq tarixi yaxshi yoritilgan.

Muµimi shundaki, tarix bayoni oddiy emas: muallif kґrgan-kechirganlarini, o‘zi qatnashgan buyuk ishlarni ta’rif etmaklik uchun xalq maqollari, turli badiiy vositalardan unumli foydalangan. Uslub balog‘at darajasida, niµoyatda go‘zal. Bu belgilari matnning badiiyligini ta’minlaydi. Bunday uslubning tanlanishiga sabab, asarni o‘qishli qilish, uning badiiy-estetik ta’sirini oshirish edi. Shuning uchun bitigni tarixiy-badiiy asar sifatida o‘rganish o‘rinlidir.

Umuman olganda, ushbu bitigning epigrafika san’ati, tarixnavislik hamda turkiy yozma adabiyotning yuzaga kelishi va uning ravnaqidagi ahamiyati katta.

Hayotdagi To‘nyuquq bitigda adabiy personaj, asar qahramoniga aylanadi. Matnning ta’sir kuchi badiiyligidadir. Asarda aks etgan tarixiy voqealar, badiiy tasvir vositalari, ajoyib til – hamma-hammasi bir maqsad yo‘lida birlashadi: donishmand To‘nyuquqni ulug‘lashga, uning xoqonliq yuksaluvidagi o‘rni, yurtsevarligiyu milliy qahramon sifatidagi ishlarini yoritib berishga xizmat qiladi. Yurt erki uchun, qutlug‘ yer-suv­(iduq yer-sub) uchun kurash, mamlakatni tashqi yovlardan saqlash bitigning bosh g‘oyasidir.

Bitig Bilga To‘nyuquq-ben (“(Men) bilga To‘nyuquq-man”) jumlasi bilan boshlangan. Bu jumla matnning boshlamasi bo‘lib, uni uch komponentga ajratish mumkin: birinchisi — muallifning unvoni (bilga); ikkinchi komponent — oti (To‘nyuquq), unga qo‘shilayotgan -ben — uchinchi komponent — shaxs-son qo‘shimchasi bo‘lib, kesimlikni ta’minlaydi. Ushbu boshlama quyida berilgan matn To‘nyuquqning so‘zlari ekanligiga ishora. Shundan so‘ng o‘zum Tabg‘ach elinga qilintim (“o‘zim Tabg‘ach elida voyaga yetdim”) jumlasi bilan asosiy qismga ko‘chiladi.

Hozirgi nashrlarda matnning boshlanishini Bilga To‘nyuquq, ben o‘zum Tabg‘ach elinga qilintim deb o‘qib, mazmunini “Bilga To‘nyuquq, men o‘zim Tabg‘ach mamlakatida voyaga yetdim”, deya talqin etadilar. Bunda bitigning rasmiy mavqei susayadi; go‘yo u oddiy tarjimai holday bo‘lib qoladi.

Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratamiz. Odatda, xoqonlarning yorliqlari, bitiglari ularning unvoni bilan boshlangan. Masalan, o‘sha zamonda yurtga egalik qilgan Bilga xoqon o‘z yorliqlarini Tangri-teg tangri yaratmish turk Bilga qag‘an sabim(“Ko‘kday ulug‘ tangri yaratgan jasur Bilga xoqon so‘zim”) unvoni bilan boshlagan. To‘nyuquq xoqon emas, qolaversa, uning bitigi yorliq yo yurt egasining bitigi ham emas. Lekin, ta’kidlash kerak, bitig To‘nyuquqning kim o‘tgani, xalq erki yo‘lida xoqonlar bilan yelkama-elka turib kurashgan milliy qahramonning ulug‘ xizmatlarini xoqonliq oldida, kelajak avlodga yana bir bor ta’kidlab qo‘yish uchun yozilgan bayonotidir. Ushbu nuqtai nazardan bitig rasmiy tus oladi. Shuning uchun boshlamani Bilga To‘nyuquq-ben (“(Men) bilga To‘nyuquq-man”) deb berilgani to‘g‘ri. Bu narsa bitigning rasmiy maqomini ham ta’minlaydi, muallifning maqsadiga ham mos tushadi. Matnni bu ko‘rinishda boshlash epigrafika tarixida keng tarqalgan. Yenisey tevaragidan topilgan bitiglarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Masalan, Yoruq tigin bitigi: Er atim Yaruq tegin-ben­(“Er otim Yoruq tegindirman”); El To‘g‘on bitigi: Atim El To‘g‘an tutuq-ben­(“Otim El To‘g‘an Tutuqmen”); O‘ga Tirig bitigi: Beg tarqan O‘ga Tirig-ben(“Men) Beg Tarqan O‘ga Tirigmen”) deb boshlangan. Buning singari misollar talay. Bari epigrafik matn tuzishda adib va tarixchi To‘nyuquq ishlab chiqqan an’anaga ergashadi.

Bitigda mamlakat qo‘shinining kuch-qudrati, salohiyati to‘g‘risida so‘z borganda “xoqoni alp ekan, maslahatchisi bilga ekan”(qag‘ani alp ermish, ayg‘uchisi bilga ermish), deya ta’riflanadi. Buning bilan yurtni pahlavonlar, dono kishilar boshqarib turgani, uning qo‘shinidan ehtiyot bo‘lmoqlik kerakligiga ishora qilingan.

To‘nyuquq yovning ona tuproqqa hujum qilishga tayyorlanayotganidan bezovtalanadi, kecha-kunduz yurtni saqlab qolish yo‘llarini izlaydi. “O‘sha xabarni eshitib tunlari uyqum kelmadi, kunduzlari o‘tirgim kelmadi” (O‘l sabig‘ eshidip tun udisiqim kelmadi, kuntuz o‘lursiqim kelmadi), deya bayon qilinadi uning kechinmalari bitigda. Qadimgi adabiyotda buning singari qolipga tushgan jumlalar qahramonlar ta’rifini berishda qo‘l kelgan. Masalan, Kul tigin bitigida ham muallif Bilga xoqonning fidoiyligini bayon etishda ana shunday jumladan foydalangan: Turk bo‘dun uchun tun udimadim, kuntuz o‘lurmadim(“Turk xalqi uchun tunlari uxlamadim, kunduzlari tinch o‘tirmadim”).

Bitigda turk qo‘shinining zafarli yurishlari bayonida shunday jumlani o‘qiymiz: O‘l sub qudi bardimiz, sanag‘ali tushurtimiz, atig‘ iqa bayur ertimiz. Kun yema, tun yema yelu bardimiz. Qirqizig‘ uqa basdimiz.

Birinchi jumladagi sub – “suv, daryo”; qudi bardimiz – so‘zma-so‘z olganda “quyi bordik”, shu turishida qadimgi turkiy til uchun norma sanalgan, ma’no anglatgan, lekin hozirgi o‘zbek tilida bunday deyilmaydi: “O‘sha suv yoqalab quyi bordik” yoki “O‘sha suvning quyi tomoniga bordik”, deyiladi. Matnni hozirgi tilga o‘girishda ham ana shunga tayanamiz.

Keyingi sanag‘ali tushurtimiz deyilganda “qo‘shin” ko‘zda tutilgan: “qo‘shinni tekshirib olish uchun otlardan tushirilganlik” ma’nosi bor. Navbatdagi jumladagi i – “o‘t, o‘simlik”, bu o‘rinda “buta” deb olinsa to‘g‘ri bo‘ladi. Shunda “otlar butalarga bog‘langanligi” anglashiladi(atig‘ iqa bayur ertimiz). Kun yema, tun yemadagi yema – ta’kid yuklamasi bo‘lib, hozir qo‘llayotganimiz “ham”ga to‘g‘ri keladi. Buni so‘zma-so‘z “kunduzi ham, tunda ham” deyish mumkin, lekin “kunu tun” deb o‘girilsa, silliq chiqadi: “Kunu tun yelib bordik” bo‘ladi.

So‘nggi jumlada kelgan uqani mavjud nashrlarda “uyquda” deb beradilar: uqa basdimiz – “uyquda bosdik”. Qizig‘i shundaki, boshqa bitiglarda ham bu jumla jang bayonida tez-tez uchrab turadi. Masalan, Kul tigin bitigida Bilga xoqon qo‘shinining qirqizlar va turgeshlar bilan bo‘lgan jang tasvirida uda basdim birikmasi bor(Qirqiz bo‘dunug‘ uda basdim). Buni tarjimalarda “qirqiz xalqini uyquda bosdik”, deya talqin etadilar. Bizningcha, bu birikmaga yangicha bir yondashuv kerak. O‘zbek “uyqu – g‘aflat” deydi. Bitiglarda uda basdimyoki uqa basdimiz deyilganda “g‘aflat chog‘ida bosib olish; qo‘qqisdan bosish” ko‘zda tutilgan chamasi. Shunga ko‘ra uqani “uyqu” deb emas, ravish (“qo‘qqisdan, to‘satdan”) sifatida o‘girsa ham bo‘ladi. Shunday bo‘lganda jumla “Qirqizni uyquda bosdik” deb emas, “Qirqizni g‘aflat chog‘ida bosdik” yoki “Qirqizni qo‘qqisdan bosdik”, degan ma’noni anglatadi.

Yuqoridagilar asosida matnni quyidagicha o‘giramiz: “O‘sha suvning quyi tomoniga bordik, (qo‘shinni) sanagali (otlardan) tushirdik, ot(lar)ni (esa) butalarga boylar edik. Kunu tun yelib bordik. Qirqizni (g‘aflat chog‘ida) qo‘qqisdan bosdik”.

Bitigda To‘nyuquq qo‘rqmas bahodir, ulug‘ yo‘lboshchi sifatida gavdalanadi. Bitig oxirlagan sayin yozuvchining ko‘zlagan maqsadi ochiq-oydin ko‘zga tashlana boradi; xoqonliq tarixidagi yutuqlarning boshida xoqon bilan bir safda To‘nyuquq ham turganiga alohida e’tibor qaratiladi. Bitigda aytiluvicha, Eltarish xoqon allomasi bilan bo‘lgani uchun, bahodiri bilan bo‘lgani uchun(Eltaris qag‘an bilgasin uchun, alpin uchun) qo‘shni ellarga cherig tortib, mamlakatni kengaytirdi, zafar qozondi. “Eltarish xoqonga, turk Bo‘gu xoqonga, turk Bilga xoqonga tun uxlamayin, kunduz o‘tirmayin, qizil qonimni tugatib, qora terim yugurtib, mehnatimni, kuchimni berdim” (qizil qanim tukati, qara terim yugurti, isig kuchug bertim), deya ta’kidlaydi muallif.

Asar qahramonining alplarcha kurashi: “Bosadigan yovni poymol qilg‘uchi edim”, deya ta’riflanadi. Boshqa bir o‘rinda u yurt jonkuyari ekanligini ta’kidlab: “Bu turk xalqiga yaroqli yovni keltirmadim, (uning) yalovli otini yugurtirmadim”, deydi.

“Qay yerdagi xoqonli xalqning mening singari alpi bor ersa, uning ne qayg‘usi bo‘lardi”, deya yakunlanadi eposlarga xos bayon.

Alohida ta’kidlanuvicha, Eltarish xoqon va To‘nyuquq yelkama-elka turib zafar quchmaganlarida saltanat oyoqqa turmagan bo‘lardi. “Eltarish xoqon zafar qozonmaganida, uning bilan mening o‘zim zafar qozonmaganimda, yurt ham, xalq ham yo‘q bo‘lar edi. (Xoqon) zafar qozongani uchun, mening hushyorligim, zafar qozonganim uchun, el ham el bo‘ldi, xalq ham xalq bo‘ldi”, deyiladi bitigda.

Bitiglarga, umuman, yozma adabiyotga vatan, ona-yurt erkinligi, uni yovdan saqlash, xalіni, uning tinchligi yo‘lida kurash g‘oyasining kiritiluvi adabiyotimiz tarixidagi katta voqeadir.



Bitigga tikilib turib xayol olis o‘tmishga parvoz qiladi. Bir zamonlar bu yer xoqonlikning gavjum maskanlaridan edi. Unga uzun yo‘lakdan kirib kelingan. Yo‘lakning bir yonida haykal va balballar. Yo‘lakdan o‘tib tabg‘ach xoqonning bedizchisi(arxitektori) bor iste’dodini ishlatib qurgan ulkan maqbaraga kiriladi. To‘rda qabr va unga tiklangan ikki bitigtosh. Olis yurtlardan ot-ulovda yo‘l bosib kelgan ziyoratchilar mangutoshlarga o‘yib bitilgan bitigni qunt bilan o‘qib, undan saboq olgan; milliy qahramoniga, ulug‘ donishmandga hurmatini bildirgan.
Download 32.39 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling