Reja: O'zbekistonda jamiyat rivoji


Download 157.5 Kb.
Sana12.06.2020
Hajmi157.5 Kb.
#118184
Bog'liq
Mustaqil fuqarolik jamiyati


Reja:

1. O'zbekistonda jamiyat rivoji.

2. Jamiyat rivojidagi tadbirkorlik rivoji.

3. Tadbirkorlarga ajratilgan imkoniyatlar.

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari

Mamlakatda ХХI asr boshlariga kelib «Kuchli davlatdan - kuchli jamiyat sari» konseptual siyosiy dasturni amalga oshirish maqsadlaridan kelib chiqib, markaziy davlat organlarining ayrim vakolatlarini mahalliy davlat hokimiyati, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarga bosqichma-bosqich berib borish asosida jamiyat qurilishini erkinlashtirish jarayonlari boshlandi.

Birinchi Prezident I.A.Karimov tomonidan ishlab chiqilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ning beshinchi yo‘nalishini “Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish deb nomlanishining o‘zi bu sohada amalga oshiriladigan vazifalarni davlatning eng asosiy strategik ahamiyatga molik maqsad ekanligini anglatadi.

Konsepsiyadagi asosiy vazifalardan biri – bu fuqarolik jamiyati institutlarini davlat boshqaruvi va jamiyatdagi nufuzi va maqomini oshirish, ularning davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshira olish darajasiga ko‘tarishdan iborat ekanligi ochiq-oydin e’tirof etildi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish jarayoni jamoatchilik va fuqarolik nazorati institutlarini jamiyatning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini ta’minlash bilan uzviy bog‘liq holda kyechishi ko‘zda tutilmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlarini fuqarolik jamiyati institutlari sifatida tobora rivojlantirish, ularning mustaqil faoliyat yuritishi, ularni fuqarolar huquq va erkinliklari, shuningdek manfaatlarini himoya qilish maqsadlarida O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanishiga ko‘maklashish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va yana boshqa huquqiy asoslarning shakllantirilganligi natijasida nodavlat notijorat tashkilotlar o‘zlarida fuqarolik jamiyati institutlariga хos belgilarni ifoda eta boshladilar..

Lekin, shu bilan birga, Konsepsiyada mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish va demokratlashtirish, jahon hamjamiyatiga yanada chuqurroq integrasiyalashuv maqsadlari, fuqarolar irodasining muhim davlat qarorlarida ifodalanishi, aholining islohotlarda va ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini faolashtirish maqsadida yana qator qonunlar qabul qilishga zarurat sezilayotganligi asoslab berildi. Jumladan, bu sohada ma’lum rivojlanishga erishish, amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiq-oshkoraligi va samaradorligini ta’minlash, davlat organlari bilan fuqarolar o‘zaro munosabatlarida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash maqsadida “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilinishi hozirgi davr kun tartibiga qo‘yildi. Ayniqsa, bu qonunning “aholi turli qatlamlarining huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat tuzilmalari bilan o‘zaro munosabatlaridagi aniq chegaralarni belgilash va tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish kabi masalalar bo‘yicha huquqiy normalar”ni o‘z ichiga olishiga muhim e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Konsepsiyada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini fuqarolik jamiyati intituti sifatida yanada rivojlantirish, mahallalar faoliyatini aholi manfaatlarini kengroq ifodalashi, ular ish faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, ularning ish ko‘lamini yanada kengaytirish, bu organlarni davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari bilan o‘zaro munosabatlarini yaqinlashtirish maqsadida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishning maqsadga muvofiq ekanligi belgilab berildi. Mazkur qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish asosan mahallalarni “...aniq yo‘naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish, shuningdek, ularning davlat boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borish tizimidagi vazifalarini yanada kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratish”, deb belgilandi.

Shuningdek, Konsepsiyada mahalla fuqarolar yig‘inlarini aholining manfaatlari va ehtiyojlarini ifoda eta oladigan, ularni o‘z faoliyatida himoyalashga qodir bo‘lgan jihatlarini oshirishga muhim e’tibor berildi. Ayniqsa, Konsepsiyaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritishni taklif etilishi, bunda yig‘in raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilarini saylashda ularga yuksak talablar -“oqsoqollar va ularning maslahatchilari eng munosib fuqarolar ichidan saylanishini, fuqarolar ijtimoiy faolligini kuchaytirishda mahallaning ahamiyati va roli oshirilishini ta’minlaydigan chora-tadbirlarni nazarda tutish”ga e’tibor qaratish belgilandi. Darhaqiqat, hozirgi davrga kelib nafaqat fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilarini faoliyatini oshirish, balki, ular ish faoliyati ustidan mahalla ahlining nazorati, fuqarolar yig‘iniga saylangan organlarning tegishli hududda yashayotgan aholi manfaatlari va ehtiyojlarini qay darajada e’tiborga olib ish olib borayotganligi ta’minlash meхanizmini yaratishga zaruriyat sezilayotgan edi. Mazkur qonunni takomillashtirishda fuqarolar yig‘inining saylanadigan organlarini hozirgi davr talablari darajasida faoliyat yuritishi mahalla ahli mas’ulligi asosida kyechishi bu institutni fuqarolik jamiyatiga хos bo‘lgan jihatlarini boyitishi shubhasiz bir holdir.

Jahon tajribasidan ma’lumki, fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatni amal qilish sharoitida jamiyat institutlarini davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda jamiyatdagi turli ijtimoiy qatlamlar va fuqarolar manfaatlari go‘yoki davlat manfaatlari sifatida namoyon bo‘la boshlaydi. Qolaversa, jamoatchilik nazorati davlat organlari faoliyatini jamiyat manfaatlari asosida kecha boshlashini ta’minlashga ta’sir etadi. Muhimi, bu jarayonda fuqarolarning o‘zlari ham davlat boshqaruvida ishtirok etgani sayin ijtimoiylashib boradilar. Ijtimoiylashuv esa siyosiy madaniyatning asosiy komponentlaridan biridir.

Shuning uchun ham Konsepsiyada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamiyat, fuqarolik institutlari nazoratini amalga oshirishning tizimli va samarali huquqiy mexanizmini yaratishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish” taklifi ilgari surildi. Mazkur “qonunda jamoatchilik nazoratining turlari, shakllari va subektlarini, nazorat predmetini, uni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini, shuningdek, mazkur sohada amaldagi qonun hujjatlarini ijro etmagani uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi shartlarini belgilab qo‘yish zarur”ligi belgilandi.

Fuqarolik jamiyatining eng muhim jihati - bu insonga, uning erkinligi va huquqlarini ta’minlashga qaratilganligi, bu jarayonda esa davlatning asosiy mas’ul siyosiy institut ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham Konsepsiyada “inson huquqlari sohasida milliy harakat dasturini ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega” ekanligi ko‘rsatib o‘tildi. Unga muvofiq ravishda mazkur “dastur eng avvalo huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tomonidan inson huquq va erkinliklarining himoya qilinishini ta’minlash, jamiyatda inson huquqlari bo‘yicha madaniyatni shakllantirish va shu kabi boshqa sohalarga oid qonunlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik monitoringini olib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘zida mujassam etishi kerak”ligiga muhim e’tibor qaratildi.

Albatta, fuqarolik jamiyatining rivojlanganlik darajasi inson huquq va erkinliklarini nechog‘liq namoyon bo‘lishi va ularni har tomonlama himoyalanganligi bilan o‘lchanishiga e’tibor beradigan bo‘lsak, mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish huquqiy davlatning eng muhim unsurlaridan birini takomiliga yetkazishdan iborat ekanligiga ishonch hosil qilamiz.

Shu bilan birga, Konsepsiyada “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jamiyat va davlat qurilishi, hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning turli sohalarida nodavlat notijorat tashkilotlari huquqlarini belgilab bergan qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish”ni ilgari surilishi fuqarolik jamiyati institutlarini o‘z konstitutsiyaviy va qonuniy vakolatlarini mustaqil institut sifatida amalga oshirishlari uchun keng imkoniyatlar va ijtimoiy kengliklar yaratishi shubhasiz bir holdir. Albatta, kodeksga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasini to‘liq ravishda amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratib beradi. Eng muhimi, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun eng zarur bo‘lgan ularning qonunlar doirasida erkin va mustaqil faoliyat yuritishlari uchun huquqiy asoslar shakllanadi.

Hozirgi davrga kelib dunyodagi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun global хavf-hatarlar va tahdidlar (terrorchilik, ekstremizm, er sharidagi iqlimni o‘garishi kablar) qatoriga ekologik tahdidlar ham qo‘shildi. Qolaversa, ekologik shart-sharoitlar inson sog‘ligiga, tabiatning o‘z qonuniyatlari asosida yashashiga ham jiddiy хavf tug‘dirmoqda. Shuning uchun ham rivojlangan mamlakatlarda “yashillar” harakatlari va partiyalari bejiz tashkil topmadi. Jumladan, mamlakatimizda ham ekologiyani himoyalashga doir tashkilotlar tuzildi, parlament quyi palatasida bu harakatlar manfaatlarini ta’minlashga qobil bo‘lgan deputatlar guruhi shakllandi. Konsepsiyaga muvofiq ravishda “atrof-muhitni himoya qilishni ta’minlash tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarning roli va o‘rnini belgilashga qaratilgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonunni va boshqa qator qonun hujjatlarini qabul qilish” nafaqat ekologik jarayonlarni yaхshilaydi, balki bu sohada aholi faolligini oshirishga, ekologik madaniyatni shakllantirishga kuchli ta’sir etadi.

Hozirgi davrga kelib Konsepsiyada ilgari surilgan qonunlarning aksriyati parlament tomonidan qabul qilinib, ular mamlakatda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish omili sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, Konsepsiyada ilgari surilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish, shu asosda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qonunchiligini rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetkazish natijasida fuqarolik jamiyati institutlari umum e’tirof etilgan хalqaro me’yorlar talablari asosida faoliyat yurita boshlaydi, bu jarayonga uzviy bog‘liq holda mamlakatda inson taraqqiyotini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Zero, hozirgi davrga kelib inson manfaatlarini amalga oshirish inson taraqqiyotining asosiy kafolati ekan, bu jarayon to‘liq ravishda faqat biz qurayotgan fuqarolik jamiyati sharoitidagina amalga oshishi mumkin. Shuning uchun ham mashhur mutafakkir Georg Gegel “insonning bosh manfaati – bu uning o‘z erkinligini hayotda amalga oshirishi”dir, deganida insonning bu oliy qadriyatni amalga oshira olishi uchun barcha shart-sharoitlar fuqarolik jamiyati zaminida yaratilishini bashorat qilgan edi. Insoniyat orzu qilgan bu jamiyat hozirgi davrda O‘zbekston mamlakatida ham real voqelikka aylanmoqda.

TADBIRKORLIK RIVOJI UCHUN YANGI IMKONIYATLAR

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jamiyatimizning, taraqqiyotimiz va farovon hayotimizning mustahkam tayanchi bo‘lishi shart, deb ta’kidlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ana shu maqsadlarning amalda to‘liq ro‘yobga chiqishiga yangi imkoniyatlar yaratadi.

Mazkur farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash uchun qulay sharoit yaratadi.

Sohani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchayayotgani bejiz emas. Mazkur tarmoq nafaqat yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda asosiy bo‘g‘in, balki aholi bandligi va daromadlari manbaining, farovonlikka erishishning muhim omiliga aylandi. Zero, tadbirkorlarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlash bilan birga, davlatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga ham salmoqli ulush qo‘shmoqda.

– Tadbirkorlarning safi kengayib borayotgani, iqtisodiyotdagi hissasi jadal o‘sayotgani ularning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilayotgani tufaylidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi kotibi Erkin Jo‘rayev. – Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tizimi yildan-yilga takomillashmoqda.

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi va joylarda uning hududiy komissiyalari tashkil etilgani, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda o‘tkazilayotgan tekshirishlarni muvofiqlashtirish tartibi joriy etilgani shu yo‘nalishda uchrayotgan muammolarga barham berishga zamin yaratdi. Bu bilan nazorat qiluvchi idoralarning istagan paytda xohlagan korxonada tekshirish o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yildi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishning tartibga solinishi barobarida tekshirishlar soni yildan-yilga qisqartirilmoqda. Xususan, 2009-yildan keyingi davrda rejali tartibda tekshirilayotgan korxonalar salmog‘i ular umumiy sonining 1 foizidan oshmayapti. O‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlarida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tekshirishlarni yanada qisqartirish choralari ko‘rilmoqda. 2016-yilda tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan rejali tekshirishlar 2015-yilga nisbatan 10 foizga qisqargani buning yaqqol dalilidir.

Tekshirishlarning kamayishi tadbirkorlarning vaqtini behuda olish, kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish kabi holatlarga barham berib, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada kengroq imkoniyat yaratayotir.

Yangi farmon bilan endilikda tadbirkorlarning bu boradagi imkoniyatlari yanada ortdi. Chunki shu asosda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan.

Bu xususiy mulkni xuquqiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilishiga yo‘l ochadi. Mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi oshishiga olib keladi. Bu ushbu sohada davlat siyosatining sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilayotganidan dalolatdir.

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyili soha vakillarini huquqiy himoya qilishda muhim o‘rin tutib kelmoqda. Farmon bilan bu tamoyilni to‘liq ro‘yobga chiqarish mexanizmi yanada mustahkamlandi. Davlat organlari, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar bu tamoyilning so‘zsiz amalga oshirilishiga bevosita mas’ul etib belgilandi.

Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi. Tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar bevosita aybdorlardan undirilishi ta’minlanadi. Bu noqonuniy tekshirishlar barham topishi, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati asossiz to‘xtatilishi va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka olib keladi.

Farmonning eng muhim jihatidan biri – 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinishi belgilanganidir. Yuridik shaxsning tugatilishi bilan bog‘liq tekshirishlar, jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida faqat Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno, albatta.

Farmonga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida qonunlar ijrosi ustidan parlament nazorati shakllarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti tashkil etiladi. Bu institut tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishni ta’minlashda, davlat tuzilmalari bilan munosabatlarda ularning manfaatlarini ifodalashda muhim o‘rin tutishi shubhasiz.

Farmon qoidalarini ro‘yobga chiqarish maqsadida tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkchilikni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash borasida beshta eng ustuvor soha bo‘yicha 42 aniq chora-tadbir amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Bu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani mamlakatimizda tadbirkor va ishbilarmonlarga, ayniqsa, kichik biznes vakillariga erkin va samarali ish yuritish, iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu xalqimiz farovonligi oshishi, mamlakatimiz taraqqiyoti yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Ergashev I. va boshqalar. "O'zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazaryasi va amaliyoti" Darslik. T. Akademiya, 2005

2. O'zbekistonda ma'naviyat sohasidagi islohotlar: rivojlanish bosqichlari, erishilgan natijalar va istiqbollar. T. Akademiya, 2010

Internet saytlari:



uza.uz

Arxiv.uz


Aim.uz
Download 157.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling