Reja: Professional etika tushunchasi va ahamiyati
Download 34.31 Kb.
|
falsafa referat
Axloq tushunchasi.
Axloq – kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga boʻlgan munosabatlarida namoyon boʻladigan xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui. Huquqdan farqli ravishda axloq talablarini bajarish-bajarmaslik maʼnaviy taʼsir koʻrsatish shakllari (jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni maʼqullash yoki qoralash) bilan belgilanadi. Axloqni etika fani oʻrganadi. Insoniyat taraqqiyotida axloq muhim oʻrin tutadi. Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirish, maʼnaviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri, deb qarashgan. Inson axloqiy, umuman maʼnaviy va maʼrifiy jihatdan kamol topishi jarayonida turli tarixiy bosqichlardan – johillik, nodonlikdan ilmga, yovuzlikdan ezgulikka, vahshiylikdan insoniylikka oʻtarkan, jamiyat ham shu tariqa rivojlanadi. Ikki muqobil ibtido – yovuzlik va ezgulik, jaholat va kamolatning oʻzaro kurashi inson va jamiyat taraqqiyotini belgilagan, inson aql-zakovat sohibi sifatida oʻzini anglashiga olib kelgan. Bu ikki muqobil kuch kurashi jamiyatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarda ifodalansa, insonga nisbatan uning ichki olamiga xos nafs bilan qalb, aql bilan aqlsizlik oʻrtasidagi kurashda ifodalanadi. Axloq muayyan jamiyat va davrda oʻzgarishlarga uchrashi, rivojlanishi, soʻnishi mumkin. Har bir xalqning yoki millatning oʻziga xos axloqi bilan bir qatorda, umumbashariy axloq meʼyorlari ham bor. Bunday axloq meʼyorlari jamiyatning umumiy taraqqiyotiga samarali taʼsir koʻrsatadi. Ma’lumki, insonning botiniy go‘zalligi bevosita axloqiy fazilatlar va axloqiy munosabatlar bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Chunki axloq, avvalo, ijtimoiyma’naviy hodisa sifatida inson kamolotida muhim ahamiyatga ega. Bu xususda akademik E.Yusupov: «Axloq insonning konkret sharoitlarda bo‘layotgan voqea va hodisalarga mustaqil baho berishi, ularga nisbatan o‘z munosabatini bildirishi hamdir - deydi. - Umuman, axloq ijtimoiy munosabatlar zaminida alohida Shahs sifatida mavjud bo‘lgan insonlarning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va me’yori, o‘zaro muloqot va munosabatda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining namoyon bo‘lishidir. Axloq yo‘q joyda inson ijtimoiy shahs sifatida shakllanmaydi. Faqat yetuk axloq zaminidagina kishilarda hayotning mazmuni va maqsadi, jamiyat oldidagi burchi va mas’uliyati, baxt, diyonat, yaxshilik va yomonlik, yovuzlik, haqlilik va nohaqlikka nisbatan muayyan munosabat shakllanadi»2 . Ana shu jihatdan xulq tushunchasi axloqning tarkibiy qismi sifatida inson kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, xulq ikki ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Birinchisi- yaxshi, chiroyli xulqlar. Bunga shirinsuxanlik, muloyimlik, halollik, iffat, diyonat, or-nomus, nafsni tiyish, vijdon, shijoat, sabr, ilmlilik, g‘ayrat, riyozat, qanoat, sabr, intizom, munislik, haqiqatparvarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, adolatparvarlik va shu singari ijobiy tuyg‘ular kiradi. Bular o‘z navbatida insonda xulqiy go‘zallikni namoyon qiladi va insonni axloqiy jihatdan kamolotga etkazadi. Ikkinchisi- yomon, xunuk xulqlar. Unga xudbinlik, hasadgo‘ylik, ta’magirlik, ikkiyuzlamachilik, firibgarlik, ig‘vogarlik, tuhmatchilik, badnafslik, badniyatlik, badjaxllik, bachkanalik, dilozorlik, andishasizlik, bevafolik, berahmlik, tovlamachilik, behayolik singari illatlar kiradi. Bular insonni tubanlik sari yetaklaydi va ma’naviyatini qashshoqlashtiradi. Mazkur illatlarni odat qilgan kishilar umum tasavvurida jirkanch taassurot qoldiradi. Bu xususda ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniyshunday degan edi: «Bu sanagan yomon xulqlarning fanoliqlarini, yuqorida sanagan yaxshi xulqlarning go‘zalligini insof muvozanasi ila o‘lchab, vijdon muhokamasi ila ta’qiqlab, yaxshilarini tinglab amal qilmak, yomonlarini anglab, hazar qilmak, lozimdur. Zeroki, insonning izzati, dunyoning lazzati yaxshi so‘zlarni eshitub va ko‘rub hissa olmak, yomon va zararliklarini o‘qub, bilub, o‘zini tiymak, qo‘ldan kelgancha xalq va millat foydasiga tirtishmak va bu fano dunyodan yaxshilik otini olub ketmakdadur»3 . Sharq odobida «Ulug‘lar huzurida sergak bo‘ling va o‘zingizga loyiq so‘z so‘zlang» deyilishi bejiz emas. Bu umumiy tilni asrash barobarida o‘z og‘zimiz orasidagi tilni «ehtiyot» bo‘lib, o‘ylab ishlatish kerak demakdir. Chunki, so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini ko‘rsatadigan me’zon bo‘lib, aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan biladilar. Zero, so‘z insonning qiymati qadar qadrlidir. Shirin so‘z ilonni inidan chiqarganidek, muloyim so‘z vahshiylarni ulfatga aylantiradi. Shuning uchun do‘stu dushman bilan muomalada ehson yo‘lini tutish lozimki, bunda do‘stlarning mehru-muhabbati ortadi, dushmanlarning adovati kamayadi. Sharq hikmatlari durdonalarida yaxshi xulqning o‘nta belgisi alohida ko‘rsatib o‘tiladi. Bular: 1. Bo‘lar-bo‘lmasga odamlar bilan janjallashmaslik. 2. Insoflilik. 3. Birovning aybini qidirmaslik. 4. Biror kishidan noloyiq ish sodir bo‘lsa uni yaxshilik yo‘liga solib yuborishlik. 5. Agar aybdor o‘z aybini bo‘yniga olsa uni kechirish. 6. Muhtojlarning hojatini chiqarish. 7. Boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish. 8. O‘z nafsini tiya bilishlik. 9. Boshqalarga ochiq chehra bilan muomala qilishlik. 10. Doimo yaxshi so‘zlash. Ushbu yaxshi xulqlar ichidagi uchta belgi ya’ni, «Bo‘lar-bo‘lmasga odamlar bilan janjallashmaslik», «Boshqalarga ochiq chehra bilan muomala qilishlik», «Doimo yaxshi so‘zlash» insonning hatti-harakati bilan emas, balki chiroyli, shirin so‘zi natijasida amalga oshadigan axloqiy hodisalardir. Shuningdek, boshqaruvda, muloqotda so‘zga ayniqsa, shirinso‘zga e’tibor sharq odobining ziynati sanaladi. Bu borada «Qobusnoma»dagi fikrlar diqqatga sazovordir: «Har so‘zni xaloyiqqa zohir qilsang, yaxshi yuz bila zohir qil, toki maqbul bo‘lsun va haloyiq sening so‘z bila baland martabaga egalig‘ingni bilsunlar. Nedinkim kishining martabasini so‘z bila bilurlar, ammo so‘zning martabasini kishi bila bilmaslar, chunki har kishining ahvoli o‘z so‘zining ostida pinhondur, ya’ni bir so‘zni bir iborat bila aytsa bo‘lur, eshitg‘on kishining esa ko‘ngli undin to`la bo‘lg‘ay va yana o‘shal so‘zni bir ibrat bila aytsa bo‘lurkim, eshitg‘on kishining oni undin rohatda bo‘lg‘ay» 4 . Shuning uchun odamlarga achchiq va dag‘al so‘zlamaslik lozim. Zero, dag‘allik misli olov, kuydirguvchi yo‘ldir. Umuman olganda, sharq xalqlari pandnomalarida, hikmatlarida shirinso‘zlikning inson hayotidagi o‘rni beqiyos ekanligi mutafakkirlar nazaridan chetda qolgan emas. Biz ana shu an’analarni davom ettirishimiz, ulardan tegishli xulosalar chiqarishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Inson ma’naviy madaniyatining asosiy mezoni – axloqiy yetuklik hisoblanadi. Axloqiy yetuklik esa o‘zida – halollik, insoflilik, vijdoniylik, sahovatpeshalik, shafqatlilik, mehribonlik singari axloqiy fazilatlarni mujasaam etadi. Shunday ekan, muomala madaniyatining asosiy mezonini yaxshi xulq va go‘zal fazilat uyg‘unligi tashkil etadi. Download 34.31 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling