Reja: Pul haqida tushuncha. Beruniy pul haqida


Download 43.5 Kb.
Sana21.10.2023
Hajmi43.5 Kb.
#1715000
Bog'liq
Pul haqidagi turli xil nazariyalar va hozirgi zamon pulining tabiati


Pul haqidagi turli xil nazariyalar va hozirgi zamon pulining tabiati


Reja:


1. Pul haqida tushuncha. Beruniy pul haqida.
2. Ibn Xaldunning pul va pul nazariyasi haqidagi ta’limoti.
3. Ibn Xaldun pulning funksiyalari haqida.
4. Sharqda pul muomalasini tashkil etish masalalari.
5. Mirzo Ulug‘bekning pul reformalari.

1. Pul haqida tushuncha. Beruniy pul haqida.



  • Bozorni me’yordagidek rivojlanishining asosiy shartlaridan biri muomalada to‘laqonli pullarning bo‘lishidir. Pul - qimmatbaho metallar - iste’mol qiymati bilan ekvivalent qiymat chatishib ketgan alohida tovar ko‘rinishidagi umumiy ekvivalentning tugallangan shaklidir. Pul haqidagi ta’limotning rivojlanishiga yirik qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy (973-1048) katta hissa qo‘shgan. U Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib pulning kelib chiqishi va ahamiyatini o‘rgangan. «Pulning kelib chiqishi oziq-ovqat mahsulotlari ko‘payishi va ularga hamda ishlab chiqaruvchilarning bir-birlari mehnatiga bir vaqtda paydo bo‘lmasligi bilan bog‘liqdir. Bu o‘z navbatida ular o‘rtasida almashuvni keltirib chiqaradi. Ammo almashuv baholar va ekvivaletlikni aniqlash uchun umumiy o‘lcham belgilashni taqozo etadi. Oltin ana shunday o‘lcham bo‘ldi, chunki u kam uchraydi, uzoq saqlanadi, ko‘rinishi bilan odamlarni quvontiradi, uni yiriklash va maydalash mumkin, ashyosi va mohiyatini o‘zgarmay turli xil buyumlar yasashda ishlatiladi» 46 - deb hisoblagan edi Beruniy.

  • U pulning quyidagi funksiyalarini belgilab bergan:

  • sarflangan mehnat va tayyorlangan mahsulot o‘rtasidagi munosabatni ifodalash;

  • xazinaga aylanish ;

  • davlatning funksiyalarini bajarishda ishlatilish.

  • Shunday qilib, u o‘zining qarashlari bilan mehnat va qiymat o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rmay, pulning funksiyalari faqat qiymat o‘lchovi va muomala vositasi bo‘lishdir, deb hisoblagan Arastu (Aristotel)dan o‘zib ketdi. Pulning xazinaga aynalishi Beruniy, «xomilani ona qorniga qaytishi kabi uning yer qarida dastlabki holatiga qaytishi »47 bilan tenglashtirgan.

  • Pulning savdo va hunarmandchilikni rivojlanishidagi ahamiyatini Yusuf Xos Xojib ham ta’kidlab o‘tgan. Xonga murojaat qilib u: «pulda kumushni ko‘paytir, pulda oltin va kumush sofligini oshir va uni kuzatib tur»-deb yozgan. Bu bilan u xonni muomalada to‘laqonli pullar bo‘lishini ta’minlashga, mamlakatda pul muomalasini to‘g‘ri tashkil etishga chaqirgan. Beruniydan farqli o‘laroq, Yusuf Xos Xojib pulning quyidagi funksiyalarini belgilab bergan:

  • qiymat o‘lchovi;

  • muomala vositasi;

  • jamg‘arish vositasi.

Uning fikricha, davlatning qudrati faqat qo‘shin soni bilan emas, balki xazina imkoniyatlari bilan belgilanadi.

2. Ibn Xaldunning pul va pul nazariyasi haqidagi ta’limoti.


Pul haqidagi ta’limotni rivojlanishiga Ibn Xaldun salmoqli hissa qo‘shgan. U faqat pulning mohiyati, funksiyalarini emas, balki pul muomalasiga doir masalalarni ham chuqur o‘rgangan. Yuqorida biz Sharq mutafakkirlarining odam o‘zini yashash vositalari bilan ta’minlash uchun mehnat qilishi lozim degan aqidalarni keltirgan edik. Ibn Xaldun ana shu mehnat mahsulini vazifasiga ko‘ra ikki qismga bo‘ladi: «Mehnat daromadlari, agar ularning hajmi yashash uchun zarur harajatlardan ortiq bo‘lmasa, inson uchun yashash vositasidir. Agar bu hajmdan ortiq bo‘lsa, unda boylikdir»48
Ibn Xaldun mayda tovar ishlab chiqarish xo‘jaligi davrini o‘rgangan, binobarin, tayyorlangan mahsulotni almashtirish uchun vosita zarurligini yaxshi tushungan. Shuning uchun u pulning vazifasini ifodalab: «qimmat baho metallar shunday asbobdirlarki, ular yordamida zarur narsalar sotib olinadi va ularning kamayishi yoki ko‘payishi ijtimoiy hayotning ahvoliga bog‘liqdir»49 - deb yozgan.
Har bir odamga zarur bo‘lgan yashash vositalariga oldi-sotdi orqali erishiladi. Uni amalga oshirish uchun odam muomalaga kirishi lozim. Shunday qilib, Ibn Xaldun fikricha, pul eng avvalo muomala asbobidir. Musulmon qonunlariga ko‘ra «hayotni ta’minlashga yaraydigan hamma narsa ma’lum buyum uchun to‘lov bo‘lishi mumkin».50 Ana shularning ichidan pul sifatida Ibn Xaldun ikkitasini ajratib oladi: «Olloh har qanday boylikning qiymat o‘lchovi sifatida ikkita metal-oltin va kumushni yaratdi. Yer aholisining ko‘pchilik qismi uchun ular xazina va saqlash predmetidir; agar ba’zan bu maqsadlar uchun ana shu ikkita metall emas boshqa nimadir olinsa, bu bozorlarda baholarning o‘zgarishi ta’sir qilmaydigan oltin va kumush sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun qilinadi. Ularning mohiyati daromadlar, jamg‘armalar, xazinalar asosi bo‘lishdir».51

3.Ibn Xaldun pulning funksiyalari haqida.


Ko‘rinib turibdiki, Ibn Xaldun oltin va kumushning pul funksiyalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan alohida hususiyatlarini ta’kidlab, ularning vazifasini quyidagicha belgilaydi:
1.Daromadlar asosi. Almashuvga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan yashash vositalarining puldagi ifodasi.
2.Qiymat o‘lchovi. Modomiki Ibn Xaldun daromadlarni asosi yashash vositalarida gavdalangan mehnatdir-deb hisoblagan ekan, demak u pulni qiymat o‘lchovi deb bilgan.
3.Jamg‘arma asosi. Jamg‘armalar doimiy ortiqcha daromadga ega bo‘lganlaridagina hosil bo‘ladi. Ular odatda biron-bir maqsadga qaratildi. Daromadlar kabi jamg‘armalar ham faqat o‘zini yashash vositalari bilan ta’minlanganlaridagina hosil bo‘lar ekan, demak ular mulk yoki ishlab chiqarishda foydalanishga mo‘ljallangan boshqa boylik vazifasini o‘taydi. Shunday qilib, Ibn Xaldun kapitalning dastlabki jamg‘arilishi tushunchasiga yaqinlashgan va pulning vazifalaridan birini ana shu tushuncha bilan bog‘lagan.
4.Xazina asosi. Xazina-bu nodir qimmatbaho metallar, toshlardan iborat boylikdir. Ular ham olinadi va sotiladi. Ularga erishish uchun to‘lov vositasi sifatida pulga ega bo‘lish zarur. Demak pul har qanday tovar, shu jumladan xazina qiymatini to‘lash vositasidir.
Ibn Xaldunni pulning funksiyalari haqidagi mulohazalarini mag‘zini chaqish shunday xulosaga olib keladiki, u o‘zi bilmagan holda pulning eng asosiy vazifasi-mehnat o‘lchovi funksiyasini tushunib yetgan. Shu bilan birga Ibn Xaldun u yoki bu tovar uchun hamma vaqt ham pul ishlatilmasligi mumkiligini ta’kidlaydi: «obro‘ga ega bo‘lgan odam ko‘p daromad oladi, bu uni qisqa vaqt ichida boy qiladi va u har kuni o‘zining boyligi va farovonligini oshiradi. Xuddi shuningdek mansabdorlik ham yashash ne’matlariga erishish vositasidir. Hech qanday ta’sirga ega bo‘lmaganlarning farovonligi hatto ular boylikka ega bo‘lganlarida ham ularning pullari va mehnati miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Savdogarlarning ko‘pchilik qismi shunday ahvoldadir. Shuning uchun biz ta’sirga ega bo‘lgan kishilar ular ichida boshqalardan ko‘ra mustaqilroq ekanini ko‘ramiz.»52
Bu fikrlarni mag‘zini chaqib Ibn Xaldun bir necha asrlar avval yuqori martabali ayrim shaxslarning imtiyozlarini bashorat qilganligini ko‘ramiz. Masalan, sotsialistik jamiyatda mansabdorlar mehnatkashlar qo‘li bilan yaratilgan, ammo o‘zlari erisha olmaydigan ijtimoiy ne’matlardan bepul yoki arzimagan xaq to‘lab foydalanganlar.
Ibn Xaldun obro‘ni unga ega bo‘lgan shaxsning boyish manbalaridan biri deb hisoblagan. «Bu daromadlar yoki pullar yordamida ular mansabga intiladilar va ularni mansabning ta’siri bilan oladigan narsalarni evaziga to‘laydilar shunday qilib bu daromadlar ular oladigan narsaning qiymatiga qo‘shiladi; ularning qiymati mulk va boylikdan iborat bo‘ladi, va u qisqa vaqt ichida yuksak farovonlikka erishadi»53
U pullarni faqat turg‘un holatini emas, balki harakatini, ya’ni pulning jamiyatini turli qatlamlari xukumdor va aholi o‘rtasidagi aylanishini ham o‘rgangan. «Hukmdor aholiga mulk va pul ulashganda ular pullarni sarflaydilar va pullar xukumdorga qaytadi, keyin undan yana aholiga qaytadi; aholidan ular soliqlar va yig‘imlar shaklida ketadi. Unga esa maosh shaklida qaytadi»54 Baholarning o‘zgarishini kuzatib, Ibn Xaldun pullarning to‘xtovsiz aynalishi masalalari bilan to‘qnashadi. Shunday qilib bu pullar fuqorolardan sulola xizmatchilarga o‘tadi, keyin ular bilan bog‘liq shaharlarning aholisiga o‘tadi» 55
Ibn Xaldun bir mamlakat doirasida emas, balki uning tashqarisida ham pul muomalasini o‘rganadi.
«Oltin va kumush, savdo va ijtimoiy turmish ehtiyojiga mos almashuv tufayli bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga o‘tadi. Agar ularning miqdori Mag‘rib va Ifrakiyada kamaysa, slovyanlar va franklar mamlakatlarida ko‘payadi, agar u Misr va Suriyada kamaysa, Hindiston va Xitoyda ko‘payadi»56 Shunday qilib Ibn Xaldun, birinchidan, pulning xalqaro funksiyasini, ikkinchidan, pul muomalasi va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning birligini ochib berdi.

4. Sharqda pul muomalasini tashkil etish masalalari.


Sharqda, xususan Arab dunyosida pul muomalasini tashkil etish masalalari bilan Islom paydo bo‘lishidan ancha avval shug‘ullanishgan. O‘sha zamonlardayoq yirik bitimlarda chek va veksellar ishlatilgan Kontragent yoki ish yurituvchiga ish yuzasidan maktublar yozib shu maktubni ko‘rsatgan shaxsga ma’lum summada pul berish topshirilgan. Bunda muallifning maktubi veksel o‘rniga o‘tgan, o‘zining mol-mulki va obro‘si bilan tanilgan muallif esa kafil hisoblangan.
Arab halifaligi tashkil topib, Islom Sharqqa yoyilgach musulmon qonunlarini tan olish mamlakatlar o‘rtasida savdo aloqalarini gurkirab rivojlanishiga olib keldi. Yirik bitimlarda naqd pulsiz hisoblashish zarurati esa qonunchilikni yanada rivojlanishini taqozo qildi. Masalan, 11 asrda Misrda savdo bank operatsiyalari ommaviy tus olganligi haqida ma’lumotlar bor. «Fustat* sinagogidagi hujjat xonada 10 asr oxiri 12 asrga doir ko‘plab moliyaviy hujjatlar topilgan»57
Boshqa shaharlar yoki mamlakatlarda yashovchi qarindoshlar yoki kontragentlarga yirik pullarni o‘tkazish kabi operatsiyalar odatda veksellarga tenglashtirilgan maktublar orqali amalga oshirilgan. Veksellar va cheklar to‘lovga so‘zsiz qabul qilingan. O‘rta asr Sharqining mashhur shoiri va mutufakkiri Nosr Xisrov (1004-1084) Basra bozorlarini bunday ta’riflagan:
«Bu yerda shunday savdo qiladilar: agar birovda biron narsa bo‘lsa u bu molni sarrofga topshiradi va undan tilhat oladi. Keyin u kerak narsalarni sotib olib pul o‘rniga o‘sha sarrof nomiga chek beradi. Savdogar shaharda bo‘lgan vaqt mobaynida hamma yerda sorroflarning tilhatidan foydalanadi va jarangdor tangalarni mutlaqo ishlatmaydi»58
Naqd pulsiz hisoblar Yevropa mamlakatlariga ham taqalgan: «Ispaniyada sayohat qilgan bir olimni kredit xati va naqd besh ming dirhami bor edi ... Misrning vitse qiroli o‘zining Bag‘doddagi vakiliga vazifasidan olingan vazirga tegishli bo‘lgan o‘ttiz ming dinorga kredit xati yubordi. Vakil bu xujjatlarni xaqiqiy deb topdi va iste’fodagi vazirga pullarni berdi »59
Arab ishbilarmon doiralarida veksel dastlab qarzdorlik xati deb atalgan. Bunday xatlarni yirik moliyaviy yoki mulkiy boylik egalari katta bitimlarni amalga oshirish uchun o‘z vakillariga bergan. «Ibn Xaukal Audagushtda, G‘arbiy Sudanda, Sijilmasada yashovchi bir kishining Muhammad Ibn Abu Sadun nomiga berilgan 42 ming dinorlik sakkini ko‘rsatgan. Xujjat natarius tomonidan tasdiqlangan. Bu qog‘oz saxarani katta qismidan o‘tib kelgan. Bankir katta o‘rin tutgan Vavilonda sakk xaqiqiy chek hisoblangan. 9 asrning o‘zidayoq bir boy o‘z sakklarini o‘zining banklariga o‘tkazib bergan.»60
Cheklar yirik mukofotlar berish yoki xizmatlar xaqini to‘lash uchun ishlatilgan, «shuning uchun xonanda Al-Joxizga bir xomiy konsert vaqtida o‘z bankiri nomiga bitilgan 500 dinorlik chek yozib bergan»61
Muomalada qarzdorlik va kredit xatlari, veksellar, cheklar kabi qimmatbaho qogozlardan foydalanish ularni to‘lovga qabul qiluvchi shaxslar va muassasalarga zarurat tug‘dirgan. Shunday qilib 11- asrdayoq bank moliyaviy operatsiyalar markazi bo‘lib qoldi. «Isfaxonda bankirlar bozorida ular ham bir joyda o‘tirishgan, 200 bank bor edi» Yirik oldi -sotdi bitimlari bo‘yicha xaq to‘lash hisoblar yordamida olib borilgan, «chunki har bir savdogarni bankirda o‘z hisobi bo‘lgan va bozorda u faqat cheklar bilan xaq to‘lagan ». 62
Foizlar olishni ta’qiqlagan musulmon qonunlariga qaramay banklar o‘z xizmatlari uchun mijozlarning pullaridan ma’lum summani ushlab qolganlar.
Arab halifaligida qarzga faqat pul emas, balki ro‘zg‘or buyumlari olish ham mumkin bo‘lgan. «Shahar aholisi faqat pulni emas, balki jihozlarni ham ijaraga olishgan. Bir ayolni suv saqlash uchun Qohirada keng tarqalgan 5 ming ta katta mis idishlari bo‘lgan va ularni oyiga bir drhamga ijaraga bergan. To‘yga mashota (sartarosh ayol) zeb-ziynatlar olib kelgan. Bunday hollarda gilamlarni ham ijaraga olishgan»63 Ko‘rinib turibdiki Arab halifaligida turli qimmatbaho qog‘ozlar ishlatilgan. Ularni to‘lash uchun, tabiiyki barqaror yagona pul kerak bo‘lgan. To‘lov har-xil dirxamlarda xaq to‘lanadigan bitimlar qonuniy hisoblanmagan.

5. Mirzo Ulug‘bekning pul reformalari.


Har qanday bitimni qonuniy bo‘lishi uchun dirxamlarning qiymati bir xil bo‘lishi asosiy shart hisoblangan. O‘rta asrlardagi Arab va Markaziy Osiyo davlatlarida pul muomalasini o‘rganish shuni ko‘rsatyaptki, ularning pul belgilari turli sabablarga ko‘ra qadrsizlanib borgan, bu esa mamlakatda savdoni rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan.
Pul belgilarining dastlabki qiymatini tiklash uchun hukmdorlar bir necha marta pul islohotlarini o‘tkazishgan. Bunday islohotlardan birini 1869 yilda Marokash xukmdori Siddiy Muhammad o‘tkazgan. Bu mamlakatning pul muomalasida kumush misqol ishlatilib, u har birining og‘irligi 2,9 grammlik 10 ta dirxamga teng bo‘lgan. Misqol va dirxamlar og‘irligining bunday nisbati qonun bilan belgilangan. Ammo keyingi yuz yil ichida dirxamlarning og‘irligi kamayib 0,7 grammga tushib qolgan. Naijada muomalada yo‘qolib qolgan misqolning qadri ham tushib ketgan. Siddiy Muhammad misqolning avvalgi qiymatini tiklamoqchi bo‘ldi. O‘zining niyatini u bunday bayon qildi: «Biz katta dirxamni tikladik endi u qonuniy dirxam og‘irligida zarb qilinadi, toki u bobokalonimiz Siddiy Al-Kabir xukmronlik qilgan davrdagi o‘rnini topsin. U shunday zarb qilinadiki, misqol un dirxamdan iborat bo‘ladi. Zero ma’lumki misqol bizning bobokalonlarimiz davrida o‘n dirxamga teng bo‘lgan.»64
Mavarounnahr tarixidan ma’lumki mamlakat pul muammosida oltin va kumush tangalar ishlatilgan .
Samarqand hukmdori Ulug‘bek otasi Mirzo Shoxrux hayotligida kumush tangalarni uning nomidan zarb qilgan.
1447 yilda otasi vafot etgach u kumush tangalarni o‘z nomidan zarb qila boshladi. Bu tangalar sof kumushdan zarb qilinar edi. Kumush tangalarni zarb qilish davlat xazinasiga ma’lum daromad keltirar edi, ammo buning iqtisodiy ahamiyatidan ko‘ra siyosiy ahamiyati muhimroq edi. Gap shundaki mis tangalarda sulola boshlig‘ining ismi ko‘rsatilmas edi. 15 asrda Markaziy Osiyoda hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivojlanib yuksak darajaga chiqdi. Hunarmandchilik buyumlarini va umuman iste’mol buyumlarini almashuvida mis tangalar ishlatilgan. Ular shaharlarning ichki savdosidagina emas, balki shahar bilan qishloq, mamlakat viloyatlari o‘rtasida almashuv vositasi sifatida ishlatilgan.
Savdo munosabatlarining kengayishi muomalaga ko‘p miqdorda mis tangalar chiqarib, ularni doimo zarb qilib turishni taqozo etgan. Ularning nominal va xaqiqiy qiymatlari o‘rtasidagi farq Ulug‘bek xazinasiga tushgan. U Samarqand taxtini egallaganda muomalada 1420 yilda zarb qilingan tangalar bo‘lgan.
Turli sabablarga ko‘ra bu tangalar qadirsizlangan, ularning sotib olish qobiliyati pasaygan, kumush va mis tangalarning rasmiy va bozor nisbatlari o‘rtasida farq kelib chiqqan, muomalada inqiroz yuz bergan. Mamlakat iqtisodini rivojlantirish esa savdoni barqaror pul bilan ta’minlashni taqozo etgan.
Bu muammoni hal etish uchun Ulug‘bek 1428-1429 yillarda pul islohoti o‘tkazdi va 1420 yilda zarb etilgan mis tangalarni almashtirdi. Yangi mis tangalarning og‘irligi avvalgisidan 1,5 - 2 marta ko‘p edi. Bunday islohot davlat xazinasiga ziyon keltirishi mumkin edi. Ammo bu choraning davlat xazinasiga ziyon yetkazishiga yo‘l qo‘yilishi ehtimoldan uzoqdir.
Muomalaga yangi tangalar chiqarish bilan bir vaqtda kumush va mis tangalar o‘rtasidagi nisbat o‘zgartirilgan. Mis tangalar og‘irligining oshishi aholiga ruhiy ta’sir ko‘rsatgan, chunki ularning og‘irligi oshgani bilan nominal qiymati o‘zgarmagan. Natijada aholining mis tangalarga ishonchi tiklangan.
Eski tangalarni yangi tangalarga almashtirishning xukumat belgilagan nisbati xazina uchun foydali bo‘lib aholi bir oz ziyon ko‘rgan. Ammo aholiga yetgan ziyon sezilarli bo‘lmagan, chunki islohotdan avvalgi tangalar qayta zarb qilingan. Avval xukumat o‘zining metalidan og‘irroq mis tangalar chiqargan, keyinchalik tangalar almashtirilgach yangi tangalarning og‘irligi kamaytirilgan, eski tangalar esa qayta zarb qilingan. Aholiga ziyon yetmasligi uchun eski tangalarning bir qismiga «yangi tangalarning yarmiga teng»-degan tamg‘a urilgan va muomalaga qaytarilgan. Eski tangalarni yangilariga aholi uchun foydali bo‘lgan tartibda almashtirishni Ulug‘bekning sahiyligi deb baholash noto‘g‘ri bo‘lur edi. Bu keyinroq olinadigan katta daromad evaziga yaqindagi daromaddan kechishga qaratilgan chora edi. Ulug‘bekning islohoti bozorni har-xil o‘zgarishlardan holi bo‘lgan, butun mamlakatda yagona, barqaror mis tangalar bilan ta’minlashga qaratilgan edi. U eng avvalo shahar va qishloq manfaatlariga mos edi. Mayda tovar ishlab chiqarish sharoitida shahar va qishloq aholisini tovar pul muomalasi doirasiga jalb qilishda Ulug‘bekning pul islohoti katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Islohot muvaffaqiyatli chiqdi, u zarb qilgan yangi mis tangalar yagona va qat’iy valyuta sifatida oltmish yil muomalada bo‘ldi.

Pul haqidagi nazariy ta’limotlar va Sharqda pul muomalasini tashkil etishning ko‘p asrlik tajribasidan quyidagi xulosalar kelib chiqadi:


1.Tovar yoki xizmatlar uchun to‘lov vositasi bo‘lib faqat pul emas, balki jamiyatda rahbarlik lavozimini egallab turgan kishining ta’siri ham hizmat qilishi mumkin. Madomiki biz huquqiy davlat qurayotgan ekanmiz bu ofatga qarshi kurashishimiz lozim.
2.Tovarlar bozorni shakllantirish bilan bir vaqtda xususiy xissadorlik mulkiga asoslangan banklar tizimini va qimmatbaho qog‘ozlar bozorini shakllantirish lozim.
3.Bozor munosabatlari sharoitida uy ro‘zg‘or buyumlari, avtomashinalar, qishloq xo‘jalik texnikasi, boshqa ishlab chiqarish qurollari, shuningdek yer, uy-joy va boshqa ishlab chiqarish inshooatlarini ijaraga berishni keng yo‘lga qo‘yish lozim.
4.Zarur bo‘lgan hollarda pul islohotlarini shunday o‘tkazish lozimki, natijada aholi mehnat daromadlaridan ayrilib aziyat chekmasin.
Download 43.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling