Reja: Shaxsning psixologik xususiyatlari haqida umumiy tushuncha
Download 52.41 Kb.
|
Мавзу №2
Mavzu:№2 Jismoniy tarbiya va sport psixologiyasida shaxsni tarbiyalash. (2 soat) Reja: 1. Shaxsning psixologik xususiyatlari haqida umumiy tushuncha. 2. Shaxsni tarbiyalashda sportning roli. 3. Shaxsda irodaviy g‘oyaviy sifatlarni shakllantirishda sportning ahamiyati. Tayanch iboralar: Shaxs, shaxsing psixologik xususiyatlari, extiyoj, dunyoqarash, xarakter, qobiliyat, qiziqish, sport, sportchi, sport musobaqasi, intensiv mehnat, sportchining irodaviy-g‘oyaviy sifatlari. 1. Shaxsning psixologik xususiyatlari haqida umumiy tushuncha. O‘qituvchi maqsadi: 1. Shaxs va uning psixologik xususiyati, sport, sportda shaxsni tarbiyalash haqida tushuncha. 2. Talabalarning irodaviy-g‘oyaviy sifatlarini rivojlantirish. 4. Sportda shaxsni tarbiyalash orqali yetuklikka erishish. Identiv o‘quv maksadi: 1. Shaxs, sport haqida tushuncha beradi. 2. Shaxsning psixologik xususiyatlari moxiyatini ochib beradi. 3. Sport shaxsning muhim faoliyati ekanligini tushuntiradi Xozirgi kunda ta’lim-tarbiyaning muxim vazifasi yoshlarni har tomonlama kamolatga yetgan, yuksak madaniyatli, jismoniy jixatdan chinniqqan qilib tarbiyalab yetishtirishdan iborat. Shu sababli ham shaxslarni tarbiyalash mustaqillik davrining eng muhim tarkibiy vazifasidir. Yoshlarni har tomonlama tarbiyalab yetishtirishda sportning roli katta. Biz yoshlarni har tomonlama tarbiyalashda sportning axamiyatini ko‘rsatmoqchi ekanmiz, avvalo shaxsning o‘zi nima, uning psixologik xislari haqida umumiy tushuncha berib o‘tishimiz kerak. Shaxs deb, konkret kishini aytamiz. Xar bir kishi jamiyat a’zosi bo‘lib, individual jismoniy va psixik xususiyatlari bilan bir-biridan farklanadi. Shaxsning psixologik xususiyatlariga extiyojlar, qiziqishlar, dunyoqarash, qobiliyat, temperament va xarakterlari kiradi. Shaxsning muhim belgisi unda odamga xos maxsus extiyojlarning mavjudligidir. Extiyojlar-odamning kun ko‘rishi va yashashi uchun zarur narsalardir. Odam yashamok, kun kechirmok uchun o‘z extiyojlarini qondirishi kerak. Extiyojlar hayvonlarda ham bor. Ammo hayvonlarda faqat biologik, tug‘ma ehtiyojlar bo‘ladi - ovqatlanish, saqlanish, nasl qoldirish extiyojlari bor. Odamda esa biologik extiyojlardan tashqari yana yuksak extiyojlar-bilish, ma’naviy, estetik, mehnat extiyojlari bor. Bu ehtiyojlar tug‘ma emas ular tarixan taraqqiy etgan. Qiziqish-kishining o‘z hayotida dunyoda ma’lum bir narsani eng muhim, eng qimmatli xisoblab, shu narsaga erishmoq uchun intilishdir. Dunyoqarash-odamning tabiat va ijtimoiy xodisalarga qarashlari, tasavvurlari va tushunchalari tizimi. Dunyoqarash shaxsning ma’lum ijtimoiy tuzumda, konkret faoliyati jarayonda vujudga keladi. Masalan, o‘qishda, o‘yinda, mehnatda, sportda, san’atda va boshqalarda. Qobiliyat-kishining muayyan faoliyatiga bo‘lgan layoqatidir. Kishilar qobiliyati nihoyat xilma-xil bo‘ladi, har bir kasb kishidan mehnatda, ijodiyotda va o‘qishda ma’lum qobiliyatni talab etadi. Har bir odamning kobiliyati taraqqiyot maxsulidir. Kishining qobiliyati uning tug‘ma layoqati asosida, muhitga bog‘lik ravishda, olayotgan ta’lim-tarbiyasiga qarab, shuningdek kishining o‘z ustida ishlashi bilan bog‘lik holda o‘sib kamol topib boradi. Odam muayyan layoqat bilan tug‘iladi. Odam to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiiy zotdir. Tabiiy zot sifatida shu bilan birga, u qisman tabiiy kuchga layoqatlar va qobiliyatlar, instinktlar tariqasida mavjuddir. Tug‘ma layoqat-tayyor, kamolotga yetgan kobiliyat emas, balki qobiliyatning o‘sishi uchun tabiiy zamindir, u kelgusida qobiliyatga aylanishi mumkin. Bunday imkoniyatlar tegishli sharoit mavjud bo‘lgandagina ruyobga chiqa oladi. Temperament-lotincha «temperamentum» so‘zdan olingan bo‘lib, buning ma’nosi aralash demakdir. Temperament deganda biz, odatda, insonning tabiiy, tug‘ma xususiyatlari bilan bog‘lik bo‘lgan individual xususiyatlarni tushunamiz. I.P.Pavlov temperamentni quyidagicha ta’riflaydi. Xar bir kishining va shuningdek, xar bir ayrim xayvonning ham umumiy xarakteristikasidir, har bir individning butun faoliyatlariga muayyan qiyofa beradigan asab tizimining asosiy xarakteristikasidir. Temperament, psixologik jihatdan olganda, xissiyotning qo‘zg‘alishida va kishidagi umumiy xarakatchanlikda ko‘rinadigan individual xususiyatdir. Ma’lumki, barcha temperamentlarni qadimdan 4 tipga ajratish rasm bo‘lgan: 1. xolerik 2. sangvinik 3. melanxolik 4. flegmatik temperamentga. Xarakter deganda shaxsda muhit va tarbiya ta’siri ostida tarkib topgan va uning irodaviy faoliyatida, tevarak atrofdagi olamga (kishilarga, mexnatga, buyumlar), o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlarida namoyon bo‘ladigan individual xususiyatlarini tushunamiz. Shaxsga oid bo‘lgan bu psixologik xususiyatlar konkret sharoitda namoyon bo‘ladi. Konkret sharoit har bir jamiyatning taraqqiyotiga karab xarakterlanadi. Masalan, mustaqil demokratik jamiyatimizda ishlab chikarish vositalariga egalik umumiydir. Shu sababli ta’lim-tarbiya ishlari uchun umumiy xarakterga egadir. Sport xam shaxs faoliyatining eng muximlaridan biridir. Chunki jismoniy kobiliyatsiz demokratik jamiyat ham va jamiyat haqida tushunchalarni ham tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sportda shaxs jismoniy jihatdan kamolotga yetadi, jismoniy rivojlanish esa shaxsda psixik sifatlarni o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu ikkalasi bir-biri bilan organik ravishda bog‘langan bo‘lib, ularni ajratib qarash mumkin emas. Demak, bundan ma’lumki kishilarni demokratik ruhda tarbiyalashda katta ahamiyatga egadir. Shunday qilib shaxs tabiiy mavjudod bo‘lib u psixologik xususiyatlarga egadir. Bu xususiyatlar shaxsning faoliyati jarayonida kamolotga yetadi. Sport ham shaxsning konkret, eng muhim faoliyatlaridan biridir. Shu sababli shaxsni har tomonlama tarbiyalashda sportning axamiyati katta xisoblanadi. Nazorat topshiriklar. 1. Shaxs deb nimaga aytiladi? 2. Shaxsning psixologik xususiyatlariga nimalar kiradi? 3. Temperament nima va uning kanday tiplari mavjud? 4. Shaxs kamolatida sportning axamiyati kanday? Uning moxiyatini oching. 2. Shaxsni tarbiyalashda sportning roli. O‘qituvchining maksadi: 1. Sport haqida tushuncha berish. 2. Sport musobaqalarining shaxs kamolotiga ta’siri. 3. Sportning shaxs temperamentiga ta’siri. Identiv o‘quv maksadi: 1. Talabalar sport va sport musobaqalari haqida tushuncha beradi. 2. Shaxs temperamentining sport va sport musobaqalariga ta’sirini o‘rganadi va mohiyatini ochib beradi. Sport faoliyati maksimal tezlik, kuch, chakkonlikni, o‘z gavdasini tarkib toptirish vositalaridan biridir. Bizga ma’lumki. Intensiv (serunum) mehnat qilish uchun o‘rtacha kuch va tezlik kifoya qiladi. Sportda biror razryad olish uchun yoki rekord qo‘yish uchun maksimal darajada asab - mushak kuchi sarflash yuqori tezlik va chaqqonlikni talab qiladi. Sport o‘zining bu kuchi bilan kishi faoliyatining boshqa turlaridan farq qilib turadi. Sport jarayonida shaxsning xarakat malakalari yuksak darajada rivoj topadi. Shuningdek sportda shaxsning irodaviy va boshka psixologik sifatlari takomillashadi. Sport odam yoshining ma’lum davrida katta axamiyatga egadir. Anatomiya, fiziologiya va psixologiya fanidan ravshanki, shaxsning o‘smirlik va yoshlik davri jismoniy kobiliyatni namoyon qilish uchun juda loyikdir. Shu bilan birgalikda bu yoki u davrida shaxsning psixologik xususiyatlarini tarbiyalash uchun keng imkoniyat tug‘iladi chunki, psixologik xususiyat va sifatlar jismoniy rivojlanish bilan bog‘likdir. Bu davrda yoshlarni sportning u yoki bu turi bilan shug‘ullantirishning moxiyati shundan iboratki, agar o‘smir yoki yoshlar sport bilan shug‘ullanish davrini yaxshi o‘tkazar ekan, unda yuksak jismoniy kobiliyat, iroda, xarakter tarbiyalanadi. O‘sishning bu muhim davrida sport bilan shug‘ullanmas ekan, hayot jarayonida yetuk odam bo‘la olmaydi. Demak, o‘sish jarayoni muayyan davrida sport bilan shug‘ullanish o‘smirda kelgusi xayot uchun eng muxim bo‘lgan jismoniy sifatlarni: chaqqonlikni, jismoniy go‘zallikni. Botirlikni va boshqa sifatlarni tarbiyalaydi. Sportchi sportning ma’lum turlari bilan shug‘ullanar ekan, u doimo yuqori natijalarga erishishni maqsad kilib qo‘yadi. Bu esa sportchidan: 1. Uzoq vaqt davomida trenirovka qilish natijasida umumiy jismoniy taraqqiyotni, organizmning fiziologik funksiyalarini yuksak darajada rivojlanganligini talab qiladi. Bu hol ayniqsa badiiy gimnastikada, boksyor, fektovalshik, futbolist, kurashchi, sakrovchi va boshqalarda yaqqol ko‘rinadi. 2. Bu esa sportchida tafakkurning yuritish operatsiyasini yuksak o‘sishini talab kiladi. Chunki sportda darhol yechimni talab qiladigan usulga, taktikaga oid masalalar uchrab turadi. Bu zaruriyat sportda tafakkur qilish kobiliyatini o‘stiradi. Bundan tashqari sportda emotsiya, idrok va boshqa psixologik sifatlarni o‘stiradi. 3. Sport shaxs temperamenti va xarakterini tarbiyalashda zo‘r kuchga egadir. Ilmiy ko‘rsatkichlar shuni ko‘rsatadiki. Ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan sportchi va trenerlar tekshirilganda ular orasida bo‘sh asab tizimiga ega bo‘lganlar kam uchraydi. Sport bilan shug‘ullanmagan kishilar orasida bo‘sh asab tizimli kishilar tez-tez uchrab turadi. Flegmatik-temperamentli kishilar yaqin distansiyaga tez yugura olmaydi, boksda esa tez harakat qila olmaydi, ammo asab tizimi trenirovka qilish natijasida bunday tipni o‘zgarishi sportning ayrim turlarini egallay olganligi isbotlangan. Xolerik-temperamentli kishilar yaqin distansiyaga yugurish, boksga juda mos keladilar, lekin musobaqa jarayonida ortiqcha xayajonlanadilar, uchragan to‘siqlarni yengishda achchiqlanadilar. Nazorat topshiriklar. 1. Sport nima va sport faoliyatining ahamiyatini ko‘rsatib bering. 2. Sportchiga sport faoliyatida qo‘yiladigan talablarning mohiyatini ochib bering. 3. Temperament tiplariga mos ravishda sportchining faoliyatini yozma ravishda bayon kiling. 3. Shaxsda irodaviy - g‘oyaviy sifatlarni shakllantirishda sportning axamiyati. O‘qituvchining maksadi: 1. Shaxsning g‘oyaviy-irodaviy sifatlari haqida tushuncha berish. 2. Sport musobaqalarining irodaviy-g‘oyaviy sifatlarni o‘sish ahamiyati. Identiv o‘quv maksad: 1. Shaxsning irodaviy-g‘oyaviy sifatlari haqida tushuncha beradi. 2. Sport musobaqalari haqida tushuncha beradi. 3. Shaxsning irodaviy-g‘oyaviy sifatlarini o‘sishida sport musobaqalarning ahamiyati moxiyatini ochib beradi. Sport maqsadga intilish, intizomlilik o‘z kuchiga ishonch, tashabbuskorlik, mustaqillik, mardlik, ka’tiyat, dadillik, o‘zini tuta bilish, chidamlilik kabi irodaviy sifatlarni shakllantirishga yordam beradi. Sportchida bunday ijobiy sifatlar rejali va tizimli trenirovkaning, trener mehnatining okibatidir. Sport jarayonida aytilgan vositalar bir butunligida sportchining yukori darajadagi irodaviy-g‘oyaviy sifatini tarbiyalashga erishish mumkin. Sportchining bu sifatlari qandaydir abstrakt bo‘lmay, konkret sport faoliyati sharoiti bilan bog‘likdir. Chunki o‘zidan ravshanki, sportning har qanday turi bo‘yicha ilmiy tekshirishlar shuni tasdiklaydiki, irodaviy sifatlar sportning turi va yengishga tegishli bo‘lgan qarshiliklar darajasiga qarab turlicha bo‘ladi. Misol: Shtanga bilan shug‘ullanish mushaklarni maksimal darajada taranglashtirish va diqqatni to‘plashni talab etsa, changi sporti esa barqaror irodani talab etadi. Bu misoldan ma’lumki, sportning u yoki bu turini egallash va sportchi o‘z nomini saqlab turish uchun sportchi tizimli mashq bilan shug‘ullanadi. Bu mashq jarayonida u har qanday jismoniy va ruhiy to‘siqlarga duch keladi. Ana shu to‘siqlarni yengib o‘tish uni irodaviy-g‘oyaviy sifatlarni tarbiyalaydi. Borgan sari takomillashish natijasida sportchida kuchli iroda o‘sib boradi. Sportchida g‘oyaviy-irodaviy sifatlarni o‘stirishda sport musobaqalarini ahamiyati kattadir. Chunki musobaqada sportchining barcha qobiliyati va sifatlari namoyon bo‘ladi. Bu esa sportchini irodaviy-g‘oyaviy jihatdan tarbiyalash uchun butun real imkondir. Shu asosda trener hamda sportchi shaxsan o‘zi irodasidagi yetishmovchiliklarni tuzatish choralarini belgilay oladi. Sportchi irodaviy-g‘oyaviy yetukligi qator musobaqalarda yutuklari va ko‘pchilik tasdig‘i bilan xarakterlanadi. Ma’lumki sportchi sport jarayonida o‘z oldiga maqsad va vazifalar qo‘yadi. Bu maqsad va vazifalar irodaviy sifatlarni tarbiyalashning sharoitidir. Lekin shuni aytish kerakki, bu maqsad va vazifalar qanchalik ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lsa shunchalik yaxshi natija keltiradi. Masalan, tajribadagi misollardan ma’lumki, ko‘pincha sportchilar musobaqa jarayonida jarohatlansalarda kurashni davom ettirib rekordlar keltirib kelganlar. Bu ulardagi iroda va ijtimoiy g‘oyaviylikni qanchalik yuksakligidan bir namunadir. Lekin sport maydonida aksincha xolatlarni uchratish mumkin. Masalan: ba’zi sportchilar o‘z shaxsiy ustunligini nazarda tutib musobaqalarda ishtirok etadilar. Bu esa ko‘pincha individuallizm, maqtanchoqlik, o‘z shaxsini ortiqcha ko‘tarib yuborish kabi salbiy sifatlarni shakllanishiga olib keladi. Sport jarayonida ijobiy sifatlar bilan birgalikda salbiy sifatlar ham namoyon bo‘ladi. Salbiy sifatlarning namoyon bo‘lishining sababi sportchini birinchidan jismoniy, texnikaviy va taktikaviy yetuk emasligida bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa irodaviy - g‘oyaviy tayyor emasligidir. Shu sababli trener bu ikki muhim tomoniga e’tibor berishi lozim. Xulosa: 1. Sport shaxsni garmonik rivojlantirishda alohida ahamiyatga egadir. 2. Shaxsning psixik jarayonlari sport faoliyatini yaxshilashga ta’sir qiladi, sport esa o‘z navbatida bu jarayonni yuksak darajada o‘sishida asosiy manba rolini o‘ynaydi. 3. Irodaviy - g‘oyaviy sifatlarsiz sportda yuksak natijalarga erishib bo‘lmaydi. Bu sifatlar esa konkret sport sharoitida shakllanadi. 4. Sport shaxs temperamentini ijobiy tomonga o‘zgarishida kuchli bir manbadir. Nazorat topshiriklari. 1. Sport jarayonida sportchining irodaviy-g‘oyaviy sifatlarini ko‘rsatib o‘ting. 2. Shaxsning salbiy va ijobiy sifatlarini rivojlanishida sportning roli. 3. Sport musobakalari qanday jarayon? Sport musobaqalarining shaxs kamolotiga ta’sirini moxiyatini oching. 4. Sport turlarining shaxsning psixologik xususiyatlariga ta’sir etishi. Download 52.41 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling