Reklama va amaliy grafika


Download 82.7 Kb.
bet6/14
Sana18.06.2023
Hajmi82.7 Kb.
#1594398
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Bog'liq
dIPLOM

1.3. Foto san’atining tarixi o’ziga xos xususiyatlari
XIX-asrda amalga oshirilgan ko‘plab ajoyib ixtirolar ichida shubhasiz fotografiya ham eng asosiylaridan biri hisoblanadi. O‘sha paytda odamlarni "lahzani to‘xtatish" degan nom bilan hayratga solgan ushbu ixtiro, haqiqatan ham tarixdagi eng buyuk ixtirolar sirasiga kiradi. Biz hozir smartfonimiz, yoki, mashhur brendning yuqori sifatli raqamli foto videokamerasi yordamida istagan narsamizni osonlik bilan suratga tushira olamiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi eng bo‘lmag‘ur selfimaniyalardan tortib, ilm-fan uchun beqiyos ahamiyatli muhim fotosuratlargacha hamma hammasi birgina tugmachani yengil bosish orqali, hozirda juda oson va jo‘n olinmoqda. Hozirda fotosurat olish uchun maxsus o‘quv kurslaridan o‘tish va uyda bir qancha maxsus jihozlardan iborat fotolaboratoriyaga ega bo‘lish shart emas. Smartfon tugmasini yengil bosasiz va tamom! Fotosurat tayyor. Uni istasangiz internetga joylaysiz, istasangiz qog‘ozga chop etib, albomga yopishtirasiz... xullas, bizning avlod uchun fotosurat olish - pista chaqqandek ham ish bo‘lmay qolgani chin haqiqat..Lekin, bilasizmi, atiga 10-20 yillar muqaddam, hatto 2000-yillar boshida ham fotosuratga olish maxsus amaliyotlar talab qiladigan, anchagina qimmat jarayon bo‘lgan. 50-100 yillar avval esa, fotosuratga tushishga ko‘pchilik oddiy aholining imkoni yetmagan ham. Bugungi kunda hatto mushugiyu kuchugini va yeyayotgan taomini ham suratga olib ijtimoiy tarmoqqa joylaydiganlarning aksariyatining buvi va buvalari, bu darajadagi suv tekin arzon fotosuratlar olish mumkinligini tushida ham ko‘rishmagan. Fotografiya ikki xil fan sohasining o‘zaro uyg‘unlashgan nuqtasida: optika va kimyo chegarasida vujudga keldi. Fotografiya olish, ya'ni, "lahzani to‘xtatish" uchun, ikkita juda qiyin muammoni hal etish lozim edi. Birinchidan, o‘ziga kelib tushgan tasvirni saqlab qola oladigan, ya'ni, kimyoviy jihatdan yorug‘likka o‘ta sezgir va barqaror maxsus plastinaga ega bo‘lish zarur edi. Ikkinchidan esa, fotosuratga olinishi lozim bo‘lgan buyum yoki, manzarani, o‘sha barqaror va sezgir plastinaga aniq proyeksiyalab bera oladigan yuqori aniqlikdagi optik asbob talab qilinardi. Ushbu g‘oyat mushkul masalalar, omadsiz urinishlar va xatolar bilan kechgan juda ko‘p sonli tajribalar vositasi bilangina hal qilingan. Fotografiya mo‘jizasi insoniyatga darhol bo‘ysunmagan. Manzaralar, odamlar va buyumlarning tiniq fotosuratini olish imkonini beradigan asbob va usul ustida, jahonning turli mamlakatlarida ko‘plab muhandis va ustalar bosh qotirishgan. Fotosuratga olish borasidagi ilk tajribalarni va amaliy yondoshuvlarni o‘rta asrlar alkimyogarlarining ishlarida uchratish mumkin. Shunday alkimyogarlardan biri Fabritsius , o‘z tajribaxonasida bir kuni osh tuzining eritmasi bilan kumush nitratini (AgNO3) aralashtirib, idish tubida qaymoq rangli cho‘kma hosil bo‘lganini ko‘radi. Fabritsiusning hayratiga sabab bo‘lib, ushbu cho‘kma Quyosh nuri ta'sirida qorayib qolar edi. Fabritsius ushbu g‘alati hodisa haqida o‘zining 1556-yilda bosmadan chiqqan metallar haqidagi kitobida maxsus to‘xtalib o‘tib, linza yordamida cho‘kma yuzasida tasvir hosil qilishga muvaffaq bo‘lganini ma'lum qiladi. Fabritsius laboratoriyasidagi o‘sha cho‘kma kumush xloridi bo‘lgani hozirda hammaga ma'lum. U ma'lum qilgan yana bir fakt shu ediki, cho‘kma sirtida hosil bo‘lgan tasvirning tiniqligi, ya'ni, uning yoki och kulrang, yoki qoramtir bo‘lishi, cho‘kma yuzasining qanchalik uzoq yoki qisqa yoritilishida bog‘liq edi. Tarixchilar Fabritsiusning ushbu tajribasini fotografiya tarixidagi ilk amaliyot deb baholaydilar. Biroq, Fabritsiusning ushbu ishlarini rivojlantiradigan davomchisi topilmadi. Keyingi tajribalarni esa oradan deyarli bir yarim asr o‘tib, 1727-yilda Iogann Genrix Shults (1687-1744) ismli vrach bajargan. U quyoshli kunda shisha idish ichida kumush nitratini bo‘r bilan aralashtirib tajriba qilib ko‘radi. U aralashmani quyosh nurlari ostiga qo‘yganida, aralashma yuzasi darhol qorayib qoladi. yaxshilab chaypab yuborilsa, aralashma yana o‘z tabiiy rangiga qaytadi. Shults ushbu qiziq tajribaga mukkasidan ketadi. U aralashma yuzasiga qog‘ozdan qirqib yasalgan turli shakllarning soyasini tushirib, tasvir hosil qiladi va yana aralashmani silkitib tashlab, yana yangi tajribalarni bajaraveradi. Lekin afsuski, Shultsning mazkur ishlari shunchaki ermak sifatida, o‘z kundaliklari sahifalarida qolib ketdi va tez orada uni ham unutildi. Kumush xloridining Shults aniqlab bergan noyob xossasi, ya'ni, tasvirni o‘zida saqlab qola olish xususiyatidan fotoplastinalar tayyorlash mumkinligi biror aqlli odamning miyasiga yarq etib urmagunicha, yana yuz yildan ziyod vaqt o‘tib ketdi. Fotografiya tarixidagi navbatdagi sahifani Tomas Vejvud (1771-1805) ochib berdi. U kumush nitrati eritmasi bilan namlantirilgan oq qog‘ozga yaproqlarni yopishtirib chiqqan. Bunda qog‘oz ustida yaproq joylashgan qismi oqligicha qolib, uning atrofidagi joylari esa qorayib qolgan. Mohiyatan bu qora fondagi oq ko‘lanka (siluet) tasvir edi. Biroq, bunday usulda hosil qilingan tasvirni faqat shamlar bilan xira yoritilgan xonada ko‘rish mumkin edi xolos. Chunki, agar qog‘oz va tasvir sirtiga quyosh nuri tushsa, hammasi rasvo bo‘lardi. Vejvud qiziqish bilan tajribalarini davom ettirdi va kumush nitrati eritmasini hayvon terisiga shimdirib, teri sirtida tasvir hosil qilishga urinib ko‘rdi. Bunday terida olingan tasvir tezroq namoyon bo‘lar edi. o‘sha vaqtlarda bu narsaning sababi noma'lumligicha qolaverdi. Teridagi tasvir tezroq ochilishini aniqlay olmay, mutaxassislar bunga uzoq vaqtgacha "shunchaki fenomen" sifatida ishonib kelishdi. XIX-asrning 30-yillariga kelib ma'lum bo‘lishicha, teri tarkibidagi oshlovchi moddalar (oshlovchi kislota) kumush nitrati eritmasi bilan ta'sirlashib, tasvirning tezroq ochilishiga xizmat qilar ekan. Vejvud o‘zining bu boradagi tajribalari haqida 1802-yilda maxsus risola chop etish orqali ommaga ma'lum qildi. Vejvud ancha yillar davomida olib borgan muttasil tajribalari va kuzatishlari evaziga, qog‘ozda, terida va shisha sirtida konturli tasvirlarni hosil qilishni o‘rganib olgandi. Biroq, Vejvudning tasvirlarini hamon faqat qorong‘ulashtirilgan joylarda ko‘rish mumkin edi xolos. Quyosh nuri tushishi bilan ular buzilardi va bu Vejvudning eng katta muammosi edi. Vejvud ushbu muammoga o‘zi yechim topa olmagan bo‘lsa hamki, lekin uning ishlari ilmiy jamoatchilikda va ayniqsa tasvirlar bilan ishlash muhim bo‘lgan fan sohalari mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Uning tajribalarining Yevropaning ilg‘or ilm dargohlarida o‘zlashtira boshlashdi. 1819-yilga kelib Angliyada Jon Gershel Vejvud tajribalari asosida, qog‘oz yoki teriga tushirilgan tasvirni yorug‘lik ta'sirida buzilmaydigan qilish yo‘lini topdi. U natriy tiosulfati (natriy giposulfit - Na2S2O3·5H2O) bilan ishlov berilsa, Vejvud tasvirlari buzilmasligini aniqladi. Fotografiyaning inson xizmatiga to‘laqonli bo‘ysunishi uchun eng so‘nggi qadamni qo‘yish qolgan edi. Lekin bu qadamni ham 20 yil mobaynida kutishga to‘g‘ri keldi. Bungacha esa, ixtirochilarning izlanishlari boshqa o‘zanlarga burilib ketib qoldi. 1813-yilda fototasvirlar olish borasidagi izlanishlarga farang rassomi Jozef Nisefor Nyeps (1765-1833) ham qo‘shildi. Siz bilan biz sayohatga chiqqanimizda o‘zimiz bilan albatta olib oladigan fotoapparatlarning ixtiro qilinishida eng asosiy o‘rin tutgan shaxs ham aynan Nyeps hisoblanadi. 1816-yilda Nyeps fototasvirlar olish uchun obskur kamerasidan foydalanish g‘oyasi bilan izlana boshladi. Obskur kamerasi odamlarga juda qadimdan ma'lum bo‘lib, mohiyatan u har tomonida yorug‘lik o‘tkazmaydigan qilib zich berkitilgan va atiga bitta joyida kichkina tirqishchasi bo‘lgan qop-qorong‘u quti, yoki, xonadan iborat bo‘ladi. Agar tirqish qarshisidagi devorga nur qaytarmaydigan xira oyna joylashtirilsa, uning sirtida tirqish tashqarisidagi manzaraning tasviri teskari tarzda namoyon bo‘ladi. tirqish qanchalik kichik bo‘lsa, oyna sirtida hosil bo‘layotgan tasvir konturlari shunchalik keskin, lekin tasvirning o‘zi tobora xira bo‘lib boradi. Asrlar mobaynida, obskur kamerasi yordamida hosil qilingan tasvirlardan odamlar tabiat mo‘jizasi sifatida hayratlanib kelishgan. Ayrim "uchar"lar esa, bunday tasvirlar orqali sodda odamlarni laqillatib, ularni go‘yoki o‘zlarida mavjud ilohiy qobiliyatlarga ishontirishga ham urinishgan bo‘lsa ajab emas. Xullas, obskur kamerasini fototasvirlar olish uchun tadbiq etish g‘oyasi Nyepsning miyasiga kelgan paytda, siz bilan biz hozir yaxshi biladigan fotografiya sohasi tug‘ildi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytgancha, Nyepsgacha ham obskur kamerasini ancha takomillashtirilgan bo‘lib, chunonchi, 1550-yilda Kardan ismli muhandis Nyurnbergda obskur kamerasini tirqishini kattalashtirib, shu bilan birga, ichkarida hosil bo‘ladigan tasvir sifatini ham yaxshilash yo‘lini topgan edi. Buning uchun u linzalarni qo‘llash va eng asosiysi, ularni nur yo‘liga to‘g‘ri joylashtirish kifoya qilishini ham ko‘rsatib bergandi. Nyeps esa aynan shunday usulini, ya'ni, ichi qop-qorong‘u bo‘lgan qutining bir tarafidagi tirqishga linza o‘rnatib, uning qarshisidagi quti devoriga esa, yorug‘likka sezgir kumush xloridli plastina joylashtirish orqali, tarixda ilk fotoapparatni yasadi. Unga tasvirni to‘g‘ri proyeksiyalash orqali, ichkaridagi fotoplastinada istalgan manzara, buyum, yoki, odam tasvirini hosil qilish mumkin edi. Muammo faqat, obskur kamerasi vositasida olingan fototasvirlarni yorug‘lik ta'sirida buzilmaydigan qilib qog‘ozga mustahkamlash masalasida qolgan edi.
1824-yilda Nyeps bu masalani ham muvaffaqiyatli hal qildi. U fotografiya muammolari bilan shug‘ullangan va shug‘ullanayotgan boshqa odamlardan farqli ravishda, tasvirni qog‘ozga mustahkamlash uchun kumush xlorididan emas, balki, tog‘ smolasidan foydalanishga qaror qiladi. Tog‘ smolasining ayrim xossalari yorug‘lik ta'sirida o‘zgarib, keyinchalik o‘z shaklida mustahkamlanib qolish xossasiga ega. Masalan, tog‘ smolasi ayrim suyuqliklarda faqat qorong‘ulikda eriydi, yorug‘likda esa uni o‘sha suyuqliklar erita olmaydi. Nyeps mis plastinasi sirtini tog‘ smolasi bilan qoplab, uni obskur kamerasi tirqishi Qarshisiga joylashtirdi. Ayni damda u kattalashtiruvchi linzaning ham fokus masofasini uzaytirdi. Bunda faqat bitta katta muammo bor edi. Tasvir olish uchun kamera qarshisida uzoq muddat turish talab etilardi. Chunki, bunday platinaga yorug‘lik ta'siri sekinlik bilan kechib, tasvir hosil bo‘lishi uchun bir muddat kutishga to‘g‘ri kelardi. Shunga qaramay, aytaylik, o‘zgarmas turadigan obyektlar tasvirini olishda bu hech qanday muammo tug‘dirmagan. Chunonchi, biror manzarani tasvirga olish uchun kamerani kerakli joyga joylashtirib, xotirjamlik bilan kutilsa, plastinada aniq tasvir olish mumkin bo‘lgan. Faqat, kamera qarshisida uzoq muddat bir xil holatda tura olmaydigan betoqat odamlargina ushbu fotoapparatda aniq rasmga tusha olmasdilar. Nyepsning o‘sha fotoapparatida olingan tasvirni ochish uchun, plastinani lavanda o‘simligi moyi va neft aralashtirilgan suyuqlikka botirish kerak edi. Bunday suyuqlikda plastinadagi yorug‘lik ta'siri tushgan qismlar, ya'ni, tasvir o‘z joyida qolib, qolgan qismlar esa eritma tarkibiga erib singib ketardi. Aytib o‘tganimizdek, bunday tasvirni olish uchun, ayniqsa fotografdan kuchli sabr-toqat talab qilinardi. Chunki, Nyepsning bunday kamerasida atiga bitta fotosurat olish uchun 10 soatdan ziyod vaqt sarflash zarur bo‘lgan. Albatta, bunday sekinlik bilan kechuvchi jarayon Nyepsning o‘ziga ham ma'qul kelmagan va u o‘z ixtirosini takomillashtirish uchun harakatni to‘xtatmagan. Fotografiya ixtiro qilingach, ushbu ajoyib ixtiro tez orada bizning yurtlarimizga ham kirib kelgan. o‘zbeklar orasida eng birinchi fotograf Xiva xonligida yashagan Xudoybergan Devonov (1879-1940) bo‘lib, u 1908-yilda Sankt-Peterburgda 3 oylik maxsus amaliyot o‘tab, olish sir-asrorlarini o‘rganadi va tez orada o‘zi mustaqil fotograflik qila boshladi. U XIX-asr oxiri va XX-asr boshlarida Xiva xonligidagi hayotga oid bir necha qimmatli tarixiy suratlarni olgan.



Download 82.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling