Рекомендательное письмо


Download 0.6 Mb.
bet21/60
Sana29.01.2023
Hajmi0.6 Mb.
#1138324
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   60
Bog'liq
portal.guldu.uz-KORXONALAR IQTISODIYOTI

Moslashuvchanlik rejalashtirishning bozor sharoitlaridagi muhim tamoyili hisoblanadi. U ishlab chiqarish rejalariga o’z vaqtida o’zgartirishlar kiritish, iste’molchilar va xaridorlar talablarini hisobga olish, ishlab chiqarishning yuzaga kelishi mumkin bo’lgan pasayishi va inqirozlarning oldini olishga yordam beradi. “Korxonalar to’g’risida”gi qonun ishlab chiqarishni rejalashtirishda ushbu tamoyilni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan sharoitlarni yaratadi.
Biroq hech qanday tamoyil, jumladan, yuqorida sanab o’tilgan tamoyillar ham, o’zidan-o’zi, ya’ni shu tamoyillar uchungina kerak emas. Agar amaliyotda qo’llanmasa bu tamoyillar faqat qog’ozda qolib ketishi yoki oddiy chaqiriq bo’lib qolishi mumkin. Shu sababli korxona rahbarining rejalashtirish jarayonini, aniqrog’i, rejaning bajarilishi hamda rejalashtirishning belgilangan va boshqa tamoyillari qanday aks ettirilganligini nazorat qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Nazorat kerakli natijalarga erishish, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan disproportsiyalarni aniqlash va ularning oldini olish, shuningdek, zahiralarni aniqlash va ulardan foydalanish yo’llarini belgilashga imkon berdi.
Biznes – reja bu shunday xujjatki, firmaning unda o`z ishini qanday boshlashi, qanday ishlab chiqarishni samarali yurgizish va tovarni bozorga olib chiqishi, qanday texnologiyani qo`llashi, qachon dastlabki daromadni olishi, tavakkalchilikni kamaytirishi, sarf-xarajat darajasi va foyda olishi, raqobat kurashida yutib chiqish kabi ko`rsatkichlarning loyihasi o`z aksini topadi. Biznes-reja firmaning rivojlanish strategiyasini belgilab beradigan asosiy hujjatlardan biridir. Shu bilan birga firma taraqqiyotining umumiy konsepsiyasiga asoslanadi, strategiyaning iqtisodiy va moliyaviy jihatlarini birmuncha batafsil bayon etadi, aniq, tayin chora-tadbirlarni texnik-iqtisodiy jihatdan asoslab beradi. Boshqacha aytganda, biznes-reja tadbirkor uchun go`yo bir ish qurolidir, aniqrog`i kompasdir. U firmaning ish jarayonini tasvirlab, firma rahbarlarining o`z maqsadlariga qay tariqa erishishlarini, birinchi galda ishning daromaddorligini qay tariqa oshirish mumkinligini ko`rsatib beradi. Yaxshi ishlab chiqilgan biznes-reja firmaga:

  • o`sib borishga;

  • bozorda yangi mavqelarni qo`lga kiritishga;

  • o`z tarqqiyotining istiqbollarini belgilab olishga;

  • yangi tovarlar ishlab chiqarish va yangi xizmat turlarini yaratishga;

  • yangi mo`ljallarning amalga oshirishning maqsadga muvofiq usullarini tanlab olishga yordam beradi.

Biznes-reja korxonaning ichki hujjati bo`libgina qolmasdan, balki undan investorlar va kreditorlarni taklif qilishga ham foydalanish mumkin. Investorlar tavakkal qilib sarmoya berishdan avval loyihaning sinchiklab ishlab chiqilganiga ishonch hosil qilishlari va uning samarali ekanligidan xabardor bo`lishlari kerak. Ular sarmoya berish imkoniyatlarini ko`rib chiqishdan oldin biznes-rejani sinchiklab o`rganib chiqishadi. Shundan so`ng ular loyihani ishlab chiqqanlar bilan uchrashadilar.
Muvaffaqiyatli tuzilgan biznes-reja korxona faoliyatini chuqur tahlil qiladi va korxona imkoniyatlariga xolisona baho beradi. U muhim hujjat hisoblanadi. Shu sababli uni begona odamlarga, shuningdek, korxona boshqaruviga aloqador bo`lmagan shaxslarga berish taqiqlanadi. Tadbirkor uchun uning biznesi xayot-mamotdir. Bank menejeri yoki chet el investori uchun tayyorlangan bu hujjatlar ular qo`liga kelib tushadigan ko`plab hujjatlarning faqat biridir. Siz bu reja bilan ularni ishontira olishingiz va pirovardda uni qo`llab-quvvatlanishiga erisha olishingiz lozim. Buning uchun siz tuzgan biznes-reja quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • aniq va ravon;

  • qisqa va lo`nda;

  • mantiqan kuchli asoslangan;

  • to`g`ri va ishonchli;

  • raqam va faktlar bilan o`z tasdig`ini topgan bolishi shart.

Jahon tajribasida biznes-rejani tuzish bosqichlari va uning bo`limlari aniq belgilanmagan. U korxona statusi va katta-kichikligi (kichik, o`rta va katta biznes)ga qarab har xil shaklda va tarkibiy tuzilishda bo`lishi mumkin. Ammo biznes-reja mukammal yoki oddiyligidan, katta yoki kichikligidan qatiy nazar o`z mohiyatiga binoan quyidagi bo`limlarni o`zida aks ettirishi lozim:
1-bo`lim. Firma imkoniyatlari(rezuyme).
2-bo`lim. Mahsulot va xizmat turlari.
3-bo`lim. Tovar va xizmatlar sotiladigan bozor.
4-bo`lim. Raqobat.
5-bo`lim. Marketing rejasi.
6-bo`lim. Ishlab chiqarish rejasi.
7-bo`lim. Tashkiliy reja.
8-bo`lim. Huquqiy reja.
9-bo`lim. Risk va sug`urtani baholash.
10-bo`lim. Moliyaviy reja.
11-bo`lim. Loyihaning rentabelliligi.
Bo’limlar tarkibida firma imkoniyati bo`limiga alohida e`tibor berilishi kerak. Chunki, u bilan investorlar, menejer va tadbirkorlar doimo birinchi navbatda tanishadilar.
Rejalashtirish – xo`jalik ob`ekti faoliyatini yaqin va uzoq muddatga istiqbolini belgilashga doir ishlarning ko`zda tutish, asoslash, aniqlashtirish va qog`ozga tushirish rejasining ishlab chish va aniqlashtirishdir. Rejada quyidagilar aks ettiriladi:

  • rejalashtirilgan davrda korxona tarkibi va faoliyatini maqsadi o`rnatilgan aniq miqdoriy ko`rsatkichlar asosida (ish tavsifi va ishlab chiqariladigan mahsulot turlarini aniq ko`rsatgan holda);

  • maqsadga erishish yo`llari (moliyaviy, moddiy va mehnat);

  • rejaning harakat davrini bosqichlar bo`yichava maqsadlarga bog`liq holda muddatlari va qoidalari;

  • ishlarning bajarilish muddatlari va bosqichlari;

  • ish turlari va muddatlari bo`yicha rejani ijro qiluvchilar;

  • ishlarning bajarilishini nazorat qilish usullri, bosqichlari va vositalari.

Umuman olganda rejalashtirish texnologiyasi o`zida quyidagilarni qamrab oladi:

  • korxonaning asosiy maqsadi va undan kelib chiqadigan vazifalarni aniqlash va asoslash;

  • qo`yilgan vazifalarni rasmiylashtirish, aniq ko`rsatkichlarni belgilash va bajaruvchilarga vazifalar berish;

  • vazifalarni ish hajmi va turlari, aniq ish o`rinlari va bajarilish muddatlari bo`yicha aniq belgilash;

  • rejalashtirishning barcha davrlarida qilinadigan xarajatlar va olinadigan natijalarni aniq hisob-kitob qilish.

Rejalashtirish uchun bir qator axborot manbalari zarur bo`ladi va bu manbalar rejani to`g`ri va asosli tuzishga asos bo`ladi. Marketing tadqiqotlari va istiqbolni belgilashga doir tashqi ma`lumotlardan tashqari rejalashtirish organlariga bir qator katta hajmdagi ichki ma`lumotlar ham zarur bo`ladi, ular sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • ishlab chiqarish quvvatlarining mavjudligi va tarkibi, yangi mahsulot ishlab chiqarish salohiyatini shakllantiruvchi imkoniyatlarning mavjudligi;

  • kadrlar, ularning soni va professional tarkibi;

  • moliya (shu jumladan o`z va qarzga olingan mablag`lar);

  • aylanma mablag`larga bo`lgan talab va uning mavjudligi(zahiralar bilan birga);

  • yangi ilmiy-texnikaviy ishlanmalarning tarkibi va tayyorlik darajasi;

To`planadigan ma`lumotlarni yig`ish va umumlashtirish, ularni tahlil qilish mutaxassislarning rejaoldi ishlari sirasiga kiradi. Rejaoldi ishlari rejani o`zini tuzish kabi muhimdir. Korxona faoliyatini rejasini tuzish uning asosiy qismlari loyihasini tayyorlashdan boshlanadi:

  • mahsulotni ishlab chiqarish va sotish rejasi;

  • moddiy-texnik ta`minot rejasi;

  • ish haqi va kadrlar bo`yicha reja;

  • kapital quyilmalar va yangi texnika bo`yicha istiqbolli rejalar tuzish;

  • moliya rejasi.

Agar korxona rejalashtirish tizimi quyidagi talablarga to`la javob bersa korxona uchun katta manfaat va foydalarni keltiradi:

  • rejaning har bir bosqichi va har bir elementining qattiq asoslanganligi;

  • reja topshiriqlarini korxonaning har bir uchastkasida aniq bajarilishi;

  • reja bajarilishini nazorat qilish, to`la hisobga olib boorish va tuzatishlarning o`z vaqtida bo`lishining mavjudligi;

  • tashqi va ichki omillar natijasida o`zgarayotgan sharoitlarga mos holda korxona faoliyatini o`z vaqtida moslashtirishga tayyorlik.

Rejalarni ularga qo`yilgan talablarga ko`ra amalga oshirishni baholash uchun bir qator ko`rsatkichlardan foydalaniladi va ular asosida nazorat qilinadi. Rejalar bir qator mezonlarga ko`ra guruhlarga bo`linadi. Bu mezonlar va rejalarning turlarini alohida sanab o`tamiz.

Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   60




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling