Rivojlanish psixologiyasi va pedagogik psixologiya
Download 370.23 Kb.
|
маъруза матни ривож
Kichik maktab yoshidagi bolalarning asosiy faoliyati o‘qish hisoblanadi. O‘qish faoliyati kichik maktab yoshidagi o‘quvchining aql-idroki, sezgirligi, kuzatuvchanligi, eslab qolish va esga tushirish imkoniyatlarining rivojlanishi uchun muhim shart-sharoitlar yaratgan xolda , bola shaxsining rivojlanishi uchun muhim omil xisoblanadi. Shu yoshdagi bola idrokining o‘tkirligi, ravshanligi, sofligi, aniqligi, hayolining yorqinligi, xotirasining kuchliligi, tafakkurining yaqqolligi o‘zining qiziquvchanligi, ishonuvchanligi bilan boshqa yoshdagi bolalardan farqlanadi.
Kichik maktab davrida o‘qish faoliyati bilan shug‘ullanish, jumladan, moddiy narsalarning har xil xossalari bilan tanishish sezgilarning o‘sishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda asosan ko‘rish va eshitish, farq qila olish sezgilari ayniqsa tez o‘sadi. 7-10 yoshli bolalarda ranglarning tuslarini sezish umumiy xolda 45% ga, 10-12 yoshgacha bolalarda esa 65%gacha ortishi rossiya olimlari tomonidan aniqlanilgan. Kichik maktab o‘quvchilarini rasm chizishga o‘rgatish ranglarni farqlash sezgirligining o‘sishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ohanglarni farq qilish sezgirligi, ayniqsa bolalarga musiqa va ashula o‘rgatish jarayonida kuchli suratda o‘sadi. Sezgilarning o‘sishida shuningdek, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarining ham ahamiyati katta. Aniq harakat qilishga jalb etuvchi mashqlar bolalarning muskul-harakat sezgilarini o‘stiradi. Kichik maktab davriga kelib idrokning hamma turlari asosan ta’lim- tarbiya tufayli mazmun, aniqlik, ravshanlik jihatdan ko‘p darajada takomillashadi. Ular har bir narsaga berilib, o‘ta sinchkovlik bilan qarashlari sababli idrokning muhim xususiyatlarini o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Birinchi sinfga kelgan bola predmetlarning rangi, shakli va kattaligini, ularni makonda joylashishini bilish bilan, birga ularni taqqoslay oladi. Maktab yoshiga kelib, normal rivojlanayotgan bolalar rasm va suratlar real hayotni aks ettirayotganligini yaxshi tushunadilar. Shuning uchun ham surat va rasmlarda nimalar aks etganini real hayotga taqqoslagan holda bilishga harakat qiladilar. Bola rasmlarda atrof-hayotdagi narsalarni kichiklashtirib tasvirlanganligini anglay biladi. Bu tasvirlar bolalarda estetik va badiiy didni rivojlantiradi. Chunki, bola shu rasmlar orqali olam go‘zalligini, uning turfa ranglardan iborat ekanligani anglaydi, ajratadi va o‘z munosabatini bildira oladi. Ta’lim- tarbiya jarayonida bolalarda ixtiyoriy idrok qobiliyati o‘sadi Kichik maktab yoshidagi bolalarning kuzata bilish qobiliyati muvafaqqiyatli o‘qish uchun zaruriy shartlardan biridir. O‘quvchilarda kuzatuvchanlik qobiliyati ularning tafakkuri, irodasi, qiziqish xavaslari bilan birgalikda o‘sib boradi. Bu yoshdagi o‘quvchilar o‘z idroklarini mustaqil idora eta oladilar. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari katta yoshdagi odamlardan deyarli qolishmasdan to‘g‘ri chiziqni ko‘z bilan chamalab teng ikki bo‘lakka bo‘la oladilar, narsa va chiziqlarni katta- kichikligiga qarab taqqoslay oladilar, narsalarning fazoda turgan o‘rnini, ularning qaysi biri yaqinroq yoki uzoqroq, qaysi biri balandroq yoki pastroq joylashganini ko‘z bilan chamalab, shu masofani bosib o‘tish uchun talab qilinadigan vaqtni ham taxminan xisoblay oladilar. Kichik maktab yoshidagi bolalar tez chalg‘iydilar, uzoq vaqt diqqatlarini bir narsaga qarata olmaydilar. Ularda diqqatni irodaviy zo‘r berish bilan boshqarish va vaziyatga moslash imkoniyati yaxshi bo‘lmaydi. Buning asosiy sababi, ulardagi ixtiyoriy diqqatning kuchsizligi va beqarorligidir. Bu yoshdagi bolalarda ixtiyorsiz diqqat ko‘proq rivojlangan bo‘ladi. O‘quv materiallarining yaqqolligi, yorqinligi, jozibadorligi, o‘quvchida beixtiyor his-tuyg‘ularni uyg‘otadi va kuchli irodaviy zo‘riqishsiz fan asoslarini egallash imkonini beradi. 1-2 sinf o‘quvchilari diqqatining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri - uning еtarlicha barqaror emasligidir. Shuning uchun ham ular o‘z diqqatlarini uzoq muddat muayyan narsalarga qarata olmaydilar va diqqat ob’ektlari ustida uzoq tura olmaydilar.Ta’lim jarayoni kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning ixtiyoriy, barqaror, mustahkam, kuchli, faol ongli diqqatni rivojlantirishga qulay shart-sharoit yaratadi. Bilim olish jarayonida mustaqil aqliy mehnat qilish, misol-masalalar еchish, mashqlar bajarish, takrorlash irodaviy zo‘r berish jarayonida ixtiyoriy, ongli diqqat tarkib topadi. Bu yoshdagi bolalarda ixtiyoriy diqqatni to‘plash, tashkil qilish, uni taqsimlash, Ongli ravishda boshqarish uquvi shakllana boshlaydi. Kichik maktab yoshidagi bola psixikasining sog‘lomligida, uning bilish faolligida tafakkurning ham rivojlanishini ko‘rish mumkin. Bolaning qiziquvchanligi asosan atrof-olamni bilish, o‘rganishga qaratilgan bo‘ladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi o‘ynab turib, olam sir-sinoatlari, sabab-hodisalari va ular o‘rtasidagi bog‘liqlardan xabardor bo‘lishga intiladi. Masalan, u o‘zi mustaqil ravishda qanday predmetlar suvda cho‘kishi, qaysilari esa suzishini tadqiq qila oladi. Bola aqliy munosabatlarda faol bo‘lsa, u shunchalik ko‘p savol beradi va bu savollar, asosan, xilma-xil bo‘ladi. Bolani qor, yomg‘ir qanday yog‘ishi, quyosh kechasi qaerda bo‘lishi, mashina qanday qilib yurishi, еrdan osmongacha bo‘lgan masofani bilish juda qiziqtiradi. Bu ularning «Nima uchun?», «Qanday kilib?», «Nima orqali?» kabi savollariga javob olishga qaratilgan bo‘ladi. Bu yoshdagi bolalar asosan o‘zlari ko‘rib turgan narsalar haqida chuqurroq fikr yurita oladilar. Bu yoshdagi bolalar tafakkurining asosiy turi obrazli tafakkurdir. Psixolog-olim Piaje tadqiqotlarida 6-7 yoshli bolalardan bir-biri bilan teng bo‘lgan idishlardagi suv miqdori so‘ralgan. Bolalar “Idishlardagi suv miqdori teng”,-deb javob berishgan. Aynan shu miqdordagi suv bolalar ko‘z o‘ngida turli xil balandlikdagi idishlarga quyilib, so‘ngra qaysi idishdagi suv miqdori ko‘pligini so‘ralganida bolalar ingichka, lekin baland idishdagi suvning miqdori ko‘pligini aytishgan. Bolalar aynan o‘sha suv miqdorini yana bir-biri bilan teng bo‘lgan idishlardagi ko‘rganlaridan so‘nggina o‘z javoblari noto‘g‘riligini bilganlar. Aynan shunday tajriba bir xil kattalikdagi plastilin shakllari o‘zgartirilganida, hamda teng miqdordagi tugmachalar orasi ochiqroq qilib qo‘yilgan qatordagi tugmachalar bilan solishtirrilganida ham xuddi shunday javoblar bo‘lgan. 6- 11 yoshli o‘quvchilarning bilish jarayonlaridagi ixtiyoriylik irodaviy zo‘riqish asosidagina, shuningdek, bola o‘zini atrofdagilarning talabini bajarishga yoki shaxsiy harakat qilishga intilgandagina yuzaga kelishi mumkin. N.S.Leytes mulohazalariga ko‘ra inson yoshi ulg‘aygan sari aqliy rivojlanish darajasi birmuncha ko‘tariladi, o‘quvchanlik xususiyati esa birmuncha pasayadi. Kichik maktab yoshidagi bolalarning o‘quvchanligi, albatta, o‘smir va o‘spirinlarga nisbatan yuqori, lekin o‘smir va o‘spirinlarning aqliy rivojlanganligi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga nisbatan yuqoridir. Bu xolat kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning еtakchi faoliyati – o‘qish bo‘lishi bilan, lekin bilish jarayonlari hali hamma tomonlama rivojlanib bo‘lmaganligi bilan bog‘liq hisoblanadi. Kichik maktab davridagi bolalarning aqliy rivojlanishi ijtimoiy omillar bilan belgilanadi. Individ ijtimoiy munosabatlar ta’sirida o‘zgaradi. Bolaning maktabda muntazam ravishda o‘qishga o‘tishi uning barcha bilish jarayonlarini rivojlanishiga va o‘z-o‘zidan atrof-hayotdagi narsa-hodisalarga nisbatan fikrini, munosabatlarini o‘zgarishiga olib keladi. Kichik maktab davrida shaxslararo munosabat Birinchi bor maktabga kelgan bola o‘z atrofdagilari bilan psixologik jihatdan yangi munosabat tizimiga o‘tadi. U hayotining tubdan o‘zgarganini, unga yangi majburiyatlar, nafaqat, har kuni maktabga borish, balki o‘quv faoliyati talablariga bo‘ysunish ham yuklatilganligini his eta boshlaydi. Bola insoniy munosabatlar tizimida ham alohida o‘rin egallayotganini bila boshlaydi. Ota-onasi, yaqinlari, atrofdagilari unga yosh boladek emas, balki o‘z vazifalari, majburiyatlari bor bo‘lgan, o‘z faoliyat natijasiga ko‘ra hurmatga sazovor bo‘lishi mumkin bo‘lgan alohida shaxs sifatida munosabatda bo‘ladilar. Oila a’zolarining bola o‘quv faoliyati, yutuqlari bilan qiziqayotganligi, shuningdek, uni nazorat qilayotganligi, unga qilinayotgan yangi muomala, munosabat uning ijtimoiy mavqei o‘zgarganligini to‘la his etishiga, o‘ziga nisbatan munosabatining o‘zgarishiga asos bo‘ladi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarning muhim xususiyatlaridan biri ulardagi o‘qituvchiga ishonch hissi bo‘lib, bunda o‘qituvchining o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati juda kattadir. Bola o‘qituvchini aql soxibi, ziyrak, sezgir, mehribon inson deb biladi. O‘qituvchining obro‘si oldida ota-onalar, oilaning boshqa a’zolari, qarindosh urug‘larining nufuzi keskin kamayadi. Shu sababli, bolalar o‘qituvchining har bir so‘zini qonun sifatida qabul qiladilar. Demak, kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar rivojida еtakchi bo‘lgan o‘quv faoliyati o‘qituvchi shaxsi va o‘quvchi bilan munosabat uslubining ahamiyati juda kattadir. O‘qituvchining munosabat uslubi o‘quvchining faolligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchi faolligining asosan uch xil ko‘rinishi mavjud bo‘lib, bular: jismoniy, psixik va ijtimoiy faollikdir. O‘qituvchining dars jarayonida har bir o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatishi uchun qulay imkoniyati bor. . Birinchi bor maktabga kelgan bola hali o‘zini to‘liq anglashi va o‘z xatti-harakatlarini aniq bilishi qiyin. Faqat o‘qituvchigina bolaga me’yorlar qo‘yishi, ularning xatti-harakatlarini baholashi, o‘z xatti-harakatlarini boshqalar bilan moslashtirishga sharoit yaratishi mumkin. Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilar o‘qituvchi tomonidan qo‘yiladigan yangi shartlarni qabul qiladilar va ularning qoidalariga to‘la amal qilishga harakat qiladilar. Bola uchun o‘qituvchi uning psixologik holatini belgilab beruvchi asosiy figura hisoblanib, bu holat uning nafaqat sinfdagi, balki, umuman tengdoshlari bilan bo‘ladigan munosabatiga, bu munosabat esa o‘z-o‘zidan oilasidagi munosabatlariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu munosabatlar uning o‘quv faoliyati muvaffaqiyatini ham belgilab beradi. O‘qituvchining o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatishi va munosabatining quyidagi uslublari mavjud. Avtoritar uslub: bu qattiqqo‘llik asosidagi shaxslararo munosabat uslubi bo‘lib, bunda o‘qituvchi o‘quvchilarini so‘zsiz o‘ziga bo‘ysunishlarini talab etadi. Lekin, nima uchun qatiqqo‘lliq qilayotganini yoki o‘quvchilariga nima uchun o‘zlarini shunday tutishlari lozimligini tushuntirib bermaydi, shuningdek, o‘quvchilarni o‘z xatti-harakatlarini mustaqil boshqarishlariga ham o‘rgatmaydi, o‘qituvchi dars davomida o‘quvchilaridan jim o‘tirishini, savollarga doimo qo‘l ko‘tarib, o‘qituvchining ruxsati bilan javob berishini, o‘qituvchining ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishini talab etadi. Bunday pedagoglar o‘quvchilarning qiziqishlari asosida emas, balki asosan o‘quv rejasi asosida dars o‘tadilar. Dars davomida ham bahs-munozara uchun deyarli imkoniyat yaratilmagan holda asosan o‘qituvchining fikri singdiriladi. O‘quvchilari bilan muomala munosabatda ham ularning individual psixologik xususiyatlari, jumladan, nerv tizimining qo‘zg‘aluvchanlik darajasini ham e’tiborga olmaydilar. Bu uslub o‘qituvchini sinfdan, o‘quvchidan uzoqlashtiradi. Emotsional sovuqlik o‘quvchilar da yakkalanish, havotirlik, himoya qilinmaganlik hissini yuzaga keltiradi. Bu uslub o‘quvchilarda yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichini berishi mumkin, lekin bu o‘zlashtirish, asosan mexanik xotira sababli bo‘lib, mustaqil tafakkur, ijodkorlik, hozirjavoblik kabi xususiyatlarni rivojlanishdan ortda qolishiga sabab bo‘ladi., O‘quvchidagi doimiy havotirlik unda o‘ziga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Avtoritar uslubdagi o‘qituvchining o‘quvchilari o‘qituvchi sinfda bo‘lmagan vaqtlarda o‘z-o‘zini boshqarish malakasi bo‘lmaganligi uchun ham intizomga mutlaqo bo‘ysunmaydilar. Bu, asosan bolalarning ko‘pincha to‘polon qilishlarida namoyon bo‘ladi. Bu uslub o‘qituvchining mustahkam irodasini ko‘rsatadi, lekin bu iroda natijasida o‘quvchida undan qo‘rqish hissi yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Demokratik uslub o‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasida do‘stona munosabat o‘rnatilishiga asos bo‘ladi. Darsdagi intizom majburiy emas, balki muvafaqqiyatga erishish garovi sifatida bolalar ijobiy emotsiyani, o‘ziga ishonch, o‘z muvafaqqiyati, yutuqlaridan quvonishi, do‘stlari bilan faoliyatda hamkorlik hissini beradi. Demokratik uslub bolalarni birlashtiradi. Shu bilan birga o‘zining faoliyati natijalariga qiziqishini uyg‘otgan holda, o‘zi uchun o‘zi harakat qilishi lozimligini anglatadi, o‘zini-o‘zi boshqarishga, o‘z xatti-harakatini o‘zi nazorat qilishga o‘rgatadi. Har bir ishga mas’uliyat bilan yondoshish hissi o‘qituvchining shu yoshdagi bolalar bilan demokratik muomala munosabati asosidagina shakllanadi. Demokratik munosabatda o‘qituvchi o‘quvchilari bilan tenglik prinsipi asosida munosabatda bo‘lishga harakat qiladi.Bu o‘qituchining dars jarayonida o‘quvchilarning qiziqish va istaklarini hisobga olishida, mavzuni tushuntirshda o‘quvchilarning ham fikrlarini e’tiborga olishida, baholash jarayonida o‘quvchilarning o‘z-o‘zini baholashi uslubidan ham ko‘p foydalanishida, vaziyatga ko‘ra qattiqqo‘llik va yumshoqlik qilishida namoyon bo‘ladi. Liberal uslub kasbiy layoqati yo‘q bo‘lgan o‘qituvchilarga xos bo‘lgan uslubir. O‘qituvchi o‘z munosabat uslubini juda tez o‘zgartirib turadi.O‘qituvchida qat’iy fikr, pozitsiya va talab bo‘lmaydi. Dars asosan o‘quvchilarning xohishlariga ko‘ra tashkil etiladi. Bu esa bola shaxsi va dars jarayonidagi faoliyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bola o‘z majburiyatlarini yaxshi his qilmaydi. Muomala munosabatdagi liberal uslub psixologiya va pedagogaka fanlariga mutlaqo zid uslub hisoblanib, bolalar shaxsini shakllantirish va tarbiyalash jarayonida bu usulni qo‘llab bo‘lmaydi. Shunday kilib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan muomala-munosabatdagi imperativ uslub, asosan, ma’lum bir chegaralarga asoslangan holda bola shaxsi rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Demokratik uslub o‘qituvchidan muomala-munosabatda juda katta kasbiy mahoratni talab etgan holda, bola shaxsining ijobiy tomonlarini rivojlantiruvchi yagona uslub hisoblanadi. Liberal uslub esa o‘quvchini emotsional zo‘riqtirmaydi, lekin uning shaxsi rivojiga ham samarali ta’sir ko‘rsatmaydi Download 370.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling