Samarqand Arab xalifaligi hukmronligi davrida IX – XIV asrning birinchi yarmidagi siyosiy jarayonlar. Samarqand shahrining tuzilmalari


Ta’lim, ilm-fan, adabiyot va diniy vaziyat


Download 84.29 Kb.
bet8/9
Sana17.06.2023
Hajmi84.29 Kb.
#1535756
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
2-ma`ruza777

Ta’lim, ilm-fan, adabiyot va diniy vaziyat. X asrda Samarqandda 17 madrasa faoliyat ko‘rsatgan. Samarqand shahridagi ilk madrasa 1066 yilda Qoraxoniylar sulolasining vakili Ibrohim Tamg‘ach Bug‘roxon tomonidan barpo ettirilgan edi. U qator binolardan: masjid, darsxona, Qur’on o‘rgatiladigan bino (maktab), odob o‘rgatiladigan bino (majlis), Qur’on o‘qiladigan yirik bino (majlisi mukra), hujralar, hovli va bog‘dan iborat bo‘lgan. Darsxona madrasaning burchagidagi gumbazli binoda joylashgan. Madrasaning sharq, ehtimol janub tomondan kirish eshiklari bo‘lgan. Mazkur madrasaning konstruksiyasi Movarounnahr va Eronda XV-XVII asrlarda ham rivojlanib bordi.
Oylik maoshlardan eng yirigi – 300 dirham Abu Hanifa mazhabiga mansub faqih – qonunshunosga to‘langan. Shuningdek, madrasa talabalariga to‘lash oylik stipendiyalar uchun ham pul ajratilgan. Stipendiyalar miqdori talabalarning darslarga qatnashishi va fanlarni o‘zlashtirishiga qarab belgilangan. Madrasada o‘qiydiganlarning umumiy soni 60-70 kishini tashkil etgan. Shunisi e’tiborliki, vaqf hujjatida «agar qachondir madrasa yaroqsiz holga kelib qolsa va uni qayta tiklash imkoniyati bo‘lmasa, mazkur vaqflar kambag‘al musulmonlarga bir umrga taqdim etiladi», deb ta’kidlangan.
Abu Mansur al-Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Abdulloh Rudakiy, Abu Lays Samarqandiy kabi olimlar va shoirlar Samarqand madrasalarining bitiruvchilari edilar. Bu yerda ilohiyotchilar sulolasi paydo bo‘ladi. Masalan, Abu Mansur al-Moturidiy, uning o‘g‘li va nabirasi Samarqandning mashhur qozilari va imomlari bo‘lishgan.
XII-XIII asrlarda Xorazmshohlar davlatida madrasalarning mudarrislari va imomlar sulton va uning noiblarining maxsus farmoyishi bilan tayinlangan. Yangi madrasalarning qurilishi esa ko‘zga ko‘ringan diniy arboblarga topshirilgan.
Yevropa Uyg‘onish davri bilan solishtirgan tadqiqotchilar «musulmon renesansi» yoki Uyg‘onishi konsepsiyasini ilgari surganlar. Bu atama orqali quyidagi aniq omillar bayon qilingan: aniq fanlarga bo‘lgan intilish, o‘tmish davrlar va xalqlardan qolgan diniy-madaniy merosdan foydalanish, tabiiy fanlarning rivojlanishi, insonparvarlik g‘oyalarining yoyilishi, dunyoni ilmiy anglash rolining o‘sishi, shahar madaniyatining o‘sishi. Ayrim tadqiqotchilar Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrini X-XII va XIV-XV asrlarga bo‘lishni taklif qilishgan.
IX-X asrlar Samarqand tarixi butun O‘rta Osiyo tarixi kabi adabiyot, fan va san’atning yuqori darajada taraqqiy etganligi bilan ahamiyatlidir. Arablar bosqini natijasida sug‘diy til fors tili tomonidan siqib chiqarildi va bu til Somoniylar davrida hukmron tilga aylandi. Shunga qaramasdan, mintaqaning turkiy aholisi o‘z tilini saqlab qoldi. Bu asrlarda Movarounnahr aholisi dunyoga yirik shoirlar va olimlarni berdi va ulardan ko‘pchiligining nomi bevosita Samarqand bilan bog‘liq. X asrda yashagan mualliflardan biri «Samarqand Movarounnahrdagi eng noziktab’ kishilar markazlashgan joy va ularning eng yaxshilari Samarqandda tarbiya topishgan» deb yozgan edi.
IX asrda yashagan Abu Hafs sug‘diy samarqandlik mashhur shoir va musiqachi edi. U tomonidan shaxrud deb nomlangan musiqa asbobi kashf etilgan. Bu davr Movarounnahr madaniy hayotida boshqa olimlar va shoirlar qatorida taniqli fors-tojik shoiri Abu Abdulloh Jafar ibn Muhammad Rudakiy (860-941 yy.) alohida rol o‘ynagan. U Samarqanddan uzoq bo‘lmagan Panjrudak qishlog‘ida tug‘ilgan. Keyinroq u Samarqandda yashagan va o‘qigan, Buxoroda, Nars ibn Ahmad (914-943 yy.) homiyligida esa «shoirlar sultoni» sifatida nom qozongan edi.
«Shoirlar shahzodasi» sifatida nom qozongan Shahobiddin Amak Buxoriy (1048/1049-1147-49 yy.) ham Samarqandda yashagan. U tomonidan «Yusuf va Zulayho» dostoni yozilgan edi. XII asrda Samarqandda bir qancha shoirlar yashagan, masalan, saljuqiy Sulton Sanjar (1118-1157 yy.) saroyida xizmat qilgan shoira Mohesta nomi ma’lum.
Abbosiylar xalifaligi davrida davlatda tabiiy fanlarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash siyosati amalga oshirildi. Bu davrda Bag‘dod musulmon dunyosining yirik ilmiy va madaniy markaziga aylandi. Fan Movarounnahrda ham taraqqiy etgan. Ayniqsa, bu davrda astronomiya yuqori darajada rivojlandi. 865-866 yillarda astronom-olim Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf as-Samarqandiy Samarqandda astronomik kuzatishlarni olib borgan. 871 yildan Sulaymon ibn Ismat as-Samarqandiy to‘rt metrlik kvadrant yordamida Balxda quyoshni kuzatish ishlarini olib borgan edi. 984-985 yillarda O‘rta Osiyolik olim Hamid ibn al-Xizr al-Xo‘jandiy tomonidan yasalgan astrolyabiya hozirgi kunda Doxa (Qatar)dagi Islom san’ati muzeyida saqlanmoqda. Manbalarda samarqandlik boshqa astronom Abul Fath Said ibn Hafif Samarqandiy (912-1000 yy.) ham tilga olinadi. Samarqandlik olimlar hadisshunoslik ilmining rivojiga ham o‘z hissalarini qo‘shganlar. Masalan, Abu Muhammad Samarqandiy Doramiy (797/798-868/869 yy.) nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Muhammad ibn Abdulla ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom Muhammad ibn al-Buxoriy musulmon dunyosida eng yaxshi o‘ntalikka kirgan. U o‘z hadislar to‘plamini tuzgan edi. XI asrda yashagan Abul Hasan Ali ibn Ahmad ibn Muhammad ibn al-Hasan al-Astrobodiy ham yirik hadisshunoslardan biri bo‘lgan.
Musulmon dunyosining eng yetakchi ilohiyotchilaridan biri Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810-870 yy.) Buxoroda tug‘ilgan. Buyuk xizmatlari uchun unga imom al-muhaddisiyn (hadisshunoslik imomi) nomini berishgan. U tomonidan tuzilgan hadislar to‘plami musulmon dunyosidagi eng yaxshi o‘ntalikning birinchisi deb tan olingan. Yirik hadisshunos sifatida nom qozongan Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy Buxoroga qaytgan vaqtda 6 km uzunlikda qator tortgan buxoroliklar uning ustiga dinorlar va dirhamlar sochishgan edi. 870 yil atrofida u ona shahri Buxoroni tark etib, Samarqandga yo‘l olishga majbur bo‘ladi. Tez orada Imom Buxoriy Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘iga yetib keladi va shu yerda vafot etadi.
IX-X asrlarda yirik musulmon shaharlarida huquqshunoslar maktabi shakllanadi. Bu davrda Samarqandda shakllangan huquqshunoslar maktabi islom dunyosidagi eng mashhurlaridan biri edi. Unda samarqandlik yetakchi huquqshunoslar faoliyat olib borishgan. Ularning orasidan, Abul Muhammad Mahmud ibn Ahmad al-Faraj as-Samarqandiy (823/824-684/865 yy.), Abu Bakr Muhammad ibn al-Yaman as-Samarqandiy (881 yilda vafot etgan), Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy (945 yilda vafot etgan), Abul Hasan Ali ibn Said ar-Rustug‘foniy (X asr), Abul Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad Ibrohim as-Samarqandiy (983/984 yy.)larning nomlarini sanab o‘tish mumkin. Al-Moturidiy zamondoshlari tomonidan «imom al-xudo» deb ham nomlangan. U Samarqandda shayx ul-islom lavozimi egallagan. Keyingi davrlarda uning asarlari Indoneziyadan Marokashgacha bo‘lgan hududda katta shuhrat qozongan. Ular hatto Misrdagi turkiy tilning qipchoq shevasiga va usmonli-turk tillariga tarjima qilingan. Uning eng mashhur asari musulmon ahloq qoidalari va didaktika masalalariga bag‘ishlangan «Bo‘ston al-orifin» («Donishmandlar bog‘i») hisoblanadi. Balxlik mashhur ilohiyotchi Muhammad ibn Fazl (931 yilda vafot etgan) Samarqandda faoliyat olib borgan. U Abu Mansur al-Moturidiy va Abul Qosim Ishoq ibn Muhammad Samarqandiylarning ustozi hisoblangan.
XII asrda yashab ijod qilgan mashhur huquqshunoslar sifatida Bahouddin Samarqandiy (1140 yilda vafot etgan) va Nosir ad-din Abul Qosim Muhammad ibn Yusuf as-Samarqandiy (1161 yilda vafot etgan)larni ko‘rsatish mumkin. Nosiraddin as-Samarqandiy qalamiga mansub «Multaqati Nosiriy» asari XIII asr boshlarida ham Samarqand madrasalaridagi asosiy o‘quv qo‘llanmalaridan biri bo‘lgan. Samarqandliklar orasida Balxlik huquqshunos Abu Bakr Varraq (903 yilda vafot etgan) ham shuhrat qozongan edi. U Abul Qosim Ishoq ibn Ismoil al-Hakim Samarqandiy (953 yilda vafot etgan)ning yaqin do‘sti bo‘lgan. Abul Qosim as-Samarqandiy huquqshunos va ilohiyotchi sifatida mashur bo‘lgan. U Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. U hanafiylik yo‘nalishidagi mashhur huquqshunos va ma’lum Samarqandda yashab, ta’lim olgan Abu Bakr Kalabadiy Buxoriyning (X asr) ustozi bo‘lgan. Hadis ilmi bo‘yicha unga Abul Nasr Rashodiy (950-951 yilda vafot etgan) ustozlik qilgan edi. Xanafiylik yo‘nalishidagi yirik huquqshunos, Qur’oni Karimga bag‘ishlangan 110 jildlik sharhlarning muallifi Abdul Karim ibn Muso al-Bazdaviy (1010-1090 yy.) ham Samarqandda yashab ijod qilgan qilgan edi.
Mashhur huquqshunos Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy (1144/1145 yilda vafot etgan) Samarqandda tug‘ilgan edi. Uning fiqh (musulmon huquqi) bo‘yicha yozilgan asarlarining katta qismi saqlanib qolgan va hozirgi kunda ham ko‘plab musulmon davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlarida o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilmoqda. Uning shogirdi va qizi Fotima Movarounnahr tarixidagi birinchi ayol-huquqshunos hisoblanadi.
Butun musulmon dunyosida mashhur bo‘lgan olim-ilohiyotchi, buyuk fiqhshunos, ko‘proq Burhoniddin al-Marg‘inoniy (1123-1197 yy.) nomi bilan ma’lum bo‘lgan Ali ibn abu Bakr ibn Abu Jalil al-Farg‘oniy ar-Rishtoniy ham Samarqandda yashab ijod qilgan edi. 1178 yilda u Samarqandda o‘zining mashhur «Hidoya» asarini yozib tugatadi. Bu asar keyingi asrlarda musulmon huquqiy ta’limining konstitutsiyaviy negiziga aylandi. Burhoniddin al-Marg‘inoniyning avlodlari keyingi bir necha asrlar davomida Samarqandda yashadilar, islom tafakkurining rivojiga katta hissa qo‘shdilar va muhim lavozimlarni egalladilar. Ulardan biri Abulfath Zayniddin Abdurahim ibn Imomiddin al-Farg‘oniy 1253 yilda Samarqandda sud tizimi bo‘yicha asar yozgan edi.
XII asrning yetakchi shifokorlaridan Badriddin Muhammad Samarqandiy «Kitob al-akrabazin»ning muallifi hisoblanadi. Manbalarda qayd etilishicha, samarqandlik ko‘z shifokori Zayn Qahhol Chingizxonni oftalmiyadan davolagan.
Samarqandning fan va madaniyatning yirik markazlaridan biri sifatidagi shuhrati musulmon dunyosining turli mamlakatlaridan yetakchi olimlar, shoirlar va ziyolilarning jalb etgan. Samarqand tarixining sahifalarida buyuk shoir va olim Umar Hayyomning (1048-1131 yy.) nomi ham saqlanib qolgan. XI asrning 70 yillarida Umar Hayyom shaharning bosh qozisi Abu Tohir Abdul Rahmonning taklifi bilan Samarqandga keladi va qoraxoniylar sulolasining vakili Shams ul-Mulkka tanishtirilgan edi. Umar Hayyom aynan Samarqandda o‘zining algebra bo‘yicha eng ahamiyatli asarlaridan birini yaratgan.
Taxminlarga ko‘ra, Umar Hayyom Samarqandning hozirga qadar mavjud bo‘lgan G‘otfar mavzeyida istiqomat qilgan.
XII asr boshlarida Samarqandda zamondoshlari tomonidan Nizomiy Aruziy (Aruzshunos) deb atalgan Ahmad ibn Umar ibn Ali tug‘ilgan. U tomonidan «Nodirlar to‘plami yoki to‘rt suhbat» nomli asar yaratilgan edi. Nizomiy Aruziy Umar hayyomning zamondoshi va suhbatdoshi bo‘lgan va uni o‘zining ustozi deb hisoblagan.
Samarqandning ilk tarixi Samarqandda yashagan va 1015 yilda shu yerda vafot etgan Abu Sa’d Abdul Rahmon ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulloh al-Idrisiy al-Astrobodiy tomonidan yozilgan edi. Afsuski, uning asari bizgacha yetib kelmagan. Uning asosida mashhur olim Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy (1068/1070-1142 yy.) ning kitobi yozilgan bo‘lib, bu asar qo‘shimcha ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan. An-Nasafiy Nasafda tug‘ilgan bo‘lsa-da, umrining ko‘p qismini Samarqandda o‘tkazgan va vafot etgach, Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Olim o‘zining «Al-qand fiy zikri ulamoyi Samarqand» asarida mazkur shaharda tug‘ilgan, yashagan yoki qaysidir jihatdan hayoti shu Samarqand bilan bog‘liq bo‘lgan 1010 nafar olimning tarjimai holini keltirib o‘tgan edi. Shuningdek, asarda Samarqanddagi ko‘plab mavzelar, ko‘chalar, maydonlar va mozorlarning nomlari sanab o‘tilgan.
Qoraxoniylar sulolasining vakili Ibrohim ibn Husayn (1178-1202 yy.)ning saroyida Movarounnahrning ilmiy va adabiy markazlaridan biri shakllangan edi. Masalan, bu davr ilmiy elitasining vakili – tarixchi Majididdin Muhammad ibn Adnan as-Surxakatiy tomonidan Samarqandda Qoraxoniylar sulolasining tarixi bayon etilgan «Turkiston tarixi» asari yozilgan edi. Mazkur asar Samarqand hukmdori Qilich Tamg‘achxon Ibrohim ibn Husaynga bag‘ishlangan. Afsuski, mazkur asarning qo‘lyozmasi bugungi kunga qadar saqlanmagan. Mashhur tarixchi, shoir va yozuvchi Muhammad Avfiy (1172/1177-1233 yy.) ham ma’lum vaqt Samarqandda istiqomat qilgan edi.
XIII asr boshlarida samarqandlik mashhur ilohiyotchi va fiqhshunos, «Al-Irshod» va «An-Nafais» asarlarining muallifi Rukniddin al-Amidiy (1218 yilda vafot etgan) nomi Ibn Xallikonning to‘rt jildlik biografik lug‘atida tilga olingan.
XIII asrning yirik matematigi Shamsiddin (1291 yilda vafot etgan), geometriya va falsafa bo‘yicha asarlar yozgan. Uning mantiq bo‘yicha asari «Risola fi odob al-bahs» boshqa musulmon mamlakatlari, masalan, Eron, Usmoniylar davlatida mashhur bo‘lgan. Keyinroq, mashhur astronom Qozizoda Rumiy uning geometriya bo‘yicha asariga sharhlar yozgan edi.
XIII asrning mashhur shifokori Najibiddin Samarqandiy (1222 yilda Hirotda halok bo‘lgan) asari hisoblanmish «Al-asbob va al-alomat» musulmon Sharqida katta shuhrat qozongan edi. 1424 yilda Mirzo Ulug‘bekning topshirig‘i bilan bu asarga sharh yozilgan.
Mo‘g‘ullar bosqini ko‘plab olimlar va shoirlarning halok bo‘lishiga, Samarqand kutubxonalarining yakson etilishiga olib keldi. Olim va ulamolarning ko‘pchiligi o‘z jonlarini saqlash uchun Vatanini tark etishga majbur bo‘lishgan. Ularning orasida Muhammad Avfiy va ehtimol, Mosulda tug‘ilgan mashhur matematik, faylasuf va astronom Abxariy Samarqandiyning ota-onalari ham bo‘lgan.
XII asrdan she’riyatning ayrim yo‘nalishlari rivojiga tasavvuf tariqatlari g‘oyaviy jihatdan katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu davrda Samarqandda fors-tojik she’riyati keng taraqqiy etgan. Samarqandda Qoraxoniy Tamg‘ach Ma’sud uchun 1160 yilda Muhammad ibn Ali ibn Muhammad ibn Hasan Zohiriy Samarqandiy tomonidan fors-tojik badiiy prozasining yodgorligi hisoblangan «Sindbadnoma»ning yangi nashri tayyorlangan edi.
Mo‘g‘ullar bosqini shaharning vayron etilishi, uning sug‘orish tizimining yo‘q qilinishidan tashqari, mintaqadagi siyosiy beqarorlik va o‘zaro urushlar shaharning keyingi taraqqiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Buyuk Ipak yo‘lining Samarqand orqali o‘tgan asosiy tarmog‘i XIII asr o‘rtalaridan boshlab shimolga ko‘chdi va buning natijasida shahar asosiy daromad manbaidan mahrum bo‘ldi.
Samarqandning qadimiy sug‘orish tizimi mo‘g‘ullar tomonidan buzib tashlanishi natijasida Afrosiyob hududidagi shahar qayta tiklanmagan. Natijada Samarqandning markazi esa janubga siljiy boshladi.
Hozirgi Registon majmuasidan janub tomonda yangi jome’ masjidi barpo etilgan. Uning yonida jamoat maydoni tashkil etilib, keyinroq Registon nomini oldi. Samarqandning katta bozori ham shu yaqin atrofda bo‘lgan. Biroq eski istehkom mo‘g‘ullar tomonidan buzib tashlanganligi sababli shahar istehkomsiz qolgan edi.
Ulkan qurbonlar va yo‘qotishlarga qaramasdan, samarqandliklar o‘zlarining eng yaxshi fazilatlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganlar. XIV asr birinchi muallifi Ibn Batuta Samarqand va samarqandliklar to‘g‘risida quyidagilarni yozib qoldirgan edi: «Daryoning bo‘yicha Samarqand aholisining yuksak ustakorligini namoyish etuvchi hashamatli saroylar va binolar qad rostlagan. Biroq bu binolar va shaharning katta qismi xarobaga aylanib qolgan. Bu yerda devorlar ham, darvozalar ham yo‘q. Shaharning ichida faqat bog‘lar saqlanib qolgan. Samarqand aholisi bag‘rikeng va kelgindilarga nisbatan do‘stona munosabatda».

Download 84.29 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling