Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari


Download 1.06 Mb.
bet43/195
Sana20.09.2023
Hajmi1.06 Mb.
#1683127
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   195
Qadr-qimmat. Qadr-qimmat tushunchasi ‒ inson o‘z qadrini, bu dunyoda uning hayoti oliy qadriyat ekanligi, o‘z shaxsi oldida o‘zi ma’sul ekanligini anglash uchun xizmat qiladigan hissiyot. U nomus, g‘urur tushunchalari bilan bog‘liq, bir tomondan, insonning o‘z qadrini har qanday holatda ham yerga urmasligini taqozo etadi. Masalan, iste’dodli, vijdonli, ijtimoiy ish xodimi biror bir ishini hal qilishi uchun nokas boyvachchaga yoki to‘pori rahbarga yalinsa, garchand o‘z maqsadiga yetsa ham, bu o‘zi tomonidan o‘z qadrini yerga urishdir. Pirovard natijada o‘zini kamsitilgan his qiladi, bundan afsus bilan yashaydi.
Qadr-qimmatning yana bir jihati – insonning boshqalar yoki jamiyat tomo-nidan kamsitilishi bilan bog‘liq. Bunda kishining hayotida egallagan haqiqiy o‘rnini atayin tan olmaslik, boshqa birov, guruh yoki jamiyat tomonidan ko‘ra-bila turib, uni chetga surib qo‘yish va shu orqali uni iztirobga solishi kabi usullarni qo‘llashdir. Bunday usullar ma’naviy saviyasi past odamlar orqali, qonunlari ishlamaydigan totalitar va avtoritar boshqaruv hukumronlik qilgan jamiyatda ro‘y beradi. Bunga misol tarzida Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi buyuk siymolarning qamashga, otishga hukm etilishini yoki iste’dodli ziyolilarga atayin unvonlar bermaslik, iloji boricha ularning nomini xalqqa yetkazmaslikka harakat qilish hollarini keltirishimiz mumkin. Faqat bugina emas, Sho‘rolar tuzumida “sovet xalqi” deb atalgan million-lab fuqarolarning qadr-qimmati oyoqosti qilindi: ular ochlikka, surgunlarga, konsentratsion lagerlar azoblariga mahkum etildilar, qiynoqlarga solindilar. Bularning hammasi faqat iqtisodiy qiyinchiliklar oqibati emasi, balki mustabid tuzum tomonidan inson g‘ururini oyoqosti qilib, uni qo‘rqoq, bo‘ysunuvchi jonzotga aylantirish uchun olib borilgan mash’um siyosat edi. Chunki g‘ururini yo‘qotgan kishida qadr-qimmat hissi o‘ladi, u haqiqat, adolat va insoniy huquqlar tantanasi uchun kurashdan o‘zini olib qochadi. Zotan, qadr-qimmat insoniy g‘ururning jamiyatdagi ijtimoiy-axloqiy munosabatlarda in’ikos etish shaklidir.
Lekin g‘urur me’yorida bo‘lishi kerak, ya’ni kishining asl qadr-qimmatiga mos kelishi lozim. G‘ururdagi me’yorning buzilishi kishini kibrga olib keladi: u o‘zining va boshqalarning qadr-qimmati to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lgani uchun kibrlanadi, manmanlikka beriladi. Kibrli kishi o‘zini zo‘r deb biladi. Bu shunchaki ro‘y bermaydi. Aslida u o‘z qadr-qimmatining boshqalarnikidan past ekanligi tufayli, uni sun’iy ko‘tarishga harakat qiladi, ma’naviy bo‘shliqni boshqalarga past nazar bilan qarash orqali to‘ldirishga intiladi, bu yo‘lda yolg‘on va maqtanchoqlikdan toymaydi. Pirovard natijada, u atrofdagilardan ajralib qoladi, o‘zgalarning nafratiga sazovor bo‘ladi, asl o‘zligini topolmagan axloqsiz kimsaga aylanadi. Shu bois doimo insonning “o‘z o‘rni”ni ‒ qadr-qimmatini real bilishi, o‘zgalargagina emas, birinchi navbatda, o‘ziga baho bera olishi muhimdir. Xullas, qadr-qimmat – insonning o‘zi, o‘zgalar va jamiyat tomonidan oliy qadriyat sifatida e’tirof etilishi, uning ma’naviy huquqlarining tan olinishidir.
Ideal. Bir qaraganda, idealda ham baholash xususiyati mavjuddek tuyuladi. Lekin aslida u qiyoslashga asoslanadi. Antiqa tomoni shundaki, idealda nomavjud, xayoldagi insonga voqelikdagi real, mavjud inson, hayotdagi hodisalar qiyoslanadi, ya’ni bor narsa yo‘q narsa bilan o‘lchanadi. Zero, ideal hayotda mavjud bo‘lishi mumkin emas ‒ bu hammaga ayon gap. Buning ustiga, ideal, yirik ma’noda, hozirgi zamonda ham, kelajakda ham bo‘lmaydi, uning mavjudlik sharti ‒ o‘tgan zamon. Shunday qilib, idealga intilish shaxsning o‘z zamonasidagi odatiy sharoitga sig‘maslik, uni tezroq kengaytirish uchun qilingan xatti-harakatidir. Bu xatti-harakat uchun namunani inson, hozirgina aytganimizdek, kelajakdan topolmaydi, chunki namuna tarixiylikni, tajribaviylikni talab etadi; axloqiy idealga aylangan shaxs tarixiy tajribadagina mavjud bo‘ladi va muayyan zamonga kelib, u ma’lum ma’noda mubolag‘aviy hamda afsonaviy ta’rif-tavsif bilan boyitiladi, ya’ni ideallashtiriladi. Bunga ideal odil podsho No‘shiravoni odil yoki ideal saxovat egasi, jo‘mard inson Hotami Toy Yamaniy siymolari yorqin misol bo‘la oladi.
Inson ideal sari intiladi, o‘z hayotini unga qiyoslaydi, unga taqlid qiladi. U inson hayotidagi eng oliy axloqiy talabki, uning bajarilishi shaxsni komillikka yetkazadi. Albatta, hayotda bunga to‘la erishib bo‘lmaydi, lekin inson ana shu komillikni o‘ziga namuna bilib, idealga intilib yashashi jarayonida nisbiy-hayotiy komillikni qo‘lga kiritadi.
Dunyoviy ideal bilan, to‘g‘rirog‘i, ijtimoiy-axloqiy ideal bilan diniy ideal, bir qaraganda, o‘xshashdek ko‘rinsa-da, aslida keskin farq qiladi. Chunonchi, musul-monlar uchun ‒ Muhammad alayhissalom, nasroniylar uchun ‒ hazrati Iso, yahudo dinidagilar uchun ‒ hazrati Muso ideal hisoblanadi. Ular ideal sifatida hech qachon o‘zgarmaydi, boqiy. Ijtimoiy-axloqiy ideallar esa o‘zgarishi mumkin va ko‘p hollarda o‘zgarib turadi. Masalan, sho‘rolar davrida o‘sha tuzum asoschisi Lenin ‒eng yuksak axloqiy ideal sifatida talqin etilardi va ko‘pchilik tomonidan shunday qabul qilinardi. Hozir esa “Kuch ‒ adolatda!” degan shiorni hayotining ma’nosi deb bilgan buyuk ajdodimiz Amir Temur ko‘pchilik tomonidan ijtimoiy-axloqiy ideal, adolatli davlat rahbarining namunaviy timsoli tarzida qabul qilinadi. Demak, muayyan tuzum talablaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy-axloqiy ideallar o‘zgarishi mumkin.
Biroq har bir tuzumning umri umumiy tarixiy jarayonda nisbatan qisqa vaqtni o‘z ichiga oladi. Yolg‘on, ko‘zbo‘yamachilik va zo‘ravonlikka asoslangan tuzum esa uzoq muddat yashay olmaydi. Chunki zimdan axloqiylikni inkor etgan siyo-satning bir kunmas bir kun albatta, asl basharasi ochiladi. Shu bois faoliyati niqob-langan axloqsizlikdan iborat bo‘lgan Lenin, Stalin, Gitler kabi ijtimoiy ideallarning umri uzoq bo‘lmadi-aldangan ko‘pchilik qisqa vaqt mobaynidagina ularni ideal deb bildi.
Bunday salbiy hodisalarga qaramay, ideal, umuman, jamiyatda, shaxs ha-yotida ijobiy hodisa. U insoniyat tarixida yorug‘ mayoq vazifasini o‘tab kelmoqda, bundan keyin ham uning asosiy vazifasi shunday bo‘lib qolajak. Chunki idealda har bir inson o‘z baxtining hissiyotli ifodasini ko‘radi, hayotining ma’nosini unga qarab intilishda deb biladi.

Download 1.06 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   195




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling