Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari


Temuriylar davri mutafakkirlarining axloqiy qarashlari


Download 1.06 Mb.
bet63/195
Sana20.09.2023
Hajmi1.06 Mb.
#1683127
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   195
Temuriylar davri mutafakkirlarining axloqiy qarashlari
O‘rta asrlarning to mo‘g‘ullar bosqiniga qadar bo‘lgan davrlarida biz yuqorida ko‘rib o‘tgan qomusiy allomalardan tashqari az-Zamaxshariy, al-Beruniy, Qobus ibn Vushmagir, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Jaloliddin Rumiy, Najmiddin Kubro, Shayx Sa’diy singari o‘nlab mutafakkirlar axloq ilmining nazariy yoki amaliy sohalarida faoliyat ko‘rsatdilar. Lekin mo‘g‘ullar bosqini musulmon Sharqida madaniy hayotni izdan chiqarib yubordi. Faqat sohibqiron Amir Temur davridagina ilm-fan va san’at taraqqiyoti yana o‘z yo‘liga tushdi.
Sohibqironning “Kuch – adolatda!” degan tamoyili shunchaki gap emasdi. Amir Temur amalda haqiqat va adolat tarafdori edi. Shu sababli, hatto, Temurni o‘zining shaxsiy dushmani deb bilgan tarixchi Ibn Arabshoh agar nohaqlik yuz bersa-yu, nohaqlik qilgan kishi Temurga ota yoki farzand maqomida bo‘lsa ham, u kishi juda qattiq jazoga mahkum etilardi, deb yozib qoldirgan181. Buyuk bobokalonimizning sa’y-harakatlari behuda ketmadi. Natijada Temuriylar davri ilm-fan va madaniyat taraqqiyotining oltin davri sifatida hanuzgacha jahonni hayratga solib kelmoqda. Bu davrda yuzlab qomusiy olimlar, buyuk shoirlar va san’atkorlar yetishib chiqdi. Ular orasida ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy (1441-1501) alohida ahamiyatga molik. Nafaqat uning asarlaridagi yuksak badiiyat, balki falsafiy-axloqiy qarashlar ham hanuzgacha o‘z ohorini yo‘qotgan emas.
Ma’lumki, Navoiy she’rlari va dostonlarida ilgari surilgan axloqiy tamoyillar hamda ijobiy qahramonlar qiyofalarida tajassum topgan adolat, sadoqat, burch, muhabbat, rahm-shafqat, mardlik, kamtarlik singari fazilatlar haqida ko‘p yozilgan. Ayni paytda, Navoiy so‘fiylikning naqshbandiya sulukiga mansub yirik shaxs-mutasavvif sifatida ham axloqshunoslik nazariyasi va amaliyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirdir.
Naqshbandiyada Abdulxoliq G‘ijduvoniy kiritgan ‒ yod kard (yod etmoq), bozgasht (ortga qaytmoq), nigohdosht (nigoh olmoq), yoddosht (yodda saqlamoq) va Bahouddin Naqshband qo‘shgan ‒ vuqufi zamoniy (zamondan voqiflik), vuqufi abadiy (abaddan voqiflik), vujudi qalbiy (qalbdan voqiflik) tamoyillari mavjud. Ularning dastlabki to‘rttasi ko‘proq sof zikrga taalluqli bo‘lsa, keyingi uchtasi, Hamadoniy qoidalari kabi ko‘proq falsafiy xususiyatga ega. Umuman olib qaralganda, mazkur o‘n bir tamoyilning hammasida ham u yoki bu darajada axloqiy talablar ustuvordir.
Xullas, naqshbandiya tariqatining ikki tomoni bor. Birinchisi axloqiy jihati: u zamindan, xalqdan, mehnatdan uzilib qolmaslikka, ma’rifatlilikka erishishga, jaholatga, zulmga qarshi kurashishga, biror-bir kasbning boshini tutishga, o‘zgalarga axloqiy namuna bo‘lib yashashga chaqiradi. Ikkinchisi ilohiy jihati: u axloqiy qismiga hamohang ‒ poklikka, Vatanni bilishga, vatanparvarlikka da’vat etadi.
Shuningdek, bu tariqat ziyolilarga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Uning “Agar mamlakat xarob bo‘lsa, shohdan xafa bo‘lma, haqiqat ahli nazdida bu darveshlarning-ziyolilarning, ilm ahlining gunohidir”, “Hech kimdan xafa bo‘lma va hech kimni xafa qilma”, “O‘lik sherdan tirik mushuk afzal” singari hikmatlari ham hech qachon o‘z kuchini yo‘qotmaydi182.
Ma’lumki, diling Xudo bilan, qo‘ling ish bilan band bo‘lsin, degan shior naqshbandiya tariqatining asosiy tamoyilidir. Navoiy butun umr, avvalo, shaxsan o‘zi ana shu tamoyilga amal qildi, qolaversa, deyarli hamma asarida insonni zamindan oyog‘i uzilmagan qahramon tarzida talqin etdi. Navoiy o‘z asarlarida inson qadr-qimmatini birinchi o‘ringa qo‘yadi, nomus, oriyat va insoniy g‘urur tushunchalarining o‘ziga xos talqinini beradi.
Buyuk mutafakkirning “Mahbub ul-qulub” asari, ayniqsa, temuriylar davri axloqshunosligi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi. Uch qismdan iborat bu asarda nafaqat tasavvuf axloqshunosligi va axloqining, balki butun musulmon Sharqi axloq ilmining nazariy muammolari ko‘tariladi.
Navoiy Suqrot izidan borib, qonunni adolat bilan aynanlashtiradi: “Zindon ahli ‒ do‘zax ahli”, ‒ deydi mutafakkir.183 Ayni paytda, halol mehnat bilan kun kechiruvchi dehqonga ulkan saxovat egasi, qurt-qumursqadan tortib, gado-yu musofirga yemak berguvchi, novvoyu allofni ish bilan ta’minlovchi, darveshlar kachkuli-yu, mamlakat xazinasini to‘ldiruvchi, barchaga rizq ulashuvchi olijanob jannatiy inson, axloqiy namuna sifatida qaraydi: “Dehqonki dona sochar, yerni yormoq bila rizq yo‘lin ochar”, ‒ deydi shoir va uning qo‘sh haydayotgan paytini Odam Atoning holatiga o‘xshatadi.184
“Mahbub ul-qulub” da komil inson masalasi ham o‘ziga xos tarzda o‘rtaga tashlanadi. Navoiy naqshbandiya sulukining axloqiy talablaridan kelib chiqib, o‘z zamonasi bilan hamnafas bo‘la oladigan va doimo komillikka intilib yashaydigan insonni axloqiy namuna deb biladi.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, Navoiy asarlaridagi axloqqa doir fikrlar xoh amaliy axloqqa, xoh axloq nazariyasiga taalluqli bo‘lsin, ular ulkan bir davr axloqiy qarashlarining kvintessensiyasi sifatida doimo tadqiq va tatbiqqa loyiqdir.
Alisher Navoiyning ustozi, naqshbandiya tariqati piri murshidi buyuk tojik shoiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) axloqiy qarashlari ham diqqatga sazovor. Uning “Bahoriston” pandnomasi va “Haft avrang” (Yetti taxt) turkumidagi dostonlarida o‘sha davr axloqiy muammolari bilan birga axloqshunoslikning qadimiy-an’anaviy masalalari ham o‘rtaga tashlanadi.

Download 1.06 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   195




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling