Sanoat iqtisodiyoti” fanidan O‘quv materiallari samarqand 2022 kirish
Sanoat korxonasi tuzilmasi va uni belgilovchi omillar
Download 0.85 Mb.
|
3.O\'quv materiallari
- Bu sahifa navigatsiya:
- texnologik, predmetli va aralash.
2.5.Sanoat korxonasi tuzilmasi va uni belgilovchi omillar
Ishlab chiqarish korxonalari − ishlab chiqarish bo‘linmalari, boshqaruv organlari va korxona xodimlariga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan iborat bo‘ladi. Korxona qanchalik yirik bo‘lsa, uning ishlab chiqarish tuzilmasi (tarkibi, tuzilishi) shunchalik murakkab bo‘ladi. Sanoat korxonalarining umumiy va ishlab chiqarish tuzilmalari mavjud. Ishlab chiqarish bo‘g‘inlari, korxona boshqaruvi hamda xodimlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, ularning miqdori, kattaligi va egallab turgan maydoni, xodimlarining soni va ishlab chiqarish imkoniyatlari korxonaning umumiy tuzilmasini ifodalaydi. Ishlab chiqarish tuzilmasiga asosiy, yordamchi va xizmat ko‘rsatish jarayonlari amalga oshiriluvchi sex va uchastkalar kiritiladi. Ishlab chiqarish tuzilmasi korxona umumiy tuzilmasining bir qismidir. U sex, uchastka va xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar shaklidagi ishlab chiqarish bo‘linmalaridan iborat bo‘ladi hamda ularning mahsulot ishlab chiqarish jarayonidagi o‘zaro munosabatlarini, mehnat bilan band bo‘lgan xodimlari soni, asbob-uskunalari qiymati, egallab turgan maydoni va hududiy joylashuvini aks ettiradi. Asosiy sexlarda va ishlab chiqarish uchastkalarida ishlab chiqarish jarayonining asosiy – xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni tayyor mahsulotga aylantirish bosqichi yoki mahsulot, yo uning bir qismini tayyorlashning bir qator bosqichlari amalga oshiriladi (muzlatkichlar sexi). Yordamchi sexlar asosiy ishlab chiqarishni asbob-uskunalar va energiya bilan ta’minlaydi hamda uskunalarni ta’mirlash (ta’mirlash, uskunalar, model sexlari va boshqalar) vazifalarini bajaradi. Xizmat ko‘rsatuvchi sex va xo‘jaliklar tarkibiga korxonaning infratuzilmasini (ombor va transport bo‘linmalari, uy-joy-kommunal xo‘jaligi, oshxona, sanatoriy va hokazo)tashkil qiluvchi bo‘linmalar kiradi. Sanoat korxonalari ishlab chiqarish tuzilmasining uch xil turi majud: texnologik, predmetli va aralash. Texnologik tuzilmali korxonalarda sexlar va ishlab chiqarish uchastkalari texnologik jihatdan bir xillik tamoyili asosida tashkil qilinadi (masalan, to‘qimachilik kombinatlarida yigiruv va to‘quv sexlari). Predmetli tuzilmaga asoslangan korxonalarda har bir sex ma’lum bir mahsulot yoki uning bir qismini ishlab chiqaradi (masalan, avtomobil zavodida motor sexi, shassi sexi va hokazo). Aralash (predmetli-texnologik) tuzilma tayyorlov sexlarini texnologik tamoyilda (temirchilik, cho‘yan quyish, po‘lat quyish va hokazo), ishlov berish va mahsulot chiqarish sexlarini esa predmetli tamoyil asosida tashkil etishni ko‘zda tutadi. Sanoat korxonasining tuzilmasi quyidagi omillar ta’siri ostida shakllanadi: texnika va texnologiyaning xususiyatlari; ishlab chiqarish hajmi; ishlab chiqarishni tashkil qilish shakllari (ixtisoslashtirish, kooperatsiya, kombinatsiya, koordinatsiya); ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning murakkabligi va nomenklaturasi; ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, mexanizatsiyalashtirish va robotlashtirish darajasi; mulk shakli; raqobat olib borish usullari hamda shakllari va hokazo. Amaliyotda ishlab chiqarish tuzilmasini mukammallashtirishning asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqilgan. Ular qatoriga korxona va sexlarni yiriklashtirish; alohida korxonalar integratsiyasi; korxona ichidagi barcha bo‘linmalar orasida mutanosiblikni ta’minlash; sexsiz struktura kabilarni kiritish mumkin. Korxonaning raqobatbardoshligini oshirish, ya’ni boshqaruv sifatini ko‘tarish va ishlab chiqarish faoliyatidagi yakuniy natijalarning yuqoriligiga erishish korxona tuzilmasini mukammallashtirish samaradorligini baholovchi mezon bo‘lib xizmat qiladi. Download 0.85 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling