3.So‘z turkumlarining tasnifi va ular to‘g‘risidagi nazariyalar. So‘z turkumlari nazariyasining ikkinchi prinsipi – so‘zlarni turkumlarga ajratish prinsipidir. Bu ham birinchi prinsipga asoslanadi. So‘z turkumlari dastlab ikki katta guruhga bo‘linadi: mustaqil so‘zlar va yordamchi so‘zlar.
Mustaqil so‘zlar ma’lum tushuncha ifoda qilib, biror predmet, belgi, harakat nomini ataydi, gapda biror gap bo‘lagi bo‘lib keladi. YOrdamchi so‘zlar tushuncha ifoda etmaydi, ular faqat grammatik ma’no ifoda qilib, gapda so‘zning o‘zaro munosabatini o‘rganishga xizmat qiladi. Bularning ba’zilari so‘zlarning analitik formasini hosil qiladi. (mas., uyga qadar, ukam uchun, aytib ko‘r).
Mustaqil so‘zlar ichida olmoshlar bir qancha xususiyati bilan farq qiladi. Ular narsa va predmetlarni bevosita atamay, bilvosita anglatadi. Ularni odatda faqat vazifasiga qarab turkumlaydi.
So‘zlarni turkumlarga ajratishda eng avvalo so‘z – nomlar ko‘zda tutiladi. Ot va fe’l asosiy so‘z turkumlaridir.
Ot semantik jihatdan predmetlik tushunchasini ifoda qiladi. Morfologik jihatdan egalik, kelishik, son kategoriyalariga, kichraytirish, erkalash, hurmat kabi formalarga ega. Sintaktik jihatdan gapda ega, kesim va ikkinchi darajali bo‘lak bo‘lib kela oladi. So‘z yasalishi jihatdan turli tip va modellarga ega. Fe’l semantik belgisiga ko‘ra ish-harakat va holatni ifoda qiladi. Morfologik jihatdan zamon, nisbat, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, shaxs-son kabi grammatik kategoriyalarga ega. Sintaktik jihatdan fe’l - kesim uchun eng mos turkum. So‘z yasalishiga ko‘ra turli so‘z yasalish tiplari va modellari mavjud.
So‘z-nomlarga sifat, son, ravishlar ham kiradi. Bular semantik, morfologik, sintaktik so‘z yasalish belgilariga ko‘ra o‘zaro farq qiladi.
YOrdamchi so‘zlarga ko‘makchi, predlog, bog‘lovchi, artikllar kiradi. Bulardan tashqari modal va taqlid so‘zlar ham ajratiladi.
Mustaqil so‘zlar: ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish; yordamchi so‘zlar: ko‘makchi, predlog, bog‘lovchi, artekl kabilar.
Turli tillarda so‘z turkumlarining mavjudligi ularning universal ekanligidan dalolat beradi.
So‘z turkumlari turli tillarda umumiylikdan tashqari, har bir tilda o‘ziga xos grammatik shakllarga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |