Serqirra iste’dod akbar Jumanov, o‘qituvchi,Yo‘ldosheva Sarvinoz, magistr
Download 37.63 Kb.
|
1 2
Bog'liqKonferensiya. Y.Sarvinoz
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so‘zlar
- “So‘zla, tarix-chol
SERQIRRA ISTE’DOD Akbar Jumanov, o‘qituvchi,Yo‘ldosheva Sarvinoz, magistr Jizzax DPU Annotatsiya: maqolada qisqa umr ko‘rsa-da, o‘zining noyob iste’dodi bilan adabiyot olamida o‘chmas iz qoldirib ketgan yorqin siymolardan biri Usmon Nosir hayoti va ijodining muhim qirralari va poetik mahorati yoritiladi. Nodir talant sohibini mash’um sovet siyosati mahv etganligi dalillanadi. Kalit so‘zlar: davr, tarix, mash’um sovet siyosati, poetik mahorat, so‘z san’ ati, mafkura, adabiy muhit, sonet, dramaturgiya janrlari, badiiy tarjima. Olovdek lovullab dil yonur, Baxtliman janglarga yarasam! Xalqimizning shonli tarixi kabi uning adabiyoti ham boy va rang-barangdir. Aslida, har bir xalq va millat tarixida shunday ulug‘ shaxslar bo‘ladiki, ular o‘zining favqulodda ulkan iste’dodi, ona-vataniga fidoyiligi va sadoqati bilan, el-yurtiga qilgan yuksak xizmati bilan katta shuhrat qozonadi va xalqining faxr-u g‘ururiga aylanadi. “O ‘zining betakror iste’dodi, yuksak matonati va xalqparvarligi bilan ozbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan otashin shoir, tarjimion va dramaturg Usmon Nosir xalqimizning mashhur farzandlaridan biridir”1. Adabiyotimiz osmonida chaqmoqdek charaqlab namoyon bo‘lgan va qisqa umr ko‘rsa-da, o‘zining noyob iste’dodi bilan ijod olamida o‘chmas iz qoldirib ketgan yorqin siymolardan biri - Usmon Nosir edi. Namangan shahrida kambag‘al kosib Mamatxo‘ja oilasida tug‘ilgan Usmonning bolaligi xuddi G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon va Mirtemirlarning hayoti singari g‘oyat qiyin kechadi. G‘am- g‘ussaga to‘la bu alamli yillarning og‘ir iztiroblari haqida Usmon Nosir keyinchalik yozgan “Kechmish kunlarim” nomli avtobiografik manzumasida armon bilan shunday eslaydi: Men o‘ksib tug‘ildim, Bir kosib otadan, Bir g‘arib onadan... Turmush qiyin edi Bizdek ko‘plarga... Chorizm mustamlakasiga aylangan butun Turkiston o‘lkasida o‘sha yillari hukm surgan qashshoqlik va dahshatli ochlik minglab odamlarning yostig‘ini quritadi va necha minglab oilalarni xonavayron qiladi. “Usmon Nosirning shoir bo‘lib shakllanishiga ustozi Cho‘lpondan tashqari rus va G‘arb adabiyotining ilg‘or namoyandalarining asarlari ham kuchli ta’sir ko’rsatgan”2. Jafokash xalqimizning bu fojeali o‘tmishi Usmon Nosirning ham bir qator she’r va dostonlar ida chuqur hamdardlik bilan tasvirlanganligini ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, “So‘zla, tarix-chol” deb nomlangan she’rida ikkiyoqlama zulm iskanjasida yashagan erksiz va huquqsiz xalqning ayanchli qismati keksa Tarix tilidan quyidagi xalqona misralar orqali chuqur ifodalanadi: Men- qari, Men ko‘rdim Bu yerda so‘lganlar, . O‘lganlar ko‘rdim. Qullar o‘tdilar . Ko‘kragi qurigan Tullar o‘tdilar... Bu yerda yuksaldi Nola, fig‘on, zor... Mustamlakachilik siyosati avj olib, mehnatkash xalq qullarcha yashashga mahkum etilgan suronli yillarda otadan yetim qolgan 4 yashar Usmon onasi Xolambibi bilan yanada nochor ahvolda qoladi. Namanganlik kosibning chevar qizi bo‘lgan Xolambibi eri vafotidan so‘ng (1916 y) boylar xonadonida xizmatchi bo‘lib, kir yuvib, arang tirikchilik o‘tkazadi va norasida Usmonni ulg‘aytiradi. Usmon ham to‘qqiz yoshigacha boylar xonadonida turli yumushlarni bajarishga, hatto gadolik qilishga ham majbur bo‘ladi. Mushtipar onasining kechalari aytib bergan xalq dostonlari va ertaklari yosh Usmonga taskin berishi bilan birga uning murg‘ak qalbida xalq og‘zaki ijodiga va adabiyotga havas va muhabbat uyg‘otadi. Nihoyat, 1921 yili Usmon Qo‘qonda yetim va kambag‘al bolalar uchun ochilgan 3-sonli maktab-internatga o‘qishga kirib, bu xoru zorliklar dan qutuladi. U yaxshi o‘qishi bilan birga Adabiyot to‘garaklarida faol qatnashib, 14-15 yoshidan she’r va maqola yozishni boshlagan. Usmonning dastlabki she’riy mashqlarini ko‘rib, uning iqtidorini payqagan o‘qituvchilari uni Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan tanishtiradi va bu uchrash uv bo‘lajak shoir taqdirida muhim ahamiyat kasb etadi. Dastlab internatning “Bizning ko‘zgu” nomli gazetasida e’lon qilinib turgan Usmonning she’r va maqolalari tez orada Qo‘qon va Farg‘onadagi “Yangi Farg‘ona”, “Yangi yo‘l” va “Yer yuzi” kabi gazeta va jurnallarda ham chop etila boshlaydi. 1932 yilning kuzidan boshlab Usmon Nosir Samarqanddagi Pedakademiyada (hozirgi SamDUning) filologiya fakultetida o‘qiydi. Talaba Usmon Nosirning “Bobomning falsafasi”, “Yoshlik” va “Bodom gullagan kechasi” kabi dastlabki she’rlari Pedakademiyaning va Samarqand viloyatining ro‘znomalarida bosilib chiqadi. Shu yillari Usmon Nosir yaratgan yangi she’r, hikoya, ocherk va maqolalari Qo‘qon va Farg‘onadagi gazetalarda ham muntazam nashr etib turilganligi uning ijodiy iz-lanishlari rang-barang va samarali bo‘lganligidan yorqin dalolat beradi. Xususan, Usmon Nosir noyob iste’dod egasi ekanligi, tekkan joyini kuydirguvchi olovligi, ulug‘ va abadiy she’riyatning diydasidan oqib ulgurmagan shabnamligi, u hali qahqahaga aylanmay, lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassum ekanligi, uning she’rlari ko‘z kabi tirik, jonli, tutqich bermas hayot porasi ekanligi, she’riyatning tabarruk, muqaddas dargohida anvoyi bir chaman ekanligi, sira xazon bo‘lmaydigan mo‘jiza bog‘ yaratib ketganligini ko‘plab shoirlarimiz ta’kidlagan. Ko‘nglida ishq va dardi daryodek jo‘shqin, shoirona ilhomi seldek bo‘lgan Usmon Nosirning o‘ziga xos iste’dodi haqida atoqli shoirimiz Erkin Vohidov hayrat bilan shunday yozadi:”Iste’dod shunday bir gavharki, u dengiz tubida, sadaf ichida ham-gavhar, iste’dod shunday bir zilol irmoqki, uning har qatrasida daryolarning qudrati, ummonlarning teranligi bor. Usmon Nosir iste’dodi ana shunday gavhar, ana shunday irmoq edi...”3 Bu nodir iste’dodning shakllanishi va kamol topishida ko‘p asrli mumtoz adabiyotimiz bilan birga rus va jahon adabiyotining ilg‘or an’analari muhim bir omil bo‘lganligini ta’kidlash lozim. Usmon Nosir lirikasida sevgi, yurak, muhabbat tushunchalari juda chiroyli va o‘xshatishlarga boy tasvirlanadi. “Mashhur tatar shoiri Xodi Toqtosh ham muhabbat haqida quyidagi fikrlarni bildirgan: Muhabbat ul o‘zi eski narsa, Lekin har bir yurak uni yong‘orta (yangilaydi)”3. Buyuk so‘z san’atkorlari ijodidan ta’sirlangan va ularning hayotbaxsh an’analar ini novatorona davom ettirgan Usmon Nosir she’riyatning asl mohiyati va ijtimoiy-estetik maqsadini xalqqa va ona-yurtiga xizmat qilishda deb biladi: Lirikam mening, Yuvgan, Taragan, Qaragan yurtning Xizmatin qilishlik -- Vazifang sening Darhaqiqat, Usmon Nosir jonajon yurtimiz va xalqimizning sadoqatli bir farzandi sifatida o‘zining butun ongli hayoti, haroratli qalbi va iste’dodini ona- Vatanga va uning ulug‘vor ishlariga bag‘ishlagan edi. “Usmon Nosir she’riyati, avvalo, hayotiyligi, jozibadorligi va isyonkorligi, ayni chog‘da, sodda va ravonligi bilan kitobxon qalbidan chuqur o‘rin olgan”4. Otashnafas shoirning samimiy qalb jo‘shqinligi bilan bitilgan “Yurak” nomli she’ri bugun ham chinakam vatanparvarlik va fidoyilikning go‘zal bir ifodasi bo‘la oladi: Itoat et, Agar sendan Vatan rozi emas bo‘lsa, Yoril, chaqmoqqa aylan sen, Yoril, mayli, tamom o‘lsam! Shu o‘rinda Usmon Nosir ijodini sinchkovlik bilan o‘rganayotgan yirik olimlarimizdan biri Nizomiddin Mahmudovning muhim bir kuzatishini keltirish ham shoirning so‘z tanlash va san’atkorona qo‘llashini yaqqol namoyon etadi. Usmon Nosirning 2021 yili “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Ertani sevinib kut” nomli 113 sahifali mo‘jazgina to‘plamida yurak, ko‘ngil, dil va bag‘ir kabi ma’nodosh so‘zlar 100 martadan ortiq qo‘llangani tasodifiy emas. Aksincha, bu so‘zlar shoir manzumalarining favqulodda o‘ziga xos ustunlari desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Adabiyotga cheksiz e’tiqodi va betakror poetik mahorati bilan Usmon Nosir ijodiyoti she’riyatimizning keyingi davrida adabiyot olamiga kirib kelgan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfilar hamda ularga izdosh bo‘lgan Shavkat Rahmon, Usmon Azim va Halima Xudoyberdieva singari yorqin talantlar uchun o‘ziga xos bir mahorat sabog‘i va ijod namunasi bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi. Serqirra talant sohibi bo‘lgan Usmon Nosir adabiyotning deyarli barcha tur va janrlarida muvaffaqiyat bilan qalam tebratdi. Shoir ning “Traktorobod”, “Quyosh bilan suhbat”, “Safarbar satrlar”, “Yurak” va “Mehrim” kabi to‘plamlaridagi ko‘plab she’rlar o‘zining g‘oyaviy-badiiy mazmuni va yorqin lirik qahramonlari bilan 30-yillar o‘zbek adabiyoti rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. Uning “Norbo‘ta” va “Naxshon” kabi dostonlari yangi davr o‘zbek poemachiligining yetuk namunalari qatorida o‘quvchilar e’tiborini tortadi. Usmon Nosir o‘zbek adabiyoti uchun nisbatan yangi janr bo‘lgan sonet kabi dramaturgiya sohasida ham samarali ijod qilib, “Zafar”, “Nazirjon Xali lov”, “Dushman” va “Atlas” nomli bir nechta dramalar ham yaratgan. Ulardan ayrimlari 30-yillar boshida sahnalarda qo‘yilgani uning zamondoshlari tomonidan bitilgan zarif xotiralarda ham alohida e’tirof etib o‘tiladi. Usmon Nosir iste’dodining yorqin bir qirrasi uning tarjimonlik faoliyatida yaqqol namoyon bo‘lgan edi. Shoirning Firdavsiy va Shekspir kabi daho san’atkorlar she’riyatidan qilgan tarjimalari, Pushkinning “Bog‘chasaroy fontani”, Lermontovning “Demon” kabi mashhur dostonlarini mohirona o‘zbek tiliga o‘girganligi uning ijodiy salohiyati nechog‘lik ulkan bo‘lganligidan guvohlik berib turadi. Yaqin do‘stlari xotirlashicha, Lermontovning Usmon Nosir tomonidan yuksak mahorat bilan tarjima qilingan “Demon” tarjima-qo‘lyozmasi noma’lum sabab yoxud kimningdir e’tiborsizligi, balki ayrim hasadgo‘ylarning aybli bilanmi yo‘qolgan. Hayratlanarlisi shundaki, Usmon Nosir ana shu yirik poemani to‘liq yoddan aytib, qaytadan tarjimani tiklaganligi noyob bir voqea bo‘lgan ekan. Ming afsuski, betakror iste’dodi va jo‘shqin ijodi barq urib turgan Usmon Nosir ham ulug‘ ustozlari- Cho‘lpon, Fitrat va Qodiriylar bilan birga yovuz imperiyaning mustamlakachilik siyosatining qurboni bo‘ldi. Hukmron mafkuraning qattol-dastyorlari Usmon Nosir she’rlaridan siyosiy xatolar topib, shoirni mutlaqo asossiz ravishda ayblashdi. Masalan, shoirning quyidagi satrlarini ham siyosiy xatoga yo‘yib, Usmon Nosir sotsialistik davlatimizga qarshi g‘oyalarni kuylayapti deb ayblashgan va uning she’rlarini nohaq qoralashgan: Yo‘lchiman, manzilim ufqdan nari Lojuvard dengizning tubiga yaqin. Ya’ni “lojuvard dengizning tubida, ya’ni kapitalistik davlatlarni orzu qilyapti degan ayblovlar bilan qoralashadi. Shu tariqa bu kabi she’rlarini sovet mamlakatiga tuhmat va ig‘vo deb, uni ham “xalq dushmani”ga chiqarib, “sovet tuzumiga qarshi” degan tuhmatlar bilan 1937-yil qamashadi. Shoirning ustozlari Cho‘lpon, Qodiriy va Fitratlar kabi u ham istibdod qurboni bo‘ladi. Adabiyotshunoslarimiz haqli ravishda yozganidek, mash’um siyosat tufayli xalqimiz necha o‘nlab yorqin iste’dodlaridan bevaqt ayrildi. Ularni hamisha iztirob bilan yodga olamiz. Mash’um zamon Usmon Nosirni 25 yoshida oramizdan yulib olib ketmaganida va yosh umri olis Rusiyada, Magadan va Kemerovo qamoqxonalarida xazon bo‘lmaganida, u yana qancha yetuk asarlar bilan adabiyotimizni va ma’naviyatimizni boyitishi mumkin edi. “U oradan juda erta ketdi. Lekin o‘zbek xalqining qalbiga uchqun tashlab o‘tdi. Shuning uchun ham Usmon Nosirni baxtli inson deb aytish mumkin. Hozir qaysi o‘zbek shoirining to‘plamini qo‘lga olmang unda albatta Usmon Nosirga bag‘ishlangan she’r o‘qiysiz. Demak, shoir berhayot! Demak, u o‘lmagan!”5.Bu jihatdan Abdulla Oripovning quyidagi armonli e’tirofi shoir shaxsiyati, nodir iste’dodini yanada yaqqolroq tasavvur qilishimizga asos bo‘ladi:”Usmon Nosir deganda biz kimni tushunamiz. U shunday iste’dod egasiki, bamisoli tekkan joyini kuydiruvchi olovdir. Shoirning g‘oyat qisqa umriga nazar solgan kishi juda uzoq o‘ylarga tolishi shubhasizdir. Chunki bu chaqmoqdek umrda benihoya katta imkoniyatlar yonib ketganligini ko‘rib va his etib turasiz. Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she’riyatning diyda sidan oqib ulgurmagan shabnamdir, u hali qahqahaga aylanmay lablari mizda manguga qolib ketgan nimtabassumdir. Uning she’rlari ko‘z kabi tirik, jonli, tutqich bermas hayot qirralaridir”.4 . . Nohaqlik jabr-u sitamlari va tahqir azoblaridan xastalangan shoirning o‘lim lagerlarida yozgan she’rlari va iltijo bilan bitgan maktublari ham uning metindek iroda-bardoshidan va so‘nggi daqiqalargacha Adolatga, yorug‘ kunlar kelishiga umidi so‘nmaganligidan guvohlik beradi. U bor-yo‘g‘i o‘n yil ijod bilan shug‘ullandi, ammo shu qisqa fursatda nomini abadiylikka muhrlab keta olishdek baxtga musharraf bo‘ldi. Shoir o‘zi chuqur ishonch bilan bashorat qilganidek: Bargdek uzilib ketsam, Unutmas meni bog‘im. Ishimni hurmat qilur, Gullardan haykal qurur, Ha, ona- Vatanni va she’riyatni jon-dilidan sevgan, qalbida Istiq lol yolqini barq urib turgan Usmon Nosirday yorqin iste’dod sohiblari mustaqil diyorimida hamisha qadrlanishi va e’zozlanishi shubhasizdir. Download 37.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling