Sharqni anglash yo’LI
Download 29 Kb.
|
SHARQNI ANGLASH
SHARQNI ANGLASH YO’LI Amir Temur o’zining “Tuzuklari”da mana bunday so’zlarni yozgan: “Sayidlar, ulamo, shayxlar va fozillarni o’zimga yaqinlashtirdim. Ular mening saroyimga doim kelib-ketib, majlislarimni bezab turdilar. Diniy, huquqiy, aqliy masalalarni o’rtaga tashlab, qimmatli fikrlar bildirishardi. Halol va haromga oid masalalarni men ulardan o’rgandim”. O’zbek tasavvufshunosligiga ulkan hissa qo’shgan, professor Najmiddin Komilov “tasavvuf musulmon Sharqi mamlakatlari ijtimoiy va ma’naviy hayotiga chuqur kirib bordi; fan, madaniyat va adabiyot rivojiga katta ijobiy ta’sir ko’rsatdi. XI asrdan boshlab Sharqning deyarli barcha nufuzli shoir va yozuvchilari, mutafakkir va olimlari tasavvufdan oziqlanib, uning insonparvarlik va haqsevarlik g’oyalaridan ruhlanganlar”, deb yozganidek, tasavvuf adabiyotini o’rganmasdan turib, nafaqat o’rta asrlar musulmon Sharqi madaniy hayoti, balki Sharqning o’zini ham anglash qiyin. Tasavvuf tarixida katta iz qoldirgan ulug’ mutasavvuf va mutafakkir shoir – Muhammad Abu Bakr ibn Ibrohim – Shayx Attori Nishopuriydir. Uning serqirra va boy badiiy ijodi ilohiy ma’rifat g’oyalarining bitmas-tuganmas xazinasi bo’lib, Haq va haqiqat asrorini kashf etish, Mutlaq ruh bilan Qudsiy komil inson ruhi orasidagi munosabat va mohiyatni anglab yetishga hidoyat etuvchi buyuk bir da’vatnomaday jaranglab keldi. Fariduddin Attorning asarlaridan ayrimlari bizga qadar yetib kelgan, bir nechtasi chop etilgan. Risolalar mundarijasi va mazmuni har xil: tafsir va kalom, hadis va fiqh, she’riyat hamda tasavvuf. Shunday bo’lsa-da, Shayx Attor tasavvuf ilmi tarixida, shubhasiz, katta o’rin tutgan va islom madaniyatiga ulkan hissa qo’shgan buyuk siymolardan biridir. Ulug’ so’fiy va shoir Fariduddin Attorning “buyuk Shaxsi ham, ijodiyoti ham ilhom va ibrat maxzanidir. Uning Shaxsi – asarlariga, asarlari – shaxsiyatiga eshik ochadi. Bu ma’rifat, ishq, ruhoniyat, san’at “eshigi”dan faqat alohida qalam sohiblari emas, butun boshli millat ijodkorlari ichkarilay olganligi xayratlanarli, albatta”, deb yozadi tasavvufshunos olim Ibrohim Haqqul. Shayx Attor ruhni sevgan; din va axloqning kuch-quvvatiga suyangan; ma’rifat, ishq va badiiy ijod zavqini nihoyatda yuksak qadrlagan. Abdurahmon Jomiy “uning masnaviyati va g’azallarida tavhid asrori va ruh zavqiyati bilan vujudiyat haqiqati shu qadar ko’p ifodalanganki, bu toifaning hech birining so’zida topilmaydi”, deb yozgan. Alisher Navoiy shayx Fariduddin Attorni samimiy iftixor tuyg’usi bilan “Foniylik Ko’hiqofining anqosi, jamiki qushlar tilining donosi, shariat yo’llarining peshvosi, tariqat avliyolarning qiblagohi, hidoyat sham’i bilan qalblarni nurlantiruvchi, haqiqat sirlarining kashfiyotchisi, noziklik nurlarining mazhari, ma’rifat ahllarining tojdori” deb ta’riflagan. “Lison ut-tayr” dostonida shunday misralar bor: Nasr ila chun “Tazkira” mavjud etib, Avliyo arvohini xushnud etib. Har birining ruhidan yuz tiyra zot, Jon topib ichkon kibi obi hayot. Shuni ta’kidlash lozimki, “Tazkirat-ul avliyo” Fariduddin Attorning birdan-bir nasriy shaklida yozilgan asari bo’lib, unda ko’plab avliyolarning ijod yo’llari yoritilgan. Shayx Attorning ushbu asari tasavvuf ta’limotining taraqqiyot jarayoni va g’oyaviy asoslarini tadqiq etishda muhim birlamchi manba sifatida ulkan ahamiyatga egadir. Taniqli shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek Fariduddin Attorning 72 nafar avliyo va valiylar hayoti bayon etgan “Tazkirat-ul avliyo” asarining turkcha tarjimasini tabdil etib, o’zbek tilida ham chop ettirdi hamda ayrim zikrlari esa “Sino” jurnalida bosildi. Yaqinda G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asarini sharqshunos olimlar M. Hasaniy, H. Alimov, N. Hasaniy, A. Madraimov tomonidan asliyatdan tarjima qilingan kitobni chop etdi. Ushbu kitobda tasavvuf shayxlari, avliyolarning hayoti, kashfu karomatlari, hamda turli tasavvufiy istilohlar batafsil bayon etilgan. Shu bilan birga, tazkirada tasavvufiy allomalarning hayotiy tajribasi va tarixiy voqealar,ularning ibratlikechmishlari haqida hikoya, misol va naqllar keltiriladi. Chindan ham kitobdan o’rin olgan tarixiy lavhalar juda jonli va ta’sirchanligi bilan asarni yuksak badiiy ijod namunasi darajasiga ko’targan. Ushbu tazkira tarixiy manbadan ko’ra badiiy asar sifatida qimmatli hamda tasavvuf tarixi va nazariyasi, amaliyotini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shayx Attor “Tazkirat-ul avliyo”ning “Allohning hamdi” qismida qayd etadiki, avliyolarning so’zi kishi qalbining malhami va ruhining quvvatidir, kimki avliyo so’zini diliga jo etsa, U Qur’oni karim va hadisi shariflarning mag’ziga eshik ochadi, o’zining holati, axloqini, qilayotgan ishlarining yaxshi-yomonligini o’ylaydigan bo’lib qoladi va hayot, oxirat, insoniylik xususida mulohaza yuritib, ichki olamini tartibga soladi. Sharqda avliyolar haqida tazkira bitish, ularning maqomat va manoqiblarini yozish an’anaga aylangan. Jumladan, Abu Abdurahmon Muhammad ibn Husayn as-Sulamiyning “Tabaqoti sufiya”, Xoja Abdulloh Ansoriyning “Manozil us-soyirin”, Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo”, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat”, Muhammad Siddiq Rushdiyning “Tazkirat ul-avliyoi turkiy” kabi kitoblarini ko’rsatish mumkin. Professor Hamidjon Homidiy shu qadimiy badiiy tazkirachilik an’analarini davom ettirib, so’fiy shayxlari, oriflar va valiy insonlarning hayoti va asarlarini o’rganib chiqib, “Tasavvuf allomalari” nomli kitobni nashr ettirdi. “Sharq” NMAK tomonidan chop etilgan ushbu kitobda Fariduddin Attor ijodiy merosiga ham munosib o’rin berilgan. O’zbekiston xalq shoiri va mohir tarjimon Jamol Kamol tomonidan Fariduddin Attorning mashhur 6 ta – “Mantiqu ut-tayr”, “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma”, “Bulbulnoma” va “Ushturnoma” – dostonini tarjima qilib, nashr etilishi – ma’naviy hayotimizda katta voqea bo’ldi va ushbu kitoblar ma’naviy poklik, ma’rifiy kamolot yo’lida xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, J. Kamol tarjimasida mutasavvuf shoirning “Hikmatlar va hikoyatlar”i ham nashr etilgan. Shu an’ananing davomi o’laroq, olim va tarjimon Ergash Ochilov Shayx Attorning 134 ta ruboiysini tarjima qilib, ikki to’plamda chop ettirdi. She’riyatning kichik, ammo serma’no bu janri shayx Attor ijodida muhim o’rin tutgan. Uning “Muxtornomasi” 5000 ta ruboiyni o’z ichiga oladi. Albatta, ulardan barchasi bizgacha yetib kelmagan. Asarning Eronda chop etilgan so’ngi nashrida, ilovalar bilan qo’shib hisoblaganda 2279 ruboiy berilgan. Fariduddin Attorning qo’lyozma asarlari dunyoning turli mamlakatlari (Eron, Angliya, Frantsiya, Hindiston, Afg’oniston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston)da saqlanmoqda. Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida Shayx Attorning “Mantiq ut-tayr”, “Ilohiynoma”, “Musibatnoma”, “Asrornoma”, “Ushturnoma”, “Pandnoma”, “Javhar uz-zot”, “Xusrav va Gul”, “Vuslatnoma”, “Tazkirat ul-avliyo” va she’rlari to’plami mavjud. Mashhur ingliz sharqshunosi Reynol`d Nikolson 1905 yilda chop ettirgan “Tazkirat ul-avliyo”ning nashriga yozgan so’zboshisida Shayx Attorning hayoti va boy ijodiy merosi haqida keng ma’lumotlar bergan. Ali Miransoriyning aniqlashicha, dunyo kutubxonalarida “Tazkirat ul-avliyo”ning 186 taga yaqin qo’lyozmalari mavjud. Shulardan eng qadimiy nusxa – hijriy 627 yilda kitob qilingan “Tazkirat-ul avliyo” asari Qohiraning “Dorul-kitob” kutubxonasida saqlanmoqda. Yana bir qadimiy nusxa – hijriy 670 yilda ko’chirilgan “Tazkirat-ul avliyo” nusxasi bo’lib, Afg’onistonda, hijriy 692 yilda ko’chirilgan nusxasi esa Turkiyadagi “Pir Xidon” kutubxonasida bor. O’z o’rnida Fariduddin Attorning shoh asarlaridan bo’lmish “Tazkirat ul-avliyo” asarini asliyatdan tarjima qilgan olimlarimiz Mahmud Hasaniy, Hamidulla Aminov, Abdusamad Hasaniy, Abdumajid Madraimov hamda nashriyot muharrirlariga o’quvchiga shunday go’zal kitob taqdim etganliklari uchun bu ulug’ siymoning bir muxlisi, o’quvchisi sifatida o’z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Shayx Attorning ayrim asarlarining tarjimalari va hozirgi zamon o’zbek attorshunosligi haqidagi fikrimizni yakunlarkanmiz, shuni qayd etishni lozim, deb o’ylaymiz. Fariduddin Attor dunyosi chin ma’nosi bilan ajoyib bir sirlar xazinasi ekan, bu xazinaga nazar tashlagan har bir odam Attorning so’zdagi karomati, sehr kuchidan hayratlanmay qolmaydi. Manba: “Kitob dunyosi” gazetasining Download 29 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling