Shaxs ma’naviyati mezonlari Reja
Download 55 Kb.
|
shaxs manaviyati mezonlari
Shaxs ma’naviyati mezonlari Reja: 1. Shaxs ma’naviyati mezonlari va fazilatlari haqida tushuncha 2. Vatanparvarlik – yetuk ma’naviylik mezoni. Insonparvarlik - shaxs va jamiyat ma’naviy qiyofasi mezoni 3. Milliy o’zlikni anglash, millatlararo totuvlikni ta’minlash, huquqiy savodxonlik, davlat tizimiga hurmat, fuqarolik burchiga sadoqat – shaxs ma’naviy barkamolligi mezonlari Shaxs ma’naviyati mezonlari, ko’rinishlari, mohiyati va ahamiyatini yoritishdan avval uning mezonlari va belgilarini (fazilatlarini), ularning o’zaro farqi haqida qisqacha ma’lumot berishni lozim topdik. Shaxs ma’naviyati mezonlari mamlakat, millat, insonlar hayoti va kelajak taqdiri tahlikali holatga tushganda uning oldini olish uchun millat, halq va uning vakillarida namoyon bo’ladigan ma’suliyat hissi, ma’naviy tuyg’u va e’tiqodning amaliy namoyon bo’lishi deb tushunishimiz mumkin. Shaxs ma’naviyati mezonlariga vatanparvarlik, insonparvarlik, adolatparvarlik, o’z millatiga sadoqat, milliy o’zlikni anglash, qonunga itoatkorlik, davlat tizimiga hurmat, fuqarolik burchiga sadoqat va boshqalar kirib, ular chuqur va keng ijtimoiy ahamiyat kasb etishi bilan ajralib turadi. Shaxs ma’naviyati belgilari (fazilatlari) esa garchi shaxs ma’naviyligi mezonlari bilan uzviy bog’lanib ketsada, biroq undan farq qiladi. Shaxs ma’naviyati mezonlari yuqorida ta’kidlaganimizdek butun insoniyat, mamlakat, millat, halq va kishilar taqdiri bilan bog’lanib ketishi, chuqur va keng ijtimoiy xarakter kasb etishi bilan ajralib turadi. Shaxs ma’naviyati belgilari (fazilatlari) esa kishilarning kundalik hayot faoliyatlarida: oilada, ko’cha-ko’yda, mahalla, jamoat joylari, mehnat jamoasidagi o’zaro munosabatlarda namoyon bo’ladigan barcha ma’naviy-axloqiy hatti-harakatlarni o’z ichiga qamrab olib, ularga quyidagilarni kiritish mumkin: imon, diyonat, vijdonlilik, mehr-shafqat, to’g’rilik, xalollik, poklik, vafodorlik, mehnatsevarlik, uyat, andisha, hayolilik, or-nomus, muloyimlik, kamtarlik, o’zgalarning haqiga xiyonat qilmaslik, o’zaro hurmat, beva-bechora, yetim-esirlarga, muhtoj oilalarga yordam, boshqa millat vakillariga hurmat va boshqalarni o’z ichiga oladi. Vatanparvarlik- Vatanga nisbatan sadoqat, unga xizmat qilish, yurt tinchligini asrash, Vatan ravnaqi uchun faol bo’lishga undaydigan ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy fazilat. Uning mazmuni-Vatanga mehr-muhabbat va sodiq bo’lishdan, yurtning o’tmishi va hoziri uchun fahrlanishdan, mamlakat manfaatlarini himoya qilishga intilishdan iborat. Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, halq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o’z ona Vatanini dushmanlardan, yot va begona g’oyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamasligi nazarda tutiladi. Vatanparvar insongina hozirgi kunda o’zlarining g’arazli va jirkanch niyatlarini amalga oshirish maqsadida yurtimizga har-xil yo’llar bilan kirib kelayotgan, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarimizni qalbi va ongini qandaydir zararli va buzg’unchi g’oyalar bilan egallashga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi kurasha oladi va o’z yurtini g’animlardan himoya qiladi. Jamiyat rivojlangani sari katta ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan ma’naviy qadriyatlardan biri vatanparvarlik tuyg’usidir. Vatanparvarlik ona yurtining, halqining tarixi va taqdiriga chuqur hurmat bilan qaraydigan, vatan manfaatlari yo’lida fidoyilik namunalarini ko’rsatishga qodir bo’lgan shaxslarga xos fazilat. Vatanparvarlik-o’z taqdirini vatan, millat taqdiri bilan bog’lagan barcha kishilarga xos fazilat. Mamlakat, millat taraqqiyotining imkoniyatlari, shon-shuhrati, obro’-e’tibori ham shu millat kishilari vatanparvarlik tuyg’usining darajasi bilan bog’liq bo’ladi. Ota-bobolarimiz, avlod-ajdodlarimiz uchun Vatanga, eliga muhabbat muqaddas tuyg’u bo’lgan. Ular vatan, halq manfaati, milliy qadr-qimmat, or-nomus masalasini hamma narsadan ustun qo’yganlar, kerak bo’lganda bu manfaatlar yo’lida o’z jonlarini, hayotlarini qurbon qilishni o’zlari uchun sharaf deb bilganlar. Agar har bir odam o’zi tug’ilgan qishloq yoki shaharnigina vatanim deb tushunsa, bu mahalliychilik kayfiyatlarini kuchaytiradi, kishilarni muayyan hududda yashayotgan ijtimoiy-etnik birlik sifatida uyushishiga, birlashishiga, butun mamlakat, millat manfaatlarini bir yoqadan bosh chiqarib himoya qilishga to’sqinlik qiladi. Yaxlit yagona vatanni tan olmaslik milliy parokandalik, vatan tanazzulining belgisidir. Vatanparvarlik muayyan mamlakatda yashovchi barcha millat va elatlarning vakillarini aniq maqsad va manfaatlar yo’lida birlashtiruvchi umummilliy g’oya hamdir. Agar biror mamlakatda yashovchi barcha fuqarolar tarqoq, uyushmagan, umummilliy manfaatlar birligini anglamagan, qabila-urug’chilik, mahalliychilik, guruhbozlik girdobiga o’ralib qolgan bo’lsa, ularda mushtarak vatanparvarlik tuyg’usi, hamda e’tiqodi bo’lmaydi. Bunday millat kishilarini bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’yib, asoratga olish oson kechadi. Vatanparvarlik tuyg’usi va e’tiqodi bilan sug’orilgan milliy birlik, birdamlik, ahillik, hamkorlik, hamdardlik tuyg’usi millatning kuchi va qudratini belgilovchi, istiqbolini porloq qiluvchi ma’naviy omil va mezondir. Mustaqil O’zbekiston taraqqiyotida umummilliy birlikning ahamiyati va aksincha umummilliy tarqoqlikning salbiy jihati haqida Birinchi Prezidentimiz aytgan quyidagi so’zlar yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega: “Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson o’zini eng avvalo O’zbekiston fuqarosi deb, shundan keyingina muayyan bir xudud vakili, aytaylik, xorazmlik, samarqandlik yoki Farg’ona vodiysi farzandi deb his qilishi lozim. Tabiiyki, bu holat har birimiz mansub bo’lgan “mo’jaz vatan”ning, tug’ilib o’sgan shahar yoki qishloqning qadri va ahamiyatini aslo kamaytirmaydi. Biroq shuni esda tutish kerakki, haddan tashqari bo’rttirib yuborilgan mahalliy vatanparvarlik millatning, halqning jipslashuviga xalaqit beradi. Biz vatan tuyg’usini mana shunday yaxlit holda, ya’ni dunyoda yagona o’zbek millati bor, xorazmlik, farg’onalik, surhondaryolik o’rtasida hech qanday milliy farq yo’q, ularning barchasi o’zbek halqining farzandi deb anglashimiz, yosh avlodimizni aynan shu ruhda tarbiyalashimiz zarur”.1 Vatanga, uning istiqboliga bo’lgan munosabat ma’naviyat darajasiga ko’tarilib, inson faoliyatiga maqsad va yo’nalish berish-vatanparvarlikdir. Vatanparvarlik-bir ijtimoiy etnik guruhga mansub bo’lgan kishilarning o’z tarixini, tili, madaniyati, urf-odatlarini, milliy obro’si, qadir-qimmatini bilish, hurmat qilishi, ularga tayanishi, shu bilan birga boshqa halqlarning ham obro’-e’tiborini, mafaatlarini hurmat qila bilishni ifodalovchi ma’naviy mezondir.2 Vatan inson uchun ona kabi qadrdon va mo’’tabardir. Inson uchun ona bitta bo’ladi. Iymonli, e’tiqodli kishilar uchun vatan ona kabi muqaddas va yagonadir. Vatanga bo’lgan muhabbat kishilarni har qanday mafkuraviy g’oyalardan kuchliroq asosda birlashtiradi, ulug’ ishlarni hamjihatlik bilan boshlashga safarbar etadi. Vatanparvarlik-vatanni ulug’lashdan tashqari, uning qadr-qimmatini, uning har bir qarich yerini, mustaqilligini himoya qila bilishdir. Vatanparvarlik vatan taqdiri, uning taraqqiyotining eng ma’suliyatli davrlarida yaqqol ko’zga tashlanadi. Vatanga xiyonat qilish, o’z manfaatini vatan manfaatiga qarama-qarshi qo’yish vatanga qilingan xiyonat va sotqinlik sanaladi. Vatanni, uning manfaatlarini pulga, boylikka, maishiy qulay sharoitga almashtirish, vatanfurushlik ma’naviy tubanlashishning belgisidir. Qadimgi turkiy davlatlaridan birining asoschisi Metexon bilan bog’liq quyidagi voqea ajdodlarimizga xos bo’lgan vatanparvarlikning misoli bo’la oladi. “Qo’shni davlatning podshosi bu mamlakatga xujum qilish, uni bosib olish, boyliklarini talash uchun bahona qidirgan. Metexon esa urush chiqib, el yurtning vayron bo’lishini istamas edi. Urushqoq qo’shni davlat podshosi dastavval Meetexondan juda yaxshi ko’rgan otini so’ragan. Metexon yurt tinchligi, ozodligi yo’lida noiloj bu talabni bajargan, hech ikkilanmay otini unga bergan. Keyin esa chiroyli kanizagini so’ragan. Metexon noiloj bu talabni ham bajargan. U, «men vatanimni o’z ishqim o’g’risiga xor etmayman”, degan. Keyin esa mamlakatning ekinsiz, qarovsiz, o’rmonsiz bir parcha yerini so’ragan. Shunda Metexon quyidagi so’zlarni aytgan ekan: «Vatan, bizning mulkimiz emas. Mozorda yotgan otalarimizning va qiyomatga qadar tug’ilajak avlodlarimizning bu muborak tuproq ustida haqlari bordir. Vatan sarhadlaridan ozgina bo’lsa ham, bir qarich bo’lsa ham yer bermakka hech kimning salohiyati yo’q. Bundan buyog’iga urush qilajakmiz. Endi men otimni dushmanga suraman, orqamdan kelmagan o’ldirilajakdir.”3 Tarixda nomi ma’lum va mashhur buyuk mutasavvuf olim Shayx Najmiddin Kubro haqiqiy vatanparvar, qahramon bo’lgani elimizga ma’lum. El-ulus, mamlakat boshiga og’ir kunlar kelib turganida mamlakatni tashlab ketishni, jonini asrab qolishni o’zi uchun nomus deb bildi. U qo’liga qurol olib, jang maydonlarida ajnabiy mo’g’ul bosqinchilarga qarshi kurashda xalok bo’ldi. Vatanparvarlik-etuk ma’naviyatlilik mezonidir. Ma’naviyati zaif bo’lgan xalqda vatanparvarlik tuyg’usi ham kuchli bo’lmaydi. Shu sababli ham barcha davrlarda oldingi mavzularimizda ko’rib o’tganimizdek, bosqinchilar halqning ma’naviy kamoloti imkoniyatlarini cheklash yo’li bilan uning vatan haqidagi buyuk tuyg’ularini zaiflashtirmoqchi bo’lganlar. Ma’rifat ziyosini sochib, halqning vatanparvarlik tuyg’usini kuchaytiradigan kuch ziyolilar ekanligini yaxshi tushungan ajnabiy bosqinchilar dastavval millatni shu ma’naviy rahnamolaridan mahrum qilishga xarakat qilgan. “Ma’lumki,-deb ta’kidlagan edi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov,- 1937-1953 yillarda sobiq SSSR hududida mudhish ommaviy siyosiy qatag’onlar amalga oshirilgan edi. Uning salbiy oqibatlarini o’zimizga tasavvur etish uchun birgina O’zbekiston bo’yicha qariyib 100 ming kishi qatag’onga uchrab, 13 ming nafari otib tashlanganini eslash kifoya. Insoniy qadr-qimmati toptalgan, hayoti poymol etilgan bu odamlar orasida nafaqat arbob va ziyolilar, yuzlab oddiy insonlar, yurtimizda istiqomat qilgan deyarli barcha millat va elatlarning vakillari bor edi.»4 Vatanparvarlik so’zda emas, balki amaliy ishlarda, xatti-xarakatlarimizda namoyon bo’lgandagina taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanishi mumkin. Hozirgi murakkab o’tish davrida mustaqilligimizni iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy asoslari mustahkamlanayotgan davrda vatanparvarlik e’tiqodi har birimizning amaliy ishlarimizda, fuqarolarning kundalik faoliyatida namoyon bo’lishi ayniqsa katta ahamiyatga ega. Bunda har bir inson faoliyatida onglilik bilan fidoyilik birlashmog’i zarur. Inson vatanining, halqning qadr-qimmatini, ahamiyatini ruhan anglab yetgandagina vatanparvarlik uning qalbidan chuqur o’rin oladi. Tinchlik, farovonlik davrlarida ko’pincha vatan haqida kamroq o’ylaymiz. Lekin vatan, millat boshiga biror musibat tushganida vatanparvarlik e’tiqodi kuchayib ketadi. Har bir shaxsning o’z vatani va halqiga bo’lgan e’tiqodi qay darajada kuchli ekani ana shunday davrlarda yaqqol ko’zga tashlanadi. Vatanparvarlik bilan bog’langan faoliyatning katta-yu kichigi bo’lmaydi. Inson o’z hayotining har bir daqiqasida, bosgan qadami, qilgan ishi-yu, aytgan so’zlaridan Vatan oldidagi burchi va ma’suliyatini unutmasligi lozim. Hovlimiz, ko’chamiz, mahallamiz obod bo’lsin deb ko’chat eksak, uni parvarishlasak, biror joy iflos bo’lsa, uni achinib, kuyib-pishib tozalasak, oilaviy nizolar kelib chiqsa yaxshi niyat bilan o’rtaga tushib er-xotinni, quda-andalarni yarashtirib qo’ysak, bilimimizni muntazam oshirishga, zamonaviy ilm-fan, texnika va texnologiyalarni qunt bilan egallashga intilsak, ularni hayotga tadbiq etsak, ishbilarmonlik, tadbirkorlik yo’lidan borib, yaxshi sifatli, arzon maxsulotlar ishlab chiqib, kishilarning ehtiyojini qondirishga o’z hissamizni qo’shsak, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lsak, isrofgarchilikka yo’l qo’ymaslikka harakat qilsak va boshqalarda ham vatanparvarlik tuyg’ularini o’zimizda namoyon qilamiz. Xullas, vatanparvarlikning qirralari har birimizning barcha ijobiy xatti-harakatimizda namoyon bo’ladi. Vatanparvarlikni eng oliy tuyg’u sifatida o’tmish mutafakkirlari alohida qayd etganlar va o’zlari ham unga sodiq qolganlar. Endi ana shu qaydlardan ba’zilarini eslab o’tamiz. Sitseron (Rumo notig’i va faylasufi). Bizga ota-onalar, bolalar, yaqin xesh-aqrabolar qimmatlidir, lekin muhabbat bobidagi barcha tasavvurlarimiz birgina «Vatan” degan so’zda mujassamlashgan. Vatanga nafi tekkudek bo’lsa, qaysi vijdonli odam u uchun jonini berishga ikkilanar ekan! Gegel (nemis faylasufi). Ma’rifatli halqlarning haqiqiy jasorati Vatan yo’lida qurbon bo’lishga hozir ekanliklarida aks etadi. Bayron (ingliz shoiri). Kimki o’z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi. Belinskiy (rus tanqidchisi). Kimki o’z Vataniga daxldor bo’lmasa, u insoniyatga ham dahldor emas. Gyugo (fransuz adibi). O’z vataniga dog’ tushirish-uni sotish degan so’z. Vatan tuyg’usi bo’lgan kishidagina vatanparvarlik jo’sh uradi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek: «...inson o’zligini anglagan, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sayin yuragida Vatanga muhabbat tuyg’usi ildiz otib, ulg’aya boradi. Bu ildiz qancha teran bo’lsa, tug’ilib o’sgan yurtga muhabbat ham shu qadar yuksak bo’ladi.”5 Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda yoshlarimiz vatanparvarlik deganda quyidagilarni qalban anglab yetishlari lozim: -o’z xalqini, tarixini yaxshi bilish va u bilan faxrlanish; -qadimiy obidalar, mislsiz imoratlar, ajdodlar yaratgan moddiy va ma’naviy meroslarni ko’z qorachig’iday asrash va avlodlarga taqdim etish; -halqimizning, ajdodlarimizning go’zal va ma’noli urf-odatlar, rasm-rusum va udumlarini qadrlay bilish, ularni davom ettirish; -ajoyib vatandoshlar – ajdodlar nomi bilan, ularning ulug’ ishlari, ijodlari bilan faxrlanish, ularning ishlarini davom ettirish, ularga munosib voris bo’lish; -shunday ajoyib halqqa, yurtga, uning boy tili va madaniyatiga mansubligi bilan faxrlanish; - Turonzaminni himoya qilib, tomirida oxirgi qoni qolguncha dushmanga qarshi kurashgan bahodirlarni, ayovsiz janglarda halok bo’lgan qahramonlar nomini yod etish; -asrimizning yigirmanchi, o’ttizinchi, qirqinchi, elliginchi va nihoyat saksoninchi yillarida halqimiz, millatimizga qarshi uyushtirilgan qatag’onlarda qamoq va surgun azoblarini kechirgan va xalok bo’lgan minglab millatimiz gullarini unutmaslik; -bu aziz va go’zal vatanimizda yuksak e’tiqod bilan yashash, unga hamisha sadaqatli bo’lishdir. Vatanparvarlik hammamizning o’z ishimizga ma’suliyat bilan qarash, vatanning boyliklarini ko’z qorachig’idek asrash, boyliklariga boylik qo’shishga o’z ulushimizni qo’shish, ilm-fan cho’qqilari sari intilish va boshqalardir. Vatanparvarlik bir so’z bilan aytganda o’z ijobiy ishlarimiz, bunyodkorlik harakatlarimiz bilan uning kuch-qudratiga, gullab yashnashiga imkon darajasida hissa qo’shish; -ona yurtimizda tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikni saqlashga intilish vatanparvarlikning belgisidir; -vatanparvarlik-halqaro munosabatlarda vatan, millat manfaatlarini birinchi o’ringa qo’yishdir. Xulosa qilib aytganda, vatanparvarlik har bir insonni o’zi tug’ilib o’sgan yurtini, elini e’zozlash, uning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy, ma’naviy taraqqiyoti haqida qayg’urish, g’amho’rlik qilish, taraqqiyotiga o’zining munosib hissasini qo’shish, o’z davlati, mamlakatining mustaqilligini saqlash uchun jon kuydirishi va kerak bo’lganda unga o’z hayotini bag’ishlashga yo’llaydigan yuksak ma’naviylik mezonidir. Shunday qilib, hozirgi o’zbek vatanparvarligi ota-bobolarimiz, avlod va ajdodlarimiz yaratuvchanlik, bunyodkorlik ishlarining bevosita davomidir. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish uchun hozir har daqiqada ulush qo’shmoq, vatanga muhabbat tuyg’usi-vatanparvarlikning asl ko’rinishi va namoyon bo’lishidir. Vatanga munosib farzand bo’lish, uning yeri, suvi, eli bilan chambarchas bog’liq ekanligimizni teran anglash, uni asrash, ardoqlash vatanparvarligimizning qirrasi. O’zbekiston-muqaddas Vatan, ota-bobolarimiz yotgan yer, o’zimiz yotadigan yer. Farzandlarimizni shu zaminga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalblarida shu muborak zaminning har qarichiga mehru muhabbat uyg’otish bugungi kunning eng ustivor fazilatlaridan biriga aylanayotgani hammamizni quvontiradi. Insonparvarlik bu o’zbek halqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir. U purma’no va sermazmun tushunchadir. Insonparvarlik o’zbek halqining ajralmas hislati tarzida ko’zga tashlanadi. Qur’oni Karim insonparvarlik g’oyalari asosiga qurilgan. Muhammad alayhissalom hadisi shu g’oyalarga boy hikmatlar majmuasi sanaladi. Insonparvarlik kishilarning bir-biriga hurmatida, qadr-qimmatida, mehr-shafqatida, diyonatda, o’zaro ko’maklashuvda, hamdardlikda, boshqalar qayg’usiga sherik bo’lib, quvonchidan va baxtidan sevinishda, xalq baxti va yutuqlaridan faxrlanishda ko’rinadi. O’zbek halqining turmush tarzi, mehnat faoliyati, o’zaro munosabatlari, hamkorlik, hamdardlik, vafodorlik, bir-biriga suyanishi, yaxshi qo’shnichilik, bolajonlik, ota-onaning farzandga, farzandning ota-onaga hurmati, sadoqati kabi qadriyatlari insonparvarlik g’oyalari bilan sug’orilgan. O’zbek xalqi bir umr mehr-shafqatli bo’lgan, barchaga yordam qo’lini cho’zgan. O’zbek halqi o’zining insonparvarligini fashizmga qarshi kurash yillari yetim bolalarning boshini silab, o’z tarbiyasiga olib yorqin namoyon etdi. O’zbek halqi doimo umuminsoniyat dardini kuylab kelgan. Al-Xorazmiy, al-Beruniy, Ibn Sino, az-Zamaxshariy, Pahlavon Mahmud, Alisher Navoiy, Ogahiy asarlaridagi g’oyalar- insonparvarlik ruhi bilan ajralib turadi. Xususan, Navoiy ijodida insonparvarlik alohida ahamiyat kasb etadi. Uningcha, vatanga, halqqa sadoqat eng avval uning taqdiri ustida g’amho’rlikdan iboratdir. Insonga nisbatan beparvolik, uning taqdiri va baxtu saodati ustidagi g’am yemaslik sharafli inson uchun tamomila yotdir. Navoiyning barcha-barchani insonga g’amho’r bo’lishga chaqirgan, insonparvarlikni kuylagan bayti asrlar osha hammamiz uchun ibrat yanglig’ yangrab turibdi: Odami ersang, demagil odami, Onikim, yo’q xalq g’amidin g’ami. Navoiy ijodida bu mazzuning alohida o’rin egallaganligi tahsinga sazovordir. U nafaqat badiiy ijodda, balki o’z amaliy faoliyatida alohida o’rin egallaganligi tahsinga sazovordir. U nafaqat badiiy ijodda, balki o’z amaliy faoliyatida ham yuksak insonparvarlikka sodiq qolgan mutafakkirdir. U halq uchun, el-ulus uchun, beva-bechora, yetim-esirlar uchun madrasalar, tabobat xonalar, shifo maskanlari qurdirgan. Doshqoznlarda ovqat pishirib tekinga tarqatgan. Dardmanlarga bepul tabobat ko’rigi uyushtirib tibbiy yordam bergan. Bunday insonparvarlik namunasidan hammamiz har qancha o’rnak olsak arziydi. O’zbek milliy an’anamizga ko’ra dardmanlarga malham topish, ojizlar va kambag’allarning ko’nglini ko’tarish, yetimlar va beva ayollarga yordam, rahm-shafqat qilish insoniylik jihatidan burch, diniy jihatdan katta savobli ishdir. Alisher Navoiy bu haqda ham quyidagi ajoyib misralarni yozgan: Kimki bir ko’ngli buzug’ning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron bo’lsa obod aylagay. Demakki, bir muxtojning, noiloj, chorasiz qolgan odamning ko’nglini ko’tarish, dardiga malham topish savoblik darajasi jihatidan vayron bo’lgan Ka’bani qayta tiklashdan ko’ra afzaldir. Bahovuddin Naqshband ham insonga xizmat qilish, unga rahm-shafqat, mehr-muruvvat ko’rsatishni savobli ishlar turkumiga kiritadi. Uning fikricha, hatto namoz o’qiyotgan vaqtda bir odamga yordam berish kerak bo’lib qolsa, darhol namozni to’xtatib, yordamga oshiqish kerak. Nochor odamga ko’rsatilgan yordamdan kelgan savob namoz o’qib orttirilgan savobdan afzalroqdir. Buyuk davlat arbobi, cheksiz saltanat sohibi Amir Temurning mashhur «Kuch-adolatda!” shiorining negizida ham insonparvarlik g’oyalari yotganligini anglab olish qiyin emas. Insonparvarlik boshqa xalqlarga ham xos xususiyat. Buni hech Kim inkor etolmaydi. Ammo o’zbek xalqi ma’naviy dunyosidan chuqur joy olgan va ildiz otgan insonparvarlik teran mazmuni va mohiyati bilan ulardan farqlanadi. Shunday qilib, insonparvarlik-insonlarning o’zaro hurmatida, bir-birini qadrlashda, ko’nglini ko’tarishda, mehr-oqibatli bo’lishda, ko’maklashishda, hamdardligida namoyon bo’ladigan ma’naviylik mezonidir. Milliy o’zlikni anglash har bir inson uchun ma’naviy barkamollikning muhim mezonlaridan biri hisoblanadi. Chunki, u avvalo, o’zining kimligini bilib olsa, qaysi millatga mansubligini tushunib yetsa, avlod, ajdodlari, ulardan qoldirilgan moddiy va ma’naviy merosni o’zlashtirsagina to’laqonli shaxs darajasiga yetishi mumkin. Bunday shaxslar millatning aksariyat ko’pchilik qismini tashkil qilsagina unday millatning istiqboli buyuk bo’ladi. Shuning bilan birga o’zini chuqur anglab yetgan, ko’zi ochilgan, aqli raso, g’oyaviy-siyosiy jihatdan uyg’ongan va jipslashgan xalq va millatni, o’tmishda bo’lganidek, mustamlakachilik kishanlarida ushlab turish, tili, madaniyati, qadriyatlarini oyoq osti qilish, boyliklarini talab ketish, huquqlarini poymol etish, davlat mustaqilligidan judo qilish aslo mumkin emas. Chunki ana shunday ma’naviy-ruhiy salohiyatga ega bo’lgan millatning har bir vakili o’z millati manfaatlarini har qanday boshqa manfaatlardan ustun qo’yishga va o’zining millat oldidagi mas’uliyatini yuksak darajada anglaydi va uning istiqboli uchun fidoyilik ko’rsatishga qodirlik darajasiga ko’tariladi. O’z-o’zini anglash bu: - xalqning, millatning o’tmish tarixiy taraqqiyot yo’lini, ota-bobolari, nasl-nasabi, avlodu-ajdodlarining kim bo’lganligi va ularning jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo’shgan buyuk hissalarini bilib olishdir. -Milliy o’zlikni anglash – millat yashayotgan Vatanning porloq istiqbolini ta’minlash uchun qanday imkoniyatlar va qulayliklarga ega ekanligini chuqur anglab yetish, ular bilan cheksiz faxrlanish, mavjud imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, real voqelikka aylantirish uchun o’zini safarbar etish, barcha imkoniyatlari, kuch g’ayratini ishga solish demakdir. Millat mavjud bo’lishi uchun til, hudud va ma’naviyat asosiy shart bo’lgani kabi milliy o’zlikni anglash ham asosiy zaruriy shart hisoblanadi. O’zlikni anglash o’z mohiyatiga ko’ra millat va elatlar uchun xos bo’lgan ma’naviyat xususiyatlarini ifoda etib, o’z funksiyasiga ko’ra milliy manfaatlarni himoya qiladi. Shunday qilib, har millat va elatning o’zini real mavjud sub’ekt, muayyan moddiy va ma’naviy boyliklarini ifodalovchi etnik birlik, til, urf-odatlar, an’analar, qadriyatlarga mansubligini, manfaatlar va ehtiyojlar umumiyligini tushunib yetishga milliy o’zlikni anglash, - deb ataladi. Milliy o’zlikni anglash millat birligining mustahkamligini, millat manfaatlarining, shaxs, mahalliychilik manfaatlaridan ustun turishini anglash darajasi bilan bog’liqdir. 1 Каримов.И.А. Юксак маънавият-енгилмас куч. 90-91-бетлар. 2 Қаранг: Эркин Юсупов. Инсон камолотининг маънавий асослари. 149-б. 3 Эркин Юсупов. Инсон камолотининг маънавий асослари. 149-150-б. 4 Каримов.И.А. Юксак маънавият-енгилмас куч. 97-98-бетлар. 5 Каримов.И.А. Юксак маънавият-енгилмас куч. 90-бет.. Download 55 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling