Sho'rlangan yerlarda asosiy sho'r yuvib bo'lingandan keyin ekiladigan dastlabki o'zlashtirish ekinlarini yetishtirish texnologiyasi Reja
Download 0.75 Mb.
|
melioratsiya 5 mavzu
Sho'rlangan yerlarda asosiy sho'r yuvib bo'lingandan keyin ekiladigan dastlabki o'zlashtirish ekinlarini yetishtirish texnologiyasi Reja: 1.Sho’r yuvishning maqsadi va vazifasi 2. Sho’r yuvish turlari. 3. Sho’r yuvish samaradorligiga ta’sir qiladigan omillar. 4. Zovurlarning ahamiyati va turlari. 5. Xulosa Respublikamiz sug’oriladigan yerlarning 60-65% tabiiy sho’rlanishga moyil yerlar hisoblanadi. Chunki bunday yerlarda minerallashgan sizot suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan bo’lib, ular doimo bug’lanishga sarflanadi va oqibatda tuzlar yer yuzasida to’planib qoladi. Shuning uchun sho’rlangan yerlarning har yili sho’rini yuvish zaruriy agromeliorativ tadbir hisoblanadi. Sho’r yuvishning vazifasi qishloq xo’jalik ekinlarining o’sishi, rivojlanishi va mo’l hosil berishi uchun zararli bo’lgan ortiqcha tuzlarni tuproqdan yuvish hamda sizot suvlarining minerallashganligini kamaytirishdir. Sho’r yuvish ikki yo’l bilan amalga oshiriladi: 1.Asosiy sho’r yuvish. 2.Joriy sho’r yuvish. Asosiy sho’r yuvish yangi yerlarni o’zlashtirishda va foydalanib kelinayotgan kuchli va sho’rчok yerlarda qo’llaniladi. Joriy sho’r yuvish esa har yili ekinlar hosili yig’ishtirib olingandan keyin, barcha foydalanib kelinayotgan sho’rlangan yerlarda o’tkaziladi. Sho’r yuvish sug’oriladigan yerlarning iqlim, geologik, gidrogeologik va zovurlashtirish sharoitiga qarab quyidagi turlarga bo’linadi: 1.Cho’ktirib yuvish. 2.Yuvib oqizib yuborish. 3.Ishqorsizlantirib (zovurlashtirilgan sharoitda) yuvish. 4.Yer yuzasidan oqizib yuvish. 5.Tuzlarning tabiiy yuvilishi. Sho’r yuvishda suvdan unumli foydalanib, ya’ni oz miqdorda suv sarflab, ko’proq tuzlarni yuvib tashlash sho’r yuvish samaradorligi deyiladi. Sho’r yuvish samaradorligini quyidagi omillar belgilaydi: 1.Joyning iqlim sharoiti. 2.Tuproqning turi, mexanik tarkibi va uning suv-fizik xossalari. 3.Tuproqni sho’rlanish darajasi va sho’rlanish tipi. 4.Sizot suvlarining joylashish chuqurligi va ularning minerallashganlik darajasi. 5.Yerlarning zovurlashtirilish darajasi. 6.Sho’r yuvish uchun o’tkaziladigan agrotexnik tadbirlar. 7.Sho’r yuvishni tashkil qilish. Sho’r yuvish ikki usulda amalga oshiriladi. Kam sho’rlangan yerlar egatlar orqali, o’rtacha va kuchli sho’rlangan hamda sho’rxok yerlar esa cheklarga bo’lib bostirib yuviladi. Egatlar orqali sho’r yuvishida egatlar oralig’i 60 sm, chuqurligi 18-20 sm bo’lishligi maqsadga muvofiqdir. Cheklarga bo’lib bostirib yuvish usulida sho’ri yuviladigan dalalar uvatlar (marza) bilan cheklarga va suv keltirish uchun o’qariqlarga bo’lib chiqiladi. Cheklarning kattaligi tuproqning mexanik tarkibiga, suv o’tkazuvchanligiga, dalaning tekislik darajasiga va nishabligiga bog’liq. Yer qanchalik yaxshi tekislangan, nishabi qanchalik kichik va tuproqning suv singdiruvchanligi qanchalik oz bo’lsa, chek maydoni ham shuncha katta bo’ladi. Sho’r yerlarni yuvish muddatini to’g’ri belgilashning juda katta amaliy ahamiyati bor. Sho’r yuvish muddatlari tuproqning sho’rlanish darajasiga va mexanik tarkibiga bog’liq bo’lib, u O’zbekiston sharoitida ikki muddatda o’tkaziladi. Kam sho’rlangan, engil mexanik tarkibli tuproqlarda joriy sho’r yuvish erta bahorda (fevral, mart), o’rtacha va kuchli sho’rlangan, mexanik tarkibi og’ir tuproqlar esa kuz-qish-bahor oylarida (noyabr, dekabr, fevral, mart) o’tkaziladi. Kuz, qish, bahor oylarida sho’r yuvilganda umumiy sho’r yuvish me’yorining 2/3 qismi yoki 75% kuchli sovuq tushgunga qadar, qolgan 1/3 qismi yoki 25 % bahorda beriladi. Sho’xok yerlarni sho’rini yuvish uzoq muddat talab qilinganligi uchun ular yil davomida maxsus texnologiya asosida o’tkaziladi. Sho’r yuvish me’yorlarini to’g’ri belgilash ham muhim ahamiyatga ega.Agar sho’r yuvish me’yoridan ortiqcha bo’lsa tuproqning tarkibidagi tuzlar bilan birga o’simliklar uchun zarur bo’lgan oziq moddalari ham yuvilib ketadi, ortiqcha suv sizot suvlarining sathini ko’tarib, tuproqning meliorativ holatini buzadi, tuproqni zichlaydi, uning suv-fizik xossalarini yomonlashtiradi.Sho’r yerlar kam me’yorda chala yuvilganda esa tuproqning tarkibida zararli tuzlar qolib ketadi va ekinlarning o’sishi, rivojlanishi uchun salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun sho’r yuvish me’yorlarini to’g’ri belgilashga katta e’tibor berilishi kerak. Sho’r yuvish me’yorlari aniqlash uchun tuproqning suv-fizik xossalari, sho’rlanish darajalari, sizot suv sathining chuqurligi, yerning zovurlashtirilganlik darajasi, tuproqning namlik miqdori, atmosfera yog’inlari va suvning buglanishi hisobga olinadi. Zovurlar -tuproq-grunt qatlamidagi ortiqcha sizot suvlarni chiqarib yuborish uchun xizmat qiladigan inshoatlardir. Zovurlarning asosiy vazifasi: 1.Tuproqdan ortiqcha zararli tuzlarni yuvib chiqarib tashlash. 2.Sizot suvlarini kritik chuqurlikda saqlab turish. Zovurlarning ahamiyati shundaki, ularni tuproq-gruntdagi ortiqcha minerallashgan sizot suvlarni va sho’r yuvish davomida suvda erigan tuzlarni dalalardan tashqariga chiqarib, tuproqdagi tuz va suv rejimlarini rostlab turadi. Hozirgi paytda respublikamizdagi barcha sho’r yerlar (2,5 mln) zovurlashtirilgan, ularning umumiy uzunligi 120 ming km dan ko’proqni tashkil qiladi yoki har bir gektar yerdagi ularning solishtirish uzunligi 15-30 m tashkil qiladi. Zovurlashtirilgan yerlarda sho’r yuvishning samaradorligi keskin oshadi, yer zararli tuzlardan tez tozalanadi va qayta sho’rlanishining oldini oladi. Zovurlar dunyo mamlakatlarida, ya’ni AQSH, Hindiston, Xitoy, Misr, Jazoir, Italiya va boshqa davlatlarda keng qo’llaniladi. O’rta Osiyo respublikalarida zovurlar qadimdan sho’r yerlarda qo’llanilib kelmoqda. Lekin 1911 yildan boshlab zovurlar chuqur ilmiy asosda o’rganila boshlandi. 1940 yildan boshlab esa keng qo’llanilib kelmoqda. Zovurlar 2 guruhga bo’linadi. 1. Tabiiy zovurlar (daryolarning eski qurigan o’zanlari, jarliklar, qurigan ko’llar va boshqa chuqurliklar) 2. Sun’iy zovurlar. Sun’iy zovurlar 5 tipga bo’linadi. 1. Ochiq gorizontal zovurlar. 2. Yopiq gorizontal zovurlar. 3. Vertikal (tik) zovurlar. 4. Aralash zovurlar. 5. Vaakumli zovurlar. Ochiq gorizontal zovurlar. Ochiq zovurlar asosan, O’zbekistonning eskidan sug’orilib keladigan yerlarida qo’llaniladi (Mirzacho’l, Xorazm, Samarqand, Fargona viloyatlarida). Ochiq zovurlar bir-birlariga tutashgan ma’lum chuqurlikda va ma’lum masofada qazilgan kanal-chuqurlardir. Bunday zovurlar loyihali va loyihasiz bo’lishi mumkin. Loyihali zovurlar tekis erlarda, loyihasiz zovurlar esa adir yoki relyefi notekis bo’lgan yerlarda qo’llaniladi. Ochiq gorizontal zovurlar quyidagi tarmoqlardan iborat bo’ladi. 1.Zovurlar (gruppa) 2.Yig’ish zovurlari. 3.Kollektorlar. 4.Bosh kollektor. Ochiq zovurlar ekskavatorlarda qaziladi. Kovlashda zovurlar nishabligi 0,001-0,002 (1000 m masofadagi farq 1-2 m) va ularning qiyaligi hamda tuproqning mexanik tarkibi hisobiga olinadi. Agar tuproqning tarkibi og’ir soz bo’lsa 1:0,5, o’rtacha bo’lganda 1:1 va engil tarkibli bo’lganda esa 1:1,5 nisbatda bo’ladi.Shu tarkibda kovlanganda zovurlardan oqayotgan suvning tezligi 0,25-0,40 m/sek bo’lishi kerak. Ochiq zovurlarning chuqurligi 2 ga bo’linadi: 1.Umumiy chuqurligi - yer yuzasidan zovurning tubigacha bo’lgan masofa. 2.Ish chuqurligi - yer yuzasidan zovurdagi suvning yuzasigacha bo’lgan masofa. Zovurlarning chuqurligi sizot suvining sathidan pastda turishi kerak, shunday chuqurlikda bo’lgan yerlarda u samarali faoliyat ko’rsatadi. Zovurlarning chuqurligi sizot suvlarining chuqurligiga bog’liq bo’ladi. Gruppa zovurlar chuqurligi - 2,5-3 m, yig’ish zovurlari - 3-3,5 m. kollektorlar - 4-5 m chuqurlikda kovlanishi maqsadga muvofiqdir. Zovurlarni rejali joylashtirish ham muhim ahamiyatga ega. Zovurlar yerning asosiy nishabligi bo’ylab ikki sug’orish tarmogini o’rtasiga joylashtirilgani ma’qul. Chunki kanallardan filtrlangan suvlar shu zovurga tushishi kerak. Zovurlar nishablikka nisbatan bo’ylama joylashtirilganda ko’ndalang joylashtirishga nisbatan ancha afzalliklarga ega. Bo’ylamada sizot suvlari katta tezlikda oqib keladi va zovurdan tez oqib chiqadi, kam loyqa bosadi. Ochiq zovurlar orasidagi masofa quyidagi omillarga bog’liq bo’ladi: Tuproq-gruntning suv o’tkazmaydigan qatlam chuqurligiga, tuproq-gruntning suv-fizik xossalariga, hududlarning tabiiy zovurlashganlik darajasiga, sizot suvlarining pasayish tezligiga va qabul qilingan sizot suvlarning maqbul sathiga hamda zovurlarning oqim moduliga. Zovurlarni samarali ishlashini aniqlash uchun zovur oqimi moduli aniqlab boriladi. Zovur oqimi moduli deb - bir gektar yerdan bir sekund davomida zovur orqali chiqib ketayotgan suv miqdoriga aytiladi. Zovurlarning o’rtacha yillik oqim moduli gektariga 0,15-0,25 l/sek, sho’r yuvish davomida esa 0,50-0,85 l/sek ga ko’payishi mumkin. Amaliyotda kuchli sho’rlangan va sho’rxok yerlarni o’zlashtirishda hamda sizot suvlari yer yuzasiga juda yaqin joylashgan yerlarda ochiq muvaqqat (vaqtinchalik) zovurlardan ham keng foydalaniladi. Ochiq muvaqqat zovurlarning chuqurligi 0,8-1,2 m, tuproqning mexanik tarkibi bo’yicha orasidagi masofa 40-80 m bo’ladi. Ochiq muvaqqat zovurlar S-100 markali ikki traktorga tirkalgan KM-800, KM-1200 markali kanal qazigichlar yordamida olinadi va ular ochiq doimiy chuqur zovurlarga tutashtiriladi. Sho’rlangan va botqoqlangan yerlarda yopiq va tik (vertikal) zovurlardan ham keng foydalaniladi. Yopiq zovurlar O’zbekiston sharoitida 1960 yillardan boshlab keng qo’llanila boshlagan, dastlab ular Mirzacho’lda, keyinchalik esa Qarshi, Sherobod, Jizzax cho’llarida, Buxoro, Fargona viloyatlarining yangi o’zlashtirilgan yerlarida keng qo’llanilib kelmoqda. Yopiq zovurlarning ahamiyati shundaki, ular sizot suvlar sathiga butun dala bo’ylab yoki butun sug’oriladigan massiv bo’yicha bir xilda ta’sir ko’rsatib, sug’orishdan yoki sho’r yuvishdan keyin sizot suvlar sathi tezda pasayadi va shu tufayli sizot suvlarini maqbul chuqurlikda saqlab turish imkoniyatini tugdiradi. Yopiq zovurlar qurilishi bilan ochiq zovurlardan tubdan farq qiladi .Ularni qurishda kovushli ekskavator bilan tegishli chuqurlikda transheya qaziladi. Transheyaning tubi tekislanib, 10-15 sm qalinlikda shag’al filtrlar to’shaladi, shag’al filtr ustidan uzunligi 33-100 sm bo’lgan sopol yoki 3-4 m asbestosement quvurlar bir-biriga kiyishtirilgan holda yotqizib chiqiladi. Quvurlar 0,003-0,004 nishablikda yotqizilishi kerak. Quvurlar tekis yotqizilib bo’lingandan keyin ularning ustiga yana shag’al filtrlar solinib transheya ehtiyotlik bilan ko’miladi va zichlanadi. Yopiq zovurlarning ish faoliyatini kuzatish uchun har 300-400 m masofada nazorat quduqlari qilinadi. Yopiq zovurlarning tarkibi joylashtirish chuqurligi, orasidagi masofa, sizot suvlariga ta’sir doirasi, sizot suvlarining zovurlarga oqib kelishi ochiq zovurlarniki singaridir. Lekin yopiq zovurlarning konstruksiyasi, tuproqning suv-fizik xossalari, suv o’tkazmaydigan qatlam chuqurligiga qarab ularning orasidagi masofaga nisbatan kamroq bo’lishi mumkin. Sug’oriladigan sho’rlangan va botqoqlanadigan yerlarda ochiq, yopiq zovurlar bilan birga tik zovurlardan ham foydalanib kelinmoqda. Tik zovurlar ochiq va yopiq zovurlarga qaraganda tuproqni tezroq va chuqur sho’rsizlantiradi, sizot suvlar sathini chuqurlashtiradi hamda ularning minerallashganlik darajalarini ko’proq kamaytiradi. Tik zovurlar ochiq va yopiq zovurlar bilan birga aralash holda qo’yilishi yoki o’zi alohida qurilgan bo’lishi mumkin. Tik zovurlarni qurish uchun oldin quduqlarning samarali ish chuqurligi, joyning relyefiga qarab joy tanlash, tuproq qatlamlarining geometrik tuzilishi, gidrogeologik sharoitlari tadqiqot qilinadi hamda shu tadqiqotlar asosida tik zovurlarni qurish ishlarining loyihasi ishlab chiqiladi. Tik zovurlar yuqorida ko’rsatilgan omillarga bog’liq holda 30-70 m dan 100-150m gacha (ba’zan bundan ham chuqur bo’lishi mumkin) chuqurlikda bo’ladi. Ularni qurish uchun dastlab 40-90 sm diametrda burg’u quduqlari kovlanadi. Burg’u quduqlarga 30-50 sm diametrlik metall quvurlar joylashtiriladi, quduq devorlari bilan metall quvur oralig’idagi bo’shliq shag’al (5-15 mm) filtrlar bilan to’ldiriladi. Quvurlarning yer yuzasida 10-15 m dan keyingi qismida teshikchalar qilinadi. Bu teshikchalardan suvlar oqib kiradi. Quvurda to’plangan suv maxsus elektr nasoslar yordamida yer yuziga chiqariladi. Tik zovurlarda geologik va gidrogeologik sharoitlarga qarab sizot suvlarining sathi 5-6 m dan 15-20 m gacha pasayadi. Ularning suv sarfi (debiti) 5-10 l/sek dan 150 - 200 l/sek gacha bo’ladi. Bitta tik zovurning ta’sir doirasi 800-1000 m yoki 100-150 gektardan 150-300 gektargacha etadi. Xulosa Tik zovurlar ma’lum maydonlarga yoki gidrogeologik sharoitlari bo’yicha maxsus yo’nalish chizig’ida joylashtiriladi. Ularning orasidagi masofa 1,5-2 sm, hatto bundan ko’p ham bo’lishi mumkin. Tik zovurlardan chiqarilgan suvlarning sifatiga qarab turli ehtiyojlarda ishlatish mumkin. Masalan chiqarilgan suvning minerallashganlik darajasi juda kam bo’lsa undan aholi va chorvani suv bilan ta’minlashda va qishloq xo’jalik ekinlarini sug’orishda ishlatish mumkin, chiqarilgan suv kuchsiz va o’rtacha (3-6 g/l) minerallashgan bo’lsa bunday suvlarni qishloq xo’jalik ekinlarini sug’orishda qo’llash uchun maxsus sug’orish texnologiyasi talab qilinadi. Tik zovurlardan chiqarilgan suvlar kuchli minerallashgan bo’lganda ular maxsus tarmoqlar orqali ochiq zovurlarga yoki kollektorlarga oqiziladi. Sug’oriladigan dehqonchilik sharoitida yopiq va tik zovurlardan samarali foydalanish muhim masala hisoblanadi. Zovur tarmoqlari ilmiy asoslangan talablar bo’yicha qurilganda va to’g’ri foydalanilganda, ular doimo faoliyat ko’rsatib tuproqning suv va tuz rejimlarini tartibga tushirib, unumdorligini oshirib boradi. Aksincha zovur tarmoqlari sifatsiz qurilganda va noto’g’ri foydalanilganda ularning ish faoliyati buziladi, tez ishdan chiqadi, tuproqda sho’rlanish va botqoqlanish jarayoni boshlanadi, natijada yerrning meliorativ holati yomonlashadi hamda tuproq unumdorligi k eskin kamayib boraveradi. Download 0.75 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling