Shu nuqtai nazardan, davlat va huquq nazariyasining predmetini quyidagicha izohlash mumkin
Download 18.46 Kb.
|
1. Давлат ва ҳуқуқ назариясининг предмети ва методлари (1)
1-MАVZU. DАVLАT VА HUQUQ NАZАRIYaSINING PREDMETI VА METODLАRI Oʼquv mashgʼuloti natijasida tinglovchilarda davlat va huquq nazariyasining predmeti, davlat hokimiyatining belgilari, davlat va huquq nazariyasining metodlari toʼgʼrisidagi tushunchalar shakllanadi. Davlat va huquq nazariyasi – bu davlat-huquqiy hodisalarning vujudga kelishi, rivojlanishi va amal qilishini oʼrganuvchi umumnazariy yuridik qonuniyatlar haqidagi bilimlar tizimidir. Shu nuqtai nazardan, davlat va huquq nazariyasining predmetini quyidagicha izohlash mumkin: Davlat va huquq nazariyasining predmeti – davlat va huquqning vujudga kelishi, rivojlanishi, harakatda boʼlishi (faoliyat koʼrsatishi) va istiqboli toʼgʼrisidagi eng umumiy qonuniyatlarni oʼrganadi. Uning predmetiga faqat amaldagi davlat, huquq munosabatlari, jarayonlari, hodisalarning eng umumiy jihatlarigina emas, balki ular haqidagi tasavvurlar ham kiradi. Davlat va huquq nazariyasi fani davlat va huquq haqidagi qarashlar, gʼoyalar, fikrlar va bilimlar tizimi boʼlib, u davlat-huquq hodisalariga tegishli boʼlgan umumiy qonuniyatlarni oʼrganadi, davlat va huquqni yaxlit institut sifatida koʼrib chiqadi. Davlat va huquq nazariyasi fanida asosiy rolni umumiy tushunchalar bajaradi. Ushbu tushunchalar kategoriyalar deb yuritilib, bular qatoriga “davlat”, “davlat mohiyati”, “davlatning shakli”, “davlatning tipi”, “davlatning funktsiyalari”, “davlat mexanizmi”, “huquq”, “huquqning mohiyati”, “huquq shakli”, “huquqiy munosabatlar”, “huquq tizimi”, “huquq normasi”, “huquqiy ong”, “huquqiy madaniyat” kabilarni kiritish mumkin. Davlat va huquq hodisalari oʼzaro mustahkam aloqada boʼlib, ular bir-birini ifoda etadi. Shuning uchun ham davlat va huquq nazariyasining barcha institutlari birgalikda oʼrganiladi va ular uzviy bogʼliqlikda koʼrib chiqiladi. Taʼkidlash joizki, davlat va huquq hodisalari alohida-alohida soha boʼlmasdan, balki u yagona fan hisoblanadi va nisbatan mustaqil boʼlgan ikkita qismga, yaʼni davlat nazariyasi va huquq nazariyasiga ajratiladi. 1.2. DАVLАT VА HUQUQ NАZАRIYaSI FАNINING BOShQА IJTIMOIY FАNLАR BILАN АLOQАSI Ijtimoiy fanlarning markazida jamiyat, shaxs, uning huquq va erkinligi turadi. Ijtimoiy hayot asosida davlat va huquq toʼgʼrisidagi, uning jamiyat hayotidagi roli va oʼrni haqidagi masalalar yotadi. Ushbu masalalarni barcha ijtimoiy fanlar muayyan darajada oʼrganadi. Shu bois, davlat va huquq nazariyasining falsafa, iqtisodiyot nazariyasi, sotsiologiya, politologiya va boshqa fanlar bilan mustahkam bogʼliqligini koʼrish mumkin. Davlat va huquq nazariyasi oʼz predmetini tadqiq etish jarayonida boshqa ijtimoiy fanlarning metodologiyasiga va ular tomonidan yaratilgan turli maʼlumotlar, axborotlar, nazariyalarga tayanadi. Falsafa fani bilan bogʼliqligi. Falsafa tabiat va jamiyat rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini oʼrganadi. U jamiyat, shaxs, davlat va huquq masalalariga ijtimoiy hodisa sifatida yondashadi va ularni umumiy tarzda koʼrib chiqadi. Davlat va huquq nazariyasi esa falsafa qonuniyatlariga tayangan holda jamiyatda davlat va huquqning vujudga kelishi va rivojlanishi qonuniyatlarini oʼrganadi. Ushbu fanlar bir-birini takrorlamaydi, balki toʼldiradi. Falsafa davlat va huquq hodisalarini bilishning asosidir. Davlat va huquq nazariyasi esa falsafani ushbu hodisalarga oid muayyan qonuniyatlar bilan boyitadi. Davlat va huquq nazariyasi falsafa fani bilan chuqur va mustahkam aloqadadir. Falsafiy dunyoqarash davlat va huquq nazariyasini kengroq oʼrganishga yordam beradi. Dialektik nuqtai nazardan dunyoni anglash davlat va huquqning ichki qarama-qarshiliklarini toʼgʼri tushunish va baholashga yoʼl ochadi hamda ijtimoiy jarayonlarga taʼsir etishga yordam beradi. Sotsiologiya fani bilan bogʼliqligi. Sotsiologiya fani jamiyatni yaxlit, uyushgan tizim sifatida tadqiq etadi. U jamiyat aʼzolarining huquqqa, huquqiy amaliyotga, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga boʼlgan munosabatini hamda ularning davlat va huquq hodisalarining bugungi holati va istiqboliga oid qarashlari va istaklarini oʼrganuvchi fandir. Mazkur fan davlat va huquq nazariyasi fani uchun tegishli maʼlumot va xulosalarni beradi. Oʼz navbatida, davlat va huquq nazariyasi fani ushbu maʼlumot va xulosalarni umumlashtiradi hamda muayyan nazariy-ilmiy taklif va tavsiyalarni shakllantiradi. Siyosatshunoslik fani bilan bogʼliqligi. Siyosatshunoslik fani jamiyat siyosiy tizimini, siyosiy institutlar, siyosiy partiyalar, davlat hokimiyati, jamoat tashkilotlari va ularning faoliyatini, davlat va shaxsning siyosiy-huquqiy munosabatlarini oʼrganadi. Har ikkala fanning ham oʼrganish obʼekti jamiyatni boshqarish bilan bogʼliq masalalar hisoblanadi. Iqtisodiy fanlar bilan bogʼliqligi. Mazkur fanlar jamiyatning iqtisodiy tizimini, yaʼni ishlab chiqarish munosabatlari, moliya, kredit, tadbirkorlik va boshqa shu kabi masalalarni oʼrgansa, davlat va huquq nazariyasi fani esa jamiyat siyosiy tizimining muhim tarkibiy qismi boʼlgan davlat va huquq hodisalariga oʼzining asosiy predmeti sifatida qaraydi. Ushbu fanlarning oʼzaro taʼsiri va aloqasi davlat va huquqning iqtisodiyotga qanchalik bogʼliq ekanligini oʼrganishga va aniqlashga xizmat qiladi. 1.3. DАVLАT VА HUQUQ NАZАRIYaSINING YuRIDIK FАNLАR TIZIMIDАGI OʼRNI Yuridik fanlar quyidagicha tasniflanadi: 1) tarixiy-nazariy yuridik fanlar (Davlat va huquq nazariyasi, Davlat va huquq tarixi, Siyosiy va huquqiy taʼlimotlar tarixi, Huquq falsafasi, Huquq sotsiologiyasi va boshqalar); 2) sohaviy (yoki maxsus, tarmoq) yuridik fanlar (Konstitutsiyaviy huquq, Fuqarolik huquqi, Mehnat huquqi, Maʼmuriy huquq, Moliya huquqi, Soliq huquqi, Yer huquqi, Jinoyat huquqi, Jinoyat-protsessual huquqi, Fuqarolik protsessual huquqi va boshqalar); 3) amaliy yuridik fanlar (Kriminalistika, Sud buxgalteriyasi, Sud meditsinasi, Sud psixiatriyasi); 4) xalqaro huquqiy fanlar (Xalqaro huquq, Xalqaro xususiy huquq, Xalqaro jinoyat huquqi va boshqalar). 1.4. DАVLАT VА HUQUQ NАZАRIYaSI FАNINING METODLАRI Davlat va huquq nazariyasi fanining metodlari davlat va huquq hodisalarini oʼrganish usullari hisoblanadi. Ular davlat va huquqning turli sohalari va jihatlarini ochib berishga koʼmaklashadi. Davlat va huquq toʼgʼrisidagi bilimlarni oʼrganish, toʼplash, umumlashtirish va muayyan tizimga keltirishga yordam beradi. Davlat va huquq nazariyasining metodlari uning predmeti bilan chambarchas bogʼliqdir. Аgarda fanning predmeti u nimani oʼrganadi degan savolga javob bersa, metod (usul)lari esa fanni qanday oʼrganilishi haqidagi savolga javob beradi. Fanning usuli asosida uning predmeti yotadi, chunki nazariyasiz usul predmetsiz qoladi, fan esa – mazmun va mohiyatsiz hisoblanadi. Nazariya va metod bir paytda yuzaga kelgan. Davlat va huquq nazariyasi davlat va huquq hodisalarini oʼrganish uchun oʼzining xususiy metodlarini ishlab chiqadi, lekin shu bilan birga ijtimoiy va tabiiy fanlarning umumiy usullarni ham qoʼllaydi. Download 18.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling