Shukur xolmirzayev hikoyalari badiiyati


Download 12.16 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi12.16 Kb.
#1539032
Bog'liq
Alimbayeva Sevinch maqola


SHUKUR XOLMIRZAYEV HIKOYALARI BADIIYATI
Alimboyeva Sevinch Abdumannop qizi
Chirchiq davlat pedagogika universiteti
O`zbek tili va adabiyoti yo`nalishi 1-kurs talabasi

ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, hikoyanavis yozuvchi Shukur Xolmirzayevning ijodi, xususan, hikoyalari, ularning badiiyati haqida so‘z boradi.
Kalit so‘zlar: hikoya, hikoyanavis, obraz, qahramonlar ruhiyati, badiiy tasvir.
Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor ijodida namoyon bo‘lgan XX asr o‘zbek hikoyachiligi an’analarini Shukur Xolmirzayev shu asrning so‘nggi choragida yanada boyitdi. O‘zbek hikoyachiligini yangi bosqichga ko‘targan uning qator asarlari bu janrning keng miqyosdagi manaman degan namunalari bilan haqli ravishda bo‘ylasha oladi. Adib hikoyalarida siyqasi chiqqan xarakterlar, quruq nasihatgo‘ylik, shablon iboralarni deyarli uchratmaymiz. U doim yangi obrazlar yaratishga intiladi. Asarning kompozitsion qurilishida bir-birini takrorlamaydigan yangiliklar topishga urinadi. Bu borada tajribalar o‘tkazishdan cho‘chimaydi va ko‘pincha, muvaffaqiyatlarga erishadi. O‘zbek kishisi orzu-armonlarining, aksar hollarda, yashirin iztiroblarining yoritilmagan qirralarini, ruhiyatidagi evrilishlarini qalamga oladi. Bu qahramonlar o‘zga yozuvchilarning qahramonlariga o‘xshamagan: goh do‘lvor, goh to‘pori, goh dag‘al va chapani, goh kichkinagina bir muhit vakili. Lekin barchasining ichki dunyosi o‘ziga xos, ruhan teran, insonparvar, e’tiqoddan qaytmaydigan, shularga munosib ravishda mulohaza yuritadigan jonli va hayotiy kishilardir. Bu qahramonlar o‘zligini, millatini, yurt tuprog‘i-yu udumini, dini va diyonatini har narsadan ustun qo‘yadilar. Adolat uchun, haqiqat uchun kurashadilar. Lekin biror qahramon bu maqsadda hech qachon balandparvozlik qilmaydi, ayyuhannos solmaydi. Ular tashqaridan emas, ko‘pincha, ichdan jozibali, istarali, mehr tortar bo‘ladi. Shukur Xolmirzayevning “Bodom qishda gulladi”, “Tabassum”, “O’zbeklar”, “Qadimda bo’lgan ekan”, “Quyoshku falakda kezib yuribdi”, “Ko’k dengiz”, “Navro‘z, navro‘z”, “Xumor” singari hikoyalari so’nggi bosqich o‘zbek adabiyotining bu janrdagi ibratli namunalaridir. Yildan yilga, asardan asarga yozuvchi mahorati sayqal topib borgan. “Hayot abadiy”, ‘Bodom qishda gulladi” singari to‘plamlarga kirgan asarlar, so’nggi yillardagi “Ko’k dengiz”, “Xumor”, “Qadimda bo’lgan ekan” kabi hikoyalar o’zbek adabiyotida o’ziga xos mahoratli yozuvchini paydo qilgan.
Shukur Xolmirzayev Surxon vohasining beqiyos so`limBoysun tumanida tug‘ilib voyaga yetgan. Uning ijodkor sifatida shakllanishiga tug‘ma iste’dodi bilan birga, yurtning shu go`zalliklari o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Buni yozuvchi asarlarida tabiat manzaralarining hayvonot va o‘simlik dunyosining nihoyatda tiniq, ichdan his etish tasvirlanganidan ham bilish mumkin. 8-sinf adabiyot darsligida berilgan “Otning egasi” va “Omon ovchining o‘limi” kabi hikoyalar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, Shukur Xolmirzayev hikoya tilida o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtda qo‘llaniladigan so‘zlar, iboralar, atamalarni ham me’yorida ishlatadi. Bu bilan, avvalo, qahramonlari, ular harakat qilayotgan hudud, yuz berayotgan hodisaning jonli tasviriga erishsa, ikkinchi tomondan, adabiy tilimizleksik qatlamining boyishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Adib asarlarining g’oyalari bir-birini to’ldirib boradi, tasvirlangan qahramonlar harakatidan, tabiatidan chiqarilgan xulosalar bir-birini yanada boyitadi, milliy ozligimizning turli qirralarini alohida xarakterlar orqali tasvirlab, xalq qiyofasidagi yaxlit qiyofaning turli jihatlarini ochib beradi. Yozuvchi asarlari tasvirida tirikchilik qiyinchiliklari bilangina o’ralashib qolmaydi, ma’naviyat masalalariga ham alohida e’tiborni qaratadi. Zamon talotumlari ma’naviyatimiz mustahkamligi va mustaqilligida jiddiy salbiy iz qoldirayotganiga ishora qiladi.

Yozuvchi millat ruhidan kelib chiqmasa, bo‘lmas ekan”, – degan o’z iqrornomasi uning butun ijodini, asarlarini, shaxs sifatidagi tabiatini tutashtirib turadi. Shukur Xolmirzayev asarlari hayotda, inson qalbida yechilmay yotgan muamolarning badiiy tahliliga qaratilgan. Yozuvchi qahramonlari asar g’oyasini, badiiy topilmalarni kitobxon og’ziga chaynab solmaydi. Noshud, hayotda to’g’ri yo’l topolmagan, beo’xshov yoki razil qahramonlarini asar nihoyasiga borib tugatmaydi, yaxshilamaydi. Ularni o'zining badiiy niyati amalga oshirilgan darajada hayotdagiday qoldirib, kitobxon hukmiga havola etadi. Bu uslub asar va qahramon haqida mushohada yuritish uchun o’quvchiga keng imkoniyat qoldiradi. Adib asarlari qahramonlari aksari uning o’zi tug’ilib osgan tuproq – Surxon diyorining mehnatkashlaridir. Asar voqealari sodir bo’ladigan manzil ham ko’pincha shu voha bo’ladi. Shu voha qahramonlari timsoli misolida adib o’zbek xalqining, o’zbek tuprogining o’ziga xosliklarini tajassum etadi. Yozuvchi asar qahramonlarini oqlamaydi ham, qoralamaydi ham. Asosiy e’tiborni ularning qalbi, ma’naviyati, do’stlarga, yangi hayotga, o’zgarishlarga munosabatini ko’rsatishga qaratadi va hukm chiqarishni o’ziga qoldiradi.


Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Sh.Xolmirzayev “Saylanma” I jild Toshkent – 2003

  2. Sh.Xolmirzayev “Kimsasiz hovli” hikoyalar to‘lami Toshkent – 2015

  3. Sh.Sariyev “Adabiyot fanidan yaxlit o‘quv-didaktik majmua” “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati Toshkent 2014

  4. Adabiyot umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-sinfi uchun darslik G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi Toshkent – 2019

  5. Ziyonet.com.kutubxonasi

Download 12.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling