Silikatlar sinfiga litosferani tashkil etuvchi va son jihatdan eng ko‘p bo‘lgan minerallar kiradi. Ularning umumiy soni 800 taga yaqin bo‘lib, yer po‘sti massasining 90 ga yaqinini tashkil etadi


Download 22.07 Kb.
Sana18.06.2023
Hajmi22.07 Kb.
#1570269
Bog'liq
Силикатлар


Silikatlar sinfiga litosferani tashkil etuvchi va son jihatdan eng ko‘p bo‘lgan minerallar kiradi. Ularning umumiy soni 800 taga yaqin bo‘lib, yer po‘sti massasining 90 % ga yaqinini tashkil etadi. Silikatlar ko‘pchilik tog‘ jinslari, ayniqsa magmatik va metamorfik jinslarni hosil qiluvchi asosiy minerallar hisoblanadi.
Silikatli minerallar orasida eng ko‘p tarqalganlari avgit, aktinolit, andaluzit, berill, bronzit, vezuvian, vollastonit, gedenbergit, gipersten, diopsid, dioptaz, jadeit, kaolinit, kianit (disten), kordierit, lazurit, leysit, montmorillonit, nefelin, olivin, pirofillit, dala shpatlari, rogovaya obmanka, rodonit, serpentin, sillimanit, sodalit, spodumen, stavrolit, talk, titanit (sfen), topaz, tremolit, turmalin, xlorit, xrizokolla, seolitlar, sirkon, soizit, egirin va boshqalar hisoblanadi.
Silikatlar tarkibida asosiy elementlardan biri kremniy sanaladi. Silikatlar strukturasida har bir kremniy ioni Si4+ atrofida kislorodning O2- to‘rtta ioni joylashgan bo‘ladi. Bu kremnekislorodli anionli guruhning 4+ fazoviy joylashishi markazida Si4+, uchlarida esa 02- joylashgan tetraedr deb faraz qilinishi mumkin.
Aynan shu kremnekislorodli tetraedr barcha silikatlar strukturasi uchun asos sanaladi. Kremnekislorodli tetraedrlar si­likatlar strukturasida bir-biridan alohida joylashgan yoki kislorodning umumiy ioni orqali bir-biri bilan uchlari orqali tutashgan bo‘lishi mumkin. Shu tariqa oddiy va ancha murakkab bo‘lgan karkasli, orolli, zanjirli va varaqli strukturalar vujudga keladi.
Karkas strukturali alyumosilikatlar yoki turdagi murakkab umumiy radikalga ega bo‘lgan alyumo- va kremnekislorodli tetraedrlarning uch o‘lchamli uzluksiz karkasidan iborat bo‘ladi. Tetraedrlardagi kislorodning barcha atomlari umumiy bo‘lgan karkas strukturasi asos hisoblanadi va karkas faqat kremnekislorodli tetraedrlardan tuzilgan holda u kvars karkasi sifatida neytral bo‘ladi. Alyumosilikatlarda karkas strukturalarining borligi va turli-tumanligi ularda alyumokislorodli tetraedrlarning mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lib, bunda ortiqcha manfiy zaryad turli kationlar bilan kompensatsiyalangan bo‘ladi.
Tashqi sharoitlarda beqaror bo‘lgan karkasli alyumosilikatlar parchalanadi, gidratatsiyalanadi va natijada slyudalar, gidroslyudalar va gilli minerallar vujudga keladi. Ular tarkibi bo‘yicha uch guruhga: dala shpatlari, feldshpatidlar va seolitlarga bo‘linishi mumkin.
Dala shpatlari eng ko‘p tarqalgan jins hosil qiluvchi minerallar hisoblanadi. Ular yer po‘sti massasining 50 % dan ortiqrog‘ini tashkil etadi. Dala shpatlari ko‘pchilik magmatik va metamorfik jinslarning asosiy tarkibiy qismidir. Dala shpatlari keng izomorf qatorlarni: hosil qiladi, odatda tarkibida Sr2+, Va2+ ga ega bo‘ladi. Tarkibi bo‘yicha dala shpatlari ikkita katta guruhga: kaliy-natriyli dala shpatlari (KDSh) yoki oddiy kaliyli dala shpatlari, va natriy-kalsiyli dala shpatlari yoki plagoklazlarga bo‘linadi.
Barcha dala shpatlarining xossalari o‘zaro juda yaqin. Ular yaxshi shakllangan prizmasimon kristallar sifatida turli donali kristalli agregatlarni tashkil etadi. Ko‘pchiligining rangi oq. Dala shpatlari ikki yo‘nalishda, biri mukammal va ikkinchisi o‘rtacha ulanishga ega. Qattiqligi 5-6 orasida o‘zgaradi.
Kaliyli dala shpatlari K-Na izomorf seriyadagi dala shpatlarining sezilarli darajada tarqalgan vakillari hisoblanadi. Ularning tarkibini umumiy shaklda (K,Na) orqali ifodalash mumkin.
Kelib chiqishi - nordon va ishqorli magmatik jinslarda, ularning pegmatitlarida jins hosil qiluvchi mineral hisoblanadi. Metamorfik jinslar gneyslar va kristalli slaneslar tarkibiga kiradi.
Qo‘llanilishi - keramika buyumlari ishlab chiqarish uchun xom ashyo; amazonitdan bezaktosh sifatida foydalaniladi.
Plagoklazlar - albitdan (NaAlSi308) anortitgacha (CaAl2Si208) o‘zgaruvchi tarkibli alyumosilikatli minerallar. Nomi yunoncha plagios - qiyshiq va klasis - yoriq so‘zlaridan kelib chiqqan, ya’ni «qiyshiq parchalanuvchi» ma’nosini anglatadi. Ulanish tekisliklari orasidagi burchak to‘g‘ri burchakdan kichik (86° ga yaqin). Kaliyli dala shpatlaridan tarkibida kaliyning deyarli bo‘lmasligi bilan farq qiladi. Plagioklazlar orasida albit, oligoklaz, andezin, labrador, bitovnit, anortitdan iborat oltita mineral ajratiladi. Bu qatorda albitli komponentlarning (NaAlSi308) kamayib va anortitli komponentlarning (CaAl2Si208) ortib borishi kuzatiladi
Kelib chiqishi - magmatik va metamorfik tog‘ jinslari, pegmatitlar, gidrotermal va sochilma konlarda kuzatiladi.
Qo‘llanilishi - qurilish va bezak toshlar sifatida foydalaniladi. Dekorativ plagioklazlar, ayniqsa labrador va oligoklaz ziynat toshlar sifatida ishlatilishi mumkin.
Feldshpatoidlar (namischa Feldshpat - dala shpati va yunoncha oid - o‘xshash) - tarkibi bo‘yicha dala shpatlariga yaqin bo‘lgan karkasli alyumosilikatlardir. Ular dala shpatlaridan kremnezyom miqdorining pastroqligi va ishqorlar miqdorining ko‘proqligi bilan farq qiladi.
Kelib chiqishi. Feldshpatoidlar yuqori ishqorli magmatik jinslarda dala shpatlari bilan birgalikda kristallanadi. Bundan tashqari, ular metasomatik o‘zgrishlarda va mintaqaviy metamorfizm jarayonlari tufayli hosil bo‘lishi mumkin. Gidrotermal eritmalar ta’sirida feldshpatoidlar parchalanib slyudalar va gilli minerallar hosil bo‘ladi. Yer yuzasi sharoitlarda ularning parchalanishi tufayli kaolinit hosil bo‘ladi.
Download 22.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling