Sintaksis va uning o’rganish manbai
Download 107.5 Kb.
|
333SOMONTIK KOMPONENTLI RAZEOLOGIMLARNING LISONIY XUSUSIYATLARI
SOMONTIK KOMPONENTLI RAZEOLOGIMLARNING LISONIY XUSUSIYATLARI Reja: I.Kirish II. Asosiy qism II.1. Frazeologiya - frazemalarni o`rganuvchi bo`lim II2. O`zbek tilida somatik komponentli frazemalar, ularning leksik-semantik xususiyatlari III. Somatik komponentli frazemalarning iboralar lug`atida berilishi III.Xulosa KIRISH Sintaksis va uning tadqiq manbai. Til o’z ijtimoiy vazifasini sintaktik qurilma - gap vositasida amalga oshiradi. Tildagi barcha - fonetik, leksik, morfologik hodisalar ana shu sintaktik qurilishga xizmat qiladi. Biroq bular sirasida leksika va morfologiyaning til grammatik qurilishidagi ishtiroki bevosita muhimdir. Zero, har qanday sintaktik hodisada so’z va morfologik ko’rsatkichlarni ko’ramiz. Shu boisdan sintaktik mohiyatlarni belgilashda leksik va morfologik omillarga tayaniladi. Grammatika morfologiya va sintaksisni o’z ichiga oladi. Morfologiya, asosan, sintaktik qurilish vositalari bo’lmish grammatik ko’rsatkichlar tizimi - morfologik kategoriyalarni o’rganadi, ularning umumiy va xususiy grammatik ma‘no (UGM va XGM) larini o’rganadi. Shuningdek, u so’z turkumlarining umumiy grammatik xossalarini ham tekshirib keladi. Aslida, morfologiyaning tekshirish manbai yo leksik, yo sintaktik tabiatga ega bo’ladi. Masalan, so’z turkumlari lug’aviy ma‘nosi yaqin so’zlarning yuksak darajadagi umumlashmasi, so’zlarni bosqichma-bosqich birlashtirib borish natijasida hosil qilingan katta guruhlardir. Demak, so’z ma‘nolari umumlashuvi pog’onasining yuqori zinasi morfologik mohiyat sifatida qaraluvchi so’z turkumlaridir. Morfologik ko’rsatkichlar ikkiga bo’linadi: lug’aviy shakl hosil qiluvchi qo’shimchalar; sintaktik shakl hosil qiluvchi qo’shimchalar. Lug’aviy shakl hosil qiluvchi ko’rsatkichlar leksemalarning lug’aviy ma‘nosiga ta‘sir qilib, odatda, leksik ahamiyatga ega bo’ladi. Masalan, o’qigan bola birikmasidagi o’qigan lug’aviy shakli -gan ko’rsatkichini olib, lug’aviy ma‘nosidagi «harakat» semasini kuchsizlantiradi va buning evaziga «belgi» ma‘no bo’lakchasiga ega bo’ladi. Aloqa-munosabat (sintaktik) shakllari so’zlarning lug’aviy ma‘nosiga ta‘sir qilmasdan, ularni sintaktik aloqaga kiritish uchungina xizmat qiladi. Masalan, kitobni olmoq birikmasidagi tushum kelishigi qo’shimchasi kitob leksemasini olmoq fe‘liga tobelash vazifasini bajarmoqda. Aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, so’z turkumlari yuksak lug’aviy umumlashtirish, so’zlarni umumiy belgilari asosida birlashtirish natijasi bo’lsa, grammatik ko’rsatkichlarning bir qismi leksik va bir qismi sintaktik ahamiyatga egadir. Demak, tilshunos I.I.Meshchaninov ta‘biri bilan aytganda, morfologiya aslida leksik va sintaktik jihatlar birligidir. Sintaksis (gr. sintaxys - tuzish, qurish)ning asosi gap haqidagi ta‘limotdir. Gaplar, aslida, so’zlarning erkin birikuvlariga ham asoslanganligi tufayli so’zlarning bog’lanish qonuniyatlari, so’z birikmalari ham sintaksisda o’rganiladi. Atom xususiyatlari va ularning birikish qonuniyatlarini ochish molekula tabiatini o’rganishga bo’ysundirilganligi kabi so’z birikmalarini o’rganish ham gap ta‘limotining tarkibiy qismi bo’lib, undan ajratilgan holda qaralishi mumkin emas. Sintaksis so’zlarning har qanday birikuvlarini emas, balki hokim-tobelik munosabatiga kirishgan erkin nutqiy birikuvlar va ularning lisoniy mohiyatlarini tekshiradi. Qaysidir yo’sindagi so’zlarning birikuvlari sanalmish qo’shma so’zlar (uchburchak, ertapishar, sotib olmoq), frazeologik birliklar (ilonning yog’ini yalagan, po’konidan yel o’tmagan, ko’ngli bo’sh) sintaksisning tadqiq doirasidan chetda qoladi. Chunki ular erkin bog’lanishga ega emas. Sintaksis atamasi, grammatika atamasining o’zi kabi, zulma‘nayn (ikki ma‘noli) dir: 1)tilning sintaktik qurilishi; 2)grammatikaning tarkibiy qismi. Biz atamani ana shu ikkinchi ma‘nosida qo’llab, birinchi ma‘no ifodasi uchun sintaktik qurilish atamasini ishlatamiz. Asosiy sintaktik birliklar. So’z birikmasi va gap sintaksisning asosiy birliklaridir. Shunga ko’ra, sintaksis uchga bo’linadi; so’z shakli sintaksisi: so’z birikmasi sintaksisi; gap sintaksisi; SOMONTIK KOMPONENTLI RAZEOLOGIMLARNING LISONIY XUSUSIYATLARI So’zlarning nutqda o’zaro aloqaga kirishuvidan so’z qo’shilmalari vujudga keladi. So’z qo’shilmalarini ikki guruhga birlashtirish mumkin: gap (osmon tip-tiniq); so’z birikmasi (tip-tiniq osmon); Til jamiyatda aloqa qilish, axborot uzatish vositasi hisoblanadi. Axborot uzatish esa gap orqali amalga oshiriladi. Demak, gap fikr ifodalaydi. So’z birikmasi fikr emas, balki so’z kabi tushuncha ifodalaydi. (Biroq so’z birikmasi ifodalagan tushuncha so’z ifodalagan tushunchadan farqlanadi.) Ko’rinadiki, sintaksisning bosh birligi gap bo’lib, so’z birikmasi so’z kabi bevosita yoki bilvosita uning tashkil etuvchisidir. Sintaktik birliklar – gap va so’z birikmalari – so’zlarning qo’shilishidan hosil bo’lishi, bu qo’shilishning esa turli vosita (qo’shimchalar, yordamchi so’zlar) va usul (masalan, tobe aloqaning turlari) lar orqali yuzaga kelishi sintaksisning boshqa sathlar bilan zich aloqada ekanligini ko’rsatadi. Demak, nutqda: 1.So’z boshqa so’z bilan tobe yoki hokim mavqeda bog’lanadi. Buning uchun u ma‘lum bir grammatik shaklga ega bo’ladi (uyga bormoq, a‘lochi o’quvchi). Grammatik shakllangan so’z sintaksisi so’z shakl sintaksisi deb yuritiladi. 2.So’zlar o’zaro sintaktik bog’lanib, tushuncha ifodalovchi birlik - so’z birikmasi vujudga keladi. So’zlarning o’zaro birikib tushuncha ifodalovchi birlik hosil qilish qonuniyatlarini o’rganish so’z birikmasi sintaksisining vazifasidir. 3.So’zlar o’zaro bog’lanib, fikr ifodalashga ixtisoslashgan nutqiy birlik - gapni shakllantiradi. Gap hosil qilish qonuniyatlari bilan gap sintaksisi mashg’ul bo’ladi. LSQ tushunchasi. Fonetika, leksika va morfologiyada bo’lganligi kabi sintaksisda ham lisoniy va nutqiy jihatlar farqlanadi. Ma‘lumki, lisoniy hodisalar bevosita kuzatishda berilmaganlik (moddiylikdan xolilik), miqdoran cheklilik, takrorlanuvchanlik, ijtimoiylik va majburiylik belgilariga ega bo’lib, bevosita kuzatishda berilganlik, miqdoriy cheklanmaganlik, betakrorlik, individuallik, ixtiyoriylik sifatlariga ega bo’lgan nutqiy hodisalarga qarama-qarshi turadi. Nutqiy sintaktik birliklar sifatida nutqda qo’llaniladigan, sezgi a‘zolariga ta‘sir qiladigan o’qish, yozish, aytish, eshitish mumkin bo’lgan so’z birikmalari va gaplar tushuniladi. Lisoniy sintaktik birliklar esa so’z birikmasi va gap hosil qilish qoliplaridir. Biz ularni lisoniy sathga tegishli bo’lganligi uchun lisoniy sintaktik qolip (qisqacha LSQ) lar deb ataymiz. LSQ nima? G’isht quyuvchi usta g’isht quyishda qolipdan foydalanadi. Loyni qolipning kataklariga joylashtirib, u qolip shaklini olgach, qolipdan chiqarib to’kadi. Qolip asosida qancha g’isht quyilsa ham, g’ishtlarning barchasi bir xil shaklga ega bo’ladi. Bu bir xillik g’ishtlarning o’ziga bog’liq bo’lmay, qolipning xususiyatlari bilan aloqadordir. LSQlar ham g’isht qoliplariga o’xshaydi. Inson ongida ham so’zlash, nutqni shakllantirish maqsadida leksemalarni so’z birikmalari shakliga keltirish, gap hosil qilish qoliplari mavjud. Ular LSQlar, modellar, konstruktsiyalar, qurilmalar tarzida nomlansa-da, aslida, bir tushunchani ifodalaydi. Masalan, kitobni o’qimoq kabi cheksiz birikmalarni chiqaradigan [ot + fe‘l] so’z birikmasi qolipi, qanday nomlanmasin, bu uning mohiyatiga ta‘sir qilmaydi. Qolip va nutqiy hosila (so’z birikmasi va gap) lar dialektik birlikdadir. Qolip nutqiy hosilasiz o’lik va jonsiz, nutqiy hosila esa qolipsiz bo’lishi mumkin emas. Quyida LSQ va nutqiy so’z birikmasi hamda gaplarning bir-biriga o’xshamaydigan, farqli xususiyatlarini bayon etamiz. 1.LSQning moddiylikdan xoliligi va nutqiy hosilaning moddiylikka egaligi. LSQlar jamiyat a‘zolari ongida mavjud bo’lib, kishilarning erkin birikmalar hosil qilish ko’nikmasi sifatida uzoq vaqtlar davomida shakllanadi. Bu ko’nikmalar bo’lmasa, inson birikmalar hosil qila olmaydi. Bunga quyidagi dalil asosida amin bo’lishimiz mumkin. Deylik, biror tilni, masalan, ingliz tilini o’rganmoqchi bo’lgan kishi ongida bu tilga xos birikma tuzish ko’nikmasi - LSQ shakllanmagan bo’lsa, o’zbekcha kitob va o’qimoq so’zlarining ingliz tilidagi a book va to read muqobillarini bilsa-da, birikma hosil qila olmaydi yoxud o’zbek tiliga xos [ot + fe‘l] qolipi asosida a book to read deya oladi, xolos. Ingliz tilida esa kitobni o’qimoq birikmasini hosil qiluvchi LSQ [to V+ the N] ko’rinishida bo’lib, undan to read the book, to write the letter kabi hosilalar paydo bo’ladi. Ma‘lum bo’ladiki, LSQlar jamiyat a‘zolari ongida yashaydi va moddiy qiyofaga ega emas. Uni sezgi a‘zolari asosida bilib bo’lmaydi. Qoliplardan chiqqan nutqiy hosilalarni esa aytish, eshitish, yozish va o’qish mumkin ekan, bu ularning moddiylikka egaligidir. 1.LSQlarning ijtimoiyligi va nutqiy birikmalarning individualligi. LSQlar bir kishi tomonidan emas, balki shu tilda so’zlashuvchi jamiyatning barcha a‘zolari tomonidan uzoq vaqtlar davomida shakllangan. Shuningdek, ular bir kishi uchun emas, balki jamiyatning shu tilda so’zlashuvchi barcha a‘zolari uchun birday xizmat qiladi. Bu LSQlarning ijtimoiy tabiatga egaligini ko’rsatadi. LSQlar asosida vujudga keluvchi nutqiy hosilalar har bir kishi nutqida o’ziga xosdir. Masalan, kitobni o’qimoq so’z birikmasi har bir so’zlovchi nutqida o’zgachadir. Bu nutqiy hosilalar kimning nutqiga tegishliligi, aytilgan o’rni va zamoni, aytilish maqsadi va sharoiti kabi qator belgilari bilan bir-biridan farqlanadi. Hatto bir kishi nutqida aytilgan ikkita (kitobni o’qimoq va kitobni o’qimoq) so’z birikmasidan ikkinchisi birinchisining aynan takrori emas. Zero, bu nutqiy hosilalar hech bo’lmaganda zamoni bilan farqlanadi. Nutqiy hosilalarning individualligi (alohidaligi)ni ana shunday tushunmoq lozim. 2.LSQlarning takrorlanuvchanligi va nutqiy hosilalarning betakrorligi. Qolip har bir g’ishtda o’z izini qoldiraverganligi kabi LSQ ham har bir so’z birikmasi va gapda takrorlanaveradi. Lekin ikkinchi g’isht birinchi g’ishtning takrori bo’lmaganligi kabi, nutqiy hosilalarga ham betakrorlik xos. Aslida borliqda bevosita kuzatishda berilgan birorta hodisada takroriylik yo’q. Kesilgan daraxtni, qayta ekib bo’lmaganligi kabi qolipdan chiqqan so’z birikmasini qayta aytish, yozish mumkin emas. Qayta aytilgandek tuyulgan so’z birikmasi, aslida, boshqa hosiladir. 3.LSQlarning cheklanganligi va nutqiy hosilalarning cheksizligi. G’isht qolipi bitta, undan chiqqan g’ishtlarning hisobiga yetib bo’lmaydi. Shuningdek, deylik, [ott.k.+fe‘l] qolipi bitta bo’lib, undan kitobni o’qimoq, qalamni sotmoq kabi so’z birikmalarini ming-minglab hosil qilish mumkin. Bugungi kunda o’zbek tilida so’z birikmasi hosil qilishning 18 ta ustuvor qolipi aniqlangan. (Ular haqida “So’z birikmasi” faslida bahc yuritiladi.) Bu qoliplardan chiqqan, chiqayotgan va chiqadigan nutqiy so’z birikmalari miqdorini tasavvur ham qilib bo’lmaydi. Gap qoliplari va ularning hosilalari ham xuddi shunday. 4.LSQlarning majburiyligi va nutqiy hosilalarning ixtiyoriyligi. O’zbek tilida so’zlashuvchi kishilar nutq jarayonida so’z birikmasi tuzishga ehtiyoj sezar ekan, bunda LSQning yuqorida aytilgan 18 ta turidan foydalanishga majbur. Ularning LSQlarni o’zgartirishga, yangi-yangi LSQlar tuzishga til “qonunchiligi” tomonidan yo’l qo’yilmadi. Biroq nutqiy so’z birikmasi hosil qilish-qilmaslik, qanday so’zlarni tanlashi so’zlovchining ixtiyorida bo’lib, xohlasa tuzib, xohlamasa tuzmasligi mumkin. LSQ umumiylik va nutqiy hosila yakkalik sifatida. LSQ umumiylik sifatida ko’plab nutqiy hosilalardagi umumiy belgi-xususiyatlarni o’zida jamlaydi. Masalan, kitobni o’qimoq, xatni yozmoq va qo’yni sotmoq birikmalaridagi kitobni, xatni, qo’yni tobe a‘zolari quyidagi umumiy belgilarga ega: ot turkumiga mansublik; tushum kelishigi bilan shakllanganlik; tobe a‘zolik. Bu uch umumiylik [ot + fe‘l] LSQsining ot uzvida mujassamlangan. LSQning keyingi uzvi haqida ham shunday fikrni aytish mumkin. Nutqiy hosila esa boshqa nutqiy hosilalarga mutlaqo o’xshamaydigan yakkalikdir. Aytilganidek, muayyan nutqiy hosilada muayyan lug’aviy ma‘noli birliklar muayyan makon va zamonda erkin nutqiy birikma hosil qilgan bo’ladi. 2.LSQ mohiyat va nutqiy hosila hodisa sifatida. LSQ nutqiy hodisalar zamirida yashiringan, ularning ichki, barqaror, o’zgarmas mohiyati bo’lib, u nutqiy hosilalardagi rang-barangliklarga befarqdir. Nutqiy hosila esa bu mohiyatni turli nutq sharoitlariga mos ravishda rang-barang ko’rinishlarda aks ettiruvchi, biroq mohiyat chegarasidan tashqariga chiqa olmaydigan vaqtinchalik hodisadir. Masalan, [ot + fe‘l] qolipi o’zgarmasdan turadi. Ammo uning hosilalari uyni supurmoq, qog’ozni yirtmoq, xatni jo’natmoq, derazani bo’yamoq kabi turfa ko’rinishlarda bo’ladi. Bu rang-baranglikning barchasi, u qancha ko’p bo’lmasin, tushum kelishigidagi tobe ot va fe‘l doirasidan chetga chiqa olmaydi. Nutqiy hosila LSQning o’zgarmasdan, turlicha namoyon bo’lishini ko’rsatsa, LSQ nutqdagi xilma-xil hosilalarni bir asosga birlashtiradi. 3.LSQ imkoniyat va nutqiy hosila voqelik sifatida. LSQlar voqelikka aylanmagan, namoyon bo’lishi uchun zarur shart-sharoit va ehtiyoj talab etiladigan imkoniyatdir. Nutqiy hosilalar esa ana shu imkoniyatning yuzaga chiqishi, voqelikka aylanishidir. 4.LSQ - sabab, nutqiy hosila uning oqibatdir. LSQ - bu o’ziga muvofiq keladigan biror natija keltirib chiqaruvchidir. Chunki sabab biror ta‘sirning boshlanish nuqtasi bo’lib, u ma‘lum bir natija, oqibatni yuzaga keltiradi. LSQ natijasida kelib chiqadigan oqibat shunday hosiladir. Sabab oqibatdan oldin kelganligi kabi LSQ ham nutqiy hosiladan oldin kelib, uning qanday bo’lishini belgilaydi. LSQning asosiy turlari. Lisoniy birikmalarning qoliplar asosida birikuvidan vujudga kelgan nutqiy hosilalarni 3 guruhga birlashtirish mumkin: yasama so’zlar; so’z birikmasi; gap. (ishla) yasama so’zi [ish] leksemasi va [lar] morfemasining, kitobni o’qimoq nutqiy so’z birikmasi [kitob] va [o’qi] leksemalarining, O’qidim gapi esa [o’qi] leksemasi va [-dim] kesimlik kategoriyasi shaklining birikishidan hosil bo’lgan. (ishla) so’zi [ot+la = asosdan anglashilgan narsa bilan shug’ullanmoq] so’z yasash qolipi mahsuli bo’lsa, kitobni o’qimoq so’z birikmasi [ot +fe‘l] LSQsi, O’qidim gapi esa [WPm] qolipi hosilasidir. Bular sirasida so’z yasash va so’z birikmasi qoliplari tushuncha ifodalovchi - atash(nominativ) vazifa bajaruvchi hosilalarni beradigan qoliplar bo’lsa, gap qolipi fikr ifodalovchi (kommunikativ) hosilalarni tug’diruvchi qoliplar hisoblanadi. So’z yasash qolipi lisoniy bo’lsa-da, lekin sintaktik mohiyatga ega emas. Shuning uchun u lisoniy derivatsion qolip (LDQ) sifatida so’z yasalishi bo’limida qoldirilib, sintaksisda erkin sintaktik hosilalar beruvchi, ya‘ni so’z birikmasi va gap qoliplari tekshiriladi. An‘anaviy va sistemaviy (struktural) sintaksis. An‘anaviy sintaksis bevosita kuzatishda berilgan, nutqiy sintaktik hodisalarni o’rganadi. Boshqacha aytganda, u yakkalik, hodisa, voqelik, oqibat sifatidagi nutqiy hosilalar bilan band bo’lib, umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab sifatidagi lisoniy birliklarni (nutqiy birliklarning lisoniy tomonini) o’rganishni sistemaviy (struktural) sintaksis hukmiga havola etadi. Shuningdek, an‘anaviy sintaksis kitob va o’qimoq so’zlari orasidagi sintaktik aloqani ham tekshiradi. Zero, bundagi o’qimoq fe‘lining tushum kelishigidagi so’zni boshqaruvi ham bevosita kuzatishda berilgan nutqiy hodisadir. Lekin bu aloqa uchun [o’qi] leksemasining biriktirish imkoniyati bo’lmish ob‘ekt valentligi bevosita kuzatishda berilmagan. Bu esa struktural sintaksis tomonidan tekshiriladi. Struktural sintaksis tadqiqotlari uchun an‘anaviy sintaksis tomonidan qo’lga kiritilgan yutuqlar zamin, poydevor vazifasini o’taydi. Demak, an‘anaviy sintaksissiz struktural sintaksisning bo’lishi mumkin emas. An‘anaviy sintaksis esa struktural sintaksissiz ham ish ko’raveradi. Zero, struktural sintaksis mohiyatni tadqiq etar ekan, buning uchun hodisalar jamlangan bo’lishi kerak. Hodisani jamlash uchun esa struktural sintaksis tiklaydigan mohiyatga ehtiyoj sezilmaydi. Har bir nutqiy parchada turli sath hodisalari qorishgan holda voqelanadi. Masalan, Salim keldi gapida fonetik (tovushlar tizimi, ohang), leksik (so’zlar), morfologik (grammatik shakllar) va uslubiy (masalan, so’zlovchining munosabati yoki uslubiy betaraflik) sathlar o’z izini qoldirgan. An‘anaviy sintaksis nutqiy parchani shu holida, turli mohiyatlar zarralarining qorishmasi sifatida o’rganadi va uning qorishmaligiga e‘tibor qaratmaydi. Struktural sintaksis esa nutqiy parchada qorishiq holatdagi sintaksisga daxldor bo’lmagan jihatlarni e‘tibordan soqit qiladi. An‘anaviy sintaksis keltirilgan gapni muayyan (aniqlik) sifatida e‘tirof etsa, struktural sintaksis unda turli hodisalar qorishganligi sababli mohiyatini anglash mushkulligini hisobga olgan holda mavhum (noaniq)lik sifatida qaraydi. Qorishiq hodisalar chetlashtirilgan mohiyat “tozalangan”ligi uchun struktural sintaksis tomonidan muayyanlik, bevosita kuzatishda berilmaganligi uchun esa u an‘anaviy sintaksis tomonidan mavhumlik sifatida qaraladi. Demak, an‘anaviy sintaksis asosiy diqqatini hodisalarning zohiriy (bevosita kuzatishda berilgan) tomoniga, struktural sintaksis esa botiniy (bevosita kuzatishda berilmagan, ichki) tomoniga qaratadi. Ular bir-birini ham taqozo, ham inkor etadi. An‘anaviy sintaksis hodisalar bilan, sistemaviy sintaksis mohiyatlar bilan shug’ullanadi deb ularning vazifalarini butunlay qarama-qarshi qo’yish yaramaydi. Chunki an‘anaviy sintaksis mohiyatga intilganligi kabi sistemaviy sintaksis ham faqat an‘anaviy sintaksis to’plagan hodisalargagina tayanadi. Bunda an‘anaviy va sistemaviy sintaksisning o’rganish manbalari jihatdan qarama-qarshiligi so’nadi. Tasnif (arabcha «saralash», «tartibga solish») narsa va predmetlarni aniq va doimiy o’ringa ega bo’lgan guruh (sinf)larga bo’lishdir. Agar tasnif ilmiy asosga ega bo’lsa, u uzoq davr mobaynida amal qiladi. Masalan, ximiyaviy elementlar tasnifi bugungi kunda ular soni 200 dan oshib ketayotgan bo’lsa-da, o’zgarmasdan amal qilmoqda. Tasnif oddiy bo’lishdan barqaror tabiatliligi bilan ajralib turadi. To’g’ri, tasniflashda ham oddiy bo’lishda amal qiladigan barcha tamoyillar asos bo’lib xizmat qiladi. Ya’ni tasnifda ham bo’lishdagi kabi: 1) tasniflangan bo’laklar hajmi tasniflanayotgan butunlik hajmiga teng bo’lishi; 2) tasnif bir asosda amalga oshirilishi; 3) tasnif (tasniflangan) guruhlar bir-birini inkor qilishi; 4) tasnif uzluksiz bo’lishi, ya’ni unda «sakrash» bo’lmasligi lozim. Bu qoidalarni qisqacha sharhlaymiz. 1.Tasniflangan guruhlar hajman tasniflanuvchi butunlikka mos kelishi. Masalan, fonemalar unli va undoshlarga, leksemalar mustaqil va nomustaqil leksemalarga, qo’shimchalar so’z yasovchi va grammatik qo’shimchalarga ajraladi. Agar tasniflangan guruhlar soni ancha ko’p bo’lsa «va boshqalar», va «va hokazo» tarzida sanashni tugatish xam mumkin. Masalan, fe’llarning mavzuiy guruhlari harakat fe’llari, nutq fe’llari, tafakkur fe’llari, yurish fe’llari va xokazo kabi. Bu qoidaning buzilishi quyidagi xatolarga olib keladi: a)noto’liq tasnifda turning barcha jinslari to’liq sanalmaydi. Masalan, «So’z yasovchilar, ot yasovchilar va fe’l yasovchilarga bo’linadi» kabi. Chunki so’z yasovchilar aytilganlardangina iborat emas. b)ortiqcha a’zoli tasniflar tasniflangan guruhlar hajman tasniflanuvchi butunlikdan katta bo’ladi. Masalan, «unlilar lablangan, lablanmagan va bo’g’iz turlariga ega». 2.Tasnif bir asosda amalga oshirilishi lozimligi. Tasniflanuvchi butunlikni guruhlarga bo’lishi bir belgi, asos, mezon asosidagina amalga oshirilmog’i lozim. Masalan, so’z turkumlari uch belgi-morfologik, semantik va sintaktik belgilar asosida tasniflanishi mumkin. Lekin har bir tasnifda ularning birigagina tayaniladi. Tasnifda bunga rioya qilmaslik ikki xil xatoni keltirib chiqaradi: a) tasnifni amalga oshira olmaslikni keltirib chiqaradi. Masalan: so’zlar morfologik jihatdan o’zgaruvchi va o’zgarmas so’zlarga, semantik jihatdan avtosemantik (mustaqil ma’noli) va sinsemantik (nomustaqil ma’noli) so’zlarga bo’linadi. Lekin ularni bir paytning o’zida morfologik va semantik tasnif qilib bo’lmaydi. Chunki o’zgarmas so’zlar avtosemantik ham, sinsemantik ham bo’lishi mumkin. Masalan, ko’makchilar o’zgarmas, sinsemantik, sifatlar o’zgarmas, avtosemantik so’zlardir. b) tasnifning bir bosqichining o’zida goh u, goh bu asosni qo’llash yoki biridan ikkinchisiga o’tish tasnif izchilligiga putur yetkazadi. Masalan: ergashgan qo’shma gaplarning an’anaviy tasnifida ular dastlab sintaktik belgi asosida (ega ergash gap, kesim ergash gap, to’ldiruvchi ergash gap, aniqlovchi ergash gap) boshlanib, semantik asos bilan davom etar va tugar edi: payt ergash gap, shart ergash gap, o’rin ergash gap, to’siqsiz ergash gap, natija ergash gap va h. An’anaviy usulda tasnif dastlab sintaktik belgi asosida amalga oshirilib, ikkinchi bosqichda semantik tasnif amalga oshirilsa, ma’qul bo’lur edi. 3.Tasnif a’zolari (guruhlari) bir-birini inkor etishi lozim. Masalan: undoshlar til oldi, til o’rta, til orqa, bo’g’iz, jarangli, jarangsiz turlardan iborat deyilgan tasnifda a’zolarning ayrimlari boshqalarini inkor eta olmaydi. Ya’ni jarangli undoshlar til oldi undoshlari bilan zidlana olmaydi, til oldi va til o’rta undoshlari bir-birini inkor etish xossasiga ega.., 4.Tasnifda sakrash bo’lmasligi lozim. Agar «kesimlar sodda kesim, murakkab fe’l kesim, murakkab ot kesimga bo’linadi» degan xatoga yo’l qo’ygan bo’lamiz. Chunki dastlab kesimni sodda va murakkabga, so’ngra ularni fe’l va ot kesim turlariga bo’lish to’g’ri va izchil tasnifni beradi. Tasnifning bo’lishdan farqi shundaki, bo’lishda a’zolar guruhlanishi shart emas. Masalan, lablanmagan unlilar i,e,a dir deyish tasnif emas, balki bo’lishdir. Tasnif xarakteriga ega bo’lish uchun i yoki a guruh (sinf) bo’lib, o’z navbatida, yana bo’linib ketishi lozim edi. Unlilarni lablangan va lablanmagan unlilarga bo’lish tasnif bo’lib, lablanmagan yoki lablangan unlilarni bo’lish oddiy bo’lish bo’lsa-da, tasnif maqomida emas. Tasnif dixotomik, politomik yoki dixopolitomik bo’lishi mumkin. Dixotomik tasnifda birliklar ikki guruhga ajratiladi: «fonemalar unli va undoshlarga ajraladi» kabi. Politologik tasnifda guruhlar soni ikkidan ortiq bo’ladi: «Grammatik qo’shimchalar lug’aviy shakl hosil qiluvchilar, sintaktik shakl hosil qiluvchilar va lug’aviy sintaktik shakl hosil qiluvchilarga bo’linadi», yoki fe’llar nutq fe’llari, ruhiy-holat fe’llari va h. Dixopolitomik tasnifda tasniflanuvchi butunlik dastlabki bosqichda ikkiga, keyingi bosqichda ikkidan ortiq sinfga ajraladi. Tasnifda tasnif asosini tanlash muhimdir. Chunki biror narsalar tizimini turli asoslarda tasnif qilish turli natijalarni beradi. Masalan, undosh fonemalarni ovoz va shovqinning ishtirokiga ko’ra jarangli va jarangsizlarga, hosil bo’lish o’rniga ko’ra lab, til, bo’g’iz undoshlariga tasniflash mumkin1. Lisoniy tasnif tasniflanayotgan birliklarning ichki, zotiy belgilariga ko’ra yoki muhim bo’lmagan zohiriy xossalariga asoslangan bo’lishi mumkin. Shu boisdan tabiiy yoki yordamchi tasniflar farqlanadi. Tabiiy tasnifda lisoniy birliklarning ichki, barqaror belgilariga tayaniladi. Biz yuqorida tabiiy tasnifga misollar keltirdik. Yordamchi tasnifda birliklarning ontologik bo’lmagan xossalarini bildiruvchi belgilariga tayaniladi. Masalan, «so’zlarning bo’g’in sonlariga ko’ra tasnifi bir bo’g’inli, ikki bo’g’inli va ko’p bo’g’inli so’zlar», «unlilarning tilni gorizontal holatiga ko’ra tasnifi» va h. Til murakkab qurilishli ijtimoiy hodisa bo’lib, kishilarga fikrlash, fikrlashuv quroli sifatida xizmat qiladi. Dastlab tilning ikki holati farqlanadi. Lison va nutq. Lison – tilning kishi miyasidagi til xotirasi markazida mavjud birliklardan va ulardan foydalanish qoidalaridan iborat boylik. Nutq esa ana shu boylikdan foydalanish jarayoni va shunday jarayonning hosilasi. Lison kishi miyasida mavjud mavhum hodisa bo’lib, uni aql bilan idrok qilamiz; nutq esa ana shu mavhum hodisadan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan moddiy hodisa bo’lib, uni talaffuz birliklari sifatida eshitamiz. Lisonga mansub, ya’ni til xotirasida mavjud hodisalarga lisoniy birliklar deyiladi; lisoniy birlikning nutqda moddiy shakl olgan holatiga nutqiy birlik deyiladi. Demak, har bir kishining miyasida lisoniy birliklarning ramzlaridan va ulardan foydalanish qoidalaridan iborat boylik bor, har bir kishi ehtiyojiga qarab bu boylikdan foydalanib nutq hosil qiladi. II. Inson tili asosini tovush tashkil qiladi: tilda bor hodisalar tovushlarda reallashadi. Tovush til birligi sifatida boshqa til birliklari uchun qurilish birligi bo’lib xizmat qiladi. Shunga ko’ra til tovushi til birliklarining birlamchi ifoda jihati deyiladi. Til tovushi lisoniy birlik sifatida miyadagi til xotirasi markazida ma’lum bir ramz sifatida aks etadi. Ana shu ramzda til tovushiga xos belgi-xususiyatlar haqida axborot bo’ladi. Masalan, u tovushi haqida «ovozdan iborat», «og’iz bo’shlig’i tor holatda», «tovush hosil bo’lish oralig’i til sathining orqa qismida», «lablar aktiv qatnashadi» kabi axborot bor. Inson faoliyatini, shu jumladan til faoliyatini ham boshqaruvchi miya markazidan u tovushini aytish haqida «ko’rsatma» (impuls) berilsa, shu tovushning ramzida mujassamlashgan axborotga binoan tovush hosil qilish a’zolari harakatga kelib, ko’rsatmaga binoan ma’lum holat egallaydi va o’pkadan chiqayotgan havo ma’lum nutq tovushi sifatida, nutqiy birlik sifatida namoyon bo’ladi. Til xotirasida shu tildagi barcha til tovushlarining ramzi bo’ladi, bu ramzlar shu tildagi tovushlarning artikulyasion bazasini (nutq a’zolarini tovush hosil qilishga jalb etish ko’nikmalari yig’indisini) tashkil qiladi. Boshqa tilga mansub til birligi sifatida uchraydigan begona tovushning noto’g’ri talaffuz qilinishi bunday tovush uchun til xotirasi markazida maxsus ramzning yo’qligi bilan izohlanadi: bunday tovush uchun til xotirasida ramz paydo bo’lsa, shundan keyingina bu tovushni to’g’ri talaffuz qilishga erishiladi. Masalan, o’zbek tiliga turkiy til sifatida sirg’aluvchi j tovushi xos bo’lmagan, eroniy til egalari bilan uzoq muddat birga yashash, doimiy muloqatda bo’lish natijasida bu tovush ajdar, mujda, gijda kabi til birliklari tarkibida o’zbek tiliga qabul qilingan, natijada bu tovush uchun til xotirasi markazida alohida ramz paydo bo’lgan. Tovush ramzlari til xotirasida o’zicha emas, balki til birliklariga biriktirilgan holda mavjud bo’ladi. Til birligi ikki jihatning: ifoda jihatining (plan vыrajeniya) va mazmun jihatining (plan soderjaniya) bir butunligidan iborat. Til tovushi ana shunday til birligining ifoda jihati bo’lib xizmat qiladi. Masalan, o’zbek tilidagi qo’l- til birligining ifoda jihati bo’lib q,o’, l til tovushlarining shunday tartibda joylashgan tizimi xizmat qiladi. Ifoda jihatining o’zi hali til birligi emas, u til birligining faqat bir jihati. Yuqorida aytilganidek, til birligi bo’lish uchun ma’lum ifoda jihatiga ma’lum bir mazmun jihati birkitilishi va bu birkitilish til xotirasida aks etishi lozim. Yuqorida keltirilgan q, o’, l (qo’l) tovushlari tizmasiga «gavdaning yelkadan ajralib, barmoq uchigacha davom etadigan qismi» mazmuni birkitilganidan keyingina qo’l- tovushlari tizmasi til birligiga aylanadi. Demak, til tovushi til birliklarining faqat ifoda jihati bo’lib xizmat qiladi, unga mazmun jihati xos emas; shu tufayli til tovushi tilning bir jihatli birligi, til birligining qurilish ashyosi deyiladi. Til tovushiga uch xil: artikulyasiyasi, akustikasi va vazifasiga ko’ra baho beriladi. Tovushning akustik xususiyatlari artikulyasion xususiyatlariga bog’liq, shunga ko’ra bularni birlashtirib, artikulyasion-akustik xususiyatlar haqida gapiriladi. Bunday xususiyatlar fizik-fiziologik xususiyatlar deb ham yuritiladi. Til tovushining artikulyasion-akustik xususiyatlari haqidagi axborot miyaning til xotirasi markazida aks etgan ramzlarda mavjud bo’ladi. III. Til tovushlariga vazifasiga ko’ra baho berish bilan fonema nazariyasi yuzaga keldi. Fonema ham til tovushi, lekin har qanday tovush fonemaga teng bo’lavermaydi. Til tovushlari tizimi shu tildagi fonemalar tuzumidan ko’p bo’ladi deyiladi: har bir til tovushi o’z belgi-xususiyatlarini qisman o’zgartirib, bir necha ko’rinishda namoyon bo’lishi mumkin. Masalan, uyqu- birligi oxiridagi unli an’anaga binoan u harfi bilan yoziladi, amaliyotda esa bu yerda u tovushidan ko’ra i tovushini aytish ko’p uchraydi. Demak, uyqu- birligi oxiridagi u tovushi i tovushi tarzida ham talaffuz qilinadi. Bu yerda ikki xil tovush talaffuz qilinishiga qaramay til birligi aynan saqlanadi, boshqa til birligi bo’lib qolmaydi. Ko’rinadiki, bu til birligining til xotirasidagi ramzi tarkibida uning oxiridagi unli ikki xil: u va i tovushlari tarzida talaffuz qilinishi haqida axborot bor. O’zbek tilida u tovushi va i tovushi ayrim-ayrim birlikka, til birliklarining ifoda jihati bo’lib xizmat qiluvchi ayrim-ayrim fonemaga teng (bur-, bir- birliklarida bo’lgani kabi); shu bilan birga uyqu-, uyqi- birligida bu ikki tovush ayni bir fonemaning ikki ko’rinishi sifatida namoyon bo’layotgani ham shubhasiz. Bir fonemaning ko’rinishlari sifatida namoyon bo’luvchi bunday ikki va undan ortiq tovush shu fonemaning allofonemalari deyiladi (Adabiyotlarda allofon termini ishlatiladi).1 Til xotirasidagi ramzda fonemaning qanday allofonemaga egaligi haqida ham axborot bo’ladi. Agar fonema allofonemalarga ega bo’lmasa, nutqda fonemaning o’zi, agar fonema allofonemalarga ega bo’lsa, shu allofonemalardan biri reallashadi. Fonemaning nutqda reallashgan holati fon deb yuritiladi. Fonema, uning allofonemalari lisoniy birlik, fon esa nutqiy birlik deyiladi. Fonema, til tovushi kabi, bir jihatli-ifoda jihatining o’zigagina teng bo’lib, til birligining ifoda jihati uchun qurilish ashyosi bo’lib xizmat qiladi. Demak, fonema - til birligining ifoda jihati bo’lib keluvchi va shu vazifasi bilan til birliklarini o’zaro farqlashga xizmat qiluvchi til tovushi yoki til tovushlari zanjiri. Masalan, hozirgi o’zbek tilida d tovushi bilan ifodalanadigan fonema (dala- birligidagi kabi) va t tovushi bilan ifodalanadigan fonema (tun- birligidagi kabi) mavjud. Shu bilan birga t tovushi d tovushining pozision ko’rinishi sifatida namoyon bo’lishi ham mavjud: obod - obot (lekin obodonchilik) kabi. Bu misolda d fonemasining allofonemalari deb d va t tovushlarini ko’rsatishi kerak. Demak, d fonemasining ma’lum pozisiyada (bu yerda - til birligining oxirida) jaranglilik xususiyatini yo’qotib, jarangsiz t tovushi bilan ifodalanishi mumkinligi haqidagi axborot d fonemasining til xotirasidagi ramzida bor. Asli fonema nazariyasi til tovushlari doim o’z aynanligini saqlamasligi, turli-tuman o’zgarishlarga uchrashi, lekin har qanday tovush o’zgarishi til birligining o’zgarishiga olib kelavermasligini ta’kidlash uchun yaratildi. IV. Til tovushi va fonemani alohida-alohida birliklar deb qarash to’g’rimi yoki bularni ayni bir birlik deb qarash kerakmi? Adabiyotlarda dastlab tovush, nutq tovushi ta’kidlanib, shuning yonida «yoki fonema», «aniqrog’i-fonema» kabi qo’shimcha izohlar berilgan bo’lsa, keyinchalik til birliklari qatorida faqat fonema ko’rsatilib, til tovushi bu qatordan tushirib qoldiriladigan bo’ldi. To’g’ri, til tovushi ham, fonema ham bir tomonlama birlik: til birliklarining ifoda jihati bo’lib xizmat qiladi. Bunday vazifa fonemaga olib berilganiga qaramay, til tovushi til qurilishining birlamchi birligi ekani yo’qqa chiqmaydi. Bundan tashqari, til tovushi asosida voqye bo’ladigan bo’g’inni hisobga olsak, til tovushini alohida til birligi deb qarash asosli ekani ko’rinadi (Supersegment deb baholanadigan urg’u hodisasi ham til tovushi asosida voqye bo’ladi). Til tovushi va fonema o’zaro yana bir jihati bilan farqlanadi: til tovushi doim segment birlik sifatida namoyon bo’lsa, fonema ayrim hollarda nol ko’rsatkichli bo’lishi mumkin. Masalan, singil- birligining ifoda jihati besh fonemadan iborat; xuddi shu birlikki egalik qo’shimchasi qo’shilsa, ikkinchi bo’g’indagi i tovushi talaffuz qilinmaydi; shunday holatlarda fonema yo’qolmaydi, balki nol ko’rsatkichli holatga o’tadi deyiladi; bunday birlikning fonemalar tarkibi s-i-ng-Æ-l shaklida yozib ko’rsatiladi; shunga ko’ra bu yerda i fonemasining nol ko’rsatkichli allofonemasi haqida gapiriladi. Xullas, til birliklarining qurilish ashyosi sifatida til tovushlari mavjud, ularni til birliklarining qurilish birliklari sifatida ajratish kerak; til tovushi lisoniy birlik sifatida til xotirasidagi ramzlarga teng, nutqiy birlik sifatida esa aniq bir tovushga (talaffuz birligiga) teng. Fonema esa til tovushlaridan til birliklariga ifoda jihati bo’lib kelishi orqali ularni bir-biridan farqlovchi til birligi sifatida ajratiladi. V. Birlamchi til birliklari umumlashtirib morfema termini bilan nomlanar edi, keyinchalik morfema terminini grammatik ma’no ifodalovchi birlikning nomi sifatida ishlatib, leksik birlikni leksema deb nomlashga o’tildi. Bu ikki til birligidan leksema asosiy, yetakchi, morfema esa yordamchi. Til birligi sifatida leksema ifoda va mazmun jihatlarining bir butunligidan iborat. Tub deb qaraluvchi leksemalarda ularning ifoda jihati bo’lib fonemalar xizmat qiladi. Leksemaning mazmun jihatida ikki hodisa farqlanadi: ma’lum bir voqyelikni nomlashi (nominativ vazifa bajarishi) va ma’lum bir ma’noni anglatishi (signifikativ vazifa bajarishi). Masalan, yuqorida keltirilgan qo’l- misoli tub leksema bo’lib, uning ifoda jihati vazifasini q, o’, l fonemalarining shunday tartibdagi tizimi bajaradi; bu fonemalar tizimiga kishi tanasidagi ma’lum bir qismning nomi bo’lish va ma’lum ma’noni anglatish birkitilgan. Leksema til birligi sifatida fonemalarni ketma-ket qo’shib hosil qilinmaydi, fonemalar birlashmasi o’zicha mazmun jihatiga ega bo’lmaydi, ifoda jihatiligicha qoladi. Ana shu ifoda jihatiga ma’lum mazmun jihatini birkitish natijasida tub leksema yuzaga keladi. Demak, fonema bilan tub leksema orasida iyerarxik munosabat, tashkil qiluvchilik munosabati yo’q, leksema til birligi sifatida fonemalar tizimiga ma’lum bir mazmunni birkitish bilan yuzaga keladi. Til xotirasida har bir leksemaning til birligi sifatida o’z ramzi bo’ladi, ana shu ramz asosida leksema nutqda talaffuz birligi sifatida namoyon bo’ladi. Shunga ko’ra bu til birligi lisoniy birlik holatida leksema deb, nutqiy birlik holatida esa leks deb yuritiladi1. Til birligi sifatida leksemaning ifoda jihati bir necha ko’rinishda namoyon bo’lishi mumkin. Yuqorida keltirilgan uyqu- - uyqi-, obod- - obot-, singil- - singl- misollarida u - i, d - t, i - Æ allofonemalari asli ushbu leksemalar tarkibida voqye bo’ladi, demak, allofonemalar shu tildagi tovush o’zgarishlari qoidalariga binoan ma’lum leksemalarga bog’liq holda yuzaga keladi. Leksema tub bo’lsagina, uning ifoda jihati bo’lib fonema xizmat qiladi. Agar leksema hosila birlik bo’lsa, ifoda jihati sifatida uni tarkib toptiruvchi til birliklari xizmat qiladi. Ana shu tarkib toptiruvchilar tub bo’lsa, ularning ifoda jihati bo’lib fonema xizmat qiladi. Masalan, qo’lla- leksemasi hosila (yasama) birlik bo’lib, qo’l- va -la til birliklaridan tarkib topgan, bu birliklarning ifoda jihati bo’lib fonemalar xizmat qilgan. Leksemaning mazmun jihati ancha murakkab bo’lib, uning asosini leksik ma’no tashkil qiladi. Leksik ma’noning uzvlariga ideografik semalar deyiladi. Leksik ma’noning tarkibida turkumlik semasi ham qatnashadi. Leksik ma’noni qurshab turuvchi betaraf, ijobiy yoki salbiy baho semasi ham mavjud bo’ladi va boshqalar. Agar leksema bir leksik ma’noli bo’lsa, yuqorida ta’kidlangan murakkab mazmun jihati leksemaga xos bo’ladi, agar leksema ko’p ma’noli bo’lsa, uning har bir leksik ma’nosiga xos bo’ladi. Ana shunday mazmun jihatiga ega har bir leksik ma’noni o’zicha mustaqil til birligi deb qarash, semema termini bilan asli shunday til birligini nomlash to’g’ri. Chunki ko’p ma’noli leksemaning leksik ma’nolari, yuqorida ta’kidlangan xususiyatlardan tashqari, leksema yasashda ham, uslubiy birkitilishda ham, hatto grammatik tabiatida ham o’zaro farqlanadi. Xullas, leksema bir leksik ma’noli bo’lsa (monosemem bo’lsa), u bitta til birligiga teng; agar ko’p ma’noli bo’lsa (polisemem bo’lsa), har bir leksik ma’noni (sememani) alohida til birligiga teng deb qarash to’g’ri. Leksemalarning ifoda va mazmun rejalari orasidagi munosabat antonim, sinonim, omonim, paronim deb nomlanuvchi leksik mikrosistemalarni belgilashda ham asosga olinadi1. VI. Ikkinchi til birligi – morfema. Tub morfemada uning ifoda jihati bo’lib fonema xizmat qiladi (-la, -n kabi); hosila morfemada esa uni tarkib toptiruvchi til birliklari, odatda ikki morfema xizmat qiladi (-la, + -n = -lan kabi). Morfemaning mazmun jihati leksemaning mazmun jihatidan soddaroq: faqat signifikativ vazifa bajaradi: grammatik ma’no bildiradi. Ko’rinadiki, leksema bilan morfemani tenglashtirish, birlashtirish mumkin emas. Tub leksema bilan tub morfema orasidagi o’xshashlik har ikkisida ifoda jihati bo’lib fonema xizmat qilishida, har ikkisida ma’lum bir fonema(lar)ga ma’lum bir mazmunni birkitish orqali til birligi yuzaga kelishida namoyon bo’ladi. Til birligi uchun muhim jihat – mazmun jihati nuqtayi nazaridan leksema bilan morfema keskin farq qiladi. Bu ikki birlik til qurilishining boshqa-boshqa bosqichlariga mansub ekanligi ham ularning ayrim-ayrim birliklar ekanini tasdiqlaydi. Leksemada bo’lganidek, morfemaning ifoda jihati bo’lib keluvchi fonema o’z aynanligini doim saqlayvermaydi, turli tovush o’zgarishlariga uchraydi. Morfemalarda bunday tovush o’zgarishlari leksemalardagidan ko’ra ko’p. Masalan, hozirgi o’zbek tilida jo’nalish kelishigining ko’rsatkichi bo’lib xizmat qiluvchi -ga morfemasi tarkibidagi g fonemasi o’zidan oldin kelgan fonema ta’siri bilan o’zgarib, boshqa tovushga (jarangsiz eshiga) almashadi: uyga, lekin ishka (Imlo qoidasiga binoan asliga ko’ra ishga yoziladi). Fonetik nuqtayi nazardan bu yerda jaragsizlanishdan iborat assimilyasiya voqye bo’ladi, fonematik nuqtayi nazardan fonemaning bir (asosiy) ko’rinishi ikkilamchi ko’rinishiga almashayotir. Fonemaning ana shunday allofonemalari bu yerda morfema tarkibida voqye bo’lmoqda. Aniqrog’i, bu yerda ham allofonemalar shu tildagi tovush o’zgarishlari qoidalariga binoan til birligiga, bu yerda – morfemaga bog’liq holda yuzaga keladi. Yuqoridagicha tovush o’zgarishlari odatda talaffuz qulayligiga erishish uchun yuz beradi. Buni mana bu murakkabroq tovush o’zgarishida ham ko’ramiz: barg- leksemasiga -ga morfemasining qo’shilishi tabiiy, lekin bargga yozamiz-u, barkka talaffuz qilamiz. Demak, leksema oxiridagi g fonemasini va morfema boshlanishidagi g fonemasini yonma-yon o’zicha talaffuz qilish qiyin, shunga ko’ra ular ayni bir vaqtda k tovushiga almashtirib talaffuz qilinadi, natijada g fonemasining k allofonemasi, barg- leksemasining bark- alloleksemasi, -ga morfemasining -ka allomorfemasi namoyon bo’ladi. Bu yerda keltirilgan ishga – ishka, bargga – barkka misollari ikki til birligidan – leksema bilan morfemadan tarkib topgan. Shu tur misollar asosida leksema bilan morfemaning yana bir farqli tomonini ko’rsatish mumkin. Ishga (ishka) misoli ot turkumiga mansub, shunga ko’ra uning tarkibida son ma’nosini ifodalovchi qism ham qatnashadi, buni ishlarga misoli bilan qiyoslash ochiq ko’rsatadi: ishga (ishka) misolida «birlik» ma’nosi bildiriladi-yu, lekin bu mazmun jihati birkitiladigan tovush ifoda jihati yo’q. Ana shunday zidlanishda (bu yerda «ko’plik» - «birlik» zidlanishida) ifoda jihati nolga teng morfema qatnashayotgani ta’kidlanadi. Demak, morfemaning ifoda jihati nolga teng bo’lishi mumkin, leksemada esa bunday holat kuzatilmaydi. VII. Ishga (ishka), bargga (barkka) kabi misollar asli leksema bilan morfemadan tuziladigan til birligiga teng. Bunday birliklar so’z termini bilan atab kelindi, hozir esa bular leksemaning (ko’pchilik manbalarda so’zning deyiladi) ma’lum grammatik shaklga kirishi deb qaralib, oldinroq so’zshakl (slovoforma) deb, eng oxiri leksemashakl (leksemaforma) deb nomlana boshladi. Til birligi deb leksemashaklni tuzish modeliga (qolipiga) aytiladi. Miyaning til xotira markazida ana shunday modellarning ramzi mavjud va u leksemashaklning lisoniy birlik holatiga teng; ushbu ramzlarning (modellarning) leksema va morfema bilan to’ldirilgan holati esa nutqiy birlik deyiladi. Leksemaning (sememaning) mazmun jihatida, ideografik semalardan tashqari, turkumlik semasi ham mavjud bo’lishini aytgan edik. Leksemaga qanday morfemalarning qaysi tartibda qo’shilishi avvalo ana shu turkumlik semasiga binoan voqye bo’ladi1. X u l o s a Xulosa o’rnida shuni aytishimiz mumkinki, lisonda bor imkoniyatlar-gina nutqda voqelanadi, lisonning imkoniyatlari boy bo‘lib, nutqda uning ma'lum bir qismi-gina namoyon bo‘ladi deyishdan lison go‘yo azaliy, tug‘ma, mukammal degan fikr tushuniladi. Vaholanki hali tili chiqmagan go‘dakning miyasidagi til xotirasi qismida hech qanday ramz bo‘lmaydi; go‘dak nutqni egallay boshlaganidan keyin-gina miyasida ramzlar paydo bo‘ladi. Demak, lison azaliy (zot) emas, balki nutq asosida shakllanadigan, to‘ldiriladigan boylik. Tilning taraqqiyoti nutq yordamida voqe bo‘ladi. Har qanday yangilik, masalan, yangi leksema yasash, boshqa tildan leksema olish avvalo nutqda voqe bo‘ladi, bu yangilik til taraqqiyoti qonunlariga zid bo‘lmasa lisonda ramz sifatida muhrlanadi, ana shundan keyin lisondagi bu ramzdan nusxa olib nutq hosil qilinadi. Yuqorida aytilgan mulohazalardan xulosa shuki, lisonni mutlaq, azaliy, birlamchi deb qarash asosli emas. Tilni o‘rganish, o‘rgatish ham lison asosida emas, nutq asosida amalga oshiriladi, chunki bevosita kuzatishda berilgan hodisa – nutq. Nutqni kuzatish orqali til qurilishini, til qurilishining lison deb ataladigan holatini anglashga harakat qilinadi. Tilshunosning tilni kuzatish, o‘rganish quroli – nutq. Tilga, lisonga xos hodisalarning mohiyati, bu hodisalar orasidagi munosabatlar nutqni kuzatish orqali aniqlanadi. Ushbu qo‘llanmada hozirgi ada-biy o‘zbek tilining qurilishi mavhum fikrlash yo‘li bilan emas, balki bevosita kuzatishda berilgan nutqiy hodisalar tahlili asosida bayon qilinadi. Nutqiy sintaktik birliklar sifatida nutqda qo’llaniladigan, sezgi a‘zolariga ta‘sir qiladigan o’qish, yozish, aytish, eshitish mumkin bo’lgan so’z birikmalari va gaplar tushuniladi. Lisoniy sintaktik birliklar esa so’z birikmasi va gap hosil qilish qoliplaridir. Biz ularni lisoniy sathga tegishli bo’lganligi uchun lisoniy sintaktik qolip (qisqacha LSQ) lar deb ataymiz. LSQ nima? G’isht quyuvchi usta g’isht quyishda qolipdan foydalanadi. Loyni qolipning kataklariga joylashtirib, u qolip shaklini olgach, qolipdan chiqarib to’kadi. Qolip asosida qancha g’isht quyilsa ham, g’ishtlarning barchasi bir xil shaklga ega bo’ladi. Bu bir xillik g’ishtlarning o’ziga bog’liq bo’lmay, qolipning xususiyatlari bilan aloqadordir. LSQlar ham g’isht qoliplariga o’xshaydi. Inson ongida ham so’zlash, nutqni shakllantirish maqsadida leksemalarni so’z birikmalari shakliga keltirish, gap hosil qilish qoliplari mavjud. Ular LSQlar, modellar, konstruktsiyalar, qurilmalar tarzida nomlansa-da, aslida, bir tushunchani ifodalaydi. Masalan, kitobni o’qimoq kabi cheksiz birikmalarni chiqaradigan [ot + fe‘l] so’z birikmasi qolipi, qanday nomlanmasin, bu uning mohiyatiga ta‘sir qilmaydi. Qolip va nutqiy hosila (so’z birikmasi va gap) lar dialektik birlikdadir. Qolip nutqiy hosilasiz o’lik va jonsiz, nutqiy hosila esa qolipsiz bo’lishi mumkin emas. Quyida LSQ va nutqiy so’z birikmasi hamda gaplarning bir-biriga o’xshamaydigan, farqli xususiyatlarini bayon etamiz. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Искандарова Ш. Тилшунослик назарияси.- Фарғона, 2003. 2. Hojiev A. O’zbek tilshunosligining dolzarb muammolari // O’zbek tili va adabiyoti, 2005 - yil 2-son, 2006 yil 3-son. 3. Jamolxonov H. Hozirgi o’zbek adabiy tili. - T., 2005. 4. Nurmonov A. Lisoniy belgi haqida. - T., 1992. 5. Неъматов Х., Бозоров О. Тил ва нутқ. Т., 1993. 6. Раҳматуллаев Ш. Тил қурилишининг асосий бирликлари . -Тошкент. “Университет”, 2002. 7. Sayfullayeva R., Qurbonova M., Mengliyev B., Boqiyev G. Hozirgi o’zbek adabiy tili. - Toshkent, 2005. Ne‘matov H. va b. O’zbek tili struktural sintaksisi. -T.: Universitet, 2000. Mengliev B. O’zbek tilining struktur sintaksisi –Qarshi., 2003. G’ulomov A., Asqarova M. Hozirgi o’zbek adabiy tili. Sintaksis. -T.: 1989. O’zbek tili grammatikasi. II tom. Sintaksis. - T.: Fan, 1975. - 548 b. www.ziyonet. Download 107.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling