2.Rus psixologiyasida ijtimoiy psixologiyaning predmeti haqidagi bahslar.
Ijtimoiy sixologiyasining asoschisi deb haqli ravishda V.M.Bexterevni ko‘rsatish mumkin. U o‘zining refleksologiya nazariyasi doirasidan shaxs xulq-atvorining motivlarini tushuntirishga uringanlardan biridir. Uning fikricha, barcha ongli va ongsiz jarayonlar tashqi xulq-atvorda, harakatlarda ifodalanadi, shuning uchun ham tashqi harakatlarni, qiliqlarni, nutqni, tovushni o‘rganish orqali shaxsning o‘zini va bu harakatlarning sabablarini o‘rganish mumkin. Bexterev asosan sotsiologiyani biologiya bilan, psixologiyani esa fiziologiya bilan aralashtirib yubordi, shuning uchun shaxs va jamiyat taraqqiyotining universal qonunlarini aniqlashda chalkashlikka yo‘liqdi.
20-30- yillarda bolalar va o‘smirlar ijtimoiy psixologik taraqqiyotini o‘rganishga qaratilgan ikki yo‘nalish paydo bo‘ldiki, ular ham qator kamchiliklardan holi bo‘la olmadilar. Masalan, biologik yoki biogenetik nazariya tarafdorlari shaxsning shakllanishida irsiy va biologik nasliy omillar etakchi rol o‘ynaydi, deb hisoblashsa, sotsiologik yoki sotsiogenetik nazariyotchilar bu borada ijtimoiy muhit rolini nihoyatda ortiq ekanligini himoya qilib chiqdilar.
30-yillardagi olimlar shaxsning shakllanishida ijtimoiy muhitning, jamoaning rolini, ta’lim-tarbiyaning ahamiyatini isbotlashga urindilar. Lekin 40—60- yillar ijtimoiy-psixologiya taraqqiyotida nisbatan sokinlik davri bo‘ldi. Chunki psixologiya sohasida olib borilgan tadqiqotlar ichida ijtimoiy psixologik tadqiqotlar yo‘q hisob edi. Bu fan Rusiyada va boshqa sobiq ittifoqdosh jumhuriyatlarda 70- yillardan keyin keskin rivojlana boshladi. Bunda moskvalik va leningradlik (hozirgi Sankt-Peterburg) olimlar maktabi katta rol o‘ynadi. Agar Moskva shahrida asosan ijtimoiy psixologiya bo‘yicha fundamental nazariy tadqiqotlar ko‘plab o‘tkazilib, unda hozirgi zamon ijtimoiy psixologik tadqiqotlarning empirik qonunlari asoslari ishlab chiqilgan bo‘lsa, Sankt-Peterburgda ko‘proq tadbiqiy ilmiy tadqiqot ishlari olib borildiki, ular birgalikda minglab yosh ijtimoiy psixologlar avlodini tarbiyalab etishtirdilar. Ular esa hayotimizga ilg‘or fikrlar va dalil tadqiqotlar bilan kirib kelib, hozirgi kun fanini dunyo miqyosida misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tardilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |