So'zlarni turkumlash tamoyillari, tasnif asoslari


Download 30.41 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi30.41 Kb.
#1620611
Bog'liq
18. So\'zlarni turkumlash tamoyillari, tasnif asoslari.


So'zlarni turkumlash tamoyillari, tasnif asoslari.

So‘z turkumlarida leksika va grammatika, lison va nutq, til va borliq munosabatlari shunday qorishadiki, bu murakkab holat ularni tasniflashni murakkablashtiradi.


So‘z turkumi soni va tarkibini aniqlashda dunyo tilshunosligida bo‘lgani kabi, o‘zbek tilshunosligida ham, so‘zlarning semantik, morfologik va sintaktik xususiyatini inobatga olish keng tarqalgan. Biroq amaliyotda so‘z turkumlarini ajratishda, asosan, ularning semantik xossasiga tayanish urf bo‘lgan. Ayrim tilshunoslar tomonidan tasnifda ma’noviy belgi bosh va yagona asos sifatida qaraladi. Ba’zilar esa mezon sifatida mazkur uch belgini tan olgani holda so‘zlarni ma’noviy va sintaktik belgilari asosidagina guruhlashadi. So‘z turkumlarining bir-biriga o‘tishi, leksik va leksik-grammatik omonimiya masalasi esa bunda
har xil qarama-qarshilik va ikkilanishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
So‘z guruhlariaro munosabatlarning ochilishi u yoki bu belgi asosida so‘z turkumining muayyan turini ajratishga, tasnifini berishga olib keladi. Shuning uchun mantiqiy qarama-qarshilikdan qochish maqsadida formal mantiqning borliq hodisasini tasniflashga qo‘yadigan asosiy talabidan biri bo‘lgan «tasnifni faqat bir mezon asosida amalga oshirish, tasnifning ikki belgisini bir paytning o‘zida qo‘llab, ularni qorishtirmaslik» qoidasiga qat’iy rioya qilish lozim.
Shunday qilib, so‘zlar semantik, morfologik va sintaktik belgisi asosida tasnif qilinishi maqsadga muvofiq. Bu uch belgi har bir so‘zda dialektik birlikni tashkil etadimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Boshqacha aytganda, ma’lum bir semantikada ma’lum bir morfologik belgi va sintaktik xususiyat mujassamlashganmi? Masalan, predmetni ifodalovchi so‘z (ya’ni predmetlik ma’nosi) son, kelishik, egalik ma’nolariga, shuningdek, subyekt, obyekt vazifalariga egami? Dalillar shuni ko‘rsatadiki, ular subyekt, obyekt vazifalarida keladi. Shu bilan birgalikda, atributiv vazifada kelib, predmetning belgisini (tilla uzuk, qum soat), belgining belgisini (tovushdan tez, yovdan xavfli) bildiradi. Belgi ma’noli so‘z egalik, kelishik affikslarini olishi, gapda subyekt, obyekt vazifalarida kelishi mumkin (Olmaning qizili pishdi, gullarning oqidan terdi kabi.)
Sozlarning semantik tasnifi. Bunda so‘zlar quyidagi guruhlarga ajraladi:
a) mustaqil lug‘aviy ma’noli so‘z (fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid);
b) nomustaqil lug‘aviy ma’noli so‘z (olmosh va so‘z-gap);
d) lug‘aviy ma’nosiz so‘z (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama).
Olmosh anglatadigan ma’no u almashtirayotgan so‘zning ma’nosi. Shu boisdan u nomustaqil lug‘aviy ma’noli so‘z sifatida baholanishi lozim. So‘z-gap (tasdiq-inkor, taklif, undov va modal so‘z) esa hatto bir butun gap vazifasida ham kela oladi. Bu – uning lug‘aviy ma’nosiz so‘zdan farqi, biroq kontekst yordamida lug‘aviy ma’no anglatadi. Masalan, - Uyga bor. –Mayli. gapida mayli so‘z-gapi boraman so‘zi anglatgan lug‘aviy ma’noga teng nutqiy ma’noga ega. Biroq bu ma’no
mustaqil emas.
Sozlarning morfologik tasnifi. Bu tasnifga binoan, so‘zlar, aytilganidek, ikki guruhga ajraladi:
a) o‘zgaruvchi leksema;
b) o‘zgarmas leksema.
O‘zgaruvchi leksema lug‘aviy shakl hosil qiluvchilarni qabul qila oladi. O‘zgarmas so‘z esa bunday xususiyatga ega emas. Bu tasnifda so‘zlarning o‘rni quyidagicha (22-jadval):
22-jadval

Leksemalar

Ozgaruvchi

Ozgarmas

Fe’l

Taqlid

Ot

Ravish

Sifat

Ko‘makchi

Son

Bog‘lovchi




Yuklama




So‘z-gap

O‘zgaruvchi turkum uchun tasniflovchi grammatik shakl mavjud. Masalan, otlarda son, subyektiv baho shakllari, fe’llarda nisbat, o‘zgalovchi, harakat tarzi, sifatlarda daraja. O‘zgarmas so‘z bunday shaklga ega emas.


Bu tasnifda olmoshga o‘rin berilmagan, chunki u o‘zi ishora qiluvchi barcha mustaqil so‘z turkumiga xos o‘zgarish tizimiga ega. Shuning uchun olmoshning ot-olmosh, fe’l-olmosh, sifat-olmosh, son-olmosh kabi turi mavjud. Ot-olmosh sonlanadi (son kategoriyasiga ega bo‘ladi), fe’l-olmosh nisbatlanadi, tarzlanadi, o‘zgalanadi, sifat-olmosh darajalanadi, son-olmosh son shakllarini qabul qiladi.
Leksemalarning sintaktik tasnifi. Leksemalarning sintaktik tasnifida, asosan, ularning nutqda boshqa leksemalar bilan bog‘lana olish-olmasligi, gap bo‘lagi bo‘lib kela olish-olmaslik xususiyati o‘z aksini topadi:
1) gap bo‘lagi bo‘lishga xoslanmagan so‘z: undov, modal, so‘z-gap;
2) gap bo‘lagi bo‘lishga xoslangan so‘z: fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid, olmosh;
3) sintaktik aloqa vositasi bo‘lishga xoslangan so‘z: ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama.
So‘z-gap boshqa so‘z bilan sintaktik aloqaga kirishmaydi, o‘zi mustaqil gap bo‘lib kelish qobiliyatiga, ya’ni ajralganlik xossasiga ega. Mustaqil va yordamchi so‘z esa bog‘lanish xususiyatiga ega bo‘lib, bulardan yordamchilar gapda alohida bo‘lak bo‘lib kela olmaydi, balki sintaktik jihatdan bog‘lash vazifasini bajaradi. Mustaqil leksema esa mustaqil ravishda gap bo‘lagi bo‘lib kela oladi.
Download 30.41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling