Nafas olish organi. Kaltakesaklarning nafas yo’li tashqi burun teshigidan boshlanadi. So’ngra havo ichki burun teshigi-xoana orqali og’iz bo’shlig’iga kiradi. Og’iz bo’shlig’idan keyin uchta tog’aydan tashkil topgan hiqildoq joylashgan. U maxsus muskul orqali til osti apparati bilan boqlangan. Og’iz bo’shlig’idagi havo hiqildoq orqali uzun nafas olish nayi traxeyaga o’tadi, traxeyadagi talaygina tog’ay halqalar uning puchayishiga yo’l qo’ymaydi. Traxeya oldin tomoq, so’ngra ko’krak bo’shlig’idan o’tib, taxminan yurak atrofida ikkita qisqa nay—bronxga bo’linadi. Bu nayning har qaysisi o’ziga tegishli o’pkada tarmoqlanadi.
O’pka va nafas olish yo’llarining birmuncha kuchli differyontsiyalanganligi bilan kaltakesaklarning bu organi suvda va quruqlikda yashovchilarning nafas organlaridan farq qiladi. O’pka qopcha shaklida bo’lib, uning ichki devori asalari uyasiga o’xshash mayda-mayda murakkab to’siqchalar bilan qoplangan. Nafas akti boshqa barcha amniotalardagidek, ko’krak qafasining kengayish va torayishi bilan sodir bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |