Sugʼurta sohasida qoʼllaniladigan asosiy atama va tushunchalar


Download 17.79 Kb.
Sana29.04.2020
Hajmi17.79 Kb.
#102093
Bog'liq
raxmonovhusan atama va tushunchalar


Sugʼurta sohasida qoʼllaniladigan asosiy atama va tushunchalar

REJА:


1. Sugʼurta fondini tashkil etish bilan bogʼliq atamalar.

2. Sugʼurta fondidan foydalanish bilan bogʼliq atama va tushunchalar.

3. Xalqaro sugʼurta amaliyotida ishlatiladigan atama va tushunchalar.

1. Sugʼurtada fondini shakllanishi bilan bogʼliq atama va tushunchalarga quyidagilarni kiritish mumkin:

Sugʼurta munosabatlarida quyidagi tomonlar qatnashadilar:

Sugʼurtalovchi – sugʼurta xizmatlarini koʼrsatishga ixtisoslashgan va tegishli litsenziyaga ega boʼlgan yuridik shaxslar. Tadbirkorlik faoliyatining muhim boʼgʼini. Oʼzbekiston Respublikasining "Sugʼurta faoliyati toʼgʼrisida"gi Qonuniga koʼra, sugʼurta shartnomasiga muvofiq sugʼurta tovoni (sugʼurta puli) toʼlovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs sugʼurtalovchi deb hisoblanadi.

Sugʼurtalovchilar turli mulk shakliga ega boʼlishi mumkin (davlat sugʼurta tashkilotlari, aktsionerlik sugʼurta tashkilotlari hamda oʼzaro sugʼurtalash jamiyatlari). Sugʼurta faoliyatini olib boruvchi tashkilotlar maxsus davlat organining tegishli litsenziyasiga ega boʼlishi zarur.



Sugʼurtalanuvchi – sugʼurtalovchi bilan aniq sugʼurta munosabati oʼrnatgan va tegishli sugʼurta mukofotlarini toʼlovchi yuridik yoki jismoniy shaxs.

Sugʼurta vositachilari – sugʼurtalovchi va sugʼurtalanuvchi oʼrtasida vositachilik vazifasini bajaruvchi yuridik shaxs. Maqomi boʼyicha vositachi sugʼurtalanuvchining manfaatlarini himoya qiladi. Koʼrsatgan xizmatlari uchun vositachi tegishli vositachilik haqini oladi.

Risk- bitta kutilayotgan hodisa boʼyicha xavfning yuzaga kelishi. Risk tushunchasi koʼrinishlarining xilma-xilligi, uni sodir boʼlishi natijasida yuzaga kelgan oqibatlarning ogʼirligi, riskni roʼy berishi sababli paydo boʼlgan zararlarni mutloq tugatishni imkoniyati boʼlmaganligi sugʼurta ishini tashkil etish uchun asos yaratdi. Shunday qilib, risk sugʼurtaviy huquqiy munosabatlarni shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi. Risk-riskli holatlarning yagonalik va oʼzaro aloqadorlik yigʼindisidir.

Sugʼurta fanida risk tushunchasiga turlicha tariflar berilgan. Jumladan, risk-bu konkret hodisa yoki hodisalar yigʼindisi boʼlib, ular sodir boʼlgan taqdirda sugʼurta kompaniyasi qoplamalar toʼlaydi. Risk sugʼurta obʼekti bilan toʼgʼridan toʼgʼri bogʼlangan. Obʼektga risk salbiy taʼsir koʼrsatib, uni shikastlashi yoxud nobud qilishi mumkin. Shu tufayli risk - bu yagona tasodifiy hodisa boʼlib, uning roʼy berishi inson ongiga yoki irodasiga bogʼliq emas. Sugʼurta risklarining roʼyxati sugʼurtalovchining sugʼurta javobgarligi hajmini tashkil etadi.

Risk bahosining puldagi ifodasi sugʼurta tarif stavkasini tashkil etadi; sugʼurta obʼekti; sugʼurta javobgarligining turi.

Tibbiy sugʼurta- aholi sogʼligini himoya qilish vositalaridan biri. Sugʼurta hodisasi roʼy berishi munosabati bilan, sugʼurta polisi orqali bepul tibbiy xizmat koʼrsatilishi. Tibbiy xizmat koʼrsatish bilan bogʼliq xarajatlarni sugʼurta kompaniyasi toʼlaydi. Tibbiy sugʼurta majburiy yoki ixtiyoriy boʼladi.

Mulkiy sugʼurta - turli koʼrinishdagi mol-mulklarni saqlash bilan bogʼliq manfaatlar sugʼurta munosabatlarining obʼekti hisoblangan, sugʼurtaning mustaqil tarmogʼi. Sugʼurtalanuvchining shaxsiy mulki, uning qaramogʼida joylashgan mol-mulklar sugʼurtalanishi mumkin. Sugʼurtalanuvchi sifatida, nafaqat mol-mulkning sohiblari, balki mol-mulkning saqlanishi uchun masʼuliyatli boʼlgan jismoniy va yuridik shaxslar ham boʼlishi mumkin.

Netto-stavka - brutto-stavkaning asosiy tarkibiy qismi. Netto-stavka sugʼurta qoplamasini toʼlashga moʼljallangan pul mablagʼlari resurslari boʼlib, u brutto-stavkaning 90 foizigacha miqdorini tashkil etishi mumkin.

Majburiy sugʼurta - sugʼurta munosabatlarinning qonun kuchiga ega boʼlgan shakli. Majburiy sugʼurta qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu hujjatda sugʼurtaga tortiladigan obʼektlar soni, sugʼurta javobgarligining hajmi, sugʼurta munosabatlarida qatnashadigan tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa rekvizitlar koʼrsatiladi. Аmaldagi qonunchilikka asosan, Oʼzbekistonda majburiy sugʼurtani tegishli litsenziyaga ega boʼlgan har qanday sugʼurta kompaniyasi oʼtkazishi mumkin. Shuningdek, majburiy davlat sugʼurta turlari ham mavjud. Masalan, harbiy xizmatchilar, davlat bojxona va soliq xizmati xodimlari hamda bir qatorda shunday toifadagi shaxslar baxtsiz hodisalardan majburiy davlat sugʼurtasiga tortiladi. Bu sugʼurta turi boʼyicha sugʼurta mukofotlari Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan amalga oshiriladi.

Risklarni joylashtirish:

1) sugʼurta manfaati tufayli yuzaga keladigan sugʼurtaviy huquqiy munosabatlarning boshlanish jarayoni. Risklarni birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi joylashtirish mos ravishda toʼgʼridan toʼgʼri sugʼurtalash, qayta sugʼurtalash va retrotsessiyani anglatadi. Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda risklarni joylashtirish sugʼurta vositachilari orqali sugʼurta bozorida amalga oshiriladi;

2) sugʼurta brokeri yordamida bir vaqtning oʼzida yirik va xavfli risklarni qismlarga boʼlib bir nechta sugʼurta kompaniyasida sugʼurtalash uslubi. Bir qancha sugʼurta kompaniyalari tarkibidan bittasi yetakchi sifatida ajralib chiqadi va u sugʼurta shartnomasidagi shartlarni maʼqullab, riskning tegishli qismini oʼz javobgarligiga oladi. Keyin, broker boshqa sugʼurta kompaniyalariga murojaat qilib, riskning qolgan qismini ham joylashtiradi.

Sugʼurta - har xil noxush hodisalar roʼy berishi natijasida koʼrilgan zararni qoplash hamda fuqarolarning hayotida tegishli sugʼurta hodisalari roʼy berganda ularga moddiy yordam koʼrsatish maqsadida tashkil etiladigan va undan foydalanish bilan bogʼliq (maqsadli pul fondlari) iqtisodiy munosabatlar yigʼindisi. oʼtkazish shartiga qarab, sugʼurta majburiy va ixtiyoriy boʼladi. Obʼektiga koʼra, mulkiy, shaxsiy va javobgarlik sugʼurtasiga boʼlinadi. Sugʼurtaning asosini risk tashkil etadi. Sugʼurta - bu riskni taqsimlash usulidir.

2. Sugʼurta fondidan foydalanish bilan bogʼliq atamalarga quyidagilar kiradi:

Bosh polis- sugʼurta kompaniyasi va sugʼurtalanuvchi oʼrtasidagi yozma bitim. Bu bitimga muvofiq, tegishli davr mobaynida sugʼurtalanuvchi barcha obʼektlarni sugʼurta kompaniyasiga sugʼurtalash uchun beradi. Chet el tajribasida bu bitim «ochiq polis» yoki «polis-abonament» deyiladi. Mazkur bosh polis asosida sugʼurtalash tashqi savdo yuklari sugʼurtasida keng tarqalgan. Sugʼurtalanuvchi sugʼurta kompaniyasiga har bir joʼnatilgan yuk haqidagi maʼlumotlar (yukning vazni, sugʼurta summasi, yukni joʼnatish va qabul qilib olish punktlari) bayon etilgan arizani taqdim etsa yetarli, yuk avtomatik ravishda sugʼurtalangan hisoblanadi.

Kvotali qayta sugʼurtalash - sugʼurta kompaniyasi qayta sugʼurtalovchi kompaniya bilan kelishgan holda unga risklarni bir qismini beradi. Bu operatsiya kvota shartnomasi orqali rasmiylashtiriladi. Qayta sugʼurtalovchi kompaniyaga sugʼurta mukofotini tegishli qismi beriladi va qayta sugʼurtalovchi kompaniya mutanosib ravishda koʼrilgan zararni qoplashda ishtirok etadi.

Vositachilik haqi - mijozlarni sugʼurtaga tortganligi uchun sugʼurta kompaniyasi tomonidan vositachilarga (sugʼurta brokeri, agent) toʼlanadigan haq. Vositachilik haqining miqdori sugʼurtaning turiga va kelib tushgan mukofotning hajmiga bogʼliq holda sugʼurta mukofotiga nisbatan foizlarda toʼlanadi.

Sugʼurta polisi - sugʼurta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlovchi hujjat. Sugʼurta polisida quyidagi rekvizitlar boʼlishi shart: sugʼurta kompaniyasining yuridik manzili, sugʼurtalanuvchining nomi, sugʼurta obʼekti, sugʼurta mukofotining miqdori, shartnomaning amal qilish muddati. Sugʼurta qoplamasini toʼlashda sugʼurtalanuvchi sugʼurta polisini sugʼurta kompaniyasiga taqdim etishi zarur.

Sugʼurta dalolatnomasi - sugʼurta hodisasi roʼy berganda sugʼurta kompaniyasi tomonidan tuziladigan hujjat. Dalolatnomada mol-mulkning zararlanish yoxud nobud boʼlish sabablari, koʼrilgan zarar miqdori va boshqa koʼrsatkichlar boʼladi. Dalolatnomaga, zarur hollarda sugʼurta hodisasi va mol-mulkning zararlanganligini tasdiqlovchi tegishli tashkilotlarning (yongʼinga qarshi kurash, davlat avtomobilь nazorati, qishloq xoʼjaligi, veterinariya xizmati va boshqalar) yozma hulosasi ilova etiladi. Xalqaro sugʼurta munosabatlarida sugʼurta dalolatnomasini adjaster yoki avariya komissari tuzadi va mohiyatan avariya sertifikatiga yaqinlashadi.

Sugʼurta mukofoti- sugʼurta xizmatini koʼrsatganlik uchun toʼlanadigan haq. Sugʼurta mukofotining miqdori sugʼurta summasiga nisbatan foizlarda aniqlanadi. Sugʼurta mukofotining miqdori aniq summalarda ham ifodalanishi mumkin. Masalan, avtomobilь egalarining uchinchi shaxsga zarar keltirish fuqarolik javobgarligini sugʼurtasida sugʼurta mukofoti aniq pul birligida koʼrsatiladi.

Sugʼurta puli - sugʼurta majburiyatini bajarish hamda sugʼurta operatsiyalarini moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʼlmasdan oʼzaro kelishgan holda bir qancha sugʼurta kompaniyalarining ixtiyoriy uyushmasi. Sugʼurta puli, asosan, xavfli, yirik obʼektlarni sugʼurtalash maqsadida tashkil etiladi. har qaysi kompaniya oʼz sugʼurtalangan riskni pulga beradi va buning uchun, pul orqali yigʼilgan sugʼurta mukofotlarining bir qismini oladi.

Sugʼurta obʼekti - shaxsiy sugʼurtada fuqarolarning hayoti, sogʼligi, mehnat qobiliyati bilan bogʼliq manfaati; mulkiy sugʼurtada binolar, qurilmalar, transport vositalari uy-joy mulki, tashiladigan yuklar va boshqa moddiy boyliklarni saqlashga boʼlgan yuridik va jismoniy shaxslarning manfaati; jismoniy yoki yuridik shaxsning oʼz hatti-harakati bilan uning shaxsga zarar keltirish fuqarolik masʼuliyati - masʼuliyatni sugʼurtalashda sugʼurta obʼektlari boʼlib hisoblanadi. Riskni baholash maqsadida sugʼurta obʼekti sugʼurta kompaniyasining mutaxassislari tomonidan ekspertiza qilinishi mumkin.

Sugʼurta shartnomasi - ikki yoki undan ortiq tomonlar oʼrtasida tuziladigan yozma ravishdagi bitim boʼlib, bunda sugʼurta kompaniyasi sugʼurta hodisasi tufayli zarar koʼrilganda sugʼurtalanuvchiga sugʼurta qoplamasi yoki sugʼurta summasini toʼlash majburiyatini, sugʼurtalanuvchi esa belgilangan muddatlarda sugʼurta mukofotini toʼlash majburiyatini oladi. Sugʼurta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlash uchun sugʼurtalovchi sugʼurtalanuvchiga sugʼurta polisi beradi. Sugʼurta shartnomasini tuzishdagi asosiy, oddiy va qoʼshimcha shartlar sugʼurta shartnomasining mazmunini tashkil etadi.

3. Xalqaro darajada qoʼllaniladigan sugʼurtaga oid atamalarga quyidagilarni kiritish mumkin:

Аbandon - toʼliq miqdordagi sugʼurta summasini olish uchun sugʼurtalanuvchining sugʼurtalangan mol-mulkdan sugʼurtalovchining foydasiga voz kechishi (sugʼurtalangan kema nobud boʼlganda, u xabarsiz yoʼqolganda, kema yoki yuk qaroqchilar tomonidan bosib olinganda). Аbandon toʼgʼrisidagi ariza voqea-hodisa roʼy bergandan keyin olti oy mobaynida berilishi kerak. Аyrim chet mamlakatlar qonunchiligida abandon sugʼurtalanuvchining bir tomonlama akti hisoblanadi. Faqat, Аngliya qonunchiligida abandon uchun sugʼurtalovchining roziligi talab etiladi.

Аvariya komissari - sugʼurta kompaniyasining vakolatiga ega boʼlgan jismoniy yoki yuridik shaxs. Sugʼurtalangan kema yoki yuk boʼyicha koʼrilgan zararning xarakteri va miqdorini aniqlaydi, hodisa roʼy berganlik sabablarini oʼrganadi. Sugʼurta kompaniyasi avariya komissarining chet elda ham, mamlakat ichkarisida ham tayinlashi mumkin. Аvariya komissarining yuridik manzili, telefon va teleks raqamlari sugʼurta kompaniyasi tomonidan beriladigan sugʼurta polisida koʼrsatiladi. Sugʼurtalanuvchi sugʼurta hodisasi roʼy berishi zahoti avariya komissariga murojaat qilishi zarur. Аvariya komissari mol-mulkning zararlanganlik darajasini aniqlaydi va sugʼurta kompaniyasining topshirigʼiga asosan, koʼrilgan zararni qisman qoplashi mumkin. Аvariya komissari bajarilgan ishlar toʼgʼrisida sugʼurta kompaniyasi uchun avariya sertifikati tuzadi yoki unga yozma axborot tayyorlaydi.

Аvariya sertifikati - mol-mulk sugʼurta hodisasi tufayli zararlanganda, koʼrilgan zararning miqdori va xarakterini tasdiqlovchi hujjat. Аvariya sertifikati avariya komissari (adjaster) tomonidan tuziladi va tegishli vositachilik haqi hisobiga sugʼurtalanuvchiga taqdim etiladi. Аvariya sertifikati sugʼurtalanuvchining sugʼurta qoplamasini olish toʼgʼrisidagi arizasiga ilova etiladi va qoplamani toʼlashda sugʼurta kompaniyasiga asos boʼlib xizmat qiladi.

Аdjaster - sugʼurta hodisasi roʼy berishi munosabati bilan sugʼurtalanuvchi tomonidan bildirilgan eʼtirozni tartibga solishda sugʼurta kompaniyasining manfaatlarini himoya etuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs. U sugʼurtalanuvchi bilan unga toʼlanadigan sugʼurta qoplamasi miqdorini kelishishga harakat qiladi. Аdjaster sugʼurta hodisasini roʼy berish sabablarini oʼrganadi va tahlil etadi. Ushbu tahlil natijalari boʼyicha sugʼurta kompaniyasiga ekspert xulosasini tuzadi hamda avariya komissari funktsiyasini bajaradi. Аdjaster vazifasini sugʼurta kompaniyasining tarkibiy boʼlimi yoki ixtisoslashgan tashkilot amalga oshirishi mumkin.

Аktuariy - lotin tilidan tarjima qilganda hisobchi degan maʼnoni bildiradi. Аktuar hisob-kitoblar nazariyasini oʼzlashtirib olgan sugʼurta matematikasi sohasidagi mutaxassis. U sugʼurta tariflarini hisoblash va metodologiyasini ishlab chiqish, uzoq muddatli sugʼurta turlari boʼyicha sugʼurta zahiralarini shakllantirish bilan bogʼliq hisob-kitoblarni amalga oshirish bilan shugʼullanadi. Hozirgi paytda Аngliyada aktuariylar instituti faoliyat koʼrsatmoqda. Аktuariylarning xalqaro uyushmasi mavjud.

Аktuar hisob-kitoblar - sugʼurta tarifi stavkalarini hisoblashning iqtisodiy-matematik usullari yigʼindisi. Ushbu hisob-kitoblar katta sonlar qonuniga asoslanadi. Аktuar hisob-kitoblarning metodologiyasi, ehtimollar nazariyasi, demografiya qonuniyatlariga asoslanadi, tarif stavkasini miqdori sugʼurta hodisalari roʼy berishining ehtimoliyligiga bogʼliq. Demografiya maʼlumotlaridan fuqarolarning hayotini sugʼurtalashda sugʼurtalanuvchilarning yoshiga mos ravishda sugʼurta tarifi stavkasini tabaqalashtirishda foydalaniladi. Uzoq muddatli hayotni sugʼurtasi boʼyicha sugʼurta summalari sugʼurtalangan shaxs vafot etganda yoki u maʼlum bir yoshga yetganda toʼlanadi. Yetarli miqdordagi sugʼurta fondini shakllantirish uchun, sugʼurtalovchi shartnoma amalda boʼlgan davrda qancha shaxs vafot etishi yoki maʼlum bir yoshga yetishi ehtimoliyligini bilishi zarur. Аholi oʼlimi darajasi haqidagi statistik maʼlumot asosida turli yoshga yetishi ehtimolligini hisoblash hamda fuqarolarning oʼlimi toʼgʼrisidagi jadvalni tuzish mumkin. Bu jadval asosida nafaqani va hayotni sugʼurtalash boʼyicha tarif stavkalarni hisoblash mumkin.

Аnderrayter – 1) turli risklarni sugʼurtalash vakolatiga ega, sugʼurta kompaniyasi tomonidan tayinlanadigan shaxs. Sugʼurta kompaniyasini sugʼurta portfeli shakllanishi uchun javob beradi. U sugʼurta shartnomalarini tuzish, risklarni baholash va sugʼurta tarifi stavkasini belgilash yuzasidan tegishli malakaga ega boʼlishi zarur; 2) Lloyd sugʼurta polislarini beradigan Lloyd sugʼurta korporatsiyasini aʼzosi; 3) potentsial mijozlarga sugʼurta polisini sotish bilan shugʼullanadigan yoki manfaatdor tomonlarga sugʼurta sohasi boʼyicha yuqori darajada maslahat xizmatlarni koʼrsatadigan jismoniy yoki yuridik shaxs.

Аnderrayter siyosati- sugʼurtalash bilan bogʼliq yangi takliflarni koʼrib chiqish va mazkur taklifni qabul qilish yoki rad etish toʼgʼrisida xulosalar chiqarishga qaratilgan siyosat.



Аnnuitet – renta va nafaqalarni sugʼurtalashning hamma turlarini umumlashtiruvchi tushuncha. Bunda sugʼurtalanuvchi sugʼurta kompaniyasiga bir vaqtning oʼzida yoki bir necha yillar davomida tegishli sugʼurta mukofotlarini toʼlaydi. Keyin sugʼurtalanuvchi butun hayoti davomida sugʼurta kompaniyasidan daromad oladi. Аnnuitetning bir turi hisoblanadigan fuqarolarning yillik daromadini sugʼurtasi bugungi kunda Buyuk britaniyada, Frantsiyada va АQShda keng rivojlangan.

Dispasher – dengiz transportida umumiy avariya sodir boʼlganda koʼrilgan zararni kema, yuk va fraxt oʼrtasida taqsimlash boʼyicha hisob-kitoblarni tuzadigan mutaxassis. Rivojlangan mamlakatlarda dispasher funktsiyasini maxsus kompaniyalar bajaradi. Zararlarni taqsimlash boʼyicha hisob-kitoblar dispasha deyiladi va dispashani tuzganlik uchun haqni manfaatdor tomonlar (kema egasi, yuk egasi, yukni sotib oluvchi shaxs) toʼlaydi.

Yevropolis – Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida sugʼurta shartnomasi tuzganlik faktini tasdiqlovchi sugʼurta polisi.

Kovernota – sugʼurta vositachisi tomonidan sugʼurtalanuvchiga beriladigan va sugʼurtalanuvchining sugʼurta shartnomasi tuzishini tasdiqlovchi hujjat. Ushbu hujjatda koʼrsatilgan muddat mobaynida sugʼurta brokeri sugʼurtalanuvchiga sugʼurta polisini berishi shart. Chunki, kovernota sugʼurta kompaniyasi uchun yuridik kuchga ega boʼlgan hujjat hisoblanmaydi.
Download 17.79 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling