Tadbirkorlik rivoji uchun yangi imkoniyatlar
Download 25 Kb.
|
TADBIRKORLIK RI-WPS Office
TADBIRKORLIK RIVOJI UCHUN YANGI IMKONIYATLAR Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jamiyatimizning, taraqqiyotimiz va farovon hayotimizning mustahkam tayanchi bo‘lishi shart, deb ta’kidlagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ana shu maqsadlarning amalda to‘liq ro‘yobga chiqishiga yangi imkoniyatlar yaratadi. Mazkur farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash uchun qulay sharoit yaratadi. Sohani qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchayayotgani bejiz emas. Mazkur tarmoq nafaqat yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda asosiy bo‘g‘in, balki aholi bandligi va daromadlari manbaining, farovonlikka erishishning muhim omiliga aylandi. Zero, tadbirkorlarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlash bilan birga, davlatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga ham salmoqli ulush qo‘shmoqda. – Tadbirkorlarning safi kengayib borayotgani, iqtisodiyotdagi hissasi jadal o‘sayotgani ularning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilayotgani tufaylidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi kotibi Erkin Jo‘rayev. – Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tizimi yildan-yilga takomillashmoqda. Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi va joylarda uning hududiy komissiyalari tashkil etilgani, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda o‘tkazilayotgan tekshirishlarni muvofiqlashtirish tartibi joriy etilgani shu yo‘nalishda uchrayotgan muammolarga barham berishga zamin yaratdi. Bu bilan nazorat qiluvchi idoralarning istagan paytda xohlagan korxonada tekshirish o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yildi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishning tartibga solinishi barobarida tekshirishlar soni yildan-yilga qisqartirilmoqda. Xususan, 2009-yildan keyingi davrda rejali tartibda tekshirilayotgan korxonalar salmog‘i ular umumiy sonining 1 foizidan oshmayapti. O‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlarida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tekshirishlarni yanada qisqartirish choralari ko‘rilmoqda. 2016-yilda tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan rejali tekshirishlar 2015-yilga nisbatan 10 foizga qisqargani buning yaqqol dalilidir. Tekshirishlarning kamayishi tadbirkorlarning vaqtini behuda olish, kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish kabi holatlarga barham berib, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada kengroq imkoniyat yaratayotir. Yangi farmon bilan endilikda tadbirkorlarning bu boradagi imkoniyatlari yanada ortdi. Chunki shu asosda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilangan. Bu xususiy mulkni xuquqiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilishiga yo‘l ochadi. Mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi oshishiga olib keladi. Bu ushbu sohada davlat siyosatining sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilayotganidan dalolatdir. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyili soha vakillarini huquqiy himoya qilishda muhim o‘rin tutib kelmoqda. Farmon bilan bu tamoyilni to‘liq ro‘yobga chiqarish mexanizmi yanada mustahkamlandi. Davlat organlari, avvalo, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalar bu tamoyilning so‘zsiz amalga oshirilishiga bevosita mas’ul etib belgilandi. Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirildi. Tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar bevosita aybdorlardan undirilishi ta’minlanadi. Bu noqonuniy tekshirishlar barham topishi, davlat organlari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati asossiz to‘xtatilishi va zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka olib keladi. Farmonning eng muhim jihatidan biri – 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinishi belgilanganidir. Yuridik shaxsning tugatilishi bilan bog‘liq tekshirishlar, jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida faqat Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar bundan mustasno, albatta. Farmonga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida qonunlar ijrosi ustidan parlament nazorati shakllarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti tashkil etiladi. Bu institut tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishni ta’minlashda, davlat tuzilmalari bilan munosabatlarda ularning manfaatlarini ifodalashda muhim o‘rin tutishi shubhasiz. Farmon qoidalarini ro‘yobga chiqarish maqsadida tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, xususiy mulkchilikni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash borasida beshta eng ustuvor soha bo‘yicha 42 aniq chora-tadbir amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani mamlakatimizda tadbirkor va ishbilarmonlarga, ayniqsa, kichik biznes vakillariga erkin va samarali ish yuritish, iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu xalqimiz farovonligi oshishi, mamlakatimiz taraqqiyoti yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ma'lumot manbai: uza.uz Download 25 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling