Tadbirlari va ularning mustamlakachilik
Download 279.8 Kb. Pdf ko'rish
|
19-mavzu
«Hujum» harakati. XX asrning 20-yillarida o’z mohiyati bilan o’zbek xotin-qizlarini
tutqinlikdan ozod qilishga qaratilgan harakat boshlanadi. Ma’lumki, Turkiston xotin-qizlari hayoti asrlar davomida musulmonchilik qonun-qoidalari va an’analari asosida kechgan va o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan. Jumladan, ular aksariyat hollarda uy-ro’zg’or ishlari va farzand tarbiyasi bilan shug’ullanishgan. Sovet hukumati esa bunday turmush tarziga diniy xurofot sifatida qaradi. Shu bilan birlikda ayollarning erkaklar bilan teng huquqliligi, ularning tor oila muhitidan ozod bo’lib, keng ijtimoiy-siyosiy hayotga tortilishi g’oyasi ilgari surildi. Shu narsa haqiqatki, jamiyat rivojlanib borar ekan, odamlarning ongi ham o’zgarib boradi. Turmush tarzi yangilanadi, u zamonga moslashadi. Shu ma’noda o’zbek ayollarini paranjidan ozod qilish yangi tuzum oldidagi muhim vazifalardan ekanligi tabiiydir. Biroq bu masalani eng avvalo jamiyat fuqarolari orasida keng ko’lamli tushuntirish, ma’rifiy yo’llar orqali hal qilish mumkin edi. Jadidlar rahbarlari M.Behbudiy, F.Xo’jayev, A.Fitrat, A.Cho’lpon, A.Avloniylar ham bu masalani hal etishni o’z oldilariga muhim vazifa qilib qo’ygan edilar. Shu maqsadda tashkil etilgan respublika, viloyat, tuman, shahar sovet tashkilotlari qoshidagi xotin-qizlar bo’limlarida dastlab umuman to’g’ri ish olib borilgandi. Buning natijasida xotin-qizlar ijtimoiy foydali mehnatga, jamoatchilik ishlariga faol tortila boshlagandi. Uni o’zbek xotin-qizlari xursandchilik bilan kutib oldi. Chunki ochiq yurish, yorug’ olamni ko’rish, ilm olish, erkaklar bilan teng huquqli bo’lish ularning ham asriy orzusi edi. Biroq VKP(b) MQ O’rta Osiyo byurosining 1926-yil sentabrdagi maxsus qarori asosida bu harakatni sun’iy ravishda tezlashtirishga kirishildi. Oqibatda bu majburiy harakat «Hujum» nomini oldi. Biroq bu harakat afsuski, Shoshma-Shosharlik, ma’muriyatchilik yo’li bilan mahalliy shart- sharoitlarni, xalq udumlari, urf-odatlarini e’tiborga olmasdan jadallashtirildi. Bunga hattoki erkak kommunistlar ham tayyor emas edilar. Xotin-qizlarni ijtimoiy hayotga jalb qilish harakati dastlab ancha sezilarli yutuqlarga erishib bordi. 1927-yil bahoriga kelib 100 ming ayol paranji tashladi. Ming-minglab ayollar korxonalarga, turli yumushlarga tortildilar. Ular orasidan ko’plab traktorchilar, brigadirlar, kolxoz raislari, klub va kutubxona mudirlari tayyorlandi. Jumladan, 1927-1929-yillarda sudlarning xalq maslahatchilari orasida o’zbek ayollari 563 kishiga yetdi. 1926-yilda birgina Toshkent va Farg’ona viloyatlari «Qo’shchi» uyushmalarining 4900 ayol a’zolari bor edi. 1927- yil davomida 7169 ayol kasaba uyushmalariga a’zo bo’lib kirdi. 5916 ayol matlubot kooperatsiyalariga a’zo bo’ldi. 2343 xotin-qizlar davlat organlariga saylandi. 1927-1928-yillarda «Hujum» harakati yanada keng quloch yozdi. Paranji tashlagan ayollar uchun 32 ta savodsizlikni tugatish maktablari tashkil qilindi. 1927-yilda birgina Qo’qon okrugida bunday maktablar soni 75 taga yetkazildi. Toshkentning eski shahar qismida 1409 o’quvchini qamrab olgan 35 ta ayollar maktabi faoliyat ko’rsatdi. Biroq bu borada qo’llanilgan zo’rlash, majburlash yo’li va usullari o’zining salbiy natijalarini bermasdan qolmadi. Joylarda xotin- qizlarni o’ldirish hollari ruy berdi. Masalan, Oltiariq tumani Poloson qishloqlik dehqon 8 Abduqodir Hojimatov o’z xotinini osib o’ldirdi. Andijon viloyatida faol ishchi ayollardan sanalgan Xadicha Eshboboyeva qora kuchlar tomonidan o’ldirildi. Umuman, 1927-1928-yillarda 2,5 mingdan ortiq faol ayollar yovuz kuchlar qurboni bo’ldi. Ammo «Hujum» harakati qiyinchiliklar, chekinishlar bilan bo’lsada, hayotga tadbiq etib borildi. Buning natijasida o’zbek ayoli ijtimoiy ishlab chiqarishga, hatto eng og’ir mehnat talab qiladigan ishlarga ham tortildi. «Hujum» harakatining o’sib borishi davomida 1937-yilga kelib 273637 nafar o’zbek xotin- qizlari savodsizlikni tugatish kurslarini muvaffaqiyatli bitirdilar. Ayol ishchilar va xizmatchilar soni 1940-yilda 232 ming kishiga etdi. Bu esa butun respublikadagi ishchilarning 40,7 foiziga teng edi. Ular tikuvchilikda 82,3 qandolatchilikda 65,5, to’qimachilikda 88 foizni tashkil etardi. Shu bilan birlikda bu mavsumiy harakat ko’pgina salbiy oqibatlarning yuz berishiga ham sabab bo’ldi. «Hujum» harakatida faol ishtirok etib, butun ongli hayoti, faoliyatini sotsializm ishiga, uning soxta g’oyalari chinligiga ishongan qanchalab ilg’or xotin-qizlar keyinchalik qatag’onlik qurboni bo’ldilar. Bunga o’zbek xotin-qizlari ozodligi kurashining taniqli namoyandalari - Tojixon Shodiyeva, Sobira Xoldorova, Xosiyat Tillaxonova, Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidxonova singarilarning fojiali hayoti to’la misol bo’la oladi. Download 279.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling