Xulosa chiqarish – tafakkurning mantiqiy shakli. Voqelikni bilish jarayonida inson yangi bilimlarga ega bo‘ladi. Bu bilimlar abstrakt tafakkur yordamida, mavjud bilimlarga asoslangan holda vujudga keladi. Bunday bilimlarni hosil qilish mantiq ilmida xulosa chiqarish, deb ataladi.
Xulosa chiqarish deb, bir va undan ortiq chin mulohazalardan ma’lum qoidalar yordamida yangi bilimlarni keltirib chiqarishdan iborat bo‘lgan tafakkur shakliga aytiladi.
Xulosa chiqarish jarayoni asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga o‘tishdan tashkil topadi. To‘g‘ri xulosa chiqarish uchun, avvalambor, asoslar chin mulohazalar bo‘lishi, o‘zaro mantiqan bog‘lanishi kerak.
Masalan, «Arastu – mantiq fanining asoschisi» va «Platon yunon faylasufidir» degan ikki chin mulohazadan xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Chunki bu mulohazalar o‘rtasida mantiqiy aloqadorlik yo‘q.
Xulosa asoslari va xulosa ham o‘zaro mantiqan bog‘langan bo‘lishi shart. Bunday aloqadorlikning zarurligi xulosa chiqarish qoidalarida qayd qilingan bo‘ladi. Bu qoidalar buzilsa, to‘g‘ri xulosa chiqmaydi. Masalan, «Talaba A – a’lochi» degan mulohazadan «Talaba A – odobli», deb xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
Mazkur tasnifda xulosa chiqarishni fikrning harakat yo‘nalishi bo‘yicha turlarga ajratish nisbatan mukammalroq bo‘lib, u xulosa chiqarishning boshqa turlari haqida ham ma’lumot berish imkonini yaratadi. Xususan, deduktiv xulosa chiqarish zaruriy xulosa chiqarish, induktiv xulosa chiqarish (to‘liq induksiyani hisobga olmaganda) va analogiya ehtimoliy xulosa chiqarish, deb olib qaralishi, bevosita xulosa chiqarish esa deduktiv xulosa chiqarishning bir turi sifatida o‘rganilishi mumkin.
Deduktiv xulosa chiqarish. Deduktiv xulosa chiqarishning muhim xususiyati unda umumiy bilimdan juz’iy bilimga o‘tishning mantiqan zaruriy xususiyatga egaligidir. Uning turlaridan biri bevosita xulosa chiqarishdir.
Faqat birgina mulohazaga asoslangan holda yangi bilimlarning hosil qilinishi bevosita xulosa chiqarish, deb ataladi. Bevosita xulosa chiqarish simvolik mantiqda quyidagicha ifodalanadi: XYSP, bunda X va Y oddiy qat’iy mulohazalarni (A, E, I, O), S va P lar esa mulohazalarning sub’ekti va predikatini ifodalaydi. XSP– xulosa asosi yoki antesedent, YSP – xulosa yoki konsekvent, deb ataladi. Bevosita xulosa chiqarish jarayonida mulohazalarning shaklini o‘zgartirish orqali yangi bilim hosil qilinadi. Bunda asos mulohazaning tarkibi, ya’ni sub’ekt va predikat munosabatlarining miqdor va sifat tavsiflari muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |