Analogiya (grek. – moslik, o‘xshashlik) bavosita xulosa chiqarishning bir turidir. deduktiv xulosa chiqarishda fikr umumiylikdan juz’iylikka qarab, induksiyada juz’iylikdan umumiylikka qarab harakatlansa, analogiyada bir juz’iy holatdan boshqa juz’iy holatga qarab harakatlanadi.
Analogiyada predmetlarning o‘xshash xossalariga asoslanib xulosa chiqariladi. Tabiat va jamiyatda ob’ektiv turli-tumanlik bilan bir qatorda, ob’ektiv o‘xshashlik ham mavjuddir. Ular inson ongida o‘z ifodasini topadi. Ob’ektiv reallikning turli sohalariga oid qonun va qoidalar tuzilishi jihatidan o‘xshash bo‘lsa, ular aks ettirgan voqelikdagi turli narsa va hodisalar ham ma’lum ma’noda o‘xshash bo‘ladi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish ob’ektiv reallikning cheksiz ko‘rinishlari hamda unda mavjud bo‘lgan turli sistemalarning xossalari, munosabatlari, tarkiblaridagi o‘xshashliklarga asoslanadi. Masalan, sayyoralar, davlatlar, ijtimoiy tuzumlar mohiyatida o‘xshashlik bor. Bilishda muhim va nomuhim xossalar o‘xshashligi asosida analogiya bo‘yicha xulosa chiqariladi.
Analogiya vositasida bir predmetdan (modeldan) boshqa predmetga (prototipga) axborot o‘tkaziladi. Xulosa asoslari modelga, xulosa prototipga taalluqli bo‘ladi. Masalan, qadimgi greklarning «Dedal va Ikar» afsonasida aytilishicha, ota va bola qullikdan ozod bo‘lish uchun o‘zlariga qanot yasashadi va uchib ketishadi. Bunda xulosa chiqarish quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:
Qush tirik mavjudot, uning qanoti bor, u uchadi.
Inson ham tirik mavjudot, uning qanoti yo‘q, u uchmaydi.
Insonning ham qanoti bo‘lsa, u, ehtimol, uchadi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish boshqa xulosa chiqarishlar kabi asoslardan, xulosadan va asoslar hamda xulosa o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iboratdir. Uning xulosasi ehtimoliy shaklda bo‘lib, keyingi tekshirishlarni talab qiladi. Aniq asoslardan ba’zan aniq, ba’zan ehtimoliy xulosa chiqadi.
Analogiya o‘zining ob’ektiv asosiga ega. Bular predmetlar, ularning xossalari o‘rtasidagi aloqalar va munosabatlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |