Tafakkur qonunlari va shakllari reja: Tafakkur mantiq ilmining o‘rganish ob’ekti. Formal mantiqning asosiy qonunlari
Download 72.75 Kb.
|
14. Tafakkur qonunlari va shakllari
Isbotlash bir hukmning chinligini u bilan bog‘langan boshqa chin hukmlar yordamida asoslashdan iborat bo‘lgan mantiqiy amaldir. Uning tarkibi uch elementdan tashkil topgan: tezis, argumentlar (asoslar), isbotlash usuli – demonstratsiya.
Tezis – chinligi asoslanishi lozim bo‘lgan hukm, u isbotlashning markaziy figurasi hisoblanadi; butun diqqat-e’tibor uning chinligini ko‘rsatishga qaratiladi. Tezis bir mulohazaning o‘zidan, yoki mulohazalar tizimidan, yoki teoremalardan, yoki aniq faktlarni umumlashtirish natijalaridan, yoki hodisalarning sababini ko‘rsatuvchi mulohazalardan va shu kabilardan iborat bo‘ladi. Argumentlar – tezisning chinligini asoslash uchun keltirilgan hukmlar. Argumentlar bo‘lib faktlarni qayd qiluvchi hukmlar, ta’riflar, aksiomalar, teoremalar, qonunlar hamda boshqa empirik va nazariy umumlashmalar xizmat qiladi. Argument sifatida keltirilgan faktlar, albatta, o‘zaro bog‘langan va tezisning mohiyatiga aloqador bo‘lishi lozim. Ta’riflar ham chin hukmlar bo‘lib, ulardan argument sifatida foydalanish mumkin. Masalan, «Harakat – bu har qanday o‘zgarishdan iborat», degan ta’rif chin hukmdir. Aksiomalar chinligi o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lgan, isbotlashni talab qilmaydigan fikrlardir. Inson tajribasida ko‘p martalab takrorlanganligi uchun ham ularni isbotlash zarur emas. Teoremalar va qonunlarning chinligi isbotlangan bo‘ladi, ularni hech ikkilanmasdan argument qilib olish mumkin. Isbotlash usuli – demonstratsiya tezis bilan argumentlar o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iborat. U xulosa chiqarish shaklida bo‘ladi, ya’ni tezis argumentlardan xulosa sifatida mantiqan keltirib chiqariladi. Isbotlashning ikki turi mavjud: bevosita isbotlash, bavosita isbotlash. Bevosita isbotlashda tezisning chinligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri argumentlar bilan asoslanadi, unda tezisga zid bo‘lgan hukmlardan foydalanilmaydi. Tezis ko‘p hollarda yakka hodisani ifoda qilib keladi va ma’lum bir umumiy bilimdan, masalan, qonundan argument sifatida foydalanilib, uning chinligi asoslanadi. Masalan, «O‘zbekiston – mustaqil davlatdir», degan hukm (tezis)ning chinligi «O‘zbekistonning mustaqil davlat deb e’lon qilinishi, uning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi» kabi asoslar yordamida isbotlanadi. Bavosita isbotlashda esa tezisning chinligi unga zid bo‘lgan hukmning (antitezisning) xatoligini ko‘rsatish orqali asoslanadi. Antitezis qanday shaklda ifodalangan bo‘lishiga qarab apagogik isbotlash va ayiruvchi isbotlash farq qilinadi. Apagogik isbotlashda tezis (a) va antitezis ( ) o‘rtasidagi munosabatga asoslaniladi. Masalan, «Materiya harakatsiz mavjud emas», degan hukmning chinligini asoslash uchun unga zid bo‘lgan «Materiya harakatsiz mavjud», degan hukm olinadi. Apagogik isbotlashda antitezis topilib (1-bosqich), vaqtincha chin deb qabul qilinadi va undan ma’lum bir natijalar keltirib chiqariladi (2-bosqich), so‘ngra bu natijalarning xatoligi ko‘rsatiladi (3-bosqich) va demak, tezisning chinligi isbotlanadi. Masalan, «Materiya harakatsiz mavjud», degan hukm chin bo‘lsa, «Moddiy predmetlar strukturasiz mavjud», degan fikr (antitezisdan kelib chiqqan natija) ham chin bo‘ladi. Bizga ma’lumki, moddiy predmetlar tarkibsiz (uni tashkil qiluvchi elementlar va ularning o‘zaro aloqasisiz) mavjud emas. Demak, «Materiya harakatsiz mavjud», degan fikr xato, shu tariqa «Materiya harakatsiz mavjud emas», degan fikrning chinligi asoslanadi. Ayiruvchi isbotlashda tezis sof ayiruvchi hukmning (kuchli diz’yunksiyaning) bir a’zosi bo‘lib, uning chinligi boshqa a’zolarining (antitezisning) xatoligini ko‘rsatish orqali asoslanadi. Masalan, “Jinoyatni yo A, yo V, yo S shaxslar sodir etgan», degan fikr tekshirilib, «Jinoyatni V shaxs ham, S shaxs ham sodir etmagan”ligi aniqlanadi va shu tariqa «Jinoyatni A shaxs sodir qilgan», degan hukmning chinligi asoslanadi. Bu misolda ayiruvchi isbotlash ayiruvchi – qat’iy sillogizmning inkor etib, tasdiqlovchi modusi bo‘yicha qurilgan.Ayiruvchi isbotlashda barcha muqobil variantlar to‘liq olingandagina xulosa chin bo‘ladi,ya’ni tezis isbotlanadi. Download 72.75 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling