Taqrizchilar: To‘raev H. H. – Arxeologiya va Buxoro tarixikafedrasi professori, tarix fanlari doktori Jamolova D. M
Avestoda ijtimoiy tizim va siyosiy g‘oyalar
Download 356.17 Kb.
|
ma\'ruza davlatchilik
Avestoda ijtimoiy tizim va siyosiy g‘oyalar. Avestoning eng qimmatli tomonlaridan biri – u O‘zbekiston xalqlari qadimgi tarixi o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Avestoni to‘plam holda to‘plagan olim Anketil Dyupperon ( Fransiya) bo‘lib, u XVIII asrning o‘rtalarida bu muqaddas kitobni Hintistondagi Gujarat viloyatidan keltiradi va franso‘z tilida chop ettiradi. Tadqiqotchilar uni qo‘yidagi qismlardan iborat deb hisoblaydilar: - « Yasna» - «qurbonlik keltirish», «Yasht»- «qadrlash», «Videvdat» - «devlarga qarshi qonunlar», «Visprat» - «barcha hukmdorlar». «Yasna» dagi 72 ta bobdan 17 tasi payg‘ambar Zaratushtraga tegishli. Ular – «Gota» lar nomli «muqaddas qo‘shiqlar» yoki madhiyalardir.
Videvdatda O‘rta Osiyodagi viloyatlar va davlatlar haqida qo‘yidagicha ma’lumotlar beriladi: «Men, Axuramazda eng yaxshi yerlar va mamlakatlar orasida birinchi bo‘lib Vanxvi Daiti bo‘yida (ko‘pchilik tadqiqotchilar uni Amudaryo deydilar – E.B. ) Aryanam Vayjoni yaratdim, shunda o‘lim keltiruvchi Anxro Manyo… devlar va qishni yaratdi…Men Axuramazda yaxshi yerlar va mamlakatlar orasida ikkinchi bo‘lib Sug‘diylar yashaydigan Gava makonida asos soldim». Shundan so‘ng Mouru (Marg‘iyona), Bahdi (Baqtriya) Nisaya (Parfiya), Xarayva (Hirot), Voixa- Girta (Qabul atroflari), Avrara (Tus), Xiyrman (Hilmend vohasi) kabilar eslatiladi. Hammasi bo‘lib Avestoda 16 ta mamlakat-viloyat tilga olingan bo‘lib ulardan Gava, Bahdi, Nisaya va Mouru aniq lokalizatsiyaga ega. Qolganlari esa hozirgi qaysi hududlar ekanligi taxmin qilinadi. Ba’zi olimlar, Aleksandr Makedonskiy qadimgi forslar sulolasini tor-mor etganidan so‘ng Avestoning eski qismlari yo‘q qilingan deb hisoblaydilar. Ammo, Parfiya podshosi Vologez I davrida (milodning 51-78 yillari) bu kitobning qolgan-qutgan qismlari to‘planadi va keyinroq tahrir qilinadi. Avestoning eng qadimgi qismlari keng hududda joylashgan jamiyatni tasvirlab, bu jamiyat haqida yozuvsiz zamonlarga oid tasavurlarni ham saqlaganlar. Avesto kitoblari turli xil ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Shular jumlasidan - qadimgi geografik tushunchalar – daryolar, tog‘lar, ko‘llar nomlari, hududiy- etnik qabilalar va viloyatlar nomlari, qadimgi mamlakatlarning ro‘yxati, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar, ijtimoiy va siyosiy to‘zum, diniy nasihatlar, zardo‘shtiylarning falsafasi, Dune tarixi rivojlanishi haqidagi ma’lumotlar va boshqalardir. Olimlarning e’tirof etishlaricha, Avesto Sharq xalqlari qadimgi davrlarini tadqiq etishda hozirgacha muhim manba bo‘lib, u o‘zining bu ahamiyatini bundan buyon ham saqlab qoldi. Bu kitob dastavval e’tiqodlar, tillar va dinlar, bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyat va madaniyatning rivojlanish bosqichlari haqidagi ilk to‘plam hisoblanadi. Ta’kidlash lozimki, bu jarayonlar davlatchilik va iqtisodiyot rivojlanishining umumiy doirasida bo‘lib o‘tgan. Avesto ma’lumotlarini arxeologik materiallar bilan qiyosiy o‘rgangan olimlarning fikricha, mil. avv. II ming yillikning o‘rtalariga kelib O‘rta Osiyo xalqlari siyosiy hayotida o‘zgarishlar sodir bo‘lib, davlatchilikning ilk ko‘rinishi shakllana boshlaydi. Bu davrda ushbu hududlarda yashagan aholining katta qismi yirik vohalarni jadallik bilan o‘zlashtirishi natijasida chorvador ko‘chmachilikdan o‘troq dehqonchilikka o‘ta bshlaydi. Bu esa keyinroq Baqtriya, Xorazm, Marg‘iyona, Parfiya, Sug‘diyona kabilarda davlatchilik tizimining vujudga kelishiga asos bo‘lgan edi. Misol uchun, Avestoning «Vandidod» kitobida Oliy xudo Axuramazda yaratgan o‘n oltita mamlakat (o‘lka ) ning hududiy – ma’muriy, siyosiy hamda qonunchilik tizimiga oid ma’lumotlar berilgan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra davlatni, kavi ya’ni, boshqaruv tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi shaxs (podsho) boshqargan. O‘z navbatida davlatni boshqarish huquqi sulolaning bir vakili qo‘lidan ikkinchisiga meros sifatida o‘tishi diniy va dunyoviy jihatdan qonunlashtirilgan. Avesto davlat boshqaruvining murakkab tizimi haqida ma’lumotlar beradi. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, mil. avv. VII-VI asrlarda O‘rta Osiyo jamiyatining asosi kichik-kichik oilalardan iborat bo‘lib, har bir oila o‘rtacha 5-6 kishidan tashkil topgan. Ular katta patriarxal oila a’zolari hisoblangan. Katta oila esa 20-25 kishidan tashkil topgan. Jamoalar hayotida urug‘chilik tuzumining ayrim xususiyatlari saqlanib qolgan. Katta oila a’zolari tomonidan xo‘jalikni tashkil etish, yerga birgalikda egalik qilish va umumiy turar joyda – uy-qo‘rg‘onlarda yashash odati yuqoridagi fikr dalilidir. Davlatning boshqaruv tizimi oilalar yoki uy-joy birlashmasi – «nmana»yoki «dmana», katta oila oqsoqoli – «nmanapati», urug‘ jamoasi boshlig‘i – «vis», katta qishloq oqsoqoli «vispati», qabila boshlig‘i – «zantupati», viloyat hokimi – «daxyupati», bir necha viloyatlar hokimi – «daxyusastar», mamlakat hokimi – «kavi» lardan tashkil topgan. Avestoda oila, urug‘ va qabila boshlig‘ini anglatish uchun «pati» so‘zi ishlatilgan. «Kavi» yoki «sastar» mamlakatni idora qilgan shaxsga nisbatan ishlatilgan. Avestoning Yasht kitobida quyidagicha ma’lumot bor: “Ko‘p yaylovlarga ega bo‘lgan Mitrani biz ulug‘laymiz .Unga hech kim yolg‘on gapiraolmaydi: uyda oila boshlig‘i, urug‘ oqsoqoli, qabila yo‘lboshchisi va mamlakat hokimi ham yolg‘onchi bo‘lsa, g‘azablangan Mitra butunlay oilani, urug‘ni, qabilani, mamlakatni va ularning boshliqlarini ham tamoman yo‘q qiladi.” Ayrim tadqiqotchilar (H. Boboyev, T. Do‘stjonov, S. Hasanov, Y. Ollamov) ilmiy tahlillarga asoslanib Avestoda tasvirlangan va O‘rta Osiyo hududida shakllangan ilk davlatchilik asoslarining vujudga kelish jarayonini quyidagi uch davrga ajratadilar: Birinchi davr – eng qadimgi davr bo‘lib, bunda adolat va insoniy baxt-saodat hukmron bo‘lgan. Ikkinchi davr – yaxshilik ruhlari bilan yomonlik ruhlari o‘rtasidagi adolat uchun kurash davom etgan. Uchinchi davrda – aql-idrok va adolat tantana qilib, dehqonlar badavlat, davlatning siyosiy va qonunchilik tizimi mustahkam bo‘lgan. A. S. Sagdullayev uzoq yillik qiyosiy tadqiqotlar asosida Avesto davri davlat boshqaruvini quyidagicha izohlaydi: Shuningdek, olimning fikricha, Avestoning Yasht kitobida keltirilgan ma’lumotlar O‘rta Osiyoda qabilalar siyosiy birlashmasining tarkib topgan davrlariga mansub bo‘lishi mumkin. Avesto davrida xususiy mulk quyidagilardan iborat bo‘lgan: uy-joy, chorva, tomorqa yerlari, ishlab chiqarish qurollari, barcha ro‘zg‘or va shaxsiy buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari. Avesto kitoblarida qadimgi chorvachilik va dehqonchilik hayoti haqida ma’lumotlar turli qismlarda saqlangan bo‘lib ularda shunday deyiladi: «Biz Axuramazdani ulug‘laymiz, Axuramazda yaratgan barcha narsaning ichida eng muhim bo‘lib, birinchi o‘rinda chorva turadi. Biz chorvaga tinch o‘tlov va yemish ta’minlashga chaqiramiz». Yoki Videvdat kitobida dehqonchilik sabab ish ekanligi ta’kidlangan: «Kim agar chap va o‘ng qo‘li, o‘ng va chap qo‘li bilan bu zaminga ishlov bersa, O. Spitama Zaratushtra, u yerga manfaat keltiradi». Ta’kidlash joizki, Avesto davri qabilalar va jamoalar e’tiqodlarining mukammal jahon dini darajasidagi din bilan almashayotgan davri edi. Shuningdek, bu davr tub iqtisodiy o‘zgarishlar va ishlab chiqarishda sifatiy olg‘a siljishlar davri bo‘lganligi bilan ham izohlanadiki, bu holat iyerarxik to‘zumga ega bo‘lgan davlatchilik hamda urbanizatsiyaning yangi bosqichga ko‘tarilishiga, kasbiy hunarmandchilik, birinchi galda metallurgiyaning rivojlanishiga imkoniyat yaratgan edi. Mis, bronza, keyinroq temirning paydo bo‘lishi ishlab chiqarishdagi katta o‘zgarishlarga, jumladan hunarmandchilikning maxsus tarmoqlarga ajralishiga va mahsulot ayirboshlashga olib keldi-ki, bu jarayon O‘rta Osiyo qadimgi shahar va qishloqlarining rivojlanishiga, ziroatkor va chorvador aholi turmush tarzining tubdan o‘zgirishiga olib keldi. Avesto ko‘pgina ma’lumotlar qatori metallurgiya sohasida erishilgan yutuqlar haqida ham ma’lumotlar beradi. Bunga Avesto xudolarining boy qurol – yarog‘lari misol bo‘la oladi. Masalan, zardo‘shtiylarning ulug‘ xudolaridan biri Mitra «oltin arava»da tasvirlanib, qo‘lida «sariq ma’dandan yasalgan, tilla bilan qoplangan, yuz tig‘li va yuz zarbali, eng kuchli va eng zafarli» bolta ushlab turadi. Mitraning aravasida yoki qalqonida kumush va oltindan bezaklar solinadi. Mitraning aravasida «o‘tkir, yaxshi charxlangan, ilohiy uchadigan va ilohiy kesadigan» minglab o‘tkir o‘qlar va nayzalar, minglab pichoqlar va cho‘qmorlar tasvirlangan. Avestoda tilga olingan viloyatlar ( o‘lkalar ) – Aryanam Vayjo, Gava Sug‘da, Mouru, Bahdi, Nisaya kabilar, O‘rta Osiyo, Janubiy Uraloldi va Markaziy Qozog‘iston hududlarida joylashgan bo‘lib bu ulkan mintaqada muhim polimetallar bazasi, Amudaryo va Sirdaryo quyi oqimlarida keng yaylov hududlar, Baqtriya, Marv, Niso va Sug‘dda urbanizatsiyalashgan markazlar mavjud edi. Avesto madhiyalarida ma’lum ijtimoiy bosqichlardagi izchillik va iyerarxiyani ham ajratish mumkin. Shuningdek, Avestoda ilk shaharlar shakllanish bosqichlari Axuramazda farmoni bilan dastlabki odam Yima tomonidan mustahkamlangan «vara» bunyod etishi misolida ko‘zatiladi. Bunday «vara» lardan biri arxeologlar tomonidan Janubiy Ural – Qozog‘istondagi «shaharlar o‘lkasi» dan topilgan bronza davrida oid Arkaim yodgorligida bo‘lishi mumkin. Arkaim yodgorligi bir nechta mustahkamlangan manzilgohlardan iborat bo‘lib, xandaqlar va qatorli mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan, kirish qismi himoyalangan. Yodgorlik murakkab va aniq tuzilishga ega. Yodgorlik hududlaridan, hunarmandchilikning avvalo, metall eritish va unga ishlov berishning izlari, bronzadan yasalgan buyumlar Avesto madhiyalarida eslatilgan «vara» shaklidagi bunyod etilishi shahar madaniyati belgilarini, ijtimoiy va madaniy tarqqiyotining yuqori darajasini, nom-davlatlar ko‘rinishidagi shaharlar shakllanishini o‘zida aks ettiradi. Bu jarayonning bosqichma –bosqich rivojlanishi esa, O‘rta Osiyoning janubiy va markaziy hududlarida ko‘zatiladi. Download 356.17 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling