O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda
Mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni o‘zgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qo‘yilmoqda. Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari ko‘zlangan islohotlar yo‘lidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik kabi muhim qadriyatlar mujassam bo‘lib, ular davlatchilikning tamal toshlari sifatida mustahkamlanmoqda.
Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi
Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda. Masalan, 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan moddiy yordam olishini kafolatlaydi. Bu jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri keladi, ularga har yili 11 trillion so‘m ajratiladi. Deputatlar o‘tgan yili 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratilgani, bu yil 90 ming, yaqin 2-3 yilda esa, 200 ming oilani uy-joyli qilish rejalashtirilganligi, shu bois, har bir fuqaroning uy-joyli bo‘lish huquqi va uy-joy qurilishi davlat tomonidan rag‘batlantirilishining Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotganligi ushbu marralarga erishish uchun mustahkam zamin hozirlashini qayd etdilar.
Ilk marotaba davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi va o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklanmoqda. Deputatlar tomonidan davlat o‘z zimmasiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashish, majburiyatini olayotganligi ham ijtimoiy davlat tamoyilining yaqqol ifodasi ekanligi ta’kidlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |