Tarixdan bizga ma’lumki, qadimdan kutubxona maskanlari ziyo va ma’naviyat o‘chog‘i sifatida faoliyat ko’rsatgan. O‘z davrida noyob va nodir qo‘lyozma asarlar kutubxonalarda saqlanib kelingan


Download 33.6 Kb.
bet1/2
Sana09.04.2023
Hajmi33.6 Kb.
#1343099
  1   2
Bog'liq
amir-temur-va-temuriylar-davrida-kitobat-san-ati-va-kutubxonalar



Kirish.
Tarixdan bizga ma’lumki, qadimdan kutubxona maskanlari ziyo va ma’naviyat o‘chog‘i sifatida faoliyat ko’rsatgan. O‘z davrida noyob va nodir qo‘lyozma asarlar kutubxonalarda saqlanib kelingan. Xususan, Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrida ham tashkil etilgan kutubxonalarda ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan noyob va nodir hisoblangan tarixiy qo‘lyozma asarlar fondlarining shakllanishi, ilm-fanning turli yo‘nalishlariga oid asarlarning mavjud bo‘lganligi yangi kutubxonalarning tashkil etilishiga asosiy omil sifatida turtki bo‘ldi.
XIV asrning ikkinchi yarmi XV asr boshlarida Movarounnahrda me’morchilik va amaliy san’atga bo‘lgan e’tibor yanada rivoj topdi. Amir Temur davlatining poytaxti bo‘lgan Samarqand ulkan shaharga aylandi, bu yerda ko‘plab saroylar, masjidu madrasalar, maqbaralar va boshqa jamoat inshoatlari bunyod etildi.
Mamlakatda jahon ilm-fani yo‘nalishi sifatida, tibbiyot, astranomiya, matematika, falsafa, tarix, adabiyot va boshqa fanlar keng quloch yoyib yanada qadr topdi. Bu esa qo‘lyozma fondlari, saroylar, madrasalar huzurida kutubxonalar tashkil etilishi va xususiy kutubxonalarning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Amir Temur hukmronlik qilgan yillarda (1370-1405) qo’lyozma manbaalarni saqlash va kutubxonalar tashkil etish borasida katta g‘amxo‘rlik qilindi. Amir Temur ilm-fan homiysi, sahovatpesha hukmdor bo‘lgan. U adabiyot va san’atni yaxshi ko‘rgan. Masalan, uning hukmronlik qilgan davrining birinchi yarmida zabt qilingan hududlarda to‘plangan kitoblar va qo‘lyozmalar Shahrisabzga yuborilgan. Ushbu keltirilgan qo‘lyozma manbaalar jamlanmasi natijasida saroyda maxsus qo‘lyozmalar kutubxonasi tashkil etilgan. Ayniqsa, mamlakat poytaxti bo‘lgan Samarqanddagi saroy kutubxonasi mashur bo‘lib, bu yerda yunon, lotin, arab, arman, fors va boshqa tillarga oid noyob va nodir hisoblangan qo‘lyozma asarlar saqlanardi. Ushbu qo‘lyozmalarning aksariyat qismi Amir Temur zabt etgan mamlakatlardan keltirilgan. Turkiyaning Burna shahridagi mashhur kutubxonadan Samarqandga ko‘pgina qimmatli hisoblandan nodir qo‘lyozma asarlar keltirilgan1. Bursa kutubxonasi antik davrdagi mashhur kutubxonalardan biri - Pergam kutubxonasining me’rosxo‘ri edi. Bu yerda Arximedning zamondoshi hisoblangan matematik Apolloniy, o‘z davrining mashhur faylasuflaridan Antigon Karistskiy, Kichik Nenaf va boshqa ko‘pgina kishilar faoliyat ko‘rsatgan. Bursa kutubxonasida saqlanayotgan qadimgi yunon mutafakkirlaridan Ptolemey, Gipparx, Diafant va boshqa Iskandariyalik mualliflarning asarlari Pergam kutubxonasidan keltirilgan degan asosli fikrlar Amir Temurning kitobga va noyob qo‘lyozma durdonalariga bo‘lgan qiziqishi buning yaqqol isbotidir2.
Ma’lumki, ko‘plab olimlar Amir Temur davlati poytaxtida tashkil etilgan kutubxonalarga ishlash maqsadida kelgan. Ulardan biri, matematik, Qozizoda Rumiy, Ulug‘bekning va Alovuddin Ali ibn Muhammadning (Ali Qushchi)ning ustozi bo‘lgan. U Samarqandga Bursadan kelgan edi. Amir Temur Armanistondan ham ko‘pgina nodir hisoblangan qo‘lyozma asarlarni ham olib kelgan. Arman tarixchisi S.A.Babayanning ma’lum qilishicha, Taevsk monastiri huzuridagi kutubxonaning kitob fondining ma’lum bir qismi Samarqandga olib ketilgan3. Ushbu kitoblarning orasida Suriyalik Murabas Gaddining qo‘lyozmalari ham bo‘lib, uni muallif arman podshosi Bagarshikning farmoishiga binoan Xaldey, Eron va boshqa sharq mamlakatlaridan to‘plagan va bu ma’lumotlar eramizdan avvalgi 150-yilgacha bo‘lgan tarixni qamrab olgan edi. M.A.Gadin tomonidan yozilgan Armaniston tarixi keyinchalik Moisey Xarenskiy va boshqa arman tarixchilariga o‘zlarining tarixiy asarlarini yozishga manbaa bo‘lib xizmat qilganligi to‘g‘risida ilmiy ma’lumotlarda bayon etilgan.
Amir Temurning arman kutubxonasidan kitoblar olib ketganligi to‘g‘risida arman tarixchisi Mixail Chamxhyan qiyidagi fikrlarni bayon etadi: “U arman va fors kitoblarini ulgurganicha to‘plab, ularni Samarqandga yuborgan va u yerda bitta minoraga jamlashtirgan. Ushbu minoradan kimda kim kitob olib chiqib ketishini qattiq qo‘rqitish bilan ta’qiqlab qo‘ygan, kitoblarni o‘qimoqchi bo‘lganlarga minorada shug‘ullanishga, biroq bu yerda juda uzoq vaqt qolmaslik sharti bilan ruxsat bergan”4. Tarixiy ma’lumotlarning guvohlik berishi masalasi yuzasidan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Amir Temur Samarqanddagi saroy kutubxonasi faqat kitob saqlanadigan ombor bo‘libgina qolmay, balki u yerda ba’zan foydalanuvchilarni ham qo‘shishgan. Kutubxonaga kirish uchun juda ozchiliklargagina ruxsat berilgan. Kutubxonaning qanday ko‘rinishga ega bo‘lganligi, kitoblar qanday saqlangani va ulardan foydalanilgani to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar hozircha topilmagan. Biroq aytish mumkinki, saqlovchilar qo‘lyozmalarni yuksak darajada qadrlaganlar va ularga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishgan. Mazkur qo‘lyozmalarni saqlash uchun maxsus bino qurilganligi ham bu ma’lumotlarning isbotidir.
Shuni ham takidlash joizki, bu yerda ham kitoblardan iborat boyliklar xuddi XI-XII asrlardagi zamonasining mashhur kutubxonasi singari fanlar bo‘yicha joylashtirilib, maxsus sandiqlarda saqlangan. Shak-shubha yo‘qki, barcha kitoblarni faqat ro‘yxatga olish uchun emas, balki yaxshiroq foydalanish uchun himoyalangan.
Amir Temur va Temuriyzodalar davrida turli sohalarda qanchadan-qancha yutuqlar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, insonning ilmiy va badiiy tafakkuri natijasi bo‘lmish kitoblarni yaratish, ularni ko‘chirish, saqlash sohasida ham katta ishlar amalga oshirilgan. Bu davrda xat va kitob ko‘chirish, uni bezaklar bilan ziynatlash bilan bog‘liq bo‘lgan mashhur siymolar, xattotlar chiqdilar. Ulardan, Mir Ali Tabriziy, Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Xiraviy, Mir Imod, Sulton Muhammad Handon, Mavlono Ma’ruf, Abdujamil kotib, Darvesh Muhammad Samarqandiy, Pir Muhammad So‘fi Buxoriy va boshqalarning nomlarini xurmat bilan tilga olinadi.
Xattotlar tomonidan nastaliq xatida fikrlarning go‘zal tarzda bayon qilinishi mutolaani nihoyatda osonlashtirishga yordam bergan. Kitoblarni muqovalash, oltin suvi va rasmlar (miniatyuralar) bilan bezashning nodir san’atkorlari - Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhiblar ham ana shu davrda yashab ijod qilgan siymolardandir. O‘z sohasining yetuk mutaxassisi va malakali xattot va rassomlar tomonidan tayyorlangan qo‘lyozmalar moliyaviy jihatdan iqtidorli shaxslar buyurtmasi bilan amalga oshirilardi, yoki podshohlar kutubxonasi qoshida bajarilar edi. Bunday kitoblar har jihatdan noyob va nodir qimmatbaho hisoblanardi. Mohir xattotlar tomonidan ko’chirilgan kitoblarning nusxalari juda kam bo‘lgan, xattoki, bir nusxadan bo‘lganligi uchun muallifning o‘z qo‘lyozmasi tarzida saqlangan.
Saltanat kutubxonalari va mashhur siymolar kutubxonalari alohida manzilda, ularni saqlovchi, yangisini ko‘chiradigan, zarar yetkazilgan (varaqlari yo‘qolgan yoki satrlari o‘chgan) kitoblarni ta’mirlovchi maxsus mutaxassislar bilan ta’minlanganlar. Xatto, kitoblar o‘ziga xos tartib bilan saqlangan. Uning boshqaruvchini kitobdor deb atalgan. Mashhur madrasalarda ham kutubxona uchun alohida hujralar ajratilgan va uning mas’ul hodimlari ham bo‘lgan. Biz so’z yuritayotgan saltanat kutubxonalari, shaxsiy kutubxonalar, madrasalardagi kutubxonalar haqida ma’lumotlar, hikoyat va rivoyatlar mavjud.
Shuningdek, bunday kutubxonalarning birortasi aynan saqlanmaganligi tufayli ular to‘g‘risida aniq ma’lumot berish qiyin. Shunday bo‘lsada, manbalarda ularning mavjud bo‘lganiga doir ishoralar asosida bunday kutubxonalarning ayrimlari haqida umimiy tarzda ma’lumot berishga jur’at etdik.
Ushbu davrda yaratilgan va bizgacha yetib kelgan kitoblar haqida esa bizga ma’lum bo‘lganlari to‘g‘risida muxtasar fikr yuritish foydadan holi bo‘lmasa kerak. Chunki bu o‘tmish ta’lim-tarbiya tizimi, madrasa va oliy madrasalar faoliyati bilan bevosita dahldor bo’lgan mavzudir. Amir Temur ta’lim-tarbiya ishiga alohida e’tibor qaratib, madrasalar qurishga farmon berar ekan, bu jarayonning kitoblarsiz bo‘lishi mumkin emasligini ham yaxshi tushunardi. Faqat bu emas, balki o‘zi va arkoni davlatning ham ma’rifati, ma’lumoti bo‘lishini istagan. Chunki Amir Temur, ibn Arabshohning guvohlik berishicha, “Men azaldan ilm shaydosiman” va “Men olimlar bilan doim suhbatda bo‘lib, ular ishidan xabardorman” degan ekan, bunday kishining olimlar va adiblar ijodiy ishining mahsuli bo’lmish kitoblar taqdiriga befarq qarashi mumkin emasdi5. Bunga qo‘shimcha ravishda Amir Temur tuzuklarida bayon etilgan ayrim fikrlar aytilganlarning haqiqiy ekanidan dalolat beradi. Temur tuzuklarida yozilishicha, Amir Temur hakimlar, tabiblar, munajjimlar, muhaddislarni o‘z atrofiga to‘plagan. Shuning bilan birga “Muhaddislar, tarixchilar hamda qissaxonlarni o‘zimga yaqinlashtirdim va avliyolar haqidagi qissalarni, o‘tgan podshohlar to‘g‘risidagi xabarlarni, ularni saltanat taxtiga qanday yetishganliklarini, davlatlarining qanday sabablarga ko‘ra zavol topganligini bulardan so‘rab bilardim”, - deb ta’kidlaydi6. Bulardan ko‘rinadiki, Amir Temur atrofiga to’plangan hakim va tabib, munajjim va muhaddis, tarixchi, qissaxon va boshqalar “ilm shaydosi” bo‘lgan Sohibqironning savollariga asosli va ilmiy javoblar topish uchun kitoblarga murojaat etganlarki, ular shubxasiz, Amir Temur to‘plagan kitoblar hazinasi-kutubxonada saqlangan, ayrimlari esa safar vaqtida birga olingan, ya’ni “ko‘chma kutubxona”da bo‘lgan. Amir Temur asos solgan saltanat kutubxonasida (uni Samarqanddagi Ko’ksaroyda joylashgan deb faras qilish mumkin) Samarqand, Buxoro, Xorazm va Movarounnahrning boshqa shaharlarida bo‘lgan nodir qo‘lyozma kitoblar bilan bir qatorda turli mamlakatlarga yurish vaqtida qo‘lga kiritilgan arab, turk va fors tillaridagi kitoblar to‘plangan deyish mantiqiy ko‘rinadi. Shuning bilan birga bu vaqtda Samardandda yashab faoliyat ko‘rsatgan allomalarning kitoblari ham bu kutubxonani boyitib borgan. Chunki Amir Temur devonida mavlono shayx Muhammad ibn hoja Bandkor Termiziy, Amir Muhammad Badriddin, Ho’ja Abdulla Keshiy kabi ajoyib xattot va adiblar ham faoliyat ko‘rsatar edilar. Shunday qilib, aytilganlar e’tiborga olinsa, unda Amir Temur kutubxonasida Qur’oni karim va unga bag’ishlangan tafsirlar, hadisisharifning ishonchli to‘plamlari, fiqh, falakiyot, muhaddislik, tibbiyot, jug‘rofiya, falsafa, tarix, mantiq, tilshunoslik va adabiyotga oid nodir asarlar to‘plangan.
Xususan, ular orasida Imom al-Buxoriy, Imom at Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Chag‘miniy, muarrix Rashididdiy, ibn Batutta, Sayyid Sharif Jurjoniy, alloma Taftazoniy, Xo’ja Ahmad Yassaviy, Abu Sayyid Abdulxayr, Abdulloh Ansoriy, Muslihiddin Sa’diy, Qutb ul-Orifiy, Sadriddin Ardabeliy, Zayniddin Tayobodiy, Mir Sayid Baraka kabilarning asarlari, maktublari, ular haqidagi asarlar, xorijiy Sharq va G‘arb mamlakatlari podshoh va qirollariga yozilgan maktublarning nusxalari bo‘lganligi haqiqatga yaqindir.
1403-yilda Samarqandga tashrif buyurga Ispaniya elchisi Ryui Gonzales de Klavixo o‘zining kundalik daftariga kutubxona to‘g‘risidagi ayrim ma’lumotlarni qayd qilgan edi. 1863-yilda venger sharqshunosi Armeniy Vamberi Markaziy Osiyo bo’ylab sayohati davomida, Samarqandda mashhur arman-yunon kutubxonasining “izlari”ni topishga intildi. Markaziy Osiyoni Rossiya bosib olgandan keyin ko‘pgina sharqshunoslar va turli mamlakatlarning olimlari o‘z nazarlarini Amir Temurning mashhur kutubxonasiga qaratdilar, uning taqdirini bilishga qiziqdilar. Turkiya viloyatida istiqomat qilayotgan armanlar 1868-yilda Samarqand va Buxoro armanyunon kutubxonasini topish to‘g‘risidagi iltimosi bilan hukumatga murojaat qildilar.
Ushbu kutubxonani Amir Temur Armanistondan olib kelgan edi. Rus diplomati N.Stremouxovdan Turkiya general-gubernatori Kaufman nomiga o‘sha yili arman arxiepiskopi Sarkisyaning xati tushgan bo‘lib, unda Amir Temur kutubxonasi izlab topishni iltimos qildi. Bu kutubxona so‘nggi vaqtgacha Samarqandda yoki uning yaqin atrofida saqlanmoqda, deb hisoblanardi.
Turkistonlik taniqli bibliograf va Markaziy Osiyo tarixining katta bilimdoni N.V.Dmitrovckiy Amir Temur kutubxonasining tarixi haqida ma’lumotlar to‘plagan bo‘lib, u Samarqandga mashhur arman kutubxonasi va Mirabas Gadinning qimmatli qo‘lyozmalari olib ketilgani haqida yozgan edi.
1873-yilda ingliz tadqiqotchisi Evgeniy Skayler chor Rossiyasi bosib olgan Turkistonga sayohat qilar ekan, Buxoro va Qo‘qonda bo‘ladi. Shuningdek, Amir Temur kutubxonasi bilan qiziqib ko‘radi. Skayler Buxoro kutubxonalaridagi ma’lumotlar asosida quyidagicha yozadi: “Men mashhur Temur kutubxonasi xali mavjuddir, deb o‘ylashimga asos bor. Bu yerda amirning xazinasida ko‘pgina kitoblar borki, ularning tili Buxorolik mullalarga tanish emas, shu sababli kitoblarga e’tibor berilmasdan yotibdi: ular Qarshida ham bor”. U Qarshida bo‘lgan vaqtida amirning boy kutubxonasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmaganidan afsuslanadi. 1889-yilda taniqli ingliz adibi Makenzi Uolles Zakaspiy viloyatida bo‘lgach,
Samarqandga kelib Amir Temurning kutubxonasini sinchiklab izlab ko‘radi, lekin “shaharni yoppasiga axtarib, hech narsa topa olmaydi”.
Amir Temur kutubxonasini keyingi qidirish ishlari mashhur rus orbentalisti A.L.Kun (18940-1888)ning faoliyati bilan bog’liqdir. U Turkistonga 1868-yilda xizmatga kelgan bo‘lib, uning muhim vazifalaridan biri Temurning mashhur kutubxonasini qidirib topishdan iborat edi. Lekin A.L.Kun kuch-g‘ayrat sariflashiga qaramay, Temur kutubxonasi to‘g‘risida hech qanday aniq ma’lumotlar to‘play olmaydi. XX asrning boshlarida Temurning kutubxonasi bilan Turkistonlik publisist D.N.Lagofetda ham qiziqish uyg‘onsada, 1868-yildan 1911-qilga qadar mashhur kutubxonaning izlarini aniqlashga muvaffaq bo‘la olmagan.
Temur kutubxonasidan bugungi kungacha saqlanib qolgan birdan-bir qo‘lyozma bu Usmon Qur’onidir. U pergament qog‘ozga kufiy yozuvida ko‘chirilgan. A.L.Kun mazkur qo‘lyozmani Temur kutubxonasining eng yaxshi bezagi deb hisoblagan. Usmon Qur’oni Rossiya Markaziy Osiyoni bosib olgandan keyin Samarqandning Xo‘ja Ahror masjidida saqlangan. 1869-yilda mazkur Qur’on nusxasi borligidan qo‘shin starshinasi Serov xabar topib, Zarafshon okrugining boshlig‘i general-mayor Abramovning buyrug‘i bilan qadimgi qo‘lyozmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plab yurardi. Serov Xo‘ja Ahror masjidida Qur’on saqlanayotganini masjidda ko’p muhlislar to‘plangani sababli bilib oladi. So‘ngra bu Qur’on musilmonlar uchun ahamiyatsiz narsa, uni hech kim oqiy olmaydi, Xo‘ja Ahror masjidi imomlari ham unga bu kitobni sotishga rozi ekanligini ma’lum qiladi.
Qur’on general-mayor Abramov tomonidan 125 so‘mga sotib olinadi va Toshkentga yuboriladi. Kaufman uni Buxoro amirining vakili Yahyoxo‘jaga ko‘rsatganda, U Temur kutubxonasining birdan-bir saqlanib qolgan qo‘lyozmasidir, deb tasdiqlaydi. Kutubxonaning qolgan kitoblari esa mazkur mamlakatdagi o‘zaro qonli urushlar va to‘qnashuvlar natijasida nobud bo‘lgan edi.
1876-yilda Kaufman Qur’onni Sankt-Peterburgdagi imperator xalq kutubxonasiga topshiradi. Kutubxonaning 1904-yilgi ishi haqidagi hisobotida Samarqandning Kufiycha Qur’oni kutubxonaning sharq bo‘limida eng muhim boylik ekanligi aytilgan edi. 1887-yilda Usmon Qur’onini Sankt- Peterburg xalq kutubxonasida Samanqandlik savdogar va qadimgi narsalarni to‘plovchi Mirza Buxarin ko’rib qoladi. Mirza Buxarin Sankt-Peterburgdagi xalq kutubxonasida turli xalqlarning bir necha yuz ming qadimgi va yangi kitoblari hamda qo‘lyozmalarini ham ko‘radi. Bu erda Alisher Navoiyning asarlari, “Shohnoma”, “Ravzat ussafo” va boshqa tarixiy asarlarning qo‘lyozmalari, shuningdek, mahalliy xonlarning yorliqlari saqlanardi.
Xususan, mazkur kutubxonada, arabcha, forscha, turkcha va boshqa tillardagi lug‘atlar ham bor edi. Sho‘ro hokimyatining dastlabki yillarida Markaziy Osiyo musilmonlarining iltimosi bilan Usmon Qur’oni Toshkentda saqlash uchun qaytarib keltirildi. Temuriylar davrida Samarqanddagi ulkan kutubxona bilan bir qatorda saroy kutubxonalari ham bo‘lgan. Ulardagi kitoblar, chamasi Samarqanddagi kutubxona kitoblaridan kamroq bo‘lsa ham, ular qimmatli nodir kitoblar xazinasi sifatida qadrlangan.
Ushbu davrda kutubxonalarning rivoj topish jarayonlari Amir Temurning merosxo‘rlari, xususan, nabirali davrida ham sezilarli darajada ravnaq topdi. Bu borada Ulug‘bekning Samarqandda hukmronlik qilgan yillarida madaniy yuksalish bilan bir qatorda, kutubxonalar va xususiy shaxslarning kitob javonlari ilm-fan sohalarida doir kitoblar bilan to‘ldirilib borilganligi to‘g‘risida tarixiy o‘tmish guvohlik beradi.

Download 33.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling