Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet159/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   155   156   157   158   159   160   161   162   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

O'zbekistonning birinchi metallurgiya zavodi 1944 yil 5 mart kuni dastlabki metall mahsulotlarini bera boshladi va tez kunlarda zavodning birinchi navbati, 1945 yil fevraldan ikkinchi navbati ishga tushirildi.

Geologik-qidiruv ishlari natijasida ko'plab qora va rangli metall konlari ochildi. Urush yillaridayoq Langar, Ingichka, Qo'ytosh, G'ortepa, Olmaliq rangli metall konlari, Oqtosh boksit konini o'zlashtirish ishlari boshlanib ketdi. Ulardan qazib olingan volfram, molibden, mis, alyumin va boshqa mahsulotlarni qayta ishlash korxonalari qurildi.

Kimyo sanoati rivojlandi. 1944 yil yanvaridayoq Gorkiy va Stalinogorsk kimyo kombinatlaridan ko'chirib kcltirilgan uskunalar asosida qurilgan CHirchiq elektrokimyo kombinatining ikkinchi navbati muhim kimyo mahsuloti ammiak ishlab chiqara boshladi. 1943 yilda Quvasoy kimyo zavodi, Qo'qon superfosfat zavodi, Farg'ona gidroliz zavodi qurilib ishga tushirildi. Kimyo sanoati mahsulotlari salmog'i 1940 yilga nisbatan 1945 yilda 6,1 baravarga ko'paydi.

Urush yillarida qurilish materiallari sanoati, to'qimachilik va poyabzal sanoati, oziq-ovqat sanoati, mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish tadbirlari amalga oshirildi. Faqat 1943 yilda 12 ta yog zavodi, 3 ta paxta tozalash zavodi, 4 ta qand va 4 ta konserva zavodlari qurilib ishga tushirildi.

Sanoat korxonalarining kengayishi, yangi qurilgan zavod-fabrikalarning ishi, muvaffaqiyati ularni malakali ishchilar bilan ta'minlashga bog'liq edi. Yuz minglab kishilarning, xususan, tajribali xodimlarning frontga safarbar etilishi katta qiyinchiliklar tug'dirardi. Keksalar, ayollar, ayniqsa armiyaga chaqirish yoshiga yetmagan o'smirlar va qizlar korxonalarga jalb etildi, ularga hunar o'rgatildi. respublikada 100 mingdan ko'proq malakali ishchilar tayyorlandi. Faqat hunar va temiryo'l bilim yurtlari, fabrika-zavod ta'lim maktablari 57 mingdan ziyod yosh ishchi kadrlarni tayyorlab berdilar. Korxonalar zimmasiga yuklangan katta topshiriqlar kishilardan jismoniy zo'riqish, hatto holdan toyguncha ishlashni talab qilardi. O'zbekistonliklar g'alaba uchun bar qanday og'irlikni, qiyinchiliklarni yengib o'tdilar, respublikani qizil armiyaning qurol-aslahaxonasiga aylantirdilar.

Urush yillarida O'zbekistonda 280 ta yangi sanoat korxonalari qurilib ishga tushirildi. Sanoatning yangi tarmoqlari-aviatsiya, stanoksozlik, og'ir mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya va boshqa tarrnoqlari vujudga keldi. 1940 yilda yalpi sanoat mahsulotida og'ir sanoatning hissasi 13,9 foizni tashkil etgan bo'lsa, 1945 yilda 47,5 foizni tashkil etdi.

Toshkent SSSRning eng katta sanoat markazlaridan biri bo'lib qoldi. Bekobod sanoat shahri sifatida vujudga keldi. Yangiyo'l, CHirchiq kabi yosh shaharlar yanada rivoj topdi.

Sanoatchilarimizning fidokorona mehnati tufayli O'zbekiston sovet armiyasining qurol aslahaxonasiga aylandi. O'zbekiston frontga 2090 samolyot, 17342 aviamotor, 2318 ming aviabomba, 1,7 mingdan ortiq minomyot, 22 mln dona mina, 560 ming snaryad, milliontacha granata, 330 ming dona parashyut, harbiy ehtiyojlar uchun 100 ming km dan ortiq maxsus sim, 125 ming km telefon kabellari va boshqa mahsulotlar yetkazib berdi. Bu o'zbekistonliklarning fashist bosqinchilarini tor-mor etishga qo'shgan ulkan hissasi sifatida jahon tarixidan rnunosib o'rin oldi.

Transport. Urushda g'alabaga erishish transport ishi bilan bog'liq edi. 1943 yil 25 yanvarda "Toshkent temiryo'li ishi to'g'risida" maxsus qaror qabul qilindi. Temiryo'l harbiy holatga o'tkazildi, unda ishlovchilar safarbar etilgan deb hisoblandi, harbiy xizmatchilar kabi qattiq inlizomga rioya etish majbur qilib qo'yildi. Poezdlar harakatining qo'shinlar va harbiy yilklarni birinchi navbatda o'tkazib yuborishni ko'zda tutuvchi harbiy grafik joriy etildi. Toshkent temiryo'l transportchilari ko'chirib keltirilayotgan korxonalarning asbob-uskunalarini va millionlab kishilarni G'arbdan SHarqqa, jangovar texnika va qurol-yarog'larni SHarqdan G'arbga okz vaqtida to'xtovsiz o'tkazib turish topshirig'ini bajardilar. Faqat 1941-1942 yillarda O'zbekiston temiryo'lchilari 2700 sostavdagi passajir poezdlarini, ko'chirilgan korxonalarning asbob-uskunalari onilgan 17600 vagonlarni mo'ljalga yetkazishdi, o'q-dorilar, yoqilg'i, oziq-ovqat, kiyim-kechaklarortilgan minglab vagonlarni frontga yetkazishdi.

O'zbekistonda yangi temiryo'llar qurilishi jadal olib borildi, 1941-1945 yillarda temiryo'l liniyalari 2 baravar uzaydi. Toshkent-"Angren-ugol", Boysun-Otquloq-Turangli-Toshkent tovar stansiyasi temiryo'llari qurilib ishga tushirildi.

Aloqa vositalari. Aloqa telefon, telegraf xodimlari ham urush talablariga moslashib ishladilar. Aloqa xodimlari O'zbekistonning Markaz bilan, respublika rahbariyatining viloyat, shahar, tumanlar, yuzlab sanoat korxonalari bilan telefon aloqasini yo'lga qo'ydilar. Toshkent-Samarqand-Ashxobod, Toshkent-Samarqand-Boku, Toshkent-Samarqand-Krasnovodsk telefon liniyasi, ikkita Toshkent -Samarqand -Buxoro telefon aloqa yo'llari qurildi. 1943 yilda qurib ishga tushirilgan 500 kilometrlik telefon yo'li Toshkentni Xorazm viloyati va Qoraqalpog'iston bilan bog'ladi. Yirik korxonalarning o'zlarida ham 50-100 o'rinli telefon stansiyalari qurildi. Natijada xo'jaliklarga rahbarlik qilish, ularga o'z vaqtida ko'maklashish ishlari yaxshilandi.

Pochta bo'limlarida ish hajmlari oshib bordi. Agar 1941 yilda o'rta hisobda bitta pochta xodimi tomonidan 50 ming xat-xabarlar jo'natilgan bolsa, bu ko'rsatkich 1942 yilda 74,5 mingga, 1943 yilda 77,5 mingga yetdi. Pochta xodimlari frontdagi jangchilar bilan ularning ota-onalari, rafiqalari, qarindoshlari o'rtasida aloqa bog'lovchi ko'prik rolini bajardilar.

O'zbekiston qishloq xo'jaligi. Urush, respublika qishloq xo'jalik xodimlarini qattiq sinovdan o'tkazdi. Ular oldida sanoatni xomashyo bilan, aholini oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan uzluksiz ta'minlashdek ulkan, murakkab vazifa turar edi. Vaziyatning murakkabligi shundan iborat ediki, birinchidan, respublika qishloq xo'jaligi asosan paxta yetishtirishga yo'naltirilgan bo'lib, oziq-ovqat mahsulotlari Ittifoq fondidan keltirilar edi. Urush boshlangach, oziq-ovqat keltirish to'xtadi, aholini boqish uchun ichki imkoniyatlarni topish zarur bo'lib qoldi. Ikkinchidan, evakuatsiya qilingan aholi hisobiga shaharlar aholisining ko'payishi oziq-ovqatga bo'lgan talabni yanada oshirdi. Uchinchidan, kuch-quvvatga to'lgan dehqonlar frontga va harbiy sanoatda ishlashga safarbar etilgan, dehqonchilikning mashaqqatli ishlari keksalar, ayollar, o'smirlar zimmasiga tushgan edi. To'rtinchidan,

MTS va sovxozlarga G'arbdan yangi traktorlar, qishloq xo'jalik mashinalari va ularga ehtiyot qismlar keltirish to'xtab qolgan, bugina emas, xo'jaliklardagi traktorlar, avtomobillar, otlarning bir qismi qizil armiya ehtiyojlari uchun olib ketilgan edi.

Qishloq xo'jaligining barcha bo'g'inlarida qat'iy ish tartibi belgilandi. Eng kam miqdordagi majburiy mehnat kunlari 1,5 baravarga oshirildi, o'smirlar uchun ham 12 yoshdan boshlab mehnat kunlari belgilandi. Belgilangan miqdordagi mehnat kunlarini bajarish majburiy qilib qo'yildi.

Urush yillarida respublika dehqonchiligining strukturasi keskin o'zgardi. Paxtachilikni asosiy tarmoq sifatida saqlab qolgan holda don, qand lavlagi, kanop, pilla, sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirishni ko'paytirish tadbirlari ko'rildi. Birinchi navbatda ekin ekiladigan maydonlarni kengaytirish, irrigatsiya quvvatlarini oshirish ishlari yuksak sur'atlar bilan olib borildi.

1942 yil fevral martda barpo etilgan SHimoliy Toshkent kanali 15 ming gektar yerni sug'orish imkonini berdi. Kattaqo'rg'on, Kosonsoy, Rudasoy suv omborlari, Yuqori CHirchiq, SHimoliy Farg'ona, So'x-SHohimardon, Uchqo'rg'on kanallari qurildi. Natijada respublikaning sug'oriladigan yer maydonlari 454,7 ming gektarga kengaydi.

Usmon Yusupov O'zKP(b) MQning 1941 yil dekabrida o'tgan V plenumida O'zbekistonda g'alla masalasini hal qilish, o'zimizni o'zimiz un-non bilan ta'miniashimiz kerak, degan vazifani ilgari surdi. Don ekiladigan sug'oriladigan yer maydonlari kengaytirildi. Zarang yerlar, qo'riqlar, to'qaylar. lalmikbr yerlardan ham foydalanildi. 1942 yilda 1408,1 ming gektar, 1943 yilda 2090,2 ming gektar yerga g'alla va dukkakli ekinlar ekildi. Natijada don mahsulotlari yetishtirish ko'payib, 1941 yilgi 4,8 mln so'm o'rniga 1943 yilda 5,3 mln so'm olindi, respublika ehtiyojlari qondirildi.

Qishloq xo'jaligida O'zbekiston uchun yangi tarmoq-qand lavlagi yetishtirish yo'lga qo'yildi. Samarqand, Farg'ona, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari lavlagi yetishtirish bo'yicha ixtisoslashtirilib, 1942 yildayoq 65 ming gektarga, keyingi yillarda 70 ming gektardan ortiqroq hosildor yerlarga qand lavlagi ekildi. Jizzax, Pastdarg'om tumanlarida bar gektardan 400-800 sentnerdan lavlagi hosili olindi.

Qand lavlagini qayta ishlash, shakar, qand ishlab chiqarish uchun Zirabuloq, Qo'qon, Yangiyo'l qand zavodlari qurildi. Respublika bo'yicha 1944 yilda davlatga 1 mln 373 mingso'mlik, 1945 yilda 1 mln 646 mingso'mlik qand lavlagi topshirildi. Urush yillarida O'zbekiston butun Ittifoqda ishlab chiqarilgan qandning to'rtdan bir qismini berdi.

Urush yillarida mehnatkashlar chorvachilik, jun, qorako'l teri yetishtirish, pillachilik jabhalarida ham fidokorona mehnat qildilar. Go'sht, yog', sut, kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlari, meva tayyorlashda ko'rsatilgan g'ayrat-shijoat tufayli mustahkam oziq-ovqat bazasi yaratildi.

Respublikamiz qishloq xo'jaligi xodimlari Urush yillarida davlatga 1262 ming tonna don, 54,1 ming tonna pilla, 482 ming tonna kartoshka va sabzavot, 57,5 ming tonna meva va uzum, 36 ming tonna quruq meva, 159 ming tonna go'sht, 22,3 ming tonna jun yetkazib berdilar.

Urush yillarida ham paxtachilik qishloq xo'jaligining muhim sohasi bo'lib qoldi. Paxtakorlar jonbozlik bilan ishlaganlariga qaramay, 1942-1943 yillarda paxta tayyorlash rejasi bajarilmay qoldi. Davlatga 1 ming tonna paxta kam topshirildi. Bunga bir qator obektiv holatlar sabab bo'ldi: paxta ekiladigan maydonlar 1941-1943 yillarda 927650 gektardan 625343 gektarga kamaydi; mexanizatsiya vositalari yetishmasdi; mineral o'g'itlar, yoqilg'i kamaygan edi; yerni haydash, chopiq, sug'orish, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash ishlarini o'z vaqtida muntazam olib borish uchun ishchi kuchi yetishmasligidan paxta yetishtirish agrotexnikasi yomonlashgan edi. Respublika rahbariyati buni yaxshi tusbunardi. Paxta maydonlarini qisqartirish, buning hisobiga don, qand lavlagi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan ekin maydonlarini ko'paytirishga majbur bo'lgan edi.

Biroq Markazdagi rahbarlar bu obektiv omillarni hisobga olmadi. SHu bois respublika rahbarlari Moskvaga chaqirilib muhokama qilindilar, ularni paxta tayyorlash ishini o'z holiga tashlab qo'yishda, layoqatsizlikda aybladilar. Ulardan har qanday yo'l bilan bo'lsa ham paxta tayyorlash rejasini bajarish, yanada ko'paytirish talab qilindi. Bu boshqarishning ma'muriy-buyruqbozlik usullarini yanada kuchaytirishdan boshqa narsa emasdi. Bunday zug'um natijalari VKP(b) MQning 1944 yil 6 martda qabul qilingan "O'zbekiston KP(b) MQning ishi to'g'risida"gi qarorida o'z ifodasini topgandi.

O'zKP MQning 1944 yil aprel oyida bo'lgan X plenumi mazkur qarorni bajarishga doir tadbirlarni ishlab chiqdi. Kolxozlar tashkiliy-xo'jalik jihatdan mustahkamlandi, brigada va zvenolar qayta tiklandi. Donli ekin yetishtirishga o'tib olgan xo'jaliklarning anchagina qismi paxtachilikka qaytarildi. Kolxozchilar uchun majburiy mehnat kunlari soni yana oshirildi. Ittifoq hukumati O'zbekiston paxtakorlari uchun 2300 yangi traktor, 300 yuk avtomobili, 375 ming tonna mineral o'g'it va boshqa qishloq xo'jalik uskunalari ajratdi. 1944 yilgi paxta tayyorlash rejasi bajarildi, davlatga 1943 yilga nisbatan 325 ming tonna ko'p paxta topshirildi, 1945 yilda ham paxta tayyorlash rejasi bajarildi.

Urush yillarida respublika paxtakorlari davlatga 4 mln 806 ming tonna paxta xomashyosi yetkazib berdilar.

Urush yillarida ishchilar bilan dehqonlar o'rtasidagi jipslik, o'zaro yordam yanada kuchaydi. Sanoat korxonalari kolxozlarni otaliqqa olib, ularga qishloq xo'jalik texnikalari, ehtiyot qismlar bilan yordamlashdilar. SHaharliklar qishloq xo'jalik mahsulotlarini yig'ishtirib olishda faol qatnashdilar. Kolxozchi dehqonlar esa sanoat sohasidagi umumxalq qurilishlarida faol ishtirok etdilar. Masalan, Farhod GESi qurilishining o'zidagina 70 mingga yaqin kolxozchi qatnashdi. O'zbekiston ishchilari va dehqonlari jipslashib, fidokorona ishlab, fashistlar ustidan qozonilgan g'alabaga salmoqli hissa qo'shdilar. 160 mingga yaqin kishi front orqasidagi fidokorona mehnati uchun "SHuhrat" medali bilan mukofotlandi.

Aholi turmushi. Urush o'zbekistonliklarni og'ir muhtojlikka duchor etdi. Hamma narsaning frontga safarbar etilishi natijasida oziq-ovqat tanqisligi vujudga keldi. SHaharlarda oziq-ovqatlarni, sanoat mollarini kartochka asosida taqsimlash joriy etildi. Ishchi va xizmatchilarga kuniga 400-500 grammdan, oila a'zolariga esa 300 grammdan non berish belgilandi. Amalda esa aholi belgilangan me'yorlardan ham kam non olardi. Go'sht, yog', baliq, makaron, yormalar ham me'yorlangan tartibda taqsimlanar, ko'p hollarda kartochkada ko'rsatilgan miqdorda berilmasdi.

Qishloq aholisining turmushi yanada og'irlashdi. Oziq-ovqat va sanoat mollarini me'yorlangan tarzda taqsimlash qishloq aholisiga joriy etilmadi. Ular ishlagan mehnat kunlari uchun deyarli haq ololmasdi. Ularga oziq-ovqat mollari matlubot kooperatsiyasi do'konlarida davlatga topshirilgan qishloq xo'jalik mahsulotlari miqdoriga qarab qat'iy me'yorlangan miqdorda berilardi.

Aholini oziq-ovqatlar bilan ta'minlashni yaxshilash maqsadida sanoat korxonalari qoshida yordamchi xo'jaliklar tashkil etishga ruxsat berildi. Ularga vaqtincha foydalanish uchun 53 ming gektar yer ajratildi.

Oziq-ovqat tanqisligi sharoitida pul tobora qadrsizlanib bordi, chayqovchilik avj oldi. Muhtojliklarga qaramay sanoat va qishloq xo'jalik xodimlari g'alaba uchun fidokorona mehnat qildilar. Qiyinchiliklarga qaramay frontga ketgan jangchilarning oilalariga har tomonlama g'amxo'rlik qilindi, bolalari yasli va bog'chalarga joylashtirildi. Koixoz va sovxozlar jangchilarning oilalariga oziq-ovqat, ekin ekish uchun yer ajratib berardi.

Mamlakat ichkarisida Urush yillarida mehnat qilgan yuz minglab vatandoshlarimiz chekkan zahmatlarni, keksa-yu yosh akalarimiz, opa-singillarimiz qish qahratonida diydirab, saraton olovida yonib, o'zi yemasdan, o'zi kiymasdan topgan nasibasini frontga jo'natganini, azob-uqubatlar chekib, fidoyilik ko'rsatganini esdan chiqarib bo'ladimi?!

Karimov I. A. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. T.3. T. O'zbekiston, 1996, 80-bet.

13-§. URUSH YILLARIDA FAN, MAORIF VA MADANIYaT

Ilm-fan g'alaba uchun xizmatda. Urushning dastlabki kunlaridayoq SSSR FAning O'zbekiston filiali, respublikada ishlab turgan 75 ta ilmiy muassasalar, shu jumladan, 25 ta ilmiy-tadqiqot institutlari, 23 ta ilmiy stansiya va boshqalar respublika xo'jalik hayotini harbiy izga solish bilan aloqador muammolarni hal etishga jalb etildi. Zavod-fabrikalar, temiryo'l va avtomobil yo'llari transport korxonalari bilan bevosita aloqalar o'rnatildi. Olimlarning tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida 1941 yil 29 noyabrda O'zbekiston Ilmiy muhandis-texnika jamiyati tuzildi.

G'arbiy hududlardagi yirik shaharlardan ko'plab ilmiy muassasalar O'zbekistonga ko'chirib keltirildi. SSSR FAning tarix, iqtisodiyot va huquq, jahon xo'jaligi va jahon siyosati, sharqshunoslik, jahon adabiyoti, moddiy madaniyat, tuproqshunoslik, seysmologiya institutlari, bir qancha muzeylar va kutubxonalar shular jumlasiga kiradi. Akademiyaning 375 yirik olimlari va xodimlari ko'chib keldilar.

O'zbekistonlik olimlar ko'chib kelgan yirik olimlar bilan yaqin aloqa bog'ladilar, respublikamizda mavjud bo'lgan va ko'chirib keltirilgan ilmiy muassasalarning tadqiqot yo'nalishi qayta ko'rib chiqildi, urush talablariga moslab o'zgartirildi. Olimlar o'zlarining asosiy e'tiborini mudofaa sanoati uchun zarur bo'lgan tabiiy resurslarni izlab topish va ulardan foydalanishni tashkil etishga qaratdilar. Geolog olim H.M.Abdullaev va boshqalarning tadqiqotlari natijasida qalay, volfram. molibden, o'tga chidamli minerallar, nodir metallar va boshqa turdagi xomashyo konlari topildi va o'zlashtirildi. A.S.Ukionskiy boshchiligidagi geologlar guruhining temir konini topishi, O'zbek metallurgiya kombinati qurilishini loyihalashtirish va ularni foydalanishga tushirishdagi xizmatlari katta ahamiyatga ega boidi. D. M. Bogdanov va muhandis G. S. CHikrizovlar Angrenda qidiruv ishlariga boshchilik qildilar va ko'mir konining boy zaxiralarini topib yangi shaxtalar qurishga ko'maklashdilar.

Sirdaryodagi Farhod GESning loyihasini ishlab chiqishda mashhur irrigatorlar A.N. Askochenskiy, V. V. Poslavitskiylar faol ishtirok etdilar, loyihachilarga akademiklar G.O.Grafito va B. Y. Vedeneevlar qimmatli maslahatlar berdilar.

Kimyogar olimlar neftning suvini ketkazish, oltin-gugurtdan tozalash, ko'mirni kokslash, paxta chiqindilaridan xalq xo'jaligida foydalanishning, etil spirti, soda, kislota olishning yangi samarali usullarini yaratdilar. Dori-darmonlar tayyorlash borasidagi tadqiqotlar natijasida aholi ehtiyojlari uchun zarur bo'lgan turli xil dori-darmon ishlab chiqish yo'lga qo'yildi. Toshkentda farmatsevtika zavodi qurilib ishga tushirildi.

Butunittifoq paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti paxtaning yangi navlarini yetishtirish sohasida samarali izlanishlar olib bordi. Seleksionerlar S.S.Kanash va A.I.Avtonomov boshchiligida vilt kasalligini yuqtirmaydigan yangi navini yaratdilar. S.S. Kanash yaratgan S-460, L. V. Rumshevich yaratgan F-108 yuqori hosilli navlar, shuningdek, boshqa uzun tolali navlar paxtachilikning rivojida ulkan hissa bo'ldi. O'zbekistonda ekilib kelingan amerika paxta navlarini yangi navlar bilan almashtirish 1944 yilda tugallandi. Respublika olimlari Samarqandda joylashtirilgan Timiryazev nomidagi qishloq xo'jalik akademiyasi xodimlari bilan hamkorlikda g'o'za, bug'doy va qand lavlagini almashlab ekish usulini joriy etdilar, O'zbekiston sharoitida qand lavlagidan mo'l hosil olishga ko'maklashdilar.

Urush yillarida gumanitar fanlar ham ancha rivojlandi. Yirik tarixchi, arxeolog, huquqshunos, sharqshunos, adabiyotshunos olimlar o'zbekistonlik hamkasblari bilan O'zbekiston xalqlari tarixi, madaniyati va adabiyotining muhim masalalarini ishlab chiqdilar. V.S.Struve, V, A. SHishkin, Y. E. Bertels, I. K. Dodonov, V. Y. Zohidov. H. SH. Inoyatov, A. Y. Yakubovskiy, M. Y.Masson, S. P.Tolstov, Ya. G'.G'ulomov va boshqalar O'zbekistonning eng qadimgi va o'rta asrlar tarixi, moddiy madaniyati va ma'naviyati, O'rta Osiyo xalqlarining etnogenezi bo'yicha qator asarlar tayyorladilar. Ikki jildlik "O'zbekiston xalqlari tarixi"ni tayyorlashga kirishildi. Yozuvchi Aleksey Tolstoy rahbarligida rus va o'zbek olimlari birgalikda "O'zbek adabiyoti tarixi" asarini yaratdilar.

1943 yil 4 noyabrda O'zbekiston Fanlar akademiyasi ochildi, uning birinchi prezidenti etib taniqli olim T. N. Qori Niyoziy saylandi.

Fanlar akademiyasining ochilishi respublika hayotida muhim voqea bo'ldi, ilm-fanning yanada taraqqiy etishi uchun mustahkam poydevor yaratildi. Tez orada yangi ilmiy muassasalar vujudga keldi. Til, adabiyot va tarix instituti bazasida Tarix va arxeologiya, Til va adabiyot institutiari, SHarqshunoslik instituti, Iqtisodiyot, Matematika va mexanika, Tuproqshunoslik, Fizika-texnika institutiari va boshqa laboratoriyalar tashkil etildi.

1945 yilga kelib Fanlar akademiyasi tarkibida 23 ta ilmiy muassasa, shu jumladan, 2 ta ilmiy tadqiqot institutiari, 2 ta laboratoriya, tajriba stansiyalari faoliyat ko'rsatdi. O'zbekiston Fanlar akademiyasining uch faxriy a'zosi, 15 haqiqiy a'zosi, 20 muxbir a'zosi va 1265 ilmiy xodimi, shu jumladan, 54 ta fan doktori va 172 ta fan nomzodi ilmiy tadqiqot ishlari olib bordi. Ular orasida fizika-matematika fanlari doktorlari T. A. Sarimsoqov va V. I. Romanovskiy, geolog olim H. M. Abdullaev, fizik olim S. U. Umarov, faylasuf I, Mo'minov, adib S. Ayniy, yozuvchi Oybek, shoir G'. G'ulom va boshqalar bor edi.

SHarqshunoslik instituti olimlarining SHarq qo'lyozmalarini o'rganish asosida tayyorlagan fors, arab va turkiy tillarda yozilgan qo'lyozmalar to'plami jahondagi eng boy to'plamlardan biri bo'lib qoldi. To'plam 3 jilddan iborat bo'lib, ularda 300 ga yaqin qo'lyozma tavsiflab va ilmiy jihatdan baholab berildi. 1944 yilda O'zFA Prezidiumida aspirantura tashkil etildi va o'sha yili 60 kishi, shu jumladan, 41 o'zbek qabul qilindi. 1944 yilda Akademiya institutlarida 2 ta doktorlik, 17 ta nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi.

Urush yillarida o'zbekistonlik olimlar mingdan ortiq ilmiy ishlarni bajardilar, ularning ko'pchiligi xalq xo'jalik va mudofaa ahamiyatiga ega bo'ldi.

Maorif va oliy ta'lim. O'zbekiston xalq ta'limi, jumladan, oliy o'quv yurtlari og'ir sinovlardan o'tdi. Ko'pchilik professor-o'qituvchilar, talabalar frontga safarbar etildi. Samarqand kooperativ instituti bilan Toshkent moliya-iqtisodiyot instituti, Toshkent va Samarqand tibbiyot institutlari, O'zbek va O'rta Osiyo davlat universitetlari birlashtirildi. Ularning bo'shagan binolariga harbiy muassasalar, gospitallar joylashtirildi.

Moskva, Leningrad, Kiev, Xarkoy, Voronej, Odessa va boshqa shaharlardan 1941-1943 yillarda ko'chirib keltirilgan 35 oliy o'quv yurti va 7 harbiy akademiya qabul qilib olindi, ularning ba'zilari o'zaro yoki O'zbekiston oliy o'quv yurtlari bilan birlashtirildi.

O'z professor-o'qituvchiiari bilan ko'chirib keltirilgan oliy o'quv yurtlarining faoliyati respublikada oliy ta'limning yanada rivojlanishiga ijobiy ta'sir etdi. Moskvalik va Leningradlik olimlar talabalarga yangi kurslar bo'yicha ma'ruzalar o'qidilar, mahalliy millat vakillaridan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga ko'maklashdilar, yangi mutaxassislik bo'yicha kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yildi. Ular xalq xo'jalik va harbiy ahamiyatga molik mavzularda tadqiqot ishlarini uyushtirdilar. Toshkent industriya instituti ilmiy jamoasi, masalan, Bekobodda metallurgiya zavodini qurish, mis va boshqa mahalliy rudalarni eritish usullarini ishlab chiqish, metallar korroziyasiga qarshi kurashning samarali yo'llarini topish, yangi zavodlar loyihasini ishlab chiqish va qurish borasida faol qatnashdilar.

O'zbekiston hukumati oliy o'quv yurtlaridagi qiyinchiliklarni bartaraf etish. moddiy ba'zasini mustahkamlash, o'qituvchilar bilan ta'minlash masalalarida ko'maklashdi. Ayniqsa. ko'chib kelgan tajribali pedagoglar, olimlar 1943-1944 yillarda o'z shaharlariga qayta boshlagan, urushning dastlabki davrida vaqtincha yopilgan yoki birlashtirilgan institutlar qayta tiklanayotgan, yangidan CHimboy va Urganch pedagogika institutlari, Namangan va Marg'ilon o'qituvchilar institutlari, Toshkent teatr san'ati instituti ochilgan, ilmiy-pedagogik kadrlarga muhtojlik ortgan bir paytda respublika hukumatining oliy o'quv yurtlariga ko'magi sezilarli bo'ldi. Yirik oliy o'quv yurtlarida doktorantura va aspiranturaga qabul kengaytirildi. Respublika miqyosida ishlab turgan rahbar xodimlar oliy o'quv yurtlariga ishga yuborildi.

1945 yilda oliy o'quv yurtlari soni 1940 yilga nisbatan 3 taga ko'payib 33 tani tashkil etdi, talabalar soni esa 19,1 mingdan 21,2 ming kishiga ortdi. Urush yillarida hammasi bo'iib 10 mingdan ko'proq oliy malakali va 3,7 mingga yaqin o'rta maxsus ma'lumotli mutaxassis tayyorlandi.

Xalq maorifida ham jiddiy qiyinchiliklar bo'ldi. Ko'plab maktablar binolari gospitallar, yotoqxonalar, harbiy o'quv yurtlariga berildi. Maktablar birlashtirildi, ko'p smenali o'qish joriy etildi. Urushgacha respublika maktablarida ishlayotgan o'qituvchilarning 74,6 foizini erkaklar tashkil etardi. Ular frontga, ishlab chiqarish ishlariga ketdi. Buning ustiga darsliklar, uskunalar, daftarlar yetishmas edi. Qisqa muddatli kurslar tashkil etilib, boshlang'ich sinflar uchun o'qituvchilar tayyorlandi, boshqa ishga ketgan o'qituvchilarni maktabga qaytarish tadbirlari ko'rildi, ularning moddiy-maishiy ahvolini yaxshilashga g'amxo'rlik qilindi. 1944 yilda o'qituvchilar armiya safidan maktablarga qaytarildi. O'quvchilarning jismoniy tayyorgarligi yaxshilandi. Kundalik o'qish foydali mehnat bilan qo'shib olib borildi. O'qishdan tashqari vaqtlarida o'quvchilar gospitallarga otaliq yordami berdilar, frontdagilarning oilalariga ko'maklashdilar, temir-tersak to'plab topshirdilar, qishloq xo'jalik ishlarida qatnashdilar.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   155   156   157   158   159   160   161   162   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling