Tarixi muhammadiy


Download 1.39 Mb.
Pdf ko'rish
bet13/59
Sana29.11.2020
Hajmi1.39 Mb.
#155392
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   59
Bog'liq
MDh1lrJ9on4m7H1hd68aQWzfLbKYSrvbtDN2Qbk8(1)


www.ziyouz.com kutubxonasi 
74
«Hayosi yo‘qning — iymoni yo‘q» dedilar. Kalimai tayyiba: «La ilaha illallohu
Muhammadur Rasululloh» iymon daraxtining tanasidur. Ya’ni, shu kalimani tili bilan 
aytib, ma’nosiga chin ko‘ngli bilan ishonmoqdur. Bu daraxtning eng kichkina butog‘i — 
oyoqqa ilinarlik, ko‘z jirkanarlik narsalarni yo‘ldin yiroq qilmakdur. Alloh taolo o‘zining 
mo‘min qullariga bu daraxt tarbiyatini topshirdi. Mo‘minlarning qilgan toat-ibodatlari — 
iymon daraxtining tarbiyatlari bo‘ldi. Kutilmagan, tarbiyatsiz qoldirilgan daraxtlardin 
hosil olgan kishini kim ko‘rdi? 
Endi shu yuqoridagi so‘zlarning mazmunini to‘plab, qisqartirib kelganimizda, arabcha bir 
og‘iz «tavhid» kalimasining ma’nosi bo‘ladi. Demak, Rasululloh o‘n uch yil Makkada 
turgan chog‘larida butun xalqni shu tavhidga chaqirdilar. Chunki u zamon arablari uch 
firqaga bo‘lingan edi. Birinchisi — Quraysh boshliq Arabiston xalqining eng ko‘pchiligi 
mushriklar edi. Ya’ni, bular Alloh taoloni ulug‘ Xudo, barcha olamni yaratuvchi, deb bila 
turib, yana butlarga topinur edilar, bularni ham foyda-zarar yetkurmakka qudratlari bor, 
deb aytishur edi. Bu haqda hujjat bo‘lgudek asoslari, og‘izga olgudek so‘zlari yo‘q edi. 
YOlg‘iz ota-bobolari tutib o‘tgan yo‘l-yo‘riq bo‘lganlikdin, shularga ergashgan quruq 
taqliddan boshqa narsa emas edi. Ikkinchisi — arab yahudiylari, uchinchisi — arab 
nasorolari edilar. Yana bular ichida oz sonli dahriylar ham topilur edi. Mana shu 
firqalarning barisiga qarshi «Qul huvallohu ahad...» oyat ila boshlanuvchi sura nozil 
bo‘ldi. Bu suradagi to‘rt oyatning mazmuni bilan butun dunyoda bo‘lgan botil, buzuq 
dinlarning barchasi rad qilindi. 
Ixlos surasi — Tavhid surasi deb atalmog‘ining sababi ham shuldir. To‘rt oyatlik, 
qisqagina bir suraning, Payg‘ambarimiz aytishlaricha, Qur’oni karimning uchdan biriga 
barobar bo‘lishi shuning uchundir. Payg‘ambarimiz Makka shahrida o‘n uch yil turdilar, 
shu muddat ichida xalqni ikki eng ulug‘ diniy asosga taklif qildilar, dedik. Birinchisi, 
tavhidni yuqorida bayon qilib o‘tdik, ikkinchisi esa, qiyomat kunining bo‘lishiga chin 
ko‘ngli bilan ishonmakdur, ya’ni Alloh taolo o‘n sakkiz ming olamni yaratdi. Arsh, kursi, 
Lavhu qalam, to‘qqiz falakni yo‘qdin bor qildi. Olam ichida odamni xalq etdi. Endi 
alarning yaxshilari bo‘lganidek, yomonlari ham bordur. Balki yomonlari yaxshilaridin 
ko‘pdur. Milyon-milyon insonlarga foyda yetkazuvchilar bo‘lganidek, bularga qarshi ziyon 
qilguvchilar ham ko‘pdur. Bular esa har kimning ko‘z oldidin o‘tib turadur. Yaxshi-
yomon, har ikki toifa ham ajallari yetgan kuni o‘lsalar, bu dunyodin ketadilar. 
Payg‘ambarlar kabi ne yaxshi zotlar butun umrlarini xalq g‘amida o‘tkazib, xalqqa qilgan 
xizmatlari, yaxshiliklari uchun, hayotliklarida zarrachalik ajr ko‘rmasdin, rohat topmasdin 
bu dunyodin o‘tdilar. Yana bir qancha zolim qonxo‘rlar zulm qila-qila butun dunyoni 
nohaq qonga to‘lg‘azib, tirikligida hech bir jazo ko‘rmasdin, ular ham ketdilar. Mana endi 
boshqani qo‘yib, aqlga qaraganda ham, albatta, qiyomatning bo‘lishi kerakdur. Insonlar 
uchun shundoq bir joy bo‘lsinkim, dunyoda qilgan ishlariga qarab, alarga jazo berilsin, 
buning ustiga, Xudo tarafidin yuborilgan shuncha ko‘p payg‘ambarlar barchalari, 
qiyomat kunining bo‘lishidin xabar berdilar. 
Demak, bu kunning kelishi ham aqliy, ham naqliy dalillar bilan isbotlangan bo‘ldi. Yana, 
Xudo tarafidin tushgan ulug‘ kitoblar — Tavrot, Zabur, Injil, Qur’on, bulardin boshqa 
payg‘ambarlarga kelgan kitoblarda ham qiyomat, Arasot ahvollari bayon qilingandur. 
Agar qiyomat bo‘lishi inkor qilinsa, milyon kishiga foyda yetkazgan kishi bilan, shu 
barobar, kishilarga ziyoni yetgan zolimning hech farqi qolmaydi. Bundoq bo‘lishi, albatta, 
aqlga to‘g‘ri emasdur. Shuning uchun Makkada tushgan suralar, birinchisi tavhid, 
ikkinchisi, o‘lgandin so‘ngra tirilib, qiyomatning bo‘lishi — shu ikki masala bilan 
to‘ldirilgandurlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaydik. 
Yuqorida aytilishicha, Payg‘ambarimiz Madina tuprog‘iga qadam qo‘yganlarida, dastlabki 
tushgan joylari Madinadan besh-olti chaqirim yerdagi Qubo qishlog‘i edi. Shu joyda bir 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
75
necha kun turdilar. Birinchi qilgan ishlari — shu o‘rinda bir masjid bino qildilar. 
Rasulullohning amrlari bilan sahobalar ko‘p miqdorda tosh yig‘ib keltirdilar. Masjid o‘rni 
belgilangandin so‘ngra Rasululloh masjid qiblasini to‘g‘rilab, muborak qo‘llari bilan shu 
masjidga ul (poydevor) qo‘ydilar. Islom olamida yer usti bo‘yicha eng avval qilingan 
jamoat masjidi shu edi. «Lamasjidun ussisa alattaqvo», degan oyat shu masjid haqida 
nozil bo‘ldi. Ma’nosi: «Taqvo — iymon uzasiga (ustiga) qurilgan masjiddur». Buning 
ichida namoz o‘qiguvchilar zohirdayu botinda poklikni do‘st tutguvchilardur. Shundoq 
poklikni Alloh ham do‘st tutadi. Shu mazmundagi oyat bilan Alloh taolo Qur’oni karimda 
shu masjidni va bundagi namoz o‘qiguvchi musulmonlarni maqtaydi. Endi 
Payg‘ambarimiz bu joyda necha kun turganlari haqida ixtilof bordur. Ko‘proq rabiul 
avvalning o‘n ikkisi, dushanba kuni keldilar, shu joyda uch kun turib, juma kuni Madina 
shahriga kirdilar deb rivoyat qilinadi. Bu kirishlari esa, Islom olamida eng ko‘riklik, 
ko‘rkam, qutlug‘ kun edi. Butun dunyo bo‘yincha, haqiqat ahlining bayram quyoshi shu 
kunda tug‘ilmish edi. Bularga qarshi iblis mal’un va uning maslakdoshlari uchun eng 
og‘ir, qora, motam kunlari kelmish edi. Qubodin chiqar chog‘larida «Kasva» otliq 
tuyalariga mingan edilar. Muhojir, ansor sahobalar atroflarida qurollangan butun xalq, 
yosh-qari, erkak-ayol ergashgan holda shahar sari yurdilar. Tuya burundug‘ini ushlab, 
yetaklashga qabila raislari orasida talash bo‘lib, qizg‘in ravishda qizg‘anishlik tug‘ildi. 
— YO Rasulalloh, qadami sharafingiz ila kimning kulbasini guliston qilursiz, qaysi joyga 
tushursiz?— deb so‘rar edilar. Bularga qarshi: 
— Men mingan tuyamga bu ish buyurilmishdur, qayerga cho‘ksa, shuning cho‘kkan o‘rni 
bizning manzilimiz bo‘lur,— der edilar. 
Tuyaning burundug‘i o‘z bo‘yniga o‘ralgan, bu qutlug‘ jonivor o‘z erkicha yurmoqda edi. 
Pardasidan chiqmagan mastura qizlar Payg‘ambarimizni ko‘rishga qiziqib, tom ustiga 
chiqqan edilar. Dastlabki kelishlarida Quboga tushganlaridagidek, she’rlar o‘qilib, 
shodiyona daflar (childirmalar) chalinur, suyunchilik qo‘shiqlari aytilur edi. Shu yo‘sinda 
bo‘lib, xalq ergashgan holda, mahalla oralab, ko‘chadan-ko‘chaga, o‘rin izlagan kishidek, 
tuyalari har tomonga qarab yurar edi. Har eshikdan chiqqan kishilarga: «tuya 
ma’murdur (buyruq olgan)» deb javob berar edilar. Tuyalari shu yurganicha yurib, Bani 
Adiy ibn Najjor mahallasiga keldi. Payg‘ambarimizning ikkinchi bobolari Hoshim, 
shulardin uylanib, bobolari Abdulmuttalib madinalik xotundin tug‘ilgan edi. Mana shu 
to‘g‘ridan bu mahalla xalqi Payg‘ambarimizning tog‘alari bo‘lur edilar. Tuyalari shu joyga 
kelganda, Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldiga kelib cho‘kdi. Tuyaning cho‘kkan joyi, 
shu kundagi masjidi sharifdur. Rasululloh: 
— Shu joy bizning manzilimizdur, inshaalloh, — dedilar. Tuyadan tushishlari bilan shu 
oyatni o‘qib o‘tirdilar: 
«Robbi anzilni munzalan mubarokan va anta xayrul munziliyn». Ma’nosi: «Ey bor 
Xudoyo, meni qutlug‘, muborak o‘ringa tushirginki, sen tushiruvchilarning eng 
yaxshisidursan». 
Yangi manzilga tushgan vaqtda bu oyatni o‘qimoq bizlarga sunnat bo‘ldi. Uy egasi Abu 
Ayyub Ansoriy darhol kelib, xurjun-xalaj yuklarini ko‘tardilar. «Kishining yuki qayerda 
bo‘lsa, egasi ham shu yerda bo‘lur», deb Payg‘ambarimiz ham ortidin yurdilar. Yana shu 
jamoatdan As’ad ibn Zurora degan kishi kelib, tuyalarini yetaklab, o‘z uylariga eltdi. Shu 
chog‘da qabilaning yosh qizlari quyidagi she’rlar bilan qo‘shiq aytishib, quvonishar 
edilar: 
Bani najjor ahlining yosh qizlari bo‘lurmiz 
Muhammadning kelganin baxtimiz deb bilurmiz 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
76
Xush keldingiz bizga siz, qadamingiz muborak 
Oyoq bosgan izingiz, ko‘zga surma qilurmiz. 
U yosh qizlar shu she’rni o‘qiganlarida, Rasululloh qarab: «Meni yaxshi ko‘rasizlarmu? 
Alloh bilur, sizlarga muhabbatim ko‘nglimda to‘liqdur», dedilar. 
Abu Ayyub Ansoriyning ost-ustlik ikki qavat uylari bor edi. Kelib ketgan kishilarga og‘irlik 
bo‘lmagay deb, Payg‘ambarimiz ostingi uyni ixtiyor qildilar. Lekin Abu Ayyub Ansoriy 
Rasululloh xizmatlariga buni loyiq ko‘rmay, yolvorib yurib, hech qo‘ymay, oxiri yuqorigi 
uyga ko‘chirdi. Muhojir sahobalar ko‘pchiligi Payg‘ambarimiz bilan birga edilar. Ansor 
sahobalar alarni qizg‘anishib, har kim o‘ziga tushirmoq uchun talashdilar. Oxiri bu ishni 
bajarishda chek tashlashga maslahat to‘xtadi. Har muhojir qaysi ansorning chekiga 
tushsa, shu joyda makon tutdi. Makkadin va boshqa joylardin kelgan muhojirlar orasida 
bola-chaqaliklari yo‘q hisobida edi. Xudo yo‘lida hamma narsalarini tashlab chiqqan 
edilar. Payg‘ambarimizning Qubodin chiqishlari juma kuni bo‘lib, juma namozining vaqti 
yaqin bo‘lganlikdin, Madina ichiga kiraverishda bani Solim ibn Avf mahallasida juma 
namozini o‘qishga to‘g‘ri keldi. Xususiy bir masjidda yig‘ilib turishgan yuz chamalik 
kishilarga imom bo‘lib, juma namozida shu xutbani o‘qidilar. Ko‘proq rivoyatga 
qaraganda birinchi o‘tagan juma namozlari, birinchi o‘qigan xutbalari shu edi. Arabcha 
matnini qoldirib, uning mazmunini turkiycha yozdim. Dastlab, Xudoga hamdu sano 
aytdilar, so‘ngra dedilar: 
— Ey odamlar, dunyoda tirik turgan chog‘inglarda, oxiratga borishdan oldinroq oziq 
yuboringlar. Ulug‘ Allohning xaqqi bilan qasam qilurman, har bir kishi o‘lgandin so‘ngra 
Xudo oldiga borgay, barcha molu dunyolarini bu joyda qoldirgay, so‘ngra Alloh taolo 
oraga tilmoch solmasdin, hech kimni orachi qilmasdin u qulga degay: «Dunyoda turgan 
chog‘ingda yuborgan payg‘ambarimiz senga kelgan edi, bu kunlarning kelishini senga 
bildirgan edi, fazl-karamim bilan seni yo‘qdin bor qildim, rizq berib, seni tarbiya qildim, 
bu kungi holda o‘zing uchun bu joyga nima keltirding?» Anda ul kishi hijolat bo‘lganidin 
o‘ng tomoni, so‘l tomoniga, oldi-orqasiga qarab, tamug‘ (do‘zax)din boshqa hech narsani 
ko‘rmagay. Endi oldinglarda shunday ishning borligi haqdur, bu ish bir kuni ko‘z 
oldinglarga kelur. Har kishi ortiqcha topolmay, yarim xurmosi bo‘lsa ham, shuni oz 
ko‘rmay, Xudo yo‘lida muhtojlarga sadaqa qilsin. Do‘zax o‘tidin yiroqlashgay, agar bu 
dag‘i (bu ham) bo‘lmasa, kishi ko‘nglini olgudek bir og‘iz yaxshi so‘z bo‘lsin. Bu ham 
ehson qatorida o‘tgay. Mo‘minning qilgan yaxshiligi eng oz bo‘lgan-da, o‘n barobar bo‘lib 
yozilur. Aning ixlosiga qarab, o‘ndan yetti yuzgacha bir yaxshilikning savobi bo‘lur. Har 
keluvchi narsa yaqindur. Hech kimning shoshganiga qarab, Xudo shoshilmas, vaqti 
kelganida har ish kechiktirilmas, kishi bir ishni qilmoqchi bo‘lur, uni Alloh ham 
qilmoqchidur, kishi deganicha bo‘lmas, Allohning tilaganicha bo‘lur. Uni kishilar 
suymasalar ham shu bo‘lur. Xudo yiroqlashtirgan ishni hech kim yaqinlashtirolmas. 
Shuni aniq bilingkim, Xudodin iznsiz hech bir ish bo‘lmas». 
Ko‘ring buni, Subhonalloh qandoq ulug‘ so‘zdur. Bayt: 
So‘zi so‘zlar ichida gavharidur 
O‘zi so‘zlaguvchilar sarvaridur 
Agar mo‘minsan, ibrat ol bu so‘zdan 
Olursan har biriga yetti yuzdan. 
So‘ngra Rasululloh muhojir-ansor sahobalar o‘rtalarida diniy bir qarindoshlik bog‘ladilar. 
Dedilarkim: 
— Alloh aytmagan so‘zni Alloh aytdi, demakdan o‘zini saqlasun, Xudo yo‘lida ikki-ikkidin 
qardosh bo‘laylik deb, Hazrati Alining qo‘llarini tutib, mening qardoshim shudur, — 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
77
dedilar. Ikkovlari oxiratlik do‘st bo‘ldilar. 
Hazrati Hamza, shahidlar sayyidi, Rasulullohning amakilari erur. Zayd ibn Horisa bilan 
din do‘stligi bog‘ladilar. Shuning uchun Uxud tog‘idagi urush oldida hazrati Hamza Zayd 
ibn Horisaga vasiyat qilgan edi. Zayd ibn Horisa bo‘lsa, Qur’onda ismlari kelgan, 
Rasulullohning boqma bolalaridur. Hazrati Alining og‘asi Ja’fari Tayyor shu kunlarda 
Habashistonda bo‘lganlikdin, hazrati Muoz ibn Jabal bilan g‘oyibona diniy birodar 
bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq Xorija ibn Zuhayr bilan, Hazrati Umar Itbon ibn Molik 
bilan, Hazrati Usmon Avs ibn Sobit bilan, Hazrati Abu Ubayda Sa’d ibn Muoz bilan, 
Salmon Forsiy Abu Dardo bilan, Hazrati Bilol muazzin Abdulloh ibn Abdurahmon bilan, 
bulardan boshqa ham birmunchalari bor edi, so‘z uzayib ketmasin deb, alarning ismlarini 
yozmadik. Payg‘ambarimizning amrlari ila ansor va muhojir sahobalar bir-birlari bilan 
diniy birodar, oxiratlik do‘st bo‘lishdilar. Din do‘stligidan chiqqan muhabbat, tug‘ishgan 
qarindoshlik muhabbatidin necha barobar kuchlik edi. Chunki ansor sahobalar muhojir 
birodarlarini har ishda o‘zlaridan oldin tutdilar. Hech bir narsalarni alardin ayamay, 
butun mol-dunyolarini o‘rtaga soldilar. Shundoqki, bu diniy do‘stlik, oxirat birodarligi 
bog‘langan so‘ngida Sa’d ibn Rabi’ do‘stlari Abdurahmon ibn Avf oldiga kelib: 
— Ey Abdurahmon, mani hamma bilur, Madina ahlining moldor va boyrog‘i mendurman, 
qo‘limda borlik molimning teng yarmi seniki bo‘lsin, yana mening nikohimda ikki 
xotunim bordur, birini taloq qilgayman, iddasi tamom bo‘lgandin so‘ngra ani xotunlikka 
olgaysan, — dedi. Anda birodari Abdurahmon: 
— Sening ahli ayollaring, molu jonlaringga Alloh barakot bersun, bu yerning bozorlari 
bilan meni tanishtirib qo‘ygil, tijorat kasbi bilan turmush kechirsam yana yaxshiroq 
bo‘lur, — deb aning taklifini qabul qilmadi. 
Muhojir va ansor sahobalar o‘rtalarida do‘stlik muhabbati shu daraja qattiq bog‘langan 
edi. Molu dunyolarini o‘rtaga solishga olimsinmadilar (ya’ni, ko‘ngillari to‘lmadi), ikki 
xotunlik ansorlar, birini taloq qilib muhojir do‘stlariga ani taqdim qilish fikrini qildilar. 
Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda ansorlarni maqtab, bu oyatni indirdi 
(tushirdi): 
«Vayu’siruvna ala anfusihim valavkana bihim xasosa», ya’ni: «Ansor sahobalar 
muhojirlarni har ishda o‘zlaridin ortiq ko‘rurlar, shundoqqim, ular o‘zlari molga muhtoj 
bo‘lib tursalar ham, nafslaridan kechib, mollarini alarga taqsim qilurlar», demakdur. 
Chunki Xudo yo‘lida qilinadigan barcha yaxshiliklar ichida eng ulug‘i iysor (hadya) 
qilmoqdur. Iysorning ma’nosi shu oyat mazmunida bayon qilingan ishdur. Shu yuqorida 
aytilishicha, bu bog‘langan chin do‘stlikda har ikki birodarning birisi muhojir, ikkinchisi 
ansoriylardan bo‘lishi shart edi. Ammo Hazrati Ali haqida bu ish bo‘lmadi. Balki 
Rasululloh u er yigitning qutlug‘ qo‘lini tutib, «bu mening qardoshim», dedilar. 
Payg‘ambarimizning bundoq ulug‘ iltifotlariga uchraganlikdan dunyo va oxirat sharafiga 
ega bo‘ldilar. Xudo va uning payg‘ambari Rasululloh oldida bu mardi haqning qanday 
ulug‘ martaba topganlari bu ishdan ma’lumdur. Shundoq bo‘lib, har bir muhojir o‘z do‘sti 
bo‘lgan ansoriy uyida turar edi. Va bular «meros» oyati tushgunchalik bir-birlariga 
merosxo‘r bo‘ldilar. So‘ngra meros hukmi o‘zgarib, hozirgi kundagidek har kimning o‘z 
vorislariga tayin topdi. 
ISLOM OLAMIDA QURILGAN BIRINCHI MASJID 
Payg‘ambarimizning shu kundagi Madinai Munavvara masjidida qurilgan minbari sharif 
o‘rniga tuyalari cho‘kkan edi. Bu joy Abu Ayyub Ansoriyning eshigi oldi-da, shu mahalla 
xalqi bu joyni xurmo quritish uchun xirmon qilib yasagan edilar. Aslida bo‘lsa, bu joy ikki 
yetim bolaning otasidin qolgan meros mulki edi. Payg‘ambarimiz bu yerni sotib olmoqchi 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
78
bo‘lib, alarni chaqirdilar. Anda u yetim bolalar: 
— Yo Rasulalloh, buni biz sotmoqchi emasmiz, balki masjid uchun sizga hadya qilib, bu 
joyni tutdik,— dedilar. Payg‘ambarimiz bu so‘zni qabul qilmadilar, balki bu joyning 
yetarlik bahosini berib, sotib oldilar. Shuning bilan masjid binosi qurilishi boshlandi. 
Uzunligi 63 gaz (1 gaz — 72 sm), eni 54 gaz edi. Bu yerdan chetroqda bir quduq oldida 
g‘isht-kesak quydirdilar. Sahobalar shu joydin g‘isht-kesaklarni tashir edilar. Rasululloh 
ham shular qatorida ishladilar. Ishning qizg‘in chog‘ida ishlarni tashviq qilish uchun shu 
she’rni o‘qiganlari hadis kitoblarida rivoyat qilindi: «Allohumma lo xoyra illa xoyrul axira, 
far-hamil ansora val muhajiro». Ma’nosi: «Oxirat yaxshiligidin o‘zga yo‘qdur yaxshilik, ey 
Xudo, ansoru muhojirlarni o‘zing rahmat aylagil». 
Bu masjidi sharifning turuklari (ustunlari) xurmo yog‘ochidin yasalib, o‘gza ustiga xurmo 
shox-butoqlari solingan edi. Tom egizligini odam bo‘yidin ortiqroq qilib ko‘tardilar. Bu 
masjidga uch joydan eshik ochdilar. Qiblasi shimol tomonida bo‘lib, Quddusi sharifga 
qaratilgan edi, minbari yo‘q edi. Keyinroq xalq ko‘pchilik bo‘lib, alarning so‘rovlaricha, 
uch zinalik minbar qo‘yildi. Ammo Rasululloh zamonlarida, to‘rt yorning (Choriyorlar) 
davrlaridagi masjidlarda mehrob yo‘q edi. Umar ibn Abdulaziz umaviya xalifasi Valid ibn 
Abdul Malik tarafidin Madinaga voliy bo‘lib keldi. Mana shu chog‘da masjidlarga mehrob 
qilish odati boshlandi. Bu muborak masjid ichiga hech qandoq zeb-ziynat qilinmagan edi. 
Har turlik bisotlardin joynamozlar solish bu yon tursin, xurmo yaprog‘idin to‘qilgan 
bo‘yrasi ham yo‘q edi. YOg‘in-yomg‘ir kunlarida loy bo‘lmasin deb joynamoz o‘rniga 
mayda tosh, qum to‘shadilar. Yana shu masjidga tutashtirib, ikki uy solindi. Birisi onamiz 
hazrati Savdaning uylari, ikkinchisi onamiz hazrati Oishaning uylari edi. Alloh taolo 
musulmonlarga kunda besh vaqt namoz o‘tashni farz qildi. Buning hikmati ersa, Alloh 
taolo o‘z ulug‘ligini bandalariga eskartib turishdur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz: 
Namoz — mo‘minlarning me’rojidur, dedilar. 
Buning ma’nosi shuki, mo‘min banda har kuni Alloh huzuriga besh qayta kelib, o‘zining 
mo‘minlik ahdida turganligini bildiradi. Shuning ta’siri bilan ulug‘ qudratlik Allohni 
ko‘nglidan chiqarmay, aning buyruqlarini o‘rinlab, qaytaruqlaridin o‘zini saqlaydi. Namoz 
o‘qishdan asli maqsad — Allohni eskarishdur. Alloh taolo Qur’onda «Aqimus solata li 
zikriy» dedi. Ya’ni: «Meni yod qilish uchun namoz o‘qing» demakdur. Alloh yodi bilan 
ado topmagan namoz haqiqatda namoz hisoblanmaydi. Haqiqiy namoz o‘qishdan ulush 
olguvchi mo‘minlar, albatta, buzuq yo‘llardin yiroq, gunoh ishlardin chetroqdurlar. 
Chunki Alloh taolo Qur’onda «Innas solata tanha anil fahshai val munkar» oyatini 
keltirdi. Ma’nosi: «Namoz, albatta, namoz o‘qiguvchi kishilarni barcha gunohlardan 
qaytaradur» degan bo‘lur. Buning so‘ngida yana «Valazikrulloh akbar» dedi. Ma’nosi: 
«Allohni yod qilmoq barcha narsalardan ulug‘dir», buning ulug‘ligi shulki, namoz 
o‘qiguvchi mo‘minning ko‘nglini O‘z nuri ila yoritgay. Boshqa gunoh ishlarni ko‘ngliga 
sig‘dirmagay. Shuning uchun Payg‘ambarimiz aytdilar: «Agar namoz o‘qib yurgan kishi 
gunoh ishlardin qaytmas ersa, aniq bilsinkim, Xudo oldida aning namozi mardud 
ekandur». Yana Rasululloh farz namozlarini jamoat bilan o‘qishga qattiq buyurdilar. 
Chunki bu bahona ila har kunda besh qayta mo‘minlar bir-birlari ila ko‘rishib turgaylar. 
Dunyolik va oxiratlik ishlari haqida kengashib, hojatlarini o‘tashgaylar. Kun sayin 
ko‘rishib tursalar, mehr ko‘zda, deganidek, bir-birlariga ulfat va muhabbatlari ortur. 
Ummatlariga jamoat namozini tayinlab, shunday dedilar: «Solatul jamoati tafzulu ala 
solatil fazzi sab’an va ishriyna darojatan». Ma’nosi: «Jamoat bilan o‘qilgan namozning 
savobi yolg‘iz o‘qilgan namozning savobidan yigirma yetti barobar ortiq», demakdur. 
AZONNING JORIY ETILISHI 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
79
Har namozning vaqti kirganda masjidga jamoat yig‘ilishi uchun yiroq-yaqinda turgan 
mo‘minlarga bildirish kerak edi. Bu to‘g‘rida qandoq chora ko‘ramiz, deb Payg‘ambarimiz 
sahobalariga maslahat soldilar. Alardan birovi: «YO Rasulalloh, har namoz vaqti 
kirganda egiz joyga bayroq chiqarib osaylik», dedi. Uxlagan odamga, ko‘rmagan kishiga 
foydasi yo‘qligidan, buni ma’qul ko‘rmadilar. Yana birlari tepalik ustiga o‘t yoqish 
maslahatini ko‘rsatdi. Bu ish otashparastlar ishi, deb bunga ham rozi bo‘lmadilar. Tag‘in 
birovlari turib, har namoz vaqtida bug‘ (karnay) chalaylik dedi. Yahudlarning ibodat 
vaqtidagi odatlari bo‘lganlikdin Rasululloh buni yoqtirmadilar. Chunki yahud, nasorolarga 
qaysi ishda bo‘lsin taqlid qilmoqni suymas edilar. Yana ba’zilari qo‘ng‘iroq chalishga 
maslahat berdi. Bu ish ibodat kunlarida nasorolar fe’li edi. Payg‘ambarimiz buni ham 
xohlamadilar. Oxiri bir saxoba: 
— Yo Rasulalloh, har namoz vaqti kirganda bir odam turib vaqti namoz, vaqti namoz 
desa, bo‘lurmi?— dedi. 
Payg‘ambarimiz buni bo‘lur, deb qabul qildilar. Har namoz vaqti kirganda shu so‘z bilan 
bir kishi qichqirur edi. Bu qichqiruvchilardin biri madinalik sahobalardin Abdulloh ibn 
Zayd degan kishi edi. Bir kecha ul kishiga uyqu-uyg‘oq oralig‘ida bir kimsa ko‘rinib: 
«Mo‘minlarni namozga chaqirur bo‘lsang, mana shu so‘zlarni aytib qichqirgil», dedi: 
«Allohu akbar, Allohu akbar. Ashhadu anla ilaha illalloh, ashhadu anla ilaha illalloh. 
Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh, Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh, hayya 
alas sola, hayya alas sola, hayya alal falah, hayya alal falah, Allohu akbar, Allohu akbar, 
La ilaha illalloh» bilan tamom qilursan, deb g‘oyib bo‘lishi hamon uyg‘ondi. Shu onda 
Rasululloh huzurlariga kelib, bu ko‘rgan tushlarini bayon qildi. Anda Payg‘ambarimiz: 
— Albatta, bu ko‘rganing haq tushdur. Men ham Me’rojga chiqqanimda bir farishtaning 
arsh shundoq azon o‘qiganini ko‘rgan edim, — dedilar. — Bu kalimalarni Bilolga o‘rgatgil, 
ul sendin ko‘ra unlikroqdur (tovushi balandroq) — dedilar. 
Shundan so‘ngra hazrati Bilol shu kalimalar bilan azon aytgani turdi. Butun Islom 
olamiga shu tartibda azon aytishlik sunnat bo‘lib qoldi. Buni ustiga Hazrati Umar 
shoshilgan holda kelib: 
— Yo Rasululloh, Alloh haqqi, men ham shu Bilol aytgan azonni tushimda ko‘rdim, — 
dedi. 
Har namoz vaqti kirganda azon aytmoqlik, o‘qilur chog‘ida takbir tushirmaklik shu 
kundin boshlab, sunnat bo‘ldi. Xazarda, safarda hazrati Bilol va Ummu Maktum 
Payg‘ambarimizning muazzinlari edilar. Ikkinchilarining ko‘zlari ojiz bo‘lsa ham, ko‘zi 
ochiqlardin vaqtni yaxshiroq bilar edi. Shuning uchun Rasululloh «Bilolning azoni sizlarni 
saharlik yeyishdan qoldirmasin, Ummu Maktum azon aytganchalik, yeb ichinglar», 
dedilar. Chunki hazrati Bilol tahajjud namoziga uyg‘otmoq uchun tun yarmi o‘tgandan 
so‘ngra azon aytur edi. Ikki haramda shu kungacha bu odat joriydur. Erta namoziga 
tong otishdin ilgari va uning keyinida azon o‘qilur. Har farz namozining vaqti kirgan 
so‘ngida azon aytishlik, namoz o‘tash oldida takbir tushirishlik, namozga kirishganda 
«Allohu akbar» demaklik, besh vaqt namozni jamoat bilan o‘tamaklik, har rakatda ruku, 
sajda qilmoqlik, haftada juma namozi, har yilda ikki iyd namozi o‘qimaklik, mana bular 
bo‘lsa, bizning Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning 
ummatlariga xos ibodatlardur. O‘tgan payg‘ambarlar ummatlarining diniy ibodat 
tartiblari bundoq emas edi. 
Download 1.39 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling